📿 Sahobalar

Sahobalarning martabalari va fazilatlari

11 daqiqa 1.9K marta oʻqildi
Musulmonlar barcha sahobalar avliyolarning peshqadami, muttaqiylarning saralari, moʻminlarning eng goʻzal namunasi hamda Paygʻambarlardan keyin insoniyatning eng afzali ekanliklariga ittifoq qilishgan. Darhaqiqat, sahobalar Paygʻambarlarning eng afzali va soʻnggisini koʻrganlari, yengil va ogʻir kunlarda ham u Zotning yonlarida turishgani hamda Alloh yoʻlida mollari va jonlarini sarf etishgani uchun mana shunday maqomga erishishgan. Hatto ular yaxshilarning eng yaxshisiga, yashagan zamonlari esa eng afzal zamonga aylandi. Sahobalar Islom ustunini barpo etdilar va din qasrini bezadilar. Shirk arqonini butunlay uzdilar. Islom dinini butun olamga yoydilar. Ular insoniyatning eng fahmi oʻtkir, ilmi chuqur, iymoni mustahkam hamda xulqi va amali eng goʻzali edilar. Ular Nabiy alayhissalomning qoʻllarida tarbiya topgan edilar. Nubuvvatning eng sof bulogʻidan suv ichib, Qurʼonning nozil boʻlishiga bevosita guvoh boʻlgan edilar. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar soldi. Qalblar orasida Muhammadning qalbi eng yaxshi qalb boʻlib chiqdi.

Uni Oʻzi uchun tanlab oldi va uni Oʻzining risolati bilan yubordi. Keyin U Zot Muhammadning qalbidan keyin yana bandalarining qalblariga nazar soldi va eng yaxshi qalb sahobalarning qalblari ekanini bildi. Shuning uchun ularni Oʻz Paygʻambarining dinni himoya qilish uchun kurashadigan vazirlari qildi». Ahmad rivoyati. Kim Paygʻambar alayhissalom bilan suhbatdosh boʻlsa yoki musulmon boʻlib u Zotni koʻrsa, sahobalardan sanaladi. Sahobalarning fazilatlari borasida koʻplab oyatlar va sahih hadislar vorid boʻlgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi boʻldi, ular ham Undan rozi boʻldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan jannat (bog‘)larni tayyorlab qoʻydi. Ana oʻsha ulkan yutuqdir» (Tavba, 100). Boshqa bir oyatda U Zot quyidagicha marhamat qiladi: «(Ey Muhammad!) Darhaqiqat, Alloh moʻminlardan – ular daraxt ostida Sizga bayʼat (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida – rozi boʻldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Haybar jangidagi) yaqin gʻalaba bilan mukofotladi. (Ular) oladigan koʻpdan-koʻp oʻljalar bilan ham (mukofotladi). Alloh qudratli va hikmatli zotdir» (Fath, 18-19). Hudaybiya sulhi tuzilgan yili musulmonlar Rasul alayhissalom huzurlariga bir-bir kelib bayʼat, yaʼni qasamyod qilganlar. Shu bayʼat «Rizvon bayʼati» deyiladi. Bayʼat qilgan erkak va ayol musulmonlarning adadi 1300, 1400, 1500 kishi edi, degan rivoyatlar bor. U daraxtning nomi Samura yoki Sidra. Mazkur daraxtni musulmonlar tabarruk qadamjo sifatida ziyorat qilishga ruju qoʻyganlari sababli Umar roziyallohu anhu shirkka aylanib ketishidan qoʻrqib, uni joyidan oldirib tashlaganlar. Ular haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

