TAVBA…

— Hoy, bu uyda tirik jon bormi-a?.. He, onangni!.. Chiq dedim!..
Darvozadan gandiraklab kirib kelgan Qurbon piyonista hovlining oʻrtasida toʻxtadi. Yog' bosgan koʻylagining tugmalari yechilib ketgan, bir oyogʻida poyafzali yoʻq, ogʻzidan soʻlaklari oqib tushardi…
Odam yoshi qaytsa koʻzdan nur, oyoqdan mador ketib munkillab qolarkan. Marjon buvi bir paytlar ikki choyshab oʻtni bir siltab yelkasidan oshirib tashlardi. Oʻsha paytlar Qurbon tetapoya qadam tashlardi. Bir qoʻlida ketmon, bir qoʻlida goʻdagi bilan dalaga kelgan Marjon qosh qorayganda yana bir choyshab oʻtni ham yelkaga olib uyiga qaytar, charchoq nimaligini bilmasdi. Shunda ham charchamasdi. Kechasi non yopardi, kirlarini yuvardi…
Mana, endi saksonni qoralab qoldi, sal ilkis harakat qilsa tamom — ikki-uch kun belini ololmaydi.
«Uf-f, qachon shu bolaga insof kirarkin?..»
Xonasida paxta titib oʻtirgan Marjon buvi oʻgʻlining shovqin-suroniga koʻnikib ketgan boʻlsa-da, yuragi hapriqib shosha-pisha qoʻlidagi bir tutam paxtani sandalga tashladi-da, turtina-surtina tashqariga shoshildi.
— Ha, bolajonim, keldingmi? Yur, oʻzim uyingga opkirib qoʻyay!..
Qurbon chayqalgan koʻyi onasiga chaqchayib qaradi:
— Keliningiz qani? Bolalar qaerda?..
— Qaynotangnikiga ketishgandi, bolam!.. Hali-zamon kep qolishar. Uyingga kir, dam olib turgin.
— Nima?.. Nega soʻramay ketadi onasinikiga? B-biz kimmiz bu uyda?..
Marjon buvi nojoʻya ish qilib qoʻyganday boshini egdi.
— Voy bolaginam-ey, ichaverganingdan keyin shunaqa boʻladi-da! Sen munday gapga quloq solsang ekan… Borsa borar!.. Nimayam qila olarding? Men munkillab qolgan boʻlsam…
— Siz aralashmang! Kim boʻpsiz, aralashasiz?.. E, oʻzi bir oyogʻingiz…
Qurbon ogʻzidan notoʻgʻri gap chiqayotganini payqab qoldimi, «chirt» etkazib tupurdi-da, gandiraklab xonasi tomon yoʻl oldi.
— Hay, uying donga toʻlgur! — uning ortidan yigʻlamsiragancha javrardi Marjon buvi. — Iloyim, orqamda qolgin! Mayli, nima desang ham bolamsan… Oʻzingga insof bersin!..
* * *
Marjon buvining ichi kuyardi, kelini Xosiyat yengiltabiatroq chiqib qoldi. Oʻn yil burun — kelin boʻlib tushgandayoq yoqimsiz qiliqlar chiqara boshlagandi. Oʻrdak yurish qilib, koʻchadan oʻtganda begona erkaklarning koʻzini oʻynatar, toʻy-hashamga chogʻlanganday yasan-tusan qilib, uyga biror-bir erkak kirib kelsa koʻzlari oʻynab, atrofida girdikapalak boʻlardi…
Eri aroqxoʻrlikka berilgach, Xosiyatning yelkasiga shayton tamom minib oldi, haddidan oshdi, Qurbonni mensimay qoʻydi. Oradan bir yil oʻtar-oʻtmay eri gapirsa lab buradigan, uni oyoq uchida koʻrsatadigan odat chiqardi…
— Yana ichibdilar-da!.. — hovlining etagida mungʻayib oʻtirgan Marjon buviga bir yovqarash qildi-da, kelin uyi tomon bezovta qarab qoʻydi. Keyin issiqdan yuragi siqildimi, koʻylagi yoqalarini tortib-silkitib yelpindi.
— Voy, qizim, yaxshi borib keldingizmi?.. Bolalar qani?..
Marjon buvi tepasida turgan kelinini koʻrib, oʻrnidan sekin qoʻzgʻaldi.
