📿 Sahobalar

Musʼab ibn Umayr

14 daqiqa 1.5K marta oʻqildi
Musʼab ibn Umayr

«Islomning eng avvalgi elchisi »

Bu ulug‘ inson Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning asʼhoblaridan biri boʻlib, Quraysh yigitlarining eng koʻzga koʻringan, goʻzal va saralaridan biri edi. Tarixchi va roviylar uni vasf qilganidek:

«Makka ahlining eng xushboʻy yigitlaridan » boʻlgan. Buning sababi, u eng asl va xushboʻy atrlardan foydalanardi.

Musʼab ibn Umayr badavlat xonadonda dunyoga keldi. Shu sababli toʻqchilik va farovonlik, xullas, neʼmatlar ichida oʻsib ulgʻaydi. Ehtimol, Makka yoshlarining orasida ota-onasi tarafidan eng koʻp erkalangan bola ham Musʼab ibn Umayr boʻlsa, ajab emas. U nihoyatda yoqimli, goʻzal yigit boʻlgani uchun Makka ahlining koʻpgina majlislari u haqida boʻlar edi. Mana shu kabi toʻkin-sochinlikda erkalanib, hech bir narsadan kamchilik sezmay oʻsgan inson, keyinchalik yuksak iymon sohibiga aylanib, barcha musulmonlar orasida «Musʼabul xoyr», yaʼni«Yaxshi Musʼab» deb nom oldi.

U Islom dini shakillantirgan va Muhammad alayhissalom tarbiya bergan ulug‘ zotlarning biri edi. Uning hayot qissasi barcha insonlar uchun yuksak namuna va ibrat maktabi boʻldi.

Makka ahlining orasida Muhammad Amin sollallohu alayhi vasallam haqida koʻp gap-soʻzlar paydo boʻlayotganidan Musʼab ibn Umayrning ham xabari bor edi. Muhammad alayhissalom haqidaki, ul Zotni Alloh Taʼlo moʻminlarga bashorat beruvchi, kofirlarni ogohlantiruvchi, yakkayu yolgʻiz Allohning ibodatiga daʼvat etguvchi qilib yubordi.

Oʻsha paytlarda Makka ahlining ertayu kechda boʻladigan tashvishi mana shu haqda suhbatlashishdan iborat edi. Musʼab ibn Umayr esa shu suhbatlarni eng koʻp tinglaydigan yigitlardan biri boʻldi. U yosh boʻlishiga qaramay, shu kabi majlislarda doim ishtirok etishga harakat qilardi. Oʻta talabchan va aqlining teranligi ibn Umayrning qalbini ochilishiga sabab boʻldi.

Musʼab ibn Umayr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u Zotning asʼhoblari Quraysh mushriklarining yomonliklaridan uzoqroq boʻlishlik uchun Safo togʻining tepasida Arqam ibn Abi Arqam hovlisida toʻplanayotganlarini eshitishi bilanoq, bir zum ham ikkilanmay oʻsha tomon yoʻl oldi. Uning zavqi oshib-toshgan edi. Bu hovlida Janob Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam asʼhoblariga din taʼlimini berar, ularga Qurʼon oyatlaridan tilovat qilar va ular bilan birga Buyuk Allohga ibodat qilib, namoz oʻqir edilar.

Hali Musʼab oʻtirishga ham ulgurmay turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblaridan Allohning oyatlari chiqib, oʻtirgan insonlarning qalblari va quloqlaridan oʻrin olayotganiga guvoh boʻldi. Chunki bu oyatlarni eshitgan Musʼabning qalbi ham larzaga kela boshladi. Musʼab benihoya xursandligidan, qalbi goʻyoki joyidan qoʻzgʻab, oʻzi esa uchib ketayozgudek edi. Paygʻambar alayhissalom bu alangali yurak joyidan qoʻzgʻab ketmasligi uchun muborak qoʻllarini Musʼabning koʻksi ustiga qoʻydilar. Bir zum ham oʻtmay Musʼab iymon kalimasini aytib, Islom dinini qabul qildi.

