✍️ Sherlar

Shoirlar

2.2K marta oʻqildi
Tillolarga tengdir sanʼati,
Gado boʻlur eng badavlati,
Ular juda, juda gʻalati -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Sheʼr yozarlar ichib mayini,
Qaytarmaydi ilhom raʼyini,
Chalar unsiz qalbin nayini -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Dardin qilar dasturxon elga,
Qisqa umrin berishar yelga.
Shoshilishar hammasi yerga -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Biri koʻkka boqqancha yotar,
Biri maysa taʼmini totar,
Oʻz "bolasi" - sheʼrini sotar -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Onasidan xabar ololmas,
Qishlogʻida, yurtida qolmas,
Qolganining totgani bolmas -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Topib olar oʻziga yoʻlni,
Pisand qilmas boʻronni, doʻlni,
Sal oʻylanib choʻzinglar qoʻlni -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Kim bir qadah mayni uzatsa,
Oʻsha yerda hozir. Kuzatsa,
Ularni hech boʻlmas tuzatsa -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!

Men shoirman, bir omi shoir,
Sheʼrlar yozdim oʻzimga doir,
Qoyil, faqat oʻzimga qoyil -
Shoirdan doʻst chiqmas, birodar!
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!