— Bolalar qoldi, — dedi xushlamay Xosiyat. — Shu piyonistaning diydiyolarini mening eshitganim ham yetar. Oʻlib ketsin, shu oʻlmadi men qutulmadim-a!
— Qoʻying bolam, unday demang!.. Insof berib qolar…
— Bunaqalarga insof kirarmidi? Na topish-tutishida, na yurish-turishida tayin bor. Hozir kiray, koʻrsatib qoʻyaman unga!
— Voy Xudoyim-ey, uxlayotgan boʻlsa, bezovta qilmang. Feʼlini bilasiz-ku.
— Sizga nima? Tuqqan bolangizga gapingiz oʻtmagandan keyin aralashmang!..
Marjon buvi tilini tiydi. Har safar shunday. Shu… bitta gapi bilan kelini uning ogʻziga uradi. Buvi oʻzini gunohkor sezib, ortiq gap qoʻshmaydi, foydasi yoʻq. Qurib ketsin!.. Qartayganida bir kun boʻlsayam tinchgina oʻtirish nasib etarmikan?..
* * *
Xosiyat ichkariga kirib sholcha ustida choʻzilib yotgan erining oyogʻiga tepdi.
— Tur!.. Xudoyo, ogʻzingdan qoning kelsin sen piyonistaning! Xudoyo, seni tugʻmay buving oʻlsin, haromi! Tu-ur!..
Xosiyatning qargʻishini eshitgan Marjon buvining alami olti boʻldi.
— Ey, xudo, kelinlargayam toʻzim bersin-da, ishqilib!.. Sendan shunday farzand tilaganmidim? Shunday kelin tilaganmidim sendan?..
Ichkaridan qandaydir idishning qarsillab singan tovushi eshitildi, Qurbonning boʻralab soʻkindi. Bir necha soniyadan soʻng, Qurbon — kimdir ortidan itarib yubordimi — tashqariga otilib chiqdi-da gandiraklab Marjon buvining shundoq oyoqlari ostiga quladi.
— Voy, oʻlib qoʻya qolay, tur, bolam!
Buvi jonholatda engashib Qurbonni koʻtarib turgʻizmoqchi boʻldi, biroq qarilik pand berdi shekilli, choʻyanday ogʻir gavdani oʻrnidan qoʻzgʻata olmadi.
— Tura qolsang-chi, uyat boʻladi, axir! Kap-katta odam-a! Hah, seni urganlarning uyi kuysin!..
— Nima? Kimning uyi kuyadi? Ogʻzingga qarab gapir! — shangʻilladi ichkarida turib Xosiyat. Sarosimalanib qolgan Marjon buvi yerga qapishib xurrak otayotgan oʻgʻliga bir qarab oldi-da, boshini koʻtarib keliniga alam bilan tikildi:
— Seni ne niyatlarda olgandim-a!.. Shunaqayam johil boʻlasanmi?
— Ha-a, biz johilmiz! Manavi goʻrsoʻxtangiz farishta! Nima qilsayam begonamiz-da-a!
Xosiyat goʻyo yigʻlayotganday koʻzlarini roʻmolining uchi bilan arta-arta xonasiga yoʻl oldi.
— Qani, uyga kirib koʻrsin-chi bu piyonista, nima qilarkanman!..
* * *
Marjon buvi ikki oʻt orasida qolgandi: oʻgʻliga achinay desa, onam deb zarracha qayishmasa, ichib olib jerkigani-jerkigan; bu yoqda kelinining qiliqlari ortiqcha, tilidan zahar tomadi…
Lekin nima boʻlganda ham ona ona ekan-da, yarim tungacha kiprik qoqmay eshik «tiq» etsa toʻlgʻanib tashqariga qarab yotdi. Ustiga-ustak, oyogʻining ogʻrigʻi qoʻzgʻab, shunday zirqirardiki, birov igna sanchib olayotganday achishib ogʻriydi…
Bir mahal Qurbonning eshigi gʻiyqillab ochildi. Marjon buvi shosha-pisha oʻrnidan turib deraza pardasini koʻtardi. Oʻgʻli gandiraklab kelayapti. «Obbo, yana nima boʻldiykan?.. — xayolidan oʻtdi Marjon buvining. — Tagʻin bir baloni boshlamayaptimikan bular?»
