🕌 Islom

Ahli jannat sayyidlari

2 daqiqa 3.6K marta oʻqildi
Ahli jannat sayyidlari
Rasululloh sirlari
Hafsa binti Umar hazrati Umarning (r.a.) qizlari edi. U Rasuli akramning (s.a.v.) sahobalaridan Xaniys ibn Xuzoma as-Sahmiyning xotini edi. U Madinada vafot topdi va Hafsa tul qoldi. Shunda Umar ibn Xattob (r.a.) qizini xayriyat ahllaridan birortasiga xotin qilib berishni oʻylab qoldi. U birodari Usmon ibn Affon (r.a.) huzuriga borib, tul qolgan qizini xotinlikka olishini taklif qildi.

Negadir hazrati Usmon bu taklifga uncha roʻyxushlik bermadi. «Biroz oʻylab koʻrayin», degan mavhumroq javobni qildi. Hazrati Umar (r.a.) bir necha kun kutib togʻati tugadi. Shunda hazrati Usmonning (r.a.) oʻzi kelib uchradi va: «Shu kunlarda uylana olmayman, shekilli, buning ilojini topolmadim», dedi.

Hazrati Umar (r.a.) uning gapidan hafsalasi pir boʻlib, boshqa birodari Abu Bakr Siddiqning (r.a.) huzuriga joʻnadi. Hazrati Usmonga aytilgan taklif unga ham yetkazildi: «Agar istasangiz, qizim Hafsani sizga nikohlab qoʻyaman». Hazrati Abu Bakr Siddiq lom-mim ham demadi, indamay burilib ketaverdi.

Umar ibn Xattob (r.a.) bir necha kun u kishidan javob boʻlishini kutib yurdi. Ammo birodarlari hamon sukutda edi. Tabiatan qiziqqon Umarning (r.a.) bundan jahli chiqdi, kuyundi: «Qizimni tortiq qilib tursam-u bu odam yo «ha», yo «yoʻq» demasa. Hatto Usmon kabi bir tayinli javob qilmasa!»

Oradan bir kun oʻtdi. Ana shu muhlat ichida Sarvari olam Muhammad (s.a.v.) Hafsani soʻrattirib qoldilar. Hazrati Umar (r.a.) juda sevinib ketdi: «Allohning rasuli qizini soʻrattirsa, sen u zotga qaynota maqomiga erishsang, inson uchun bundan ortiq sharaf va baxt bormi?» Ularning nikohini hazrati Umarning (r.a.) oʻzlari oʻqidi.

Ana shunday masʼud kunlarning birida hazrati Umar (r.a.) doʻstlari Abu Bakr Siddiqni (r.a.) uchratib qoldilar. Abu Bakr Siddiq birodariga shunday dedilar:

– Oʻshanda qizing Hafsani menga xotinlikka taklif etganingda, nega lom-mim demay ketganim sababini bilganmisan? Nazarimda, mening bu qiligʻimdan ogʻrinib, xafa boʻlgansan ham. Aslida, bu taklifingga koʻnmaganimning sababi bor. Bir kuni janob Rasulullohning oʻz suhbatlarida Hafsa haqida gapirib oʻtganlaridan xabardor boʻldim. Sarvari olamning bu niyatlari meni taklifingga koʻnishimga monelik qildi.

– Nega bu gaplarni oʻshanda menga ochiq ayta qolmading? – deb soʻradilar hazrati Umar (r.a.).
– Chunki men u zotning sirlarini oshkor qila olmasdim-da! Bordi-yu janob Rasululloh qizingni olmaganlarida, men olgan boʻlardim, - dedi hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.) birodariga mehr koʻzi bilan boqib.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!