Musʼab oʻzining yoshligiga qaramay, ulug‘ hikmat va yuksak qatʼiylik sohibi edi.

Uning onasi Xunos bintu Molik Islom diniga qattiq qarshilardan edi. Musʼab iymon keltirgan paytda yer yuzida onasidan koʻra u uchun xavfliroq kuch va quvvat boʻlmagandi.

Butun Makka mushriklari, but-sanamlari va sahrolari Musʼabga qarshi kurashuvchi kuchga aylaganda ham, u uchun onasining xusumatichalik qoʻrqinchli emasdi. Musʼab fikr qilib, Alloh Taʼlo bir yoʻl koʻrsatmaguncha, onasidan iymonini yashirishga qaror qildi.

Shunday qilib, Musʼab Arqamning hovlisiga borib, Paygʻambar alayhissalom suhbatlaridan bahramand boʻlishda davom etdi. U oʻz iymonini saqlab, onasining gʻazabidan yiroqda yurganidan juda xursand edi. Ammo xursandlik uzoq davom etmadi. Oʻsha paytlarda Makkada biror ish maxfiy boʻlib qolishi mumkin emasdi. Chunki qurayshning aygʻoqchi va josuslari har tomonda yurar va har bir qadamni kuzatar edi.

Shu aygʻoqchilardan biri boʻlgan Usmon ibn Talha maxfiy ravishda Arqamning hovlisiga kirib, bir-ikki marta Musʼabni u yerda musulmonlar bilan birga namoz oʻqiyotganini koʻrgach, zudlik bilan bu xabarni Musʼabning onasiga yetkazdi. Buni eshitgan Musʼabning onasi qattiq gʻazablanib, oʻgʻlini oʻz huzuriga chorladi. Musʼab ibn Umayr yetib kelganda, onasi, qarindoshlari va Makka zadagonlari darhol uni oʻrab olishdi. U esa xotirjamlik bilan ularga Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻqib, uning qalbini poklab, hikmat va sharaf, adolat va taqvoga toʻlgʻizgan Qurʼoni Karim oyatlarini tilovat qila boshladi.

Onasi oʻgʻlini soʻzdan toʻxtatish uchun uning yuziga bir tarsaki tushirdi. Ammo qalbida iymon nuri joʻsh urib turgan Musʼab soʻzidan toʻxtamadi.

Shundan keyin onasi Musʼabga boshqacha jazo tayin qildi. U Musʼabni hovlisining uzoq burchagiga bogʻlab, qamab qoʻyishni iroda etdi. Lekin ibn Umayrning iymoni zarracha ham kamaymadi. Mana shu paytda baʼzi musulmonlar, Rasulullohning buyruqlariga binoan Habashistonga hijrat qilib ketayotgan edilar. Buni eshitgan Musʼab onasini va qoʻriqchilarini gʻaflatda qoldirib, iymonini saqlash uchun musulmon birodarlari bilan birga Habashistonga hijrat qilib ketdi. Habashistonda moʻmin birodarlari bilan biroz yashaganidan keyin, Makkaga yana qaytib keldi. Soʻngra mushriklar tomonidan musulmonlarga nisbatan zulm kuchaygani sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning buyruqlariga itoat etgan holda ikkinchi marta Habashistonga hijrat qildi. Ammo Musʼab qayerda boʻlmasin, xoh Makkadami, xoh habash oʻlkasidami, iymonining quvvati yanada ortaverdi. Uning hayoti yangi shaklga ega boʻlgan edi. Bu shaklni ularga Muhammad alayhissalom bergan edilar. Musʼab oʻz hayoti Buyuk yaratuvchisi va Mehribon Robbisiga bogʻlanganligidan benihoyat xotirjam va xursand edi.