— Och eshikni! — gʻudrandi Qurbon. — Hoy buvi, och dedim eshikni!..
— Xoʻp, bolam, mana, hozir ketayapman! Birpas shoshmay turgin.
Marjon buvi eshik zulfinini sugʻurgan hamon ogʻir gavda xona ichiga gursillab quladi.
— Voy, endi nima qilaman-a? Tursang-chi, men seni koʻtarolmasam, bolajonim! Kel, turaqol!.. Axir, shuncha ichadimi odam?!
Qurbon oʻzicha nimalardir deb gʻudrandi. Buvi uning nima demoqchi boʻlayotganini tushunmas, hamon engashib oʻgʻlini koʻtarib turgʻazishga urinardi.
— V-vey, buvi, n-nimaga chiranasan? — soʻlaklarini yengiga artarkan, boshini zoʻrgʻa koʻtarib xunuk hiringladi Qurbon. — Oʻzing shaftoliqoqi boʻlib yotibsan-u, meni koʻtara olarmiding?
— Ha boʻpti, shaftoli qoqi boʻlsam senlarni deb boʻldim, bolam! Bas qil! Choy qoʻyib beraymi?
— Choyni bosh-shimga uramanmi?.. Undan koʻra… Y-yoʻq… Hammang bir goʻrsan!.. Ayol zotining bari bir goʻr!
Qurbonning koʻzlari chaqchaydi. Marjon buvi bir xavotirni sezdimi, ortiga tisarildi.
— Hammangni tiriklay koʻmish kerak! — baqirdi Qurbon. — Bir tiyinga qimmatsan baring! Yoʻqol, koʻzimga koʻrinma senam!.. Tugʻib qoʻygan boʻlsang nima boʻpti? S-sen… Meni baloga yoʻliqtirish uchun tuqqansan, yoʻqol!..
— Voy Xudo urdi meni!.. Unaqa dema, Qurbonjon!.. Qaysi ona oʻz bolasiga baloni ravo koʻradi? Unaqa gaplarni gapirma!
— N-nima-a?.. Vey, anavi Xosiyat nima qilib yurganini bilasanmi? S-sen topgansan oʻshaniyam, bildingmi?.. Bor, hozir…
Qurbon ilkis qoʻzgʻalib xontaxta ustidagi choynakni qoʻliga oldi.
— Agar chiqib ketmasang, oʻldiraman!
Marjon buvi xonadan qanday chiqib ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Hovliga chiqdi-da, qay tomon yurishini bilmay bir muddat garangsib turdi, keyin noiloj koʻcha tarafga yoʻl oldi…
* * *
Tun yarmidan oqqan, koʻcha zim-ziyo qorongʻi edi. Marjon buvi «tiq» etgan sharpadan seskanardi. Lekin iloji qancha, hovlida ularning dagʻdagʻasini eshitgandan koʻra, hov, ariq boʻyida tongni ottirgani yaxshi…
«Balki orqamdan qidirib chiqib qolar Qurbonboy? — deb oʻyladi buvi salqindan junjika boshlagach bilaklarini kamzulining orasiga tiqarkan. — Har qalay, buvim qayga ketdi deb qidirar».
Oradan xiyla vaqt oʻtdi, biroq birovning qorasi koʻrinmadi. Marjon buvi oʻgʻlidan umidini uzib, ariq chetidagi tolga suyanib koʻzini ildirdi.
Bir mahal uzoqdan traktorning ovozi eshitildi, buvi koʻzini ochib, boshini koʻtarib qaradi. Qoʻshni qishloq tarafdan u tomon bir traktor yelib kelardi. «Bu anavi Tilla cholning oʻgʻli boʻlsa kerak, — deb koʻnglidan oʻtkazdi Marjon buvi inqillab oʻrnidan turarkan. — Binoyi bola-da Tilavoldi. Qurbon ikkalasi tengqur. iroq Tilavoldi ichmaydi. Uylari-chi, uylarini yasatib qoʻygan. Kechalari traktor haydab beshta bolasini, ota-onasigacha qoʻshib boqayapti-da shu!.. Ajabmas, uyga kirib Qurbonni insofga chaqirib qoʻysa…»
Traktor yaqinlashgach Marjon buvi qoʻllarini koʻtarib sermadi.
