📿 Sahobalar

Biz hammani birdan yoqasidan tutmasligimiz lozim

2 daqiqa 1.6K marta oʻqildi
Biz hammani birdan yoqasidan tutmasligimiz lozim
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Abu Salama roziyallohu anhu Madinaga hijrat qilishga ahd qildi. Xotini Ummu Salama bilan oʻgʻli Salamani bitta tuyaga, oʻzi bitta tuyaga minib yoʻlga chiqdi. Makkadan endi chiqqan paytida Ummu Salamaning qavmi Bani Maxzumdan kishilar kelib: «Oʻzing ketaver, ammo xotiningni ketgani qoʻymaymiz», deb xotini bilan bolasini olib ketishdi. Abu Salama roziyallohu anhu noiloj oʻzi Madinaga ketdi. Ustiga-ustak Abu Salamaning qavmi xotinining urugʻi boʻlmish Bani Maxzum qabilasiga kelib: «Salama bizning farzandimiz», deb Ummu Salamadan bolani tortib olib oʻzlari bilan olib ketishdi. Onaizor ham eridan, ham bolasidan ajralib boʻzlab qoldi. Bir yil ana shunday holda oʻtdi.

Ummu Salama roziyallohu anho har kuni Makka atrofiga chiqib eri va oʻgʻlidan ajralganiga chiday olmasdan yigʻlab oʻtirar edi.

Bir kuni Makkaning chekkarogʻiga borib yigʻlab oʻtirganida qarindoshlaridan biri koʻrib qolib unga rahmi keldi. Qavmi huzuriga borib shunday dedi:

- Sizga nima boʻlgan. Bu bechora ayolni eri va oʻgʻlidan ajratdingiz?!

Qavmi rahmi kelib Ummu Salamaga ketishi mumkinligini aytdi. Xotin Abu Salamaning qavmidan borib oʻgʻlini oldi va Madina tomon yoʻlga chiqdi. Makkadan tashqaridagi Tanʼim degan joyga yetib borganida unga Usmon ibn Talha uchrab qoldi. U hali islomga kirmagan edi. Usmon Ummu Salamadan soʻradi:

- Qayerga ketayapsan?

- Madinaga, erimning oldiga.

-Sen bilan biror kishi bormi?

- Yoʻq. Alloh va mana bu bolamdan boshqa hech kim yoʻq!

- Seni shunday tashlab ketmayman. Madinaga yetkazib qoʻyaman!

Usmon Ummu Salamaning tuyasini jilovidan tutib Madina sari yoʻl oldi. Ummu Salama roziyallohu anho dam olmoqchi boʻlsa tuyani choʻktirar, soʻng tushib olishi uchun oʻzi ulardan uzoqroqqa borib turar edi. Yoʻlga chiqmoqchi boʻlishsa yana tuyani choʻktirar, oʻzi uzoqroqqa borib turar, Ummu Salama tuyaga minib olganidan soʻng kelib tuyaning jilovidan ushlab yoʻlga tushar edi. Ana shu holatda Usmon ibn Talha ularni Madina atroflarigacha olib keldi. Ularga Madinani koʻrsatib dedi:

- Ering mana shu qishloqda. Allohning barakasi bilan boringlar uning oldiga!

Soʻngra oʻzi Makkaga qaytdi.

Biz hammani birdan yoqasidan tutmasligimiz lozim. «La ilaha illalloh» degan barcha musulmon bir xil boʻlmaganidek, mushriklar ham bir xil emas edi. Ummu Salama roziyallohu anhoni hijratdan qaytarganlar mushriklar edi. U kishiga rahmi kelib qavmidan uni oʻz holiga qoʻyishini soʻragan ham mushrik. U kishini Madinaga yetkazib qoʻygan ham mushrik. Ular shirkda bir xil boʻlishsada axloqda farqli edilar.

Mamlakatingizni tortib oladiganlar kofirlar ham bor, sizga aziyat bermaydiganlar kofirlar ham bor. Bularning orasini farqlab olishingiz lozim. Shunga koʻra muomala qilishingiz kerak. Hamma insonlarni dushman tutish ahmoqlik, tadbirsizlik va voqelikni oʻqiy olmaslikdir.

Musulmonlar yerini bosib olgan mustamlakachi qonxoʻr davlat boshqa, musulmonlar bilan tinchlik sulhi tuzib omonlikda yashaydigan davlat boshqa. Barchasini tarozuning bir pallasiga qoʻyish notoʻgʻri!

Abdulqodir Polvonov
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!

Sahobalar

Afzal sahobalarning tartibi

22-dekabr, 20211.8K
Sahobalar

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (2)

22-dekabr, 20211.9K
Sahobalar

Hudayr

22-dekabr, 20211.9K