Seni yana sogʻindim kechir!
"Qaytmayman" deb, vaʼdalar berib,
Qalbimdagi oʻtli muz erib,
Seni yana sogʻindim kechir!
Yurakdagi toshlarim bilan,
Koʻnglimdagi gʻashlarim bilan,
Qarogʻimda yoshlarim bilan,
Seni yana sogʻindim kechir!
Yer chizaman, senga qarolmay,
Sensizlikka bardosh berolmay,
Tuygʻularga qarshi yurolmay,
Seni yana sogʻindim kechir!
Qalbim uzra uya qurgan gʻam,
Yuzda kulgu, yurakda alam,
Sen oʻzganing yori boʻlsang ham,
Seni yana sogʻindim kechir!
Ishq bahridan oʻtgan men edim,
Qancha ilhaq kutgan men edim,
Chidolmasdan ketgan men edim,
Seni yana sogʻindim kechir!
Oʻz ustimdan oʻzim ming kulib,
Hislarimning soʻziga kirib,
Yer yuzida qancha qalb turib,
Seni yana sogʻindim kechir!
Soʻrab Haqdan, ishqdan pahonim,
Koʻkni tutib zalvorli ohim,
Oʻzim kechirmagan gunohim,
Seni yana sogʻindim kechir!
Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!