«Daraxt ostida bayʼat qilganlardan hech kim doʻzaxga kirmaydi». Alloh taolo sahobai kiromlar haqida yana quyidagi oyatlarni ham nozil qilgan: «Odamlarga chiqarilgan (maʼlum boʻlgan) ummatning eng yaxshisi boʻldingiz» (Oli Imron, 110). Alloh azza va jalla muhojir va ansor sahobalar haqida ham ushbu oyatni nozil qildi: «(U oʻljalar yana) oʻz diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambagʻal muhojirlarnikidir, zero ular Allohdan fazl va rizolik istaydilar hamda Alloh va Uning Paygʻambariga yordam beradilar. Aynan oʻshalar (iymonlarida) sodiqdirlar. Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va iymonni saqlaganlar (ansorlar) esa oʻzlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (oʻljalar) sababli hasad sezmaslar hamda oʻzlarida ehtiyoj boʻla turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki oʻz nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana oʻshalar (oxiratda) najot topuvchidirlar»(Hashr, 8-9). Boshqa bir oyatda sahobalar bunday vasf etiladi: «Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga boʻlgan (moʻmin)lar kofirlarga qahrli, oʻz oralarida (moʻminlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku’ va sajda qilayotgan hollarida koʻrarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir» (Fath, 29). Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ummatimning eng yaxshisi mening asrimda yashaganlaridir. Keyin ulardan keyin yashaganlar, keyin ulardan keyin yashaganlardir». Imron roziyallohu anhu aytadilar: «Oʻzlarining asrlaridan keyin ikkita asrni aytdilarmi yoki uchtanimi bilmayman». Buxoriy rivoyati. «Sahihayn»da Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Sahobalarimdan hech birini soʻkmanglar. Chunki agar birortangiz Uhud togʻidek tillani infoq qilsa ham, ulardan birining bir mud yoki uning yarmi miqdoridagi infoqining darajasini topa olmaydi». Dunyodagi barcha yaxshilik sahobalar odat qilgan narsalardir. Alloh taolo Oʻzining Kitobini saqlashni vaʼda bergan. Ushbu vaʼda sahobalar vositasida amalga oshdi. Bir guruh sahobalar oʻzlarini sunnat omonatiga baxshida etdilar. Oʻsha sunnatni yodlash va yoyish uchun yer yuzining hamma tomonlarini bosib oʻtdilar.

Baʼzilari esa oʻzlarini xalifalik, rahbarlik, kurash va boshqa ishlarga baxsh etdilar. Ayrimlari oʻzlarini insonlarni Islomga qiziqtirish, unga nisbatan qalblarda muhabbat uygʻotish ishlariga baxshida etdilar. Alloh taolo ularning vaqtlariga baraka berdi. Ular yashagan yuz yil ichida boshqalar million yilda ham amalga oshirolmaydigan ishlar amalga oshirildi. Ular barcha yaxshiliklarda insonlarning yoʻlboshchisi, peshqadami edilar. Ular kurash maydonida ham, daʼvat maydonida ham, saxovat va infoq maydonida ham, ibodat va toat maydonida ham barchaga oʻrnak edilar. Alloh ularning barchalaridan rozi boʻlsin. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga urushlarda, dinni yoyishda, ilm-maʼrifat tarqatishda va boshqa barcha ishlarda bemisl yordamchi boʻldilar. Oʻzlarini Alloh yoʻlida fido qilishga bayʼat berdilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaqqa chiqdilar. Muhojir va ansorlar havo sovuq boʻlishiga qaramasdan chuqur qaziyotgan edilar. Ularda bu ishni qilib beradigan qullar yoʻq edi. U Zot sahobalarning ogʻir mehnat va ochlikdan qiynalayotganlarini koʻrib: «Ey Alloh, albatta, haqiqiy hayot oxirat hayotidir. Ansor va muhojirlarni magʻfirat et», deb duo qildilar». Buxoriy rivoyati. Sahobalar Nabiy alayhissalom bilan koʻrishish baxtiga muyassar boʻlgan zotlardir. Shuning uchun ham ularning qalblari u Zotning muhabbatlari va taʼzimlari bilan toʻlgan edi. Ali roziyallohu anhudan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga boʻlgan muhabbatingiz qanday?» deb soʻralganida, «Allohga qasamki, u Zot bizga mollarimizdan, bola-chaqalarimizdan, ota-onalarimizdan hamda tashna odamning muzdek suvga boʻlgan muhabbatidan ham sevimliroqdirlar», deb javob berganlar.

Makkaliklar qoʻlida asir boʻlib turgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni Makka ahli oʻldirish uchun Haramdan tashqariga chiqarayotganlarida Abu Sufyon ibn Harb hali mushrik edi. U Zayd roziyallohu anhuga dedi: «Ey Zayd, agar Muhammad hozir sening oʻrningda asir boʻlsa-yu, biz uning boʻyniga qilich ursak, sen esa oilang bagʻrida boʻlishni istaysanmi?» dedi. Zayd roziyallohu anhu: «Allohga qasamki, Muhammad alayhissalomga hozirgi turgan joyida bir tikan kirib aziyat berishini, men esa oilam bagʻrida boʻlishimni aslo istamayman». Shunda Abu Sufyon: «Men Muhammadning sahobalari uni yaxshi koʻrishganidek boshqa hech kim birovni yaxshi koʻrganini koʻrmadim», dedi. Sahobalar oʻzlari, mollari borasida hukm qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlariga topshirishgan. Ular shunday deyishgan: «Mana bu mollarimiz oldingizda turibdi. Bularni xohlaganingizdek tasarruf qiling. Nafslarimiz ham sizning izmingizda. Agar bizni dengizga boshlab borsangiz, u yerga ham borib, sizning oldingizda, ortingizda, oʻng tarafingizda va chap tarafingizda turib urushamiz». Amr ibn Oss roziyallohu anhu dedilar:«Hech kim menga Rasulullohdan koʻra sevimliroq emas. Mening koʻzimga hech kim u Zotdan koʻra ulugʻroq boʻlib koʻrinmaydi. U Zotni qattiq sevganim va hurmat qilganim uchun chehralariga tikilib qaray olmayman. Agar mendan birov u kishini vasf qilib berishimni soʻrasa, bunga toqatim yetmaydi. Chunki u Zotga tikilib qarashga bardoshim yetmaydi». Biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini yaxshi koʻramiz. Ulardan birortalarini yaxshi koʻrishda dangasalik qilmaymiz, kamchilikka yoʻl qoʻymaymiz. Ularning birortalaridan ham uzoqlashmaymiz. Barchalarini faqatgina yaxshilik bilan yodga olamiz.

