Abu Ubayda ibn Jarroh
* * *
Abdulloh ibn Umar (Alloh undan rozi boʻlsin) bunday deydi: «Quraysh qabilasida uch kishi bor: ular insonlarning eng ochiq chehrali, goʻzal axloqli va hayolisidirlar. Agar sizga gapirguday boʻlishsa, bir luqma ham yolgʻon qoʻshishmaydi, agar siz ularga gapirsangiz, sizni yolgʻonchiga chiqarishmaydi. Bular Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn Jarrohlardir» (Alloh barchalaridan rozi boʻlsin).
* * *
Abu Ubayda Islomga birinchilardan boʻlib Abu Bakr Siddiq chorlovi bilan kirgan, Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maʼzun, Arqam ibn Abu Arqam (Alloh barchalaridan rozi boʻlsin) bilan birga Paygʻambar alayhissalom huzurlariga borib, shahodat kalimasini aytgan edilar. Ilk musulmonlar koʻrgan barcha qiyinchilik, xoʻrlik, Islom dushmanlarining jabr-sitamini u kishi ham boshdan kechirdilar. Keyinchalik mushriklar bilan boʻlgan maʼrakalarda alohida shijoat va mardlik koʻrsatdilar. U kishining Allohga iymoni kuchli, Islom ummati orasida ishonchga sazovor, omonatga vafodor edi.
* * *
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Uhud kunining eng koʻzga koʻringan qahramonlaridan biri boʻldilar. Uhud urushining ishtirokchilaridan Abu Bakr Siddiq bunday hikoya qiladilar: «Uhud urushi kuni Rasululloh odamlardan ajrab yolgʻiz qolganlarida men birinchilardan boʻlib u Zot tomon yurdim. Qarasam, bir odam u Zotning oldilarida himoya qilib urush qilmoqda: «Talha boʻlsa edi, otam ham, onam ham unga fido boʻlsin! Talha boʻlsa edi, otam ham, onam ham unga fido boʻlsin!» deb borsam, orqamdan Abu Ubayda xuddi qushdek uchib keldi. Birgalashib yetib borsak, Rasulullohning oldilarida Talha yiqilib yotgan ekan. Rasuli akram alayhissolatu vassalom: «Birodaringizga qarang, u haqlidir», dedilar. Shu payt Paygʻambar alayhissalomning yonoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulgʻaning halqasini kiritib yubordi. Uni Paygʻambar alayhissalomdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda: «Alloh xayringni bersin, Abu Bakr, menga qoʻyib ber», dedi va u kirgan narsani chiqara boshladi. Paygʻambar alahissalomga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi tushdi. Soʻngra men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana: «Abu Bakr, Alloh xayringni bersin, menga qoʻyib ber», dedi. Yana tishi bilan chiqarib oldi. Abu Ubaydaning yana bir tishi tushdi. Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning oʻshanda tushgan ikki tishlari umr boʻyi u kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sadoqatlari nishoni boʻlib qoldi.
* * *
Muhammad ibn Jaʼfar hikoya qiladi: «Bir kuni Rasululloh solllallohu alayhi vasallam huzurlariga nasroniylar guruhi kelib: – Ey Abul Qosim, oʻrtamizdagi mol-mulkni taqsimlay olmay, bir-birimiz bilan qirpichoq boʻlib ketayozdik. Siz, musulmonlar, toʻgʻrisoʻz, omonatdor kishisizlar. Shuning uchun bir ishongan odamingizni bizga qoʻshib bersangiz, u mollarimizni adolat bilan taqsimlab bersa! – deyishdi. – Ertaga kelinglar, sizlarga eng ishongan odamimni qoʻshib beraman, – dedilar Faxri Koinot. Bu hikoyani Umar ibn Xattob (Alloh undan rozi boʻlsin) davom ettiradi: – Ertasi kuni peshin namozini oʻqish uchun masjidga odatdagidan ertaroq keldim. Alloh haqqi, umrim bino boʻlib, biror marta odamlar orasida qozilik qilishni istamagan edim, lekin oʻshanda Sarvari olam «Bu ishga meni tanlasalar-ku», degan orzu bilan yonardim. Paygʻambar alayhissalom bizga peshinni oʻqib bergach, ortlariga oʻgirildilar. Nigohlari bilan odamlar orasidan kimnidir axtara boshladilar. Men umid bilan boʻynimni choʻzib qaradim. Paygʻambarimiz nazarlari Abu Ubaydaga tushib, uni chaqirdilar. «Mehmonlar bilan birga borib, ular kelisha olmayotgan masalani odillik bilan hal qilib ber», deb buyurdilar. «Uloqni Abu Ubayda ilib ketdi», deb qoʻydim ichimda. Anas ibn Molikdan (Alloh undan rozi boʻlsin) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta har bir ummatning amini (oʻta ishonchli kishisi) boʻladi, bizning aminimiz Abu Ubayda ibn Jarrohdir», dedilar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
* * *
Jobir ibn Abdullohdan (Alloh undan rozi boʻlsin) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Ubayda ibn Jarrohni bosh qilib bizlarni Quraysh karvonini poylash uchun yubordilar. U Zot alayhissalom bizni bir idish xurmo bilan taʼminladilar, boshqa narsa topa olmadilar. Abu Ubayda bizlarga bir dona-bir donadan xurmo berar edi. «Uni nima qilar edinglar?» deb soʻradim. «Goʻdak soʻrganga oʻxshatib, soʻrar edik. Soʻngra ustidan suv ichar edik. Baʼzilarimiz tayoqlarimiz bilan barg qoqib kelar edik. Keyin uni hoʻllab yer edik», dedi» (Abu Nuʼaym rivoyati).
