📖 Hikoyalar

Hikoya: «Qon va qasos»

9 daqiqa 2.6K marta oʻqildi
Hikoya: «Qon va qasos»
— Ustoz, «Menga it tegdi», degani nima degani?
Sumkasiga turli narsalarni solish bilan andarmon boʻlib oʻquvchilarining shovqin-suron bilan sinfdan chiqib ketayotganiga unchalik eʼtibor bermayotgan Iroda muallim bu savolni eshitib, titrab ketdi. Keyin oldida jovdirabgina turgan Muzaffarning koʻzlariga tikilib, uning qoʻllaridan tutdi-da, muloyim ovozda soʻradi:
— Bu gapni kimdan eshitding, bolajon?
Muzaffar avvaliga biroz dovdiradi. Soʻng qatʼiy tarzda javob qaytardi:
— Kecha bitta kinoda koʻrib qoldim: bir qiz dugonasiga yigʻlab shunday dedi. Onamdan soʻrasam, «Sen hali bunaqa gaplarni bilishga yoshlik qilasan!» deb urishib berdi. Shunga sizdan soʻrayotgandim, axir siz hamma narsani bilasiz-ku, ustoz!
«Ha, bu XXI asrning bolalari-ya, — deb oʻyladi Iroda muallim oʻquvchisining javobidan keyin yengil uf tortarkan, — kinoda koʻrgan emish. Men boʻlsam boshqa narsa boʻldimikin, deb yuragim yorilib ketay dedi». Ammo oʻqituvchi xayolidagi gaplarni tashiga chiqarmadi. Buning oʻrniga sumkasini kavlab ikki dona konfet topdi-da, Muzaffarning qoʻliga tutqazarkan, dedi:
— Mana buni olgin-da, tez uyingga qarab chop! Onang toʻgʻri aytibdi: sen hali bunday gaplarning maʼnosini bilishga ham, bunday kinolarni koʻrishga ham yoshlik qilasan. Onangni koʻrsam, oʻzim yaxshilab tayinlab qoʻyaman. Kino deb har balo, bir balolarni oʻzi koʻravermasin. Senga esa bunday kinolarni koʻrish umuman mumkin emas, tushundingmi?
Muzaffar «Tushundim» deganday bosh silkitib, sinfdan chiqib ketdi. Iroda muallim esa oʻylanib qoldi. Chunki u Muzaffarni birinchi sinfligidan biladi. Bu bola bekordan- bekorga hech nimani soʻramaydi. Feʼli shunaqa. Ammo soʻradimi, demak, buning biror jiddiy sababi bor…
Rostdan, Muzaffar ustozi bergan konfetga eʼtibor ham bergani yoʻq. Chunki uning fikru xayoli opasida. Opasining kecha tunda onasiga yigʻlab aytgan gaplarida.
Tun yarmidan oshganmikin yoki hali ancha ertamidi, Muzaffar uygʻonib ketdi. Keyin nima sababdan uyning qop-qorongʻi ekanligi sababini bilolmay, oʻrnidan qimirlamay yotdi. Axir onasi, agar onasi uyda boʻlmasa, opalaridan biri kerosin pilikli chiroqni yoqib qoʻyguchi edi. Bu ularning uyida oylab elektr toki boʻlmaydigan paytlardan beri odat boʻlib qolgan. Bugun ana shu doim biroz tutab yonib turadigan shisha chiroq yoʻq. Muzaffar bir-ikki marta koʻzlarini ochib-yumib, oʻzini qorongʻilikka oʻrgatmoqchi boʻldi, ammo shu payt Muazzam opasining yigʻi aralash: «Ona, men endi nima qilaman? Qishloqda qanday qilib bosh koʻtarib yuraman?» degan soʻzlarini eshitdi-yu, yotgan joyida tek qotdi. Shundan soʻng onasining avval chuqur uf tortgani, keyin: «Qizim-ey, boshimizdagi shuncha savdolar kam edimi?..» deya yigʻlagan ovozi eshitildi.
Muzaffarning qulogʻi ding boʻldi. U opasining nega yigʻlayotgani sababini tushunolmasdi. Bu ham etmagandek opasi: «Menga it tegdi, ona, it tegdi! Endi men qanday qilib bosh koʻtarib yuraman?» deya qattiqroq yigʻlay boshladi.
— Hoy, sekinroq, hozir Muqaddam bilan Muzaffarni uygʻotib yuborasan, — dedi onasi ham qaygʻuli ovozda.
— Ona, bu yoqda men sharmanda boʻlib oʻtiribman-u, siz oʻgʻlingiz bilan qizingizning uyqusini oʻylaysiz-a?! — dedi opasi taʼnali tovushda.
