📿 Sahobalar

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (2)

4 daqiqa 1.9K marta oʻqildi
Hijratlari
Ummu Fazl eri Abbosdan oʻgʻli Abdulloh bilan birga Madinaga hijrat qilish uchun izn soʻradi. Abbos Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga oʻz oilalari bilan birgalikda Madinaga hijrat qilishga izn soʻrab xat yozdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey amaki, mening Paygʻambarligim eng soʻngi paygʻambarlik boʻlganidek, sizning hijratingiz hijratning eng oxirgisi boʻladi», dedilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bu xabarni eshitgandan keyin Abbos roziyallohu anhu safar tadorigini koʻrib, safar uchun kerakli barcha narsalarni tayyorlab qoʻydi. Ummu Fazl va bolalar ham safarga tayyor boʻlishdi. Bolalarning eng oldingi safida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni koʻrish va u kishi bilan birga turishga mushtoq boʻlgan Abdulloh ibn Abbos turardi. Abbos roziyallohu anhu aytilgan vaqt kelgach, bola-chaqalarini olib yoʻlga chiqdi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Makkadan Madinaga hijrat qilganda yosh bola edilar. Makka bilan Madina orasidagi Juhfa degan joyga yetib kelganda, Abbos Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uchratadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam katta qoʻshin bilan Makkani fath qilish uchun ketayotgan edilar. Abbos roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qoʻshilib, Makka fathi uchun ortga qaytdi. Ummu Fazl roziyallohu anho bolalari bilan safarini davom ettirib, Madinaga ketdilar. Keyinchalik Ummu Fazl hayotlarining oxirigacha Madinada yashadilar.
Abdulloh ibn Abbos nubuvvat xonadonida

Abdulloh ibn Abbos onasi Ummu Fazl bilan Madinaga hijrat qilganda hali balogʻat yoshiga yetmagan edi. Madinaga hijrat qilganidan juda xursand. Negaki, tez kunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga boʻladi. Najot va saodat vahiyi nozil boʻladigan joyda boʻlishini yosh Abdulloh juda oʻtkir zehni va farosati bilan anglagan edi. Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilm buloqlaridan bahramand boʻlish uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qayerga borsalar, U Zotning orqasidan qolmas, xuddi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tark qilmaydigan soyalariday u kishi bilan birga yurar edi. Abdulloh Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan masjid yoki sahobalar majlisida birga boʻlish bilan cheklanib qolmas, doimo u Zotning uylarida hoziru nozir edilar.

Odatda vaqtining koʻp qismi xolasi, yaʼni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Maymuna roziyallohu anhoning uyida oʻtardi. Koʻpincha Abdulloh shu xonadonda yeb- ichib, oʻsha yerda tunab qolardi. Bir kuni kechqurun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maymuna onamizning uylariga kirib keldilar. Qarasalar, Abdulloh uxlab qolgan ekan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bolakay namozni oʻqidimi?», deb soʻradilar. Maymuna onamiz: «Ha, Abdulloh Xuftondan keyin oʻqiladigan namozni oʻqib yotdi», dedilar. Bu haqda Abdullohning oʻzi quyidagicha aytadi: «Oʻsha payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xolamga nima deyayotganlarini eshitayotgan edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyquga kirdilar. Tun yarimlab qolganda, u Zot turib tahorat oldilar. Soʻng namozga kirishdilar. Men ham darhol oʻrnimdan turib, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qolgan suv bilan tahorat olib, ishtonimni yaxshilab bogʻladim-da, u Zotning chap tomonlariga turib, iqtido qildim. U kishi ohistalik bilan, qulogʻimdan ushlab, meni oʻng tomonlariga oʻtkazdilar.

Soʻng besh yoki yetti raʼkat Vitr namozini oʻqidilar. Namozning faqatgina oxirgi raʼkatida salom berdilar». Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yonlarida yurishi shunchaki vaqt oʻtqazish uchun emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bajargan amallari va din hukmlarini oʻrganish uchun edi. Chunki Abdulloh ibn Abbos Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning baʼzi amallarini bizga rivoyat qilib qoldirganlarki, u xabarni faqatgina yosh Abdullohdek yarim kechasi ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni qiladigan amallarini kuzata olish kabi imkoniyatga ega boʻlgan kishigina rivoyat qila oladi. Mana, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning oʻzlari bir kuni xolalarinikida tunab, yarim kechasi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilgan ishlarini koʻrib, uni quyidagicha rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yarim tunda oʻrnilaridan turib yengil tahorat oldilar. Men ham turib, xuddi u kishiday tahorat oldim. U Zot Alloh qodir qilgancha namoz oʻqidilar. Men ham u kishiga iqtido qilib namoz oʻqidim.

Soʻng uxladilar. Uyqu ovozini eshitdim. Soʻng u Zotning oldilariga muazzin keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olmasdan namoz oʻqish uchun masjidga chiqdilar». Ibn Abbos roziyallohu anhu yana bizga nubuvvat xonadonida boʻlgan muhim voqeani tasvirlab beradi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida edim. U Zot chanqoqliklarini bosmoqchi boʻlib turdilar, tahorat oldilar, soʻng tik turib suv ichdilar». Bir kuni Ibn Abbos roziyallohu anhu oʻziga oʻzi: «Allohga qasamki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qilganlaridek qilaman», deb turib, tahorat oldi va tik turib suv ichdi. Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortidagi safga turib, u Zotga iqtido qildi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining tomonlaridan barobarlariga oʻtib safni olishini ishora qildilar. Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroq turishni istamasdan orqa safda turaverdi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozni tugatib boʻlgach: «Namozda mening barobarimda turib safda turishingdan nima seni toʻsib qoʻydi?»−dedilar. Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, siz men uchun buyuk va aziz insonsiz. Axir men qanday qilib sizning barobaringizda boʻlib qolishim mumkin?» dedi. Ibn Abbosning bu javobidan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga: «Ey Allohim, unga hikmatni ato qil», deb duo qildilar.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sahobalar

Hudayr

22-dekabr, 20211.9K
Sahobalar

Afzal sahobalarning tartibi

22-dekabr, 20211.8K
Sahobalar

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (1)

22-dekabr, 20211.8K
Sahobalar

Sahobalarning martabalari va fazilatlari

22-dekabr, 20211.9K