📿 Sahobalar

Bu ummatning eng ishonchli kishisi

2 daqiqa 2.8K marta oʻqildi
Bu ummatning eng ishonchli kishisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Sahobalar uchun eng muhim maqsad Allohning diniga xizmat qilish, Uning rizosiga erishish edi!

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni qoʻmondonlikdan boʻshatib, oʻrnilariga Abu Ubayda roziyallohu anhuni qoʻmondon etib tayinlaydilar.

Abu Ubayda roziyallohu anhu bu tayinlovni barchadan, jumladan, Xolid roziyallohu anhudan ham berkitadilar. Chunki, u kishi Xolid roziyallohu anhuni jang sanʼatining mohir bilimdoni, qoʻmondonlikka iqtidori bor kishi deb bilardilar. Natijada Xolid ibn Valid roziyallohu anhu qoʻmondonlikni davom ettiradilar.

Bu orada voqeadan xabar topgan moʻminlar amiri Abu Ubayda roziyallohu anhuga ikkinchi marta maktub yuboradilar. Shundan soʻng Abu Ubayda roziyallohu anhu Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu bilan maslahat qiladilar.

Bu masala Xolid ibn Valid roziyallohu anhuga yetib borganda, u kishi Abu Ubayda roziyallohu anhuning oldilariga kirib, «Alloh sizni magʻfirat qilsin, ey Abu Ubayda. Sizning qoʻmondon boʻlishingiz haqidagi moʻminlar amirining maktubi sizga kelgan ekan, menga bildirmabsiz. Qoʻmondonlik sizning haqqingiz boʻla turib, ortimda namoz oʻqidingiz» dedilar.

(Jangda yetakchilik qiluvchi odam Namozda ham imomlik qilardi. Avvalo imomlikka amir, u boʻlmasa voliy haqli edi. Xolid roziyallohu anhuni bezovta qilgan narsa shu edi. Ammo u kishi «Umar roziyallohu anhu meni nega qoʻmondonlikdan boʻshatdilar?» deb soʻramadilar, xalifaning fikriga eʼtiroz bildirmadilar. Chunki ular uchun qoʻmondon yoki askar boʻlish muhim emasdi. Muhimi Allohning diniga xizmat qilish, Uning rizosiga erishish edi.)

Abu Ubayda roziyallohu anhu shunday dedilar: «Alloh sizni ham magʻfirat qilsin. Allohga qasamki, bu haqida to boshqa odamdan eshitmaguningizcha, oʻzim aytmoqchi emasdim. Hammasi tugagunicha sizni urushdan chalgʻitgim, fikringizni boʻlgim kelmadi. Sizga shuni bildirmoqchimanki, men dunyo sultonligini istamayman va dunyo uchun ham amal qilmayman. Siz koʻrib turgan bu borliq, mansab zavolga, tugashga uchraydi. Biz esa birodarlarmiz, Allohning amrini amalga oshiruvchilarmiz. Kishiga dinida (namozida) birodarining yetakchi (imom) boʻlishining zarari yoʻq...»

Keyin Xolid ibn Valid roziyallohu anhu qoʻshin oldiga kelib, «Sizlarga bu ummatning eng ishonchli kishisi qoʻmondon etib tayinlandi» dedilar.

Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Bu ummatning eng ishonchli kishisi Abu Ubayda ibn Jarroh» deganlar.

Alloh taolo barcha sodiq sahobalardan rozi boʻlsin!

Internet maʼlumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sahobalar

Afzal sahobalarning tartibi

22-dekabr, 20211.8K
Sahobalar

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (2)

22-dekabr, 20211.9K