— Hov bolam-a, toʻxta! Toʻxta!..
Traktor toʻxtadi. Oʻylaganiday Tilavoldi ekan.
— Ha, buvi, buerda bir oʻzingiz nima qip oʻtiribsiz? — baland boʻyli, qirraburun, egniga eski chopon kiyib olgan Tilavoldi traktordan sakrab tushib, kampirga yaqin keldi. — Tinchlikmi?
— E, bolam-ey, — dedi Marjon buvi uning yuziga qarolmay. — Qurbon oʻrtogʻingni bilasan-ku, u borerda tinchlik boʻlarmidi. Gʻirt mast. Mana, meniyam koʻchaga chiqarib yubordi.
— Ie, ahmoqmi u? Nimaga haydaydi sizni? Qani, yuring-chi, buvi. Hozir esini kiritib qoʻyaman!
— Qoʻy, urib yurmagin tagʻin! — Tilavoldining yoʻlini toʻsdi Marjon buvi. — Nima boʻlgandayam bolam-da!.. Jonim achiydi. Baloga yoʻliqqur aroqning kasrida, bolam.
— E, buvi, sizni katta koʻchaga chiqarib qoʻysa, yana joningiz achiydi-ya!.. Boʻpti, urib jinni boʻpmanmi? Nasihat qip qoʻyaman-da!..
Tilavoldi kampirnietaklab hovliga kirdi.
Tilavoldining koʻzi soʻri ostida pishillab uxlayotgan Qurbonga tushdi-yu, beixtiyor yoqasini ushladi.
Tengqurining egnida mayka, shimi tovonigacha tushirilgan. U Qurbonga yaqinlashganda dimogʻiga badboʻy hid urildi. Qoʻlansa hidni Marjon buvi ham sezdi shekilli, boshidagi roʻmolining uchi bilan burnini berkitib oldi.
— Voy, oʻlib qoʻya qolay! — Tilavoldining oldida nomus qildi shekilli, teskari oʻgirilib oʻzicha shivirlab qoʻydi Marjon buvi. — Sharmanda-a!..
— Buning xotini qani? — soʻradi Tilavoldi nadomat bilan bosh chayqab.
— Uyida… Oʻsha haydab solgan hovliga…
— Ana sizga turmush… Oʻzi-chi buvi, shu Xosiyatni bekor kelin qilganakansiz… Toʻgʻrisi, menga uncha yoqmasdi… Umuman… sizbop kelinmas-da u!..
Marjon buvi yerga qaradi. Begona erkakning oldida mulzam boʻlganidan yuzini kaftlari bilan berkitgancha ichkariga kirib ketdi.
— Tur, tursang-chi!.. He, uyatsiz! Kelin, hoy kelin, chiqib eringizga qarasangiz boʻlmaydimi?.. — baqirdi Tilavoldi Qurbonning shimini ijirgʻanib yuqoriga koʻtararkan. — Shuyam hayotmi? Biri axlatiga belanib dumalab yotsa, boshqasi hech narsa boʻlmaganday pishillab uxlasa… Suf senlarga!..
Baqir-chaqirdan uygʻonib ketgan Xosiyat tashqariga chiqib Qurbonning ne ahvolda yotganini koʻrib, Tilavoldiga qarata javray ketdi:
— Ja achinayotgan boʻlsangiz, oʻzingiz olib kiravering! Sizga oʻxshaganlar ichirib qoʻyadi-da, keyin qoʻy ogʻzidan choʻp olmaganday, mehribonchilik qiladi!
— Ogʻzingizga qarab gapiring! — dedi ovozini koʻtarib Tilavoldi. — Men ichsam sizning eringizga oʻxshaganlar bilan ichamanman… E, qari onani koʻchaga chiqarib qoʻyib, issiq toʻshakda uyalmay yotibsizlar?!
— Men chiqaribmanmi-a, men chiqaribmanmi? Ana, piyonista oʻgʻlidan soʻrang!
— Siz ham shu uyning odamisiz-ku!.. Boʻpti, boʻlar ish boʻpti, keling endi, ichkariga opkirib oyoq-qoʻllarini yuvib qoʻying!..