Kunlardan bir kuni Musʼab ibn Umayr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning atroflarida oʻtirgan baʼzi musulmonlar huzuriga chiqdi. Asʼhoblar Musʼabni koʻrishlari bilan boshlarni egib, koʻzlarini yumib oldilar. Baʼzilari esa yigʻlab yubordilar. Buning sababi ular Musʼab ibn Umayrni juda eski va yamoq kiyimlarni kiyib olgan holda koʻrganlari edi. Asʼhoblar uning Islomdan avvalgi suratini, yaʼni kiyimlari qimmatbaho va yaltiroq, oʻzi esa juda hushboʻy va goʻzal suratda yurganini esladilar.

Rasululloh bu holatni koʻrib, zavqlanib, muborak lablarida chiroyli bir tabassum paydo boʻlgan holda dedilar :

«Mana bu Musʼabni ota-onasi tomonidan neʼmatlarning saralari ichida boʻlganini koʻrgan edim. Soʻngra u bularning barchasini Alloh va Rasuliga boʻlgan muhabbati tufayli tark qildi».

Onasi oʻgʻlini dindan qaytarishga boʻlgan barcha umidlari puchga chiqqach, uni barcha neʼmatlardan, hatto taom berishdan ham mahrum etdi. Onasining nazarida, olihalarni tark etib, ularning laʼnatiga uchragan odam, hatto oʻzining oʻgʻli boʻlishiga qaramay, taomini yeyishga loyiq emasdi. Onasi har qancha urinmasin, oʻgʻlini dindan qaytara olmadi. Oʻgʻlining oʻz soʻzida qatʼiyligini bilgan ona uni uyidan haydab chiqarishga qaror qildi. Onasi unga:

«Oʻsha tanlagan ishingga boraver, endi men senga ona emasman», dedi.

Musʼab onasiga yaqinroq kelib :

«Ey onajon, men sizga nasihatchi va mehribondurman. Bas, La ilaha illalloh Muhammadur rasululloh, deb guvohlik bering», dedi.

Onasi gʻazablangan holda asabiylashib :

«Olihalarga qasamki, seni diningga aslo kirmayman, aks holda ustimdan kulib, aqlimni zaif deyilishiga sabab boʻlaman», dedi.

Shunday qilib, Musʼab toʻkin-sochin neʼmatlar bilan toʻla boʻlgan hayotdan faqirlik va muhtojlikka toʻla hayotga chiqdi. Goʻzal va qimmatbaho kiyimlarni kiyib yurgan hushboʻy yigit, dagʻal, eski va yamoq kiyimlarni kiyib, bir kun toʻq, bir necha kun esa och yuradigan insonga aylandi.

Lekin uning goʻzal ruhi iymonining pokligi va Allohning nuri bilan toʻlib toshgan edi. Shu sabab u koʻzlari nurga toʻlgan, qalbi poklik bilan toshgan boshqa insonga aylandi.

Shu vaqt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Musʼabni buyuk bir vazifa uchun ixtiyor etdilar. Uni Madinaga Rasulullohga bayʼat bergan ansoriylar uchun din ilmidan taʼlim beradigan muallim qilib yuborishni iroda etdilar. Musʼab ibn Umayrning vazifasi bu bilan cheklanmay, balki hali Islomni qabul qilmaganlarni dinga daʼvat etish va Madinani Rasulullohning buyuk tashriflariga tayyorlashdan iborat edi.

Mana shu paytda Rasululloh asʼhoblari orasida Musʼabdan yosh jihatidan ulugʻroq, obro‘ jihatidan yuksakroq, qarindoshlik jihatidan Janobimizga yaqinroq kishilar juda koʻpchilikni tashkil etardi. Ammo Paygʻambar alayhissalom «Musʼabul xoyr»ni ixtiyor etdilar. Chunki Janobimiz eng xatarli ishlardan birini kimning zimmasiga yuklashni, tez kunda hijrat diyori, daʼvat va daʼvatchilar markaziga aylanishi kutilgan Madinani kimning qoʻliga topshirishni juda yaxshi bilar edilar. Mana shu bilan Islom dinining taqdirini Musʼab ibn Umayrga yukladilar. Ibn Umayr esa Buyuk yaratuvchisi inʼom etgan aqliga tayanib, Allohdan madad soʻragan holda bu xatarli ishni oʻz boʻyniga oldi.

