✍️ Sherlar

Kimgadir borligim...

4.2K marta oʻqildi
Kimgadir borligim...
Kimgadir borligim oʻzi bir dunyo,
Surʼatim avaylab yurakka ildi.
Kimgadir aksincha, keldimmi malol,
Ertadan kechgacha gʻiybatim qildi.

Yana kim sogʻindi, har on intizor,
Har kecha tushlarin mehmoni oʻzim.
Allakim haydadi, kechdilar shunday,
Shunchaki unutdi, yoshlatib koʻzim.

Har kuni yoʻqladi yiroqdan kimdir,
Yonimda yashadi kimdir behabar.
Kimgadir yoqmadim, kimgadir yoqdim,
Kim shirin bol tutdi, kim tutdi zahar.

Kim shodlik ulashdi gʻamlar haqqiga.
Borimni ol deya kamlar haqqiga.
Allakim yashadi hayotdan sarxush,
Men chekkan azoblar, namlar xaqqiga.

Kim baxtim tiladi tong otmay turib,
Koʻnglimni bogʻiga gul ekib ketdi.
Yoʻlimga tuzoqlar qoʻyib kim birov,
Koʻrgan har kunimga pushaymon etdi.

Bir kuni dunyodan ketaman kechib,
Yogʻoch ot ustida oq toʻnim kiyib.
Shunda ham kimlardir azasi yolgʻon,
Kimlardir yigʻlaydi chin dildan kuyib.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!