🕌 Islom

Juma kunining sirlari

2 daqiqa 7.3K marta oʻqildi
Juma kunining sirlari
Juma kunining boshqa kunlardan afzallik jihatlari juda koʻp. Ulardan biri shuki, juma kuni aynan juma namozi uchun gʻusl qilib, namozga ertaroq kelgan, namoz va masjid odoblariga rioya qilib namoz oʻqigan bandaning har bir qadamiga bir yillik namoz va roʻzaning savobi beriladi.

Juma kunining hurmati bu kun kirmasdan oldin, istilohda juma oqshomi deyiladigan paytdan boshlanadi. Jumaga oʻsha paytdan boshlab tayyorgarlik koʻriladi.

Juma kunining bomdod namozini imkon qadar masjidda, jamoat bilan oʻqishning mandubligi haqida koʻp gapirilgan. Hazrati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: «Juma kunida aytilgan salavot menga koʻrsatiladi», deganlar. Juma kunida duolar ijobat boʻladigan bir payt bor. Bandaning duosi oʻsha paytga muvofiq kelib qolsa, uning ijobat boʻlishiga shubha yoʻqdir.
Hadisi shariflarda juma namozi uchun ertaroq kelishning oʻzi alohida taʼriflangan. Bu namozga qaysi payt kelgan odamga qanchalik savob yozilishi haqida batafsil aytilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Paygʻambar alayhissalom shunday dedilar: «Kimki juma kuni gʻusl qilib, masjidga juma namozining avvalgi soatida kelsa, uning savobi bir tuyani qurbonlik qilgandek boʻladi. Undan keyingi soatda kelgan odam bir molni qurbonlik qilgandek boʻladi. Uchinchi soatda kelgan odam shoxdor qoʻchqor qurbonlik qilgandek boʻladi. Toʻrtinchi soatda kelganlar bir tovuqni qurbonlik qilgandek boʻladi. Beshinchi soatda, oxirida kelgan odam bitta tuxumni qurbonlik qilgandek boʻladi».
Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasaiy, Termiziylar rivoyat qilishgan.
Juma kuni imom minbarga xutba uchun chiqqanda farishtalar hozir boʻlib, uni tinglaydilar. Demak, jumaga faqat musulmon bandalar kelmas ekan, balki xutbani eshitish uchun farishtalar ham hozir boʻlishar ekan. Farishtalar hozir boʻlgan jamoat naqadar goʻzal, naqadar muhtaram jamoat boʻladi! Shuning uchun bunday jamoatning oʻziga yarasha odoblariga rioya qilishimiz lozim. Shuning uchun jumaga, jamoatga keladigan odam gʻusl qilib kelishi kerak. Bu gʻuslning hikmatlaridan biri nafaqat najosatni, hatto badandagi noxush hidlarni ham ketkazishdir. Zero, juma kuni masjidda odatdagidan kattaroq jamoat toʻplanadi, izdihom boʻladi. Farishtalar esa nihoyatda nozik xilqat boʻlgani uchun ularga ozor bermaslikka harakat qilinadi.

Ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy hafizahulloh
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!