Musʼab Madina aholisining qalblarini oʻzining zuhdi, taqvosi ixlosi va muhabbati bilan oziqlantirdi. Bas, ular Allohning diniga guruh-guruh boʻlib kirdilar. Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam Musʼabni Madinaga yuborayotgan paytlarida Madina musulmonlari oʻn ikki kishidan iborat edi, xolos. Lekin bir necha oy ham oʻtmay, ularning soni kekin koʻpaydi. Kelasi yilning haj mavsumida Madinadan yetmish kishidan iborat boʻlgan musulmonlar guruhi Rasulullohga bayʼat berish uchun, Musʼab ibn Umayr boshchiligida Makkaga yetib keldi.

Musʼab oʻzining farosati, mardligi, aql va zakovati bilan Rasulullohning uni ixtiyor etganlikliklari haq ekanini isbot etdi. Musʼab, batahqiq, oʻzining vazifasini anglar edi. Shu sababdan u oʻzini Allohning diniga chaqiruvchi, insonlarni hidoyat va toʻgʻri yoʻlga chorlovchi va huddi Paygʻambari kabi faqat yetkazuvchi ekanini yaxshi bilardi.

Bir kun Asad ibn Zurora xonadonidagi ziyofatda Musʼabning yuksak zakovat egasi ekani yaqqol koʻrindi. U majlisda insonlarga yumshoqlik bilan Allohning oyatlarini tushuntirar edi. Birdan Madinadagi Bani Abdil Ashhal qabilasining sayyidi Usayd ibn Xuzayr qilichini yalangʻochlab, gʻazab va nafratda Musʼab tomon yaqinlashib kela boshladi. Usayd ibn Xuzayrning fikricha, Musʼab uning qavmini ota-bobosining dinidan qaytarib, yaʼni olihalarni tark etishga chaqirib, hech kim ilgari bilmagan va koʻrmagan yagona Allohga daʼvat etayapti. Ularning olihalari esa oʻzlari bilan birga doim yonma-yon, bordiyu birortalari ularga muhtoj boʻlsalar, olihalarni makonini topib, soʻngra yuzlarini ular tomonga burib, hohlagan duolarini qilishlari mumkin. Ammo Muhammadning ilohi, mana bu elchining aytishiga qaraganda, hech kim uning makonini va oʻzini koʻrishga qodir emasmish! ! !

Bu holatni koʻrgan Musʼabning atrofidagi musulmonlar qattiq vahimaga tushdilar. Lekin Musʼab hotirjam oʻtirishda davom etdi. Usayd gʻazab bilan Musʼab ibn Umayr va Asad ibn Zuroraga xitob qilib :

«Senlarni bizning mahallamizga kim chaqirdi? Zaiflarimizni mazah qilyapsanlar. Agar hayotdan koʻz yumishni istamasalaring, bu mahallani tark qillaring», − dedi.

Musʼab esa oʻzining buyuk xotirjamligida davom etib, unga dedi :

«Biz bilan bir oz oʻtirib soʻzimizni tinglamaysanmi? Agar soʻzimizga rozi boʻlsang, uni qabul qilasan. Agarchi rozi boʻlmasang, biz seni mahallangni tark qilamiz»

Usayd tushungan, aqlli kishi edi. Oʻzicha fikrlab, Musʼabning soʻzi haq ekanini tushundi.

