🕌 Islom

Qiyomat kuni xursand boʻlay desangiz...

2 daqiqa 3.4K marta oʻqildi
Qiyomat kuni xursand boʻlay desangiz...
Oxiratda har bir bandaning nomai aʼmoli oʻziga koʻrsatiladi. Bu haqida Alloh taolo shunday degan: “Biz har bir insonning amalini boʻyniga ilib qoʻyganmiz. Qiyomat kuni unga ochiq holda roʻbaro‘ boʻladigan bir kitobni (yaʼni, nomai aʼmolini) chiqarib (koʻrsatamiz. Oʻshanda unga deyiladi:) “Kitobingni oʻqi, (qancha savobing, qancha gunohing borligini hisob qil!) Bugun oʻz nafsing oʻzingga qarshi yetarli hisob-kitob qiluvchidir”. (Isro surasi, 13-14-oyatlar).

Oxiratda nomai aʼmoli oʻng tarafdan berilgan inson xursand boʻlib: “Mana mening kitobimni oʻqinglar..!” deydi. Nomai aʼmoli chap tarafdan berilgan kishi esa: “Eh, qani endi menga kitobim berilmasaydi! Hisob-kitob neligin bilmasaydim!” deb oh chekib qoladi.

Hadislarda aytilishicha, tirikliligida koʻp istigʻfor aytgan inson qiyomat kuni nomai aʼmolini koʻrib qalbi quvonchga toʻladi.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنَ بُسْرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: طُوبَى لِمَنْ وَجَدَ فِي صَحِيفَتِهِ اسْتِغْفَارًا كَثِيرًا. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Nomai aʼmolida koʻp istigʻforni koʻrgan bandaga qanday yaxshi!” (Ibn Moja, Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).

Inson ogʻzidan chiqadigan har bir soʻz amallar sahifasiga yozib boriladi. Qiyomat kuni kishining nomai aʼmoli oʻziga koʻrsatiladi, “Mana kitobingni oʻqi”, deyiladi. Osiy bandalar qilday gunohi ham qolmay bitib qoʻyilganini koʻrib dahshatga tushadi. Koʻp istigʻfor aytgan moʻmin banda esa sahifasini koʻrib xursand boʻladi. Chunki u dunyoda koʻp yaxshi amallar qilgan, istigʻfor aytgan, tilini behuda soʻzlardan tiygan edi.

عَنْ الزُّبَيْرِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ أَحَبَّ أَنْ تَسُرَّهُ صَحِيفَتُهُ فَلْيُكْثِرْ فِيهَا مِنْ الإِسْتِغْفَارِ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kimda-kim nomai aʼmolini koʻrganda xursand boʻlay desa, unda istigʻforni koʻpaytirsin!” (Bayhaqiy, Tabaroniy rivoyat qilgan. Hadis sanadi hasan).

Abu Minholdan rivoyat qilinadi: “Qabrda banda uchun koʻp istigʻfordan koʻra yaxshiroq qoʻshni (yaʼni, hamroh) boʻlmaydi”.

Bakr ibn Abdulloh Muzaniy shunday degan: “Sizlar koʻp gunoh qilyapsizlar. Endi istigʻforni ham koʻpaytiring! Chunki, banda qiyomat kuni nomai aʼmolining har ikki qatorida istigʻforni koʻrsa, boshi osmonga yetadi”.

📚«Istigʻforning 40 xosiyati» kitobidan
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!