Sahobalarning hech birlarining adolati haqida soʻralmaydi, tekshirilmaydi. Ulardan rivoyat qilingan narsa bosh ustiga qabul qilinadi. Zero ularning barchalari adolatli, rostgoʻy, ishonchli zotlardir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilinadi: «Iymonning belgisi ansorlarni yaxshi koʻrish, nifoqning belgisi ansorlarni yomon koʻrishdir». Buxoriy rivoyati. Boshqa bir hadisda bunday deyiladi: «Ansorlarni faqatgina Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmagan kimsagina yomon koʻradi». Muslim rivoyati. Sahobalarning afzali xulafoi roshidin, keyin jannatga kirishi bashorat qilinganlarning qolgan aʼzolaridir. Bu borada Paygʻambar alayhissalom bunday deb marhamat qilganlar: «Paygʻambardan keyin bu ummatning eng yaxshisi Abu Bakr va Umar». Boshqa bir hadisda: «Mendan keyin mana bu ikkisiga, yaʼni Abu Bakr va Umarga ergashinglar», deyilgan. «Sahihi Muslim»da ushbu rivoyat keltiriladi: «Nabiy alayhissalomning sahobalari safarda edilar. U Zot: «Agar Abu Bakr bilan Umarga itoat qilsangizlar, toʻgʻri yoʻlni topasizlar», dedilar». Muhammad ibn Hanafiyadan rivoyat qilinadi, u kishi otalari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga dedilar: «Ey otajon, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin insonlarning eng yaxshisi kim?» U zot:«Bilmaysanmi, ey oʻgʻilcham?!» dedilar. Oʻgʻillari: «Yoʻq» dedilar.

Shunda Hazrati Ali: «Abu Bakr» deb javob berdilar. Alloh taolo Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilatlari haqida bir qancha oyatlarni nozil qildi. Jumladan, U Zot shunday marhamat qiladi: «Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yoʻlida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni magʻfirat qilishini istamaysizmi?! Alloh magʻfiratli va rahmlidir» (Nur, 22). Bu oyat Abu Bakr roziyallohu anhu xususida nozil boʻlgan. Oysha onamiz toʻgʻrisida boʻhton toʻqiganlarga qoʻshilib ketganlardan biri Abu Bakr roziyallohu anhuning xolavachchasi Musattah edi. U Badr jangida qatnashgan boʻlib, oʻzi miskinlikda yashardi. Abu Bakr roziyallohu anhu uning bu ishidan keyin zinhor moddiy yordam bermaslikka qasam ichadi. Paygʻambar alayhissalom oyatni unga oʻqib berganlarida undagi savolga:«Yoʻg‘-ye, Allohning magʻfirat qilishini istayman», – deb yana qarindoshiga yordam berishni davom ettirgan ekan. Abu Bakr roziyallohu anhu haqlaridagi keyingi oyat quyidagicha: «Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (Oʻzi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari gʻorda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: «Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!» – degan edi» (Tavba, 40). Albatta, bu oyatdagi ikki kishining biri Abu Bakr roziyallohu anhudirlar. Paygʻambar alayhissalom shunday deganlar: «Menga hech bir mol Abu Bakrning molichalik foyda bermagan».