— Chuchvarani xom sanabdi! — dedi Xosiyat Qurbonga jirkanib qarab. — Iflos qilgan boʻlsa, oʻzi tozalanvolsin! Men bu uyga choʻri boʻlib kelganim yoʻq…
— Obbo, ja qaysar ekansiz-da oʻzingiz ham! Shuncha yil bir yostiqqa bosh qoʻyib… bir joyingiz kamayib qoladimi tozalasangiz?..
— Siz menga aql oʻrgatmang, bildingizmi? Umuman, nimaga kirdingiz bu hovliga? Boring, ishingizni qiling! Aralashmang!..
Tilavoldining hafsalasi pir boʻldi. Bir muddat garangsib turdi-da:
— E, oʻlib ketmaysanlarmi menga desa!.. Betavfiqlar!.. — deya qoʻl siltadi va shaxt burilib hovlidan chiqib ketdi.
* * *
Qurbon oʻziga kelgach, ne ahvolga tushganini payqadi-yu, boshi loʻqillab ogʻriyotganiga ham eʼtibor qilmay, ogʻilxonaga yugurdi. Amallab togʻorada suv olib kirib, sovqotganiga qaramay titrab-qaltirab yuvindi, kiyimlarini almashtirdi. Aqli biroz joyiga kelgandek boʻlib, xonaga kirdi. Xotini uyda yoʻq, qaerga ketgani nomaʼlum, hammayoq suv sepganday jimjit…
«Ketsa ketar», dedi-yu Qurbon choynak qidirdi, tomogʻi qizishib sovuq choy ichmoqchi boʻldi. Biroq choynak boʻm-boʻsh edi. Shunda buvisi esiga tushib, shosha-pisha tashqariga chiqdi…
Goʻyo hech narsa boʻlmaganday Marjon buvining xonasiga kirib, salomsiz-aliksiz toʻppa-toʻgʻri tokchadagi choynakka yopishdi…
Yarim choynak choyni bir koʻtarishda simirdi. Marjon buvi boshini eggancha karavotida jim oʻtirardi.
— Hm-m, ja qovogʻingizdan qor yogʻayapti? Tinchlikmi?.. — dagʻdagʻali ohangda soʻz qotdi Qurbon.
Marjon buvi roʻmolchasi bilan koʻzlarini artdi, keyin boshini koʻtarib:
— Yoʻq, hech narsa… — dedi past ovozda. — Oʻzim… Oʻtiribman-da, bolam!..
— Anavi megajin qani?
— Kim, bolam?
— Kim boʻlardi? Xosiyatni aytyapman…
— Kim bilsin? Menga hisob bermasa. Erta tongda kiyinib chiqib ketdi.
— Jonimga tegib ketdi shu xoti-in! — toʻsatdan baqirib tashqariga yoʻnaldi Qurbon. — Nimaga yashab yuribman u bilan?.. Nimaga-a?!
Marjon buvining ichini nimadir tirnab ketgandek «ix»lab qoʻydi.
— Voy noshud bola-ey!.. Shundan boshqasi tegarmidi senga?.. Tengingni topgansan-da, nima qilay-y-y?
* * *
Qurbon jahl bilan odimlab doʻkonga qarab ketdi. Tilavoldilarning darvozasi toʻgʻrisiga yetgan paytda, machit tarafdan Yoʻldosh qorining qorasi koʻrindi. Qurbon qoriga koʻzi tushsa toshbaqaday boshini ichiga tortar, undan choʻchirdi. Otasi tengi bu odamning uni koʻrdi deguncha nasihat qilishidan, tanbeh beraverishidan bezillab qolgandi. U oʻzini koʻrmaganga olib oʻtib ketayotgandi, tuyqusdan qorining oʻzi uni toʻxtatdi:
— Hoy Qurbon, salomniyam aroqqa qoʻshib ichib yubrganmisan, nima balo?
— Ie, uzr, qoraka, koʻrmabmiz-da! — Qurbon zoʻraki tirjayib ortiga oʻgirildi. — Assalomu alaykum!..
— Vaalaykum assalom!.. Kallai saharlab yoʻlga tushibsizmi?
— Ha… endi… Oʻzingiz bilasiz-ku. Birrov doʻkonga oʻtib kelmoqchiydim.
— He, doʻkonga chiqmay har narsa boʻl! — qorining hassa tutgan oʻng qoʻli titrab ketdi. — Nega kecha buvingni