— Voy qizim-ey, menga qolsa shunday boʻlsin, debmanmi? Oʻzi opangnikida necha kun turgan boʻlsam, xuddi igna ustida oʻtirganday boʻldim. Aslida, oʻshanda koʻnglim sezgan ekan-da. Aksiga olib chaqaloqning ham kindigi tezda tusha qolmadi. Azamatni beshikka solar-solmas shoshilib yoʻlga tushdim. Dardingni olay, qizim, endi hadeb yigʻlab, mening ham yuragimni ado qilmay, oʻzingni qoʻlga ol…
— Bu nima deganingiz, ona?! Qanday qilib oʻzimni qoʻlga olaman?! Axir! Axir menga endi it tekkan boʻlsa!
«Ie, opam ham rosa vahimachi-da, — deb oʻyladi Muzaffar opasining gaplaridan soʻng kulgisi qistab, — nima, it tekkan boʻlsa, obrezga boribmi yoki tashqariga chiqibmi, yuz-qoʻllarini yaxshilab kir sovunda yuvib tashlasin. Shuniyam onamga aytib, yigʻlab oʻtiradimi? Ana, men har kuni necha soatlab Oqboy bilan oʻynayman, qoʻlimdagi kulchamgacha tortib olib, hatto yuzimgacha yalab tashlaydi, hech kimga hech narsa demayman-ku!..» Biroq bolakayning oʻylayotgan gaplari chala qoldi.
— Onajon, men bunday yashay olmayman! Maraz Mansurni bilaman, kamida uch-toʻrtta oʻrtogʻiga «Muazzamni shunday qildim», deb allaqachon maqtanib boʻlgan. Endi mening oldimda bitta yoʻl bor, ona! — dedi opasi yana ketma-ket uf tortarkan.
— Tentak boʻlma! Jinnicha gaplaringni ham boshqa gapirma! Oʻzi otangning kuyigi ham menga yetadi! Nima, endi sen ham meni… — deya onasi gapining davomini aytmadi.
Muzaffar garchi opasi bilan onasining koʻpi jumboqli soʻzlariga yaxshi tushunmayotgan boʻlsa-da, yana picha ularning gaplariga quloq tutib yotdi. Keyin uxlab qoldi. Ertalab tursa, Muazzam opasining oʻrni boʻm-boʻsh. Tong otmasdan turib oladigan onasi esa negadir haligacha yotibdi. Lekin qayta-qayta xoʻrsinishidan uxlamayotgani aniq.
— Ona?.. — dedi bolakay volidasining eʼtiborini tortish uchun.
Javob boʻlmadi.
— Ona! — bu safar sal dadilroq ovozda chaqirdi Muzaffar.
Yana javob yoʻq.
— Ona, nega indamaysiz? Mazangiz boʻlmayaptimi?..
Shundan soʻnggina onasi qaradi unga. Onaning nigohida olam-olam dardu gʻam bor ediki, bu holatni tasvirlab berishga qalam ojiz.
Aslida, Muzaffar «Ona, «It tekkan» degani nima degani?» deb soʻrashga chogʻlangandi, ammo onasini behol koʻrdiyu, fikridan qaytdi. Chunki u hozir mehribonining tuni bilan uxlamay, buning ustiga yigʻlab chiqqani sabab qizarib ketgan koʻzlariyu deyarli shishib ketgan yuziga qarab, bola aqli bilan boʻlsa-da, fahmlab turardi. «Yaxshisi, Iroda ustozdan soʻrab olaman», deb oʻyladi u. Lekin ustoziga ham bor gapni aytolmay, dami ichiga tushgudek boʻlib uyiga qaytdi. Va uyiga qaytayotib yoʻlda oʻzidan toʻrt yosh katta, kutubxonadagi kitoblarning hammasini oʻqib chiqqan Nurbekka duch keldi-da, gap orasida undan «it tegish» nima ekanini bilib oldi…
Shunday kunlarning birida qishloqda kelin toʻy boʻldi. Muzaffar tengqurlari qatori toʻyga bordi. Bormasa boʻlar ekan, oʻsha yerda u birinchi marta opasi «maraz Mansur» deya tilga olgan yigitni koʻrdi. Toʻgʻrirogʻi, tengdoshlari bilan bir chekkada shoʻrvaga non botirib yeyayotgan Muzaffarning oldiga oʻzidan ikki sinf yuqorida oʻqiydigan Abdumalik kelib, «Seni Mansur aka chaqiryapti. Tez borarkansan», dedi. «Mansur akang kim, tanimasam, bilmasam», dedi Muzaffar. «Salkam pochchang emish-ku, shunday desang, darrov keladi», dedi Abdumalik ham sovuqdan-sovuq tirjayib. Muzaffar ichayotgan shoʻrvasini chala qoldirib, Mansur tomonga ketdi. Jinsi shim, qora futbolka kiygan, boʻynida qalin tilla zanjir, koʻzi qolib peshonasiga koʻzoynak taqqan olifta yigit ekan Mansur deganlari. Muzaffar indamay bir toʻda yigitlar orasida nimalarnidir aytib maqtanayotgan Mansurning yaqiniga borganda toʻxtadi. Nimadir bolakayning ularning oldigacha borishiga xalal berayotgandek edi. Yigitlardan biri «Ana, keldi!» deya Muzaffarni koʻrsatib oliftaga imo qilgandi, Mansur «Buyam opachasiga oʻxshab tortinchoqqa oʻxshaydi!» degandi, davrada gurra kulgi koʻtarildi. Muzaffarning oʻzi boʻlari boʻlib, nima qilishini bilmay turgandi, bu gapdan keyin alam va jahldan yuzi boʻgʻriqib, qip-qizarib ketdi.
