📿 Sahobalar

Nabiy alayhissalom qoʻllari bilan koʻtarib olgan sahoba

4 daqiqa 9.8K marta oʻqildi
Nabiy alayhissalom qoʻllari bilan koʻtarib olgan sahoba
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam u sahoba haqida «Bu mendandir va men undanman» dedilar.

Bu sahobani koʻpchiligimiz tanimaymiz. Moddiy jihatdan faqir, ammo iymonga boy, moli, mansabi, uyi yoʻq, toʻshagi tuproq, bolishi bilagi, taom topsa yer, topmasa roʻza tutardi. Biroz koʻrimsiz, ammo goʻzal xulqli bu sahobaning ismi Julaybib roziyallohu anhu edi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hali uylanmagan bu sahobani juda yaxshi koʻrar, unga hazil qilardilar. Bir kuni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga «Ey Julaybib, uylanmaysanmi?» dedilar.

Sahoba: «Ey Allohning Rasuli, meni kim ham uylantirardi?» dedi. Puli ham, chiroyi ham, taniqli oilasi ham boʻlmagan bu inson shundoq savol bergan edi. Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Men seni uylantiraman, ey Julaybib» dedilar. Sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaradi va «Ey Allohning Rasuli, unda mening hech vaqosi yoʻq kishi ekanimni koʻrasiz» degan edi, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Lekin Allohning nazdida sen hech vaqosi yoʻq kishi emassan» dedilar.

Ansorlar beva qolgan qizlarini hali turmushga bermagan boʻlsalar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga taklif qilib koʻrardilar.

Bir kuni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlardan biriga «Qizingni qoʻlini soʻrayman» dedilar.

Ansoriy «Bizni xursand qildingiz, bajonidil» dedi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Qizingni oʻzim uchun soʻramayapman» dedilar. Ansoriy: «Ey Allohning Rasuli, kim uchun soʻrayapsiz?» dedi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Julaybib uchun» dedilar.

Ansoriy: «Onasi bilan maslahatlashib koʻray» dedi va uyiga borib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizingning qoʻlini soʻrayaptilar», dedi.

Ayoli «Qandoq yaxshi, bajonidil» dedi.

Ansoriy «U zot sollallohu alayhi vasallam uni oʻzlari uchun emas, Julaybib uchun soʻrayaptilar» dedi.

Shunda ayoli norozi ohangda «Julaybib uchunmi?» dedi va qizini unga uzatmasligini aytdi. Qizi parda ortida turib boʻlayotgan suhbatni eshitdi va ota-onasining rad javobi bermoqchiligini sezib ularning oldiga chiqdi. «Menga kim sovchi boʻlib keldi?» deb soʻradi. Onasi unga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sovchi boʻlayotganlarini aytdi. Shunda qizi «Sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rad javobini bermoqchimisizlar? Meni oʻsha odamga uzatinglar, u zot sollallohu alayhi vasallam meni zoye qilmaydilar, agar u zot sollallohu alayhi vasallam oʻsha kishini sizlarga kuyov boʻlishiga rozi boʻlgan ekanlar, meni oʻsha kishiga nikohlab qoʻyinglar» dedi.

Ota-ona qizlarining fikriga qanoat hosil qilib, «Toʻgʻri gapirding» deyishdi va otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib boʻlgan hodisani aytib berdi va «Qizimni Julaybibga nikohlayvering» dedi. Shunday qilib, ikki yosh nikohlandi va yangi oila barpo boʻldi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qizning haqqiga «Ey Alloh, uning ustidan yaxshilikni seldek yogʻdirgin va hayotini toru tang qilmagin» deb duo qildilar.

Oila qurganlariga koʻp boʻlmay, tashqarida gʻazotga chaqiruv boʻldi. Hamma sahobalar qatori yangi kuyov ham Alloh taoloning yoʻlida gʻazot sari otlandi.

Jang tugab, sahobalar shahid boʻlganlarni izlab yurganlarida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulardan «Hech kimni yoʻqotmadinglarmi?» deb soʻradilar. Ular «Falonchini yoʻqotdik, falonchini yoʻqotdik» deyishdi. Birozdan soʻng Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulardan «Hech kimni yoʻqotmadinglarmi?» deb soʻradilar. Ular «Yoʻq» deyishdi. Shunda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Lekin men Julaybibni yoʻqotib qoʻydim. Uni oʻldirilganlar ichidan izlanglar» dedilar. Sahobalar uni izlab oxiri oʻldirilgan yettita dushman yonidan topdilar. U dushmanlarni oʻldirgach ular uni oʻldirishgan edi. «Ey Allohning Rasuli, mana u, oʻzi oʻldirgan yetti dushmanning yonida ekan, soʻng ular uni oʻldirishibdi» deyishdi sahobalar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning oldiga bordilar va «Yettitasini oʻldiribdi va uni oʻldiribdilar. Bu mendandir va men undanman, bu mendandir va men undanman, bu mendandir va men undanman» dedilar. Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini qoʻllari bilan koʻtarib oldilar va unga qabr qazildi. Julaybib roziyallohu anhu uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ikki qoʻllaridan boshqa soʻri, bolish yoʻq edi. Soʻng u kishini qabrga qoʻyildi va uni yuvganlari zikr qilinmadi.

Julaybib roziyallohu anhu uchun sovchilik qilinganda qiz ota-onasiga «Sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga rad javobini bermoqchimisizlar? Meni oʻsha odamga uzatinglar, u zot sollallohu alayhi vasallam meni zoye qilmaydilar» degan edi. Qizning Alloh taologa boʻlgani iymoni, U Zotga ishonchi va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yaxshi koʻrgani sababidan Alloh taolo uni zoye qilmadi, unga koʻp yaxshiliklar ato qildi, boylik berdi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu: «Madinada undan koʻra koʻp infoq qiladigan juvonni koʻrmadim» deganlar.

Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Ey Alloh, uning ustidan yaxshilikni seldek yogʻdirgin va hayotini toru tang qilmagin» deb qilgan duolari barakasi ila u ayolga koʻp mol ato etdi va hayotini farovon qilib qoʻydi.

Internet maʼlumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!