* * *
Abu Saʼlaba (roziyallohu anhu) quyidagilarni aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uchrab: «Ey Allohning Rasuli, yaxshi taʼlim olish uchun meni bir odamga yoʻllang», dedim. Shunda u Zot meni Abu Ubayda ibn Jarrohga yubordilar va: «Men taʼlimingni va odobingni yaxshilaydigan kishiga joʻnatdim», dedilar» (Ibn Asokir rivoyati).
* * *
Abu Umoma Boxiliydan (Alloh undan rozi boʻlsin) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr, Umar, Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhum va bir guruh sahoba bilan oʻtirgan edilar. Bir idishda sharbat keltirildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Abu Ubaydaga tutdilar. Shunda Abu Ubayda: «Siz oʻzingiz oling, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Sen ol!» dedilar u Zot. Abu Ubayda piyolani oldi va uni ichishdan oldin yana: «Siz oʻzingiz oling, ey Allohning Rasuli!» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ich, baraka, albatta, ulugʻlarimizdadir. Kim kichigimizga rahm qilmasa va kattamizni ulugʻlamasa, bizdan emas», dedilar» (Tabaroniy rivoyati). Abu Ubayda ibn Jarroh (roziyallohu anhu) Shomga voliy qilib tayinlanib, katta mansabga ega boʻlganidan keyin ham zarracha oʻzgarmadi. Qoʻl ostida oʻsha vaqtdagi dunyoning eng kuchli lashkari turganiga qaramay, oddiy askardek yuraverdi. Shomdagi odamlar Islomdan oldin dabdabaga oʻrganib qolishgan edi. Musulmonlar amirining ahvoli birpasda hamma yoqqa ovoza boʻlib tarqab ketdi.
* * *
Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hazrati Umar Shomga kelgan kuni shomlik juda koʻp odam va kattalar kutib olishdi. Shunda Umar: «Ogʻaynim qani?» deb soʻradi. «Kim u?» deyishdi. «Abu Ubayda», dedi Hazrati Umar. «Hozir keladi», deyishdi. Abu Ubayda kanop yuganli tuyani minib keldi. Hazrati Umar Abu Ubayda ibn Jarroh bilan quchoqlashib koʻrishdi. Keyin uning uyiga kirdi. Uyda qilich, qalqon, egar-jabduqdan boshqa narsa koʻrmadi va: «Boshqa sheriklaringga oʻxshab sen ham u-bu qilmadingmi?» deb soʻradi. «Ey moʻminlar amiri, yotib-turgani shu ham yetadi», dedi Abu Ubayda. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Sendan boshqa hammamizni dunyo oʻzgartib yubordi, ey Abu Ubayda», dedi» (Imom Ahmad, Abdulloh ibn Muborak, Abu Nuʼaym rivoyati). Mana shuning uchun ham Hazrati Umar Abu Ubayda ibn Jarrohni juda yaxshi koʻrar va hurmat qilar edi. U kishi hamma rahbarlari, ishboshilari va voliylari Abu Ubayda ibn Jarrohga oʻxshash boʻlishini orzu qilar edi.