Toʻgʻri-da, Musʼab uni biroz tinglashga chorlayapti, oʻzga narsaga emas. Agar qanoat hosil qilsa, Musʼabni tinch qoʻyadi. Bordiyu qanoat hosil qilmasa, Musʼab uning mahallasini tark qiladi. Usayd : «Haq soʻzlading» − dedi. Soʻngra qilichini qiniga solib, eshitishlik uchun Musʼabning yoniga oʻtirdi. Musʼab unga biroz Qurʼon tilovat qilib, Muhammad alayhissalom keltirgan daʼvatni sharhlashi bilanoq Usaydning yuzlari va koʻzlari yarqirab ketdi. Musʼab soʻzini tugatmasdanoq, Usayd ibn Xuzayr unga va u bilan birga oʻtirganlarga :

«Bu qanday ham goʻzal va haq soʻz ekan !. . . Bu dinga kirmoqchi boʻlgan kishi nima qilishi kerak ?» - deb, qichqirib yubordi.

Musʼab unga dedi :

«Kiyimini va badanini poklab, soʻngra Allohdan oʻzga iloh yoʻqligiga va Muhammad alayhissalom uning elchisi ekanligiga guvohlik beradi».

Usayd bir fursat koʻzdan gʻoyb boʻlib, soʻngra sochlaridan suvlar tomib turgan holda qaytib paydo boʻldi. Va oʻsha zahoti Allohdan oʻzga iloh yoʻqligiga va Muhammad alayhissalom uning elchisi ekanligiga guvohlik berib, Islom dinini qabul qildi. Bu xabar goʻyo nurdek, har tarafga tarqalib ketdi. Soʻngra Saʼd ibn Muoz kelib, Musʼabning soʻzini biroz tinglagach, qanoat hosil qilib iymon keltirdi. Saʼd ibn Uboda ham unga ergashib iymon keltirdi. Madinaning bu uch sayyidining iymonga kelishi, nihoyatda olamshumul ish edi. Ularning Islom dinini qabul qilganliklarini eshitgan Madina ahli, bir-biriga yuzlanib :

«Agar Usayd ibn Xuzayr, Saʼd ibn Muoz va Saʼd ibn Uboda kabi ulugʻlar iymon keltirishgan boʻlsalar, biz nima uchun ulardan ortda qolishimiz kerak? Yuringlar, Musʼabning huzuriga, iymon keltiraylik!» − deb aytishdi.

Rasulullohning eng birinchi elchilari misli koʻrilmagan yutuq va muvaffaqiyatlarga erishdi. Butun Madina ahli iymon keltirib, Islom dinini qabul etdi. Albatta, Musʼab bunday yutuqqa haqli edi.

Kunlar ketidan kunlar, yillar ketidan yillar oʻtaverib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u Zotning sahobalari Madinaga hijrat qildilar. Quraysh mushriklarining musulmonlarga boʻlgan adovati yanada kuchaydi. Ular musulmonlarga qarshi kurashishlik uchun, jangga hozirlik koʻra boshladilar. Natijada Badr gʻazoti boʻlib oʻtdi. Unda mushriklar magʻlub boʻlganliklari sababidan, oʻch olish uchun Uhud jangiga toʻplandilar. Musulmonlar ham bu jangga hozirlik koʻra boshladilar. Bu jangdan avval Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning saflari orasidan bayroqdor boʻlishga munosib kishini izladilar. Soʻngra «Musʼabul xoyr»ni yonlariga chaqirib, bayroqni unga tutqazdilar.

Qattiq jang boshlanib ketdi. Urush oʻzining eng qizgʻin pallasiga kirganda, mushriklar magʻlub boʻlib, ortga chekina boshladilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam togʻning yuqorisida turishga amr qilgan kamonchilar guruhi, gʻanimat ilinjida, Rasulullohning buyruqlariga xilof ravishda, oʻz joylarini tark qildilar. Afsuski, ularning bu shoshilinch harakatlari, musulmonlarning gʻalabasini magʻlubiyatga aylantirdi. Chunki togʻning ortida pistirmada turgan mushrik otliqlari, qoʻqqisdan hujumga oʻtdilar. Musulmonlar qurshovda qoldilar. Musulmonlar oʻz saflarini parchalanayotganini koʻrib,

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atroflariga toʻplana boshladilar. Shu payt Musʼab Rasulullohga yetishi mumkin boʻlgan katta xatarni sezib, bayroqni baland koʻtargan holda, uni hilpiratib, qattiq ovozda takbir aytishlik bilan dushman eʼtiborini oʻziga qaratmoqchi boʻldi. Uning maqsadi, dushmanni Rasulullohdan uzoq qilib, oʻzi tomon qaratish bilan u Zotning muborak jonlarini saqlab qolish edi.