— Menga qara, oting Muzikmidi sening? — dedi Mansur «chirt» yetkazib bolakayning oyoqlari ostiga tupurarkan.
Muzaffar indamay turaverdi. Mansurning jahli chiqdi.
— Hoy bola, men senga gapiryapman, kattalar bilan gaplashishni bilasanmi oʻzi?! — deya oʻdagʻayladi u bolaga qararkan.
Muzaffar yana indamadi.
— Gapirmasang, gapirma, lekin menga Muazzam opachangning qaysi uyda yotishini aytsang boʻldi! Evaziga ellik ming soʻm olasan! — dedi Mansur maqtangandek gerdayib. — Men bu yerda bolalar bilan bitta restoranda oʻtirishdan garov boylashib qoʻydim, xullas, bu yogʻining senga aloqasi yoʻq. Muazzam bilan qiladigan ozgina chala ishlarimiz bor…
Oliftaning gapi shu yerga yetganda bolakay chidab turolmadi. Yugurib bordi-da, bir sakrab Mansurning boshini moʻljallab musht solmoqchi boʻldi. Ammo 11 yosh bola qaerdayu, gavdasi soʻlaqmonday besh-oltita yigit qaerda. Ularning biri Muzaffarni tutib qolib, oʻrtogʻini musht yeyishdan saqlab qoldi. Bolakay Mansur qolib, haligi yigitning giriboniga chang solmoqchi boʻldi. Biroq yana besamar.
— Bu bola boʻriga oʻxshab nuqul tomoqqa chang soladimi, deyman?! — deya kuldi toʻdadagi yigitlardan biri.
— Lekin Mansurboy, Muazzamni izlab borganingda ehtiyot boʻl, bu bolaning iti bor, yana boʻyningni tishlay olmasayam, soningdan bir parchasini uzib olmasin! — deya hazil qildi yana biri.
— E-e, oʻtgan safar koʻrganman itini! It emas, hali laycha-ku! Men iti bor desa, qopongʻich iti boʻlsa kerak, deb oʻylab, atay togʻamlarnikiga kirib qassob pichogʻini olvolibman. Borib, hovlisiga kirganimda bir hurgandek boʻldi-yu, keyin qaytib qorasini ham koʻrsatmadi…
Shundan soʻng Muzaffardan gap olish befoydaligini sezgan yigitlar uning ketishiga ruxsat berishdi. Muzaffar ketdi. Ammo shu ketishda uning yuragida alam bor edi. Bolakay opasiga tekkan «it» kimligini bilib olgan va uning jajji yuragida oʻch olish istagi nish urib kelayotgandi.
* * *
— Dada, sizni Uchqoʻldagi Iqbol xolaning oʻgʻli soʻrab kelibdi. Ichkariga kir, desam, uyalyaptimi, kirmadi, — dedi Toshniyoz qassobning kenja qizi Gulbahor uyga kirib.
Toshniyoz qassobning xayoliga darrov «Iqbolning eri qamoqda boʻlsa, oʻgʻlini qarz soʻrab joʻnattirgandir-da», degan oʻy keldi. Biroz oʻrnidan turishga erinibgina oʻtirgach, «Sen qiz bola boshing bilan nega namozshomdan keyin darvozani ochib yuribsan?» deya qizini nomiga koyigan boʻldi. Keyin oyogʻiga kalishini ilib, eshikka chiqdi. Qarasa, bir bola turibdi mungʻayib.
