Tuni bilan yoqqan yomgʻirlar
Yuvib oʻtdi tonglar yuzini.
Men izladim
oʻzim uchun sir
Boʻlgan baxtning yorug‘ izini...
Keldimi deb sendan xabarlar,
Eshiklarni necha bor ochdim.
Daydi shamol bebosh boladay
Derazamni sindirib qochdi!
Tuni bilan qiynaldi yurak
Yeta olmay nur yoʻllariga.
Isming qoʻndi kapalak kabi
Goh tushimga,
goh qoʻllarimga...
Sen kelmading,
biroq bu gal ham...
Men kunning qon yuziga boqib -
Gʻijimlanib otilgan xatday
Yuragimni yubordim yoqib!..
...Tuni bilan yomgʻirlar yogʻdi...
Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!