Musʼab yakka oʻzi huddi katta bir qoʻshindek, jang qila boshladi. Bir qoʻli bilan bayroqni tutib, ikkinchi qoʻlida qilich koʻtarib, dushmanni savalardi. Lekin dushman haddan ziyod koʻp edi. Ular Musʼabning jasadini bosib, Rasululloh sollallohu alayhi vassalom turgan tomonga yetishga harakat qilayotgandilar.

Keling, bu voqealarning guvohi boʻlgan Zotga murojaat etaylik. U bizga buyuk inson Musʼab ibn Umayr hayotining eng soʻnggi lahzalarini hikoya qilib bersin.

Ibn Saʼd deydi :

«Ibrohim ibn Muhammad ibn Shurahbiyl Al-Abdariy oʻz otasidan bizga rivoyat qiladi.

Otasi dedi :

«Uhud kuni Musʼab ibn Umayr bayroqni oʻz qoʻliga oldi. Musulmonlar tarqalishib ketganda ham, Musʼab sabot bilan turaverdi. Mushriklarning otliqlaridan boʻlgan ibn Qomiyya unga hujum qilib, qilichi bilan oʻng qoʻlini uzib tushirdi. Musʼab esa :

«Vama Muhammadun illa Rosulun qod xolat min qoblixir Rusul» - deb, bayroqni chap qoʻliga oldi. Soʻngra boyagi mushrik unga yana bir bor hujum qilib, chap qoʻlini ham kesib tashladi. Ikki qoʻlining tirsagidan tepa qismi qolgan Musʼab, oʻsha kesik qoʻllari bilan bayroqni koʻksiga siqib :

«Vama Muhammadun illa Rosulun qod xolat min qoblihir Rusul» - deb bayroqni koʻtarishda davom etdi. Haligi mushrik Musʼabga uchinchi bor tashlanib, koʻksiga nayza sanchdi. . .

Musʼab bayroq bilan birga yiqildi.

Ha. . . Musʼab bayroq bilan birga yiqildi. Shahodatning gavhari va shuhadolarning yulduzi yerga quladi. Fidoiylik va iymon jangida buyuk jasorat koʻrsatganidan soʻng yerga quladi.

U agar oʻldirilsa, himoyachilar va mudofaachilarsiz qolgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni mushriklar qatl qilishlari uchun yoʻl ochiladi deb, qattiq xavfsiragan edi. Shu sabab Rasulullohga muhabbatining cheksizligidan, va u Zotga yetishi mumkin boʻlgan zarardan qoʻrqib, qoʻlini uzib tashlayotgan qilich zarbasidan soʻng, oʻzini tinchlantirib :

«Vama Muhammadun illa Rosulun qod xolat min qoblihir Rusul», yaʼni «Muhammad alayhissalom Paygʻambardir, xolos. Undan oldin ham paygʻambarlar oʻtgan» derdi. Bu bilan Musʼab Paygʻambar alayhissalom Allohning elchisi va albatta, Alloh Taʼlo oʻz elchisini yordamsiz qoʻymaydi, deb oʻzini yupatmoqchi boʻldi.

Bu kalimalar Musʼab ularni takror-takror aytganidan soʻng, uning vafotidan keyin oyat boʻlib nozil boʻldi.

«Muhammad alayhissalom Paygʻambardir, xolos. Undan oldin ham paygʻambarlar oʻtgan. Mabodo, u oʻlsa yoki oʻldirilsa, ortingiz (kufr) ga qaytib ketasizmi ?! Kimki ortiga qaytsa, Allohga sira zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qilguvchilarni mukofotlar».

