🕌 Islom

Namozni oʻtirib oʻqish hukmi haqida

6 daqiqa 8.1K marta oʻqildi
Namozni oʻtirib oʻqish hukmi haqida
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmatlari tufayli, Alloh taolo bizga U zotni dinda yengillik va bagʻri kengliklarga yoʻl ochish uchun yubordi. U zot oʻz ummatlariga farz amallarni ado etishni, xususan, bemor, uzri bor insonlarga gʻamxoʻrlik qilib, ularga namoz oʻqishni oson qilib berdilar. U Zot namozning baʼzi ruknlarini tark qilib emas, balki uning ruknlarini yengillashtirib bajarishga izn berdilar. Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi».
(Baqara surasi, 185-oyat).

Bugungi kunga kelib masjidlarda, shu bilan birga, xonadonlarda baʼzi bir uzrli sabablarga koʻra stulga oʻtirib namoz oʻqiydigan otaxon va onaxonlarimiz soni koʻpayib bormoqda. Dinimiz taʼlimotiga koʻra, shunday holatda ham ushbu sohibi uzrlar toqatidan tashqari narsaga taklif qilinmaydi. Zero, Alloh taolo aytadi: «Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas».
(Baqara surasi, 286-oyat).

Quyida uzri sababli stulga oʻtirib namoz oʻqiydigan otaxon va onaxon, aka-ukalarimizga bunday namoz oʻqishning ahkomlari haqida batafsil maʼlumot bermoqchimiz. Avval ushbu mavzuga oid hadisi sharif bilan tanishib oʻtsak.

Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Mening bavosir(kasal)im bor edi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan namoz (qanday oʻqilishi) haqida soʻradim. U zot: «Tik turib oʻqi. Agar qodir boʻlmasang, oʻtirib oʻqi. Agar qodir boʻlmasang, yonboshlab oʻqi», dedilar».
(Buxoriy rivoyati).

(Mazkur hadisda zikr qilingan “Bavosir” – gemmoroy kasalligi boʻlib, oʻtirib ishlaydigan insonlarda koʻp uchraydi.)

Sharh: Bu yerda faqat farz namozlari haqida soʻz borayotganini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Ammo, sunnat va nafl namozlarni uzri bor odam bemalol oʻtirib oʻqiyveradi.

Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻlimlaridan oldin aksar sunnat namozlarini oʻtirib oʻqiganliklari haqida sahih rivoyatlar kelgan. Biroq turib oʻqishga qodir boʻlgan inson, sunnat va nafllarni ham turib oʻqigani afzal. Namozxonning turib oʻqishga qodir boʻla turib, stulga yoki yerga oʻtirib namoz oʻqishligi joiz boʻlmaydi. Imron ibn Husayn roziyallohu anhu bavosir kasali bor odam namozini qanday holatda oʻqishi haqida soʻragan boʻlsalar ham, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga umumiy javob berdilar. Buning ichiga ogʻir kasalliklari, jumladan qon bosimi baland yoki belida churrasi (grijasi) bor kasallar ham kiradi. Yuqoridagi hadisda berilgan savoldan bemorligi tufayli odam tik tura olmasa, namoz oʻqishi qanday boʻladi, chunki namozda tik turish farz-ku, degan maʼno anglashiladi. Javobdan esa, namozda tik turishga qodir boʻlgan kishi uchun farz, degan maʼno anglanadi. Namozdagi oltita rukn, yaʼni takbiri tahrima aytmoq, qiyom – tik turish, qiroat, ruku’, sajda va tashahhuddagi qaʼda oʻtirishlarning birontasini uzrsiz ravishda bajarmaslik namoz oʻquvchidan soqit qilinmaydi. Agar inson bu ruknlarning baʼzilarini bajrishga ojizlik qilsa ham, qolgan ruknlarini bajarishi unga vojib boʻladi. Masalan namozda qiyom – tik turishni olsak. Agar inson bir ozgina tik turishga qodir boʻlsa, namozni tik turgan holda boshlab, ruku’ paytigacha toqat qila olmasa, xohlagan paytida oʻtirib olib, namozni davom ettirishi mumkin.