Bu gapni eshitgan Abu Bakr roziyallohu anhu yigʻladilar va: «Men ham, molim ham Siznikidir, ey Allohning Rasuli!» dedilar. Umar roziyallohu anhu haqlarida ham koʻp hadislar vorid boʻlgan. Bir hadisda shunday deyiladi: «Shayton sen yurayotgan koʻchadan emas, balki boshqa koʻchadan yuradi». Yana bir hadisda bunday deyilgan: «Sizlardan oldingi ummatlar orasida sofdil va rostgoʻy odamlar boʻlishgan. Agar mening ummatim orasida ham biror kishi sofdil va rostgoʻy boʻladigan boʻlsa, bu albatta, Umar ibn Xattobdir». Muslim rivoyati. Qolaversa, Umar roziyallohu anhu ilhom sohibi edilar. yaʼni u kishining koʻplab fikrlari Qurʼon oyatlariga muvofiq kelar edi. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ayollarni oʻrantirish borasida nasihat qilganlar. Yana Paygʻambarimizga: «Ey Allohning Rasuli, Ibrohim alayhissalomning maqomlarini namoz oʻqiydigan joy qilib olsangiz, yaxshi boʻlardi», deganlar. Badrda asir tushgan mushriklar borasida ham Umar roziyallohu anhu maslahat berganlar. Natijada Alloh taolo u kishining soʻzlarini tasdiqlab oyatlar nozil qilgan. Bundan tashqari, Alloh taolo Umar roziyallohu anhuning qoʻllari bilan koʻp oʻlkalarni fath etdi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Paygʻambar alayhissalomning oldilariga urushda ishlatish uchun kiyimlarining bir chetida ming dinor olib kelib, u Zot alayhissalomning qoʻynilariga toʻkdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi olib kelgan dinorlarni qoʻldan oʻtkaza turib: «Bugundan keyin Affon oʻgʻliga qilgan amali zarar bermaydi», deb marhamat qildilar. Bu gapni bir necha marta takrorladilar. Nabiy alayhissalom Haybar gʻazotida Ali roziyallohu anhu haqlarida shunday dedilar: «Ertaga bayroqni bir odamga beraman. Alloh uning qoʻli bilan ushbu diyorni fath etadi. Uning oʻzi Allohni va Rasulini yaxshi koʻradi. Alloh va Rasuli ham uni yaxshi koʻradi». Odamlar tuni bilan bayroq kimga berilishini oʻylab mijja qoqmay chiqdilar. Tong otgach, hammalari bayroqni olish umidida Rasulullohning oldilariga bordilar. Shunda Rasululloh sollalahu alayhi vasallam «Ali qayerda?» deb soʻradilar.

Sahobalar: «Koʻzi ogʻriyapti», deyishdi. Rasululloh u Zotning koʻzlariga muborak tupuklaridan surtib qoʻydilar va Allohdan shifo tilab duo qildilar. Natijada Hazrati Alining koʻzlari xuddi ogʻrimagandek tuzalib qoldi. Shundan keyin Paygʻambar alayhissalom bayroqni Ali roziyallohu anhuga berdilar. Bayroqni qabul qilib olgan Hazrati Ali karramallohu vajhahu dedilar: «Ular bilan to ular ham biz kabi boʻlgunlaricha urushaman». Shunda Nabiy alayhissalom: «Shoshma, oʻzingni bos, avval ularning vodiysiga tush. Keyin ularni Islomga daʼvat qil. Ularga nimalar vojibligini tushuntir», dedilar. Ha, azizlar, sahobalarning barchalari jannat ahlidirlar. Alloh taolo aytadi: «Sizlardan (Makka) fath boʻlishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar boʻlmagay. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan ulugʻroq martabadadirlar. Barchalariga Alloh goʻzal (mukofot – jannat) vaʼda qilgandir. Alloh qilayotgan (barcha) amallaringizdan xabardordir» (Hadid, 10). Paygʻambar alayhissalom barcha sahobalari haqida shunday deganlar: «Mening sahobalarim yoʻlchi yulduz kabidirlar. Ularning qay birlariga ergashsangiz, toʻgʻri yoʻlni topasiz». Sahobalarning fazlini, darajasini bitta misol bilan tushuntirib, soʻzimizga yakun yasaymiz. Dunyodagi eng buyuk avliyo, Allohning doʻsti eng quyi martabadagi sahobaning urushda mingan otining tuyogʻidagi changiga ham teng emas. Alloh barcha sahobalardan rozi boʻlsin. Bizlarga esa ularga ergashib yashashni nasib aylasin, omin!

Manbalar asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sahobalar

Abu Ubayda ibn Jarroh

22-dekabr, 20212K
Sahobalar

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (1)

22-dekabr, 20211.8K
Sahobalar

Hudayr

22-dekabr, 20211.9K
Sahobalar

Oxirgi vafot etgan sahobalar roʻyxati

22-dekabr, 20216.8K
Sahobalar

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (2)

22-dekabr, 20211.9K
Sahobalar

Xolid ibn Valid

22-dekabr, 20212.4K