✍️ Sherlar

Tabriz sogʻinchi

2.5K marta oʻqildi
Ozod qushlar, sayyoh qushlar,
Tabrizga eltinglar mani.
Oʻngarilib solih tushlar,
Tabrizga eltinglar mani.

Qodir zamin, masih samo,
Jobir quyun, foram sabo,
Yopintirib juldur qabo,
Tabrizga eltinglar mani.

Haqdan oʻzga sevgoni yoʻq,
Mashrabmanam devoni yoʻq,
Vale mandek devona yoʻq,
Tabrizga eltinglar mani.

Yoʻl koʻrsating safedorlar,
Shams Tabrizim, Shahriyorlar,
Duo qiling Choriyorlar,
Tabrizga eltinglar mani.

Man Atoman Havom qani?
Gʻazalnavis aʼvom qani?
Bundan ortiq daʼvom qani?
Tabrizga eltinglar mani.

Ishq deganda dilim qonmas,
Tilim kuymas, tanim yonmas,
Alloh, Alloh, jovidonmas,
Tabrizga eltinglar mani.

Firavnga teng gʻururi,
Poshsho edim kibor, poʻrim,
Gado boʻldim tushda ko‘-oʻrib,
Tabrizga eltinglar mani.

Shahrisabz baridan pesh,
Biroq koʻngil visolga esh,
Diydorlashsin ikki darvesh,
Tabrizga eltinglar mani.

Qazo topsin shabi anduh,
Kel, ey Duldul, Kemai Nuh,
Tark etmayin koʻzani ruh,
Tabrizga eltinglar mani.

Tabrizga eltinglar mani.
Tabrizga eltinglar mani.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sherlar

Bahorimni qaytaring

7-avgust, 20182.6K
Sherlar

Kapalaklar odamlardan mehribon

6-avgust, 20184.3K