🕌 Islom

Toʻrt narsadan gʻaflatda qolmang!

1 daqiqa 3K marta oʻqildi
Toʻrt narsadan gʻaflatda qolmang!
Shayx Muhammad Mutavalliy Shaʼroviy rohimahulloh aytadi: «Toʻrt narsadan gʻaflatda qolgan toʻrt kishiga hayronman: Birinchisi gʻam-gʻussaga botgan odam. U qanday qilib Yunus alayhissalomning Qurʼonda kelgan, «Laa ilaaha illaa anta, subhaanaka, innii kuntu minaz-zolimiyn» (Sendan oʻzga iloh yoʻq, Seni poklab yod etaman! Men oʻzimga zulm qilib qoʻydim) degan duosidan gʻaflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va gʻam-gʻussadan najot berdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 87, 88-oyatlar)

Ikkinchisi katta zarar yetgan odam. U qanday qilib Ayyub alayhissalomning Qurʼonda kelgan, «Innii, massaniyad-durru, va anta arhamur-rohimiyn» (Menga ogʻir zarar yetdi. Ammo Sen rahm qiluvchilarning eng rahmlisisan) degan duosidan gʻaflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Biz uning duosini ijobat qildik va unga yetgan zararni ketkazdik» demoqda-ku! (Anbiyo surasi, 83, 84-oyatlar)

Uchinchisi dahshatga tushgan odam. U qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlarning «Hasbunalloh va niʼmal-vakil!» (Bizga Allohning Oʻzi kifoya, U Zot qanday yaxshi vakil!) degan gʻaflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Ular Allohning neʼmati va fazli ila qaytdilar, ularga aslo zarar yetmadi» demoqda-ku! (Oli Imron surasi, 173, 174-oyatlar)

Toʻrtinchisi odamlarning makriga aldangan kishi. U qanday qilib Muso alayhissalomning Qurʼondagi «Va ufavvidu amrii ilalloh. Innalloha basiyrun bilʼibaad» (Ishimni Allohga topshirdim. Albatta, Alloh bandalarni koʻrib turuvchidir) degan soʻzidan gʻaflatda qoladi? Axir U Zot bu oyatning ketidan «Alloh uni ularning yomon makridan saqladi» demoqda-ku? (Gʻofir surasi, 44, 45-oyatlar).
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!