Namozni tik turgan holda oʻqishga ojizlik qilgan kishi ruku’ qilishga qodir boʻlsa, unga ruku’ qilishligi vojib boʻladi. “Ojizlik” deganda, tik tursa oʻziga biror noqulaylik yetadigan yoki kasali zoʻrayib, yoxud tursa boshi aylanib ketadigan bemorlar tushuniladi. Ammo tik turishida hiyolgina mashaqqat hosil boʻladigan boʻlsa, bu uzr hisoblanmaydi. Shu kabi jamoat namoziga bemalol yurib kelgan odam, qanday qilib tik turib namoz oʻqishga bahona topishi mumkin?! Bunda insonning ibodatga dangasalik qilganligi zohir boʻladi. Toʻgʻri, agar ruknlarni bajarishda uzri boʻlsa, sunnat namozlardan tashqari farz namozini ham oʻtirib oʻqishi mumkin. Ammo bu faqat ruxsat xolos, taqvo yuzasidan, uzri bor odamlar ham birozgina qodir boʻlsa, oʻsha ruknlarni qodir boʻlganicha bajargani afzal. Shu kabi, tik turib oʻqishga qodir odam, agar bel ogʻrigʻi tufayli ruku’ qila olmasa, imkon qadar bir oz egilib rukuni bajaradi. Demak, ushbu ikki koʻrinishdagi uzri bor odamlarga oʻtirib oʻqishlik joiz boʻlmaydi. Chunki bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Tik turib oʻqi. Agar qodir boʻlmasang, oʻtirib oʻqi...» – degan soʻzlari dalil boʻla oladi. Endi, bir odam uzri sabab umuman ruku’ qilishga qodir boʻlmasa, unda stulga oʻtirib, ikki qoʻli bilan tizzasini xuddi oddiy hollarda ruku’ qilgandek mahkam ushlab bir oz egiladi. Soʻng rukudan «samiallohu liman hamidah», – deb tik turib, «robbana va lakal hamd»ni aytadi. Chunki qiyom – tik turish namozning ikkinchi ruknidir. Sajda qilishga qodir odam esa, albatta sajda qilishligi vojib boʻladi. Chunki Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yetti aʼzo ila sajda qilishga amr qilindim: «Peshona ila, deb qoʻllari bilan burunlariga (ham) ishora qildilar, ikki qoʻl, ikki tizza va ikki oyoqning uchlari ila va kiyim va sochni yigʻishtirmasligimizga», – dedilar».
(Buxoriy va Muslim rivoyati).

Agar sajda qilishga qodir boʻlmasa, unda, ruku’ qilishdan farqli oʻlaroq, yana stulga oʻtirib bir oz pastroq egilib sajda qiladi. Ammo ulamolar sajda qilinayotgan paytda zinhor oldiga kursicha qoʻyib olish yoki biror-bir koʻtarilib turgan narsaning ustiga sajda qilishdan qaytarishadi. Chunki agar oldidagi narsaga qoʻlini qoʻyib, sajda qilinsa, oʻsha narsa (kursicha yoki stul) sajdani pastroq qilishga monelik qiladi, buning oqibatida esa ruku’ bilan sajdaning farqi ajralmay qoladi. Ayni shu holatda (ikki qoʻlni havoda muallaq koʻtarib yoki) ikki qoʻli bilan tizzasini xuddi oddiy hollarda ruku’ qilgandek mahkam ushlab, bir oz pastroq egilib sajda qilinadi. Bu yoʻl keng tarqalgandir.

Ulamolar tik turish, ruku’ va sajda qilishga umuman qodir boʻlmagan kishi namozni oʻtirgan yoki yostiqqa suyangan holida imo-ishora bilan oʻqiydi, faqat, rukudan koʻra sajda ishoratida boshini pastroq egadi, deyishgan.

Endi jamoat namozida stulga yoki yerga oʻtirib namoz oʻquvchining safda qanday turish holati haqida soʻz yuritamiz. Stulga oʻtirib namoz oʻqiydigan odam uchun stulning orqa oyoqlari safda turganlarning oyoqlari tovoni bilan bir tekisda turadi. Agar ushbu uzrli namozhonlar niyatlarida: “Safdagilardan oldinda tursam, oldinga chiqib ketar ekanman, yaxshisi, stulni orqaga surib, ular bilan bir safda turaman,” – desalar, unda orqa safdagi odamga sajda qilayotgan paytda noqulaylik paydo boʻlib, unga mashaqqat yetadi. Endi yerda oʻtirib namoz oʻqiydigan odam xohlasa – chordona qilib, xohlasa ikki oyogʻining ustiga yoki oyoqlarini toʻgʻriga uzatib, tik turganlar bilan yelkasini bir safga toʻgʻirlab oʻtirib oʻqishi joiz boʻlaveradi.

Homilador ayollar ham sunnat va nafllardan tashqari faqat farz namozlarni tik turib oʻqiydilar. Ammo bunga qodir boʻlmasalar, shariatda ularga faqat ikki holatda oʻtirib namoz oʻqishga ruxsat berilgan: yo tabib (shifokor) koʻrsatmasiga koʻra, yoki tik turish mashaqqat tugʻdirganda. Zero, ana shunday hollarda ular uzrli hisoblanadilar.

Ammo bu ular uchun qiyin boʻlmasa yoki tabib (shifokor) maxsus taqiqlovchi koʻrsatma bermagan boʻlsa, barcha namozlarini odatdagidek oʻqiganlari afzal.

Tayyorada (samolyotda) ketayotgan odam manziliga yetib olgunicha namoz vaqti oʻtib ketmasligini aniq bilsa, yoʻlda farz namozlarni oʻqimaydi. Chunki yetib borgan manzilida namoz ruknlarini toʻliq bajargani afzal. Ammo, namoz vaqti oʻtib ketishini aniq bilsa yoki bunga shubhalansa, vaqti kelgan namozni oʻtirib va iloji boʻlsa, qiblaga yuzlanib, oʻqib oladi. Qiblaga yuzlanishning yoki qiblani aniqlashning iloji boʻlmasa, dilida old tarafni qibla deb hisoblab, namozni ado qilaveradi. Vallohu aʼlam. Yana Alloh bilguvchidir.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!