— Assalomu alaykum, qassob bova!
— Va alaykum, — deya chala alik oldi qassob garchi bolaning «qassob bova» degan soʻzlari qulogʻiga moydek yoqsa-da. — Nima xizmat, oʻgʻlim?
— Men… haligi… — chaynaldi bolakay (bu Muzaffar edi).
— Ey, bola, sen raz oʻgʻil bolamisan, gapni ham tutilmasdan, shartta-shartta gapirishni oʻrgan! — dedi qassob Muzaffarning gapidan adashayotganini sezib. — Nima, uylaringda biror qoʻy-poʻy jontalash boʻlib qoldimi? Tez borib halollash kerakmi?
— Yoʻq, — dedi bu safar Muzaffar dadil-dadil gapirarkan, — hech nima soʻyish kerak emas! Sizdan bir narsani soʻrashga keldim. Itga soʻyilgan mollarning qonini bersa, qopagʻon boʻlishi rostmi?
Bu savolni eshitgan qassob dafʼatan jim qoldi. Soʻng siyrak soqolini silarkan ohista soʻradi:
— Senga qopagʻon it nega kerak boʻlib qoldi?
Bola indamay turaverdi.
— Endi oʻzim itimga soʻyilgan molning qonini berib koʻrmaganman-ku-ya, lekin Mitan, Ishtixon tomonlardagi bir-ikkita qassob tanishlarim shunday deyishgandi. U yerlar salkam shahar joy, keldi-ketdi koʻp. Oʻshanga ular uyida rosa qopagʻon itlar saqlashadi…
Qassobning gapi chala qoldi.
— Unda mengayam soʻygan mollaringizning qonidan berib turing, bova, maylimi?.. — deyarli yalingan ovozda gapirdi Muzaffar.
Toshniyoz qassob unga yoʻq deyolmadi. Faqat «Bunaqa bemahalda bir oʻzing yurma, qorongʻi tushganda koʻchada ins-jinslar koʻpayadi», dedi. Bolakay xursand holda «Xoʻp, xoʻp», dediyu, ortiga qaytdi.
Shundan soʻng Muzaffar salkam bir yilcha kunda-kunora qassobnikiga qatnadi. Ammo u yerdan nima olib ketayotganini hech kimga, hatto onasiga ham aytmadi. Qassobning uyidagilar esa yosh bolakayning tez-tez ularnikiga kelib-ketishiga ortiqcha eʼtibor ham qilishgani yoʻq.
Mana shu oʻtgan vaqt orasida Muzaffar iti Oqboyni nafaqat qassobning uyidan olib kelgan qon bilan boqdi, balki unga oʻzi har kuni erinmasdan atala qilib berdi. Kamiga itiga buyruq berib, ushbu buyruqlarni bajarishni ham oʻrgatdi. Qarabsizki, Oqboy koʻrgan odamning eti seskanadigan, xuddi boʻribosarlardek bahaybat itga aylandi.
* * *
Tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish boʻlimiga 24-25 yoshlar atrofidagi olifta yigitni keltirishdi. Aytishlaricha, uni yarim tunda qashqir talab ketgan emish va yana aytishlaricha, endi u yarim jon boʻlib qolarmish, toʻgʻrirogʻi, boʻlib oʻtgan jarrohlik amaliyotidan soʻng u erlik qilolmasmish. Koʻpni koʻrgan keksalar «Qishloqqa qashqir oralagani bekor gap, bizlar shu paytgacha bunday gapni hatto ota-bobolarimizdan ham eshitmaganmiz. Keyin qashqir odamga emas, qoʻy-echkiga hujum qilguvchi edi. Ja qoʻy-echki topilmasa, eshak-peshakniyam boʻgʻizlab ketaverardi, lekin odamlarga daxl qilmasdi, bu yerda boshqa bir sir bor», deyishdi. Ammo bu yerda chindan ham qanday sir borligini Toshniyoz qassobdan boshqa hech kim bilmasdi. Qassob esa oʻzi azaldan kamgap odam emasmi, bunday shov-shuvli hangomani eshitgandan soʻng odatiga mos tarzda shunday dedi: «Kim qilmas, kim topmas». Uning nimani nazarda tutganini esa yana jumboq boʻlib qolaverdi.
Ha, aytgancha, mana shu voqealardan soʻng Muzaffar opasi Muazzamni qoʻyarda-qoʻymay qishloqdagi toʻyga olib chiqdi. Bu Muazzamning anchadan beri birinchi marta yigʻinga chiqishi edi…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!