✍️ Sherlar

Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh

19.5K marta oʻqildi
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh
Dunyo arzimaydi diydoringizga,
“Ummatim” deb chekkan ozoringizga.
Toʻyib termulsaydim ruxsoringizga,
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh.

Sabrimla umidlar sinashgan chogʻi,
Dilga koʻchdi oyning azaliy dogʻi.
Bitganga oʻxshaydi umrim adogʻi,
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh.

Makkaga piyoda yetgim keladi,
Sogʻinchni sahrodek yutgim keladi.
Siz yotgan tomonga ketgim keladi,
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh.

Salavot joylansa dudogʻlarimga,
Baytulloh aylansa qarogʻlarimga.
Siyrat sir soʻzlaydi nigohlarimga,
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh.

Sogʻinch asli darddir judayam ogʻir,
Toʻkilib boradi kundan- kun bagʻir.
Ruhim ayro boʻlar tanimdan axir,
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh.

Xayolga choʻmaman goho indamay,
Xayollar olislar qasd etib atay.
Asri Saodatga bir zumga qaytay,
Sizni sogʻinganda, yo, Rasululloh.

Dunyo arzimaydi diydoringizga...
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!