🕌 Islom

📙Sayyidul istigʻfor

4 daqiqa 12.6K marta oʻqildi
📙Sayyidul istigʻfor
“Sayyidul istigʻfor” birikmasi “istigʻforlar sayyidi” maʼnosini anglatadi. Tiybiy aytishicha, u tavbaning barcha maʼnosini oʻzida jamlagani uchun shunday atalgan.
Keling, avval sayyidul istigʻforni qanday aytishni, uning xosiyatini, maʼnolarini oʻrganamiz.
اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ أَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلاَّ أَنْتَ.
Oʻqilishi: “Allohumma anta robbiy, laa ilaaha illaa anta xolaqtaniy, va ana ’abduk, va ana ’alaa ’ahdika va vaʼdika mastatoʻtu, auuzu bika min sharri maa sonaʼtu, abuu-u laka biniʼmatika ’alay, va abuu-u laka bizanbiy, fagʻfirliy fainnahuu laa yagʻfiruz-zunuuba illaa ant”.
Maʼnosi: “Yo Alloh, Sen Parvardigorimsan. Sendan oʻzga iloh yoʻq. Meni yaratgansan. Men Sening bandangman. Kuchim yetganicha Senga bergan ahdimda, vaʼdamda turaman. Oʻzim qilgan ishlar yomonligidan panoh berishingni soʻrayman. Bergan neʼmatlaringni eʼtirof etaman, gunohlarimni tan olaman. Shunday ekan, meni kechir! Zero, gunohlarni faqat Sen kechirasan!”
عَنْ شَدَّادِ بْنِ أَوْسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَيِّدُ الاسْتِغْفَارِ أَنْ تَقُولَ: اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ أَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلاَّ أَنْتَ. قَالَ: وَمَنْ قَالَهَا مِنْ النَّهَارِ مُوقِنًا بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُمْسِيَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ وَمَنْ قَالَهَا مِنْ اللَّيْلِ وَهُوَ مُوقِنٌ بِهَا فَمَاتَ قَبْلَ أَنْ يُصْبِحَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَصْحَابُ السُّنَنِ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ.
Shaddod ibn Avs roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Sayyidul istigʻfor “Allohumma anta robbiy, laa ilaaha illaa anta xolaqtaniy va ana ’abduk, va ana ’alaa ’ahdika va vaʼdika mastatoʻtu, auzuu bika min sharri maa sonaʼtu, abuu-u laka biniʼmatika ’alayy, va abuu-u laka bizanbiy, fagʻfirliy fainnahuu laa yagʻfiruz-zunuuba illaa ant”, deb aytiladi. Kim (mana shuni) kunduzi aniq ishongan holda aytsa, oʻsha kuni kech kirmasidan avval vafot etib qolsa, jannatiy boʻladi. Kim uni kechasi aniq ishongan holda aytsa, tong otgunicha vafot etib qolsa, jannatiy boʻladi”. (Buxoriy, “Sunan” sohiblari, Ahmad, Hokim rivoyat qilgan).
Sayyidul istigʻfor aytgan banda Allohni butun mavjudotlar Yaratuvchisi, olamlar Parvardigori deb tan oladi, U Zot rahmatidan umid qiladi, sodir etgan gunohlari zararidan panoh tilaydi, barcha neʼmatlar Allohniki ekanini eʼtirof etadi, gunohlariga iqror boʻlib, Allohning marhamatiga erishish istagida boʻladi.
Gunohni eʼtirof etishda gap koʻp. Zero, iblis xatosini tan olmadi, kibr qildi. Oqibatda Allohning laʼnatiga uchradi. Banda ojiz ekanini unutmasa, gunohlariga istigʻfor aytsa, Mehribon Alloh uni kechiradi. Zero, Allohning marhamati ulug‘.
“Sayyidul istigʻfor...”
Tiybiy shunday degan: “Bu duo tavbaning barcha maʼnolarini jamlagani uchun “sayyidul istigʻfor” deyiladi. Sayyid aslida hojatlar arz qilinadigan, ishlar havola etiladigan xoʻjayindir”.
“Allohumma anta robbiy – yo Alloh, Sen Parvardigorimsan”.
Yaʼni, ey Alloh, Sen mening Parvardigorimsan. Senga iymon keltiraman.
“Laa ilaaha illaa anta xolaqtaniy va ana ’abduk – Sendan oʻzga iloh yoʻq. Sen meni yaratgansan. Men Sening bandangman”.
Sendan oʻzga iloh yoʻq. Sen meni yoʻqdan bor qilgansan. Sen yagonasan, Yolgʻizsan. Men faqat Sengagina ibodat qilaman, faqat Seni “Robbim”, deyman.
“Va ana ’alaa ’ahdika va vaʼdika mastatoʻtu – kuchim yetganicha Senga bergan ahdimda, vaʼdamda turaman”.
Toqatim yetganicha Senga ixlos bilan ibodat qilishga, iymonda sodiq qolishga, Sen buyurgan ishlarni bajarishga, qaytarganlaringdan tiyilishga harakat qilaman.
Bu yerda hech bir banda Allohga mukammal suratda bandalik qilolmasligi, oʻziga berilgan neʼmatlar shukrini toʻliq ado eta olmasligi taʼkidlanmoqda.
“Auuzu bika min sharri maa sonaʼtu, abuu-u laka biniʼmatika ’alayy, va abuu-u laka bizanbiy, fagʻfirliy fainnahuu laa yagʻfiruz-zunuuba illa ant – oʻzim qilgan ishlar yomonligidan panoh berishingni soʻrayman, menga bergan neʼmatlaringni eʼtirof etaman, gunohlarimni tan olaman. Shunday ekan, meni kechir! Zero, gunohlarni faqat Sen kechirasan”.
Men gunohlarim yomonligidan panoh berishingni soʻrayman. Menga hisobsiz neʼmatlar bergansan. Buni eʼtirof etaman. Shuningdek, nuqson-kamchiliklarimni ham tan olaman. Men ojiz bandangman, xatolarim koʻp. Shunday ekan gunohlarimni magʻfirat qil. Zero, gunohlarni faqat Sen kechira olasan.
Alloh bandasiga Mehribon. Kimda-kim gunoh sodir etgach, aybiga iqror boʻlsa, Allohga qalbdan yuzlansa, U Zot oʻsha kishi gunohini kechiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sayyidul istigʻfor aytishni oʻrgatgach, uning fazilati haqida shunday deganlar:
“Kim (mana shuni) kunduzi aniq ishongan holda aytsa, oʻsha kuni kech kirmasidan avval vafot etib qolsa, jannatiy boʻladi. Kim uni kechasi aniq ishongan holda aytsa, tong otgunicha vafot etib qolsa, jannatiy boʻladi”.
“Hoshiyatus-sindiy” kitobida: “Yaʼni, birinchilardan boʻlib kiradi. Zero, har bir moʻmin iymoni tufayli jannatga kiradi. Bu – Alloh taoloning fazli”, deyilgan.
“Hoshiyatus-suyutiy” kitobida esa: “Bu istigʻforni aytmagan moʻmin ham jannatga kiradi. Ammo kim uni aytsa, birinchilardan boʻlib, jahannamni koʻrmay turib jannatga kiradi”, deyilgan.
Demak, sayyidul istigʻforni tongda va kech kirganda aytishni odat qilgan yaxshi. Bu bilan banda gunohlardan forig‘ boʻladi, qalbi poklanadi, Allohga yaqinlashadi, jannatga birinchilardan boʻlib kirishi uchun zamin tayyorlaydi.

«Istigʻforning 40 xosiyati» kitobidan
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!