✍️ Sherlar

Meni yomon koʻrgan odamlar...

14.3K marta oʻqildi
Meni yomon koʻrgan odamlar...
Ichida it hurgan odamlar,
Aybim izlab yurgan odamlar,
Sizga yordam bergim keladi,
Meni yomon koʻrgan odamlar...

Kimga nomu nishonim yoqmas,
Yo Bagʻdodim, Qoʻqonim yoqmas,
Erta olgan unvonim yoqmas,
Meni yomon koʻrgan odamlar...

Davrangizga kira olmayman,
Kirsam koʻnglim yora olmayman,
Sizga talant bera olmayman,
Meni yomon koʻrgan odamlar...

Osay deysiz, sirtmogʻingiz yoʻq,
Uray deysiz, toʻqmogʻingiz yoʻq,
Oʻladigan axmogʻingiz yoʻq,
Meni yomon koʻrgan odamlar...

Sizga uka, aka, joʻraman,
Duoingiz qilib yuraman,
Men sizlarni yahshi koʻraman,
Meni yomon koʻrgan odamlar...

Mushuk yotar – sher hayolida,
Kiyik tutib yer hayolida,
Men yurovdim sheʼr hayolida,
Meni yomon koʻrgan odamlar...

Bolangiz yurt uchun yashasin,
Dushmanga xam jonin toʻshasin,
Farzandingiz menga oʻhshasin,
Meni yomon koʻrgan odamlar !!!
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!