* * *
Imom Buxoriy «Tarixi sagʻir»da Zayd ibn Aslam roziyallohu anhudan, u kishi Ubay roziyallohu anhu qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Umar ibn Xattob oʻz sohiblariga: «Orzu qilinglar!» dedi. «Men bir uy toʻla dirhamlarim boʻlishi va ularni Allohning yoʻlida infoq qilishni orzu qilurman», dedi biri. «Orzu qilinglar!» dedi u yana. «Men mana shu uy toʻla oltinlarim boʻlishi va ularni Allohning yoʻlida infoq qilishni orzu qilurman», dedi boshqasi. «Orzu qilinglar!» dedi u yana. «Men mana shu uy toʻla javharlarim boʻlishi va ularni Allohning yoʻlida infoq qilishni orzu qilurman», dedi yana biri. «Orzu qilinglar!» dedi u yana. «Bundan boshqa orzumiz yoʻq», deyishdi ular. Shunda Umar: «Ammo men mana shu uy toʻla Abu Ubayda ibn Jarroh, Muoz ibn Jabal va Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhum kabi odamlar boʻlishini va ularni Allohning toati uchun omil qilishni orzu qilar edim», dedi. Soʻngra u Huzayfaga mol yubordi va: «Nazar solinglar, nima qilar ekan?» dedi. U molni taqsimlab yubordi. Soʻngra u Muoz ibn Jabalga mol yubordi va: «Nazar solinglar, nima qilar ekan?» dedi. U molni taqsimlab yubordi. Soʻngra u Abu Ubaydaga mol yubordi va: «Nazar solinglar, nima qilar ekan?» dedi. U molni taqsimlab yubordi. «Ana, sizlarga aytmabmidim!» dedi Umar».
* * *
Shomda vabo tarqalayotgani hammayoqda shov-shuv boʻlganda Abu Ubayda roziyallohu anhu xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan quyidagi amrni oldilar: «Mening senga bir hojatim chiqib qoldi. Sendan boshqa men uchun uni hal qila olmaydi. Agar ushbu maktubim senga kechasi yetib borsa, tong otmasdan men tomonga yoʻl olishingni talab qilaman. Agar ushbu maktubim senga kunduzi yetib borsa, kech boʻlmasdan men tomonga yoʻl olishingni talab qilaman». Abu Ubayda roziyallohu anhu maktubni oʻqib koʻrib: «Moʻminlar amirining menga tushgan hojatini bildim. U kishi boqiy emas kimsani boqiy qilmoqchi», dedilar. Soʻngra quyidagi maktubni yozdilar: «Ey moʻminlarning amiri, menga tushgan hojatingni bildim. Men musulmonlar lashkari ichidaman. Ularga yetgan narsadan oʻzimni chetga olmoqchi emasman. Alloh mening va ularning haqida Oʻz hukmini qilmaguncha ulardan ajramoqchi emasman. Qachon senga ushbu maktubim yetib borsa, meni talabingdan halol qil. Menga qolishga izn ber». Hazrati Umar maktubni oʻqib, qattiq yigʻladilar. U kishining atrofida turganlar: «Nima, Abu Ubayda oʻlibdimi, ey moʻminlarning amiri?» dedilar. «Yoʻq. Lekin oʻlim unga yaqinlashibdi», dedilar u kishi. Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu odamlar orasida yurib, ularni sabrga chaqirar edilar. Oxiri dard u kishining oʻzlariga ham xuruj qildi. Sinchaloqlariga kichkina bir narsa chiqdi. Odamlar u kishiga tasalli bermoqchi boʻlib, hech narsa emas, dedilar. U kishi boʻlsa, Allohdan umidim bor, shunga ham baraka bersa, ajab emas, dedilar. Oxiri u kishi xasta boʻlib yotib qoldilar. Ibn Asokir Saʼid ibn Abu Saʼiddan rivoyat qiladi: «Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu Urdunda vaboga chalinganida (qabri oʻsha yerda) oʻsha yerda hozir boʻlgan musulmonlarni chaqirib: «Men sizlarga bir vasiyat qilaman. Agar uni qabul qilsangiz, yaxshilikda bardavom boʻlursizlar–namozni oʻqinglar, zakotni beringlar, Ramazon oyi roʻzasini tutinglar, sadaqa qilinglar, haj qilinglar, umra qilinglar. Bir-biringizga nasihat qilinglar. Amirlaringizga nasihat qilinglar, ularni aldamanglar. Dunyo sizni halok qilmasin. Agar bir odam ming yil yashasa ham, albatta, mening siz koʻrib turgan holimga tushishi bor. Alloh taolo bani odamga oʻlimini yozgandir. Ular oʻlarlar. Ularning eng farosatlisi oʻz Robbisiga itoatkorroq boʻlgani va qaytar kuni uchun koʻproq amal qilganidir. Vassalomu alaykum va rahmatullohi! Ey Muoz, odamlarga namoz oʻqib ber». Ana shundan keyin Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu vafot etdilar. Alloh taolo bu kishidan rozi boʻlsin!
Ahmad MUHAMMAD tayyorladi
Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!