✍️ Sherlar

Yordamga kel, aziz qurʼonim

1 daqiqa 3K marta oʻqildi
Yordamga kel, aziz qurʼonim
Esga olsam bobokalonim,
Qizaradi yuzim-tobonim,
Gunohlarga toʻldi har onim,
Sustligidan dinu imonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Eʼtiqodim dinimni sotdim,
Urf-odatim, tilni yoʻqotdim,
Yetmish yillar gʻaflatda yotdim,
Qiynaladi mening vijdonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Elimda bor koʻngli gʻarazlar,
Oʻgʻli otasidan arazlar,
Koʻpaydi koʻp oʻgʻri, marazlar,
Kazzoblarga toʻldi makonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Yoshlarning hech salomlari yoʻq,
Gapda shirin kalomlari yoʻq,
Chunki, dini, islomlari yoʻq,
Senda hikmat ezgu armonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Qondoshlarga oqibat qani,
Elga izzat va hurmat qani,
Doʻstga, yorga sadoqat qani?
Vafosizlik qildi janonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Baʼzilarning ibosi yoʻqdir,
Oʻgʻil-qizlar hayosi yoʻqdir,
Etiqodi, xudosi yoʻqdir,
Shariatim, toptaldi shaʼnim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Goʻdaklarni tashlab ketsalar,
Onalikni inkor etsalar,
Qoʻli qotillikka yetsalar,
Alamimdan ezildi jonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Oppoq nonni axlatga otdik,
Ochlik azoblarini totdik,
Daraxt kesib gunohga botdik,
Baraka yoʻq, quruq xirmonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Koʻp ilmni bilolmay qoldim,
Nursiz, zulmat ichra yoʻqoldim,
Men omiyman, kam saboq oldim,
Qashshoq mening tilu zabonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Har kaloming hayratga solur,
Oʻqiganning gardi yoʻqolur,
Oyatlaring dardimni olur,
Tabobatim, dori - darmonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Varaqlaring koʻzga surtayin,
Har kaloming eʼzoz etayin,
Gʻanimlaring yiqib turtayin,
Bunga yetmas mening imkonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.

Xazinamsan umri barqaror,
Bunga koʻplar boʻldilar iqror,
Uzim Sening hukminga tayyor,
Kamolotga eltuvchi shonim,
Yordamga kel, aziz qurʼonim.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!