Uzoq davom etgan jang tugaganidan soʻng, Musʼab ibn Umayrning jasadi pokiza qoniga boʻyalgan yuzini tuproqqa burkagan holda topildi. Goʻyo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetishi mumkin boʻlgan yomonlikni koʻrib qolishdan qoʻrqib, yuzini tuproqqa burkab yotar edi. Yoki goʻyoki Rasulullohni mushriklardan himoya qilish vazifasini nihoyasiga yetkazib, Paygʻambar alayhissalom najot topganliklarini koʻrib hotirjam boʻlmasdan ilgari, shahid ketganligidan hijolat boʻlganday, yuzini tuproqqa burkab yotar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u Zotning asʼhoblari jang maydonida qurbon boʻlib yotgan shahidlarning jasadlarini dafn qilishga kirishdilar. Musʼab ibn Umayrning jasadi tepasida qattiq koʻz yoshlar toʻkildi.

Habbob ibn Arat aytadi :

«Alloh yoʻlida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qildik. Maqsadimiz Yolgʻiz Allohning yuziga yetishish edi. Bas, bizning ajr-mukofotimiz Allohning zimmasida boʻldi. Bizlardan dunyodagi nasibasini olmasdan oʻtib ketganlar boʻldi. Ularning orasida Musʼab ibn Umayr ham bor edi. U Uhud kuni qatl qilindi. Uni kafanlash uchun eski bir matodan oʻzga narsa topilmadi. Agar oʻsha mato bilan uning boshini yopsak, oyogʻi ochilib qolar edi. Oyogʻini yopsak, boshi ochilib qolar edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga :

«Bu mato bilan bosh tomonini yopinglar, ikki oyogʻini esa, shox- shabbalar bilan berkiting», dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jasadi qattiq tahqirlanib, aʼzolari mushriklar tomonidan kesib tashlanib oʻldirilgan amakilari Hamza roziyallohu anhu uchun qattiq alam va iztirobda boʻlishlariga qaramay, Musʼabning jasadi ustida uzoq koʻz yosh toʻkdilar.

Jang maydoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari va doʻstlarining jasadi bilan liq toʻla boʻlishiga qaramay, Paygʻambar alayhissalom aynan oʻzlarining eng birinchi elchilari jasadi tepasida turib, muborak koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan holda dedilar : «Moʻminlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir».

Soʻngra Musʼab kafanlangan bu kiyimga nazar tashlab :

«Men seni Makkada hammadan koʻra nozik va goʻzalroq kiyimlarda koʻrgan edim. Endi esa sen sochlaring toʻzigan holda bu eski kiyimdasan?!» dedilar.

Jang maydoniga koʻz tashlab, barcha shahid ketgan Musʼabning birodarlariga qarata Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar :

«Albatta, Rasululloh qiyomat kuni sizlarni Allohning huzurida shahid ekanligingizga guvohlik beradi».

Soʻngra atroflaridagi tirik qolgan asʼhoblariga yuzlanib dedilar :

«Ey insonlar, bularning qabrlarini ziyorat qiling va ularga salom bering. Mening jonim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, biror bir salom berguvchi ularga salom bermagay, magaram ular alik olgaydirlar».

Assalomu alayka, ey Musʼab !

Assalomu alaykum, ey shuhadolar !

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh !
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sahobalar

Saʼd ibn Muʼoz

22-dekabr, 20211.1K
Sahobalar

Nuaym ibn Masʼud

22-dekabr, 20211.7K
Sahobalar

Xolid ibn Valid

22-dekabr, 20212.4K
Sahobalar

Hamza ibn Abdul Muttalib

22-dekabr, 20211.6K
Sahobalar

Salmoni forsiy necha yil yashagan?

22-dekabr, 20211.7K
Sahobalar

Oxirgi vafot etgan sahobalar roʻyxati

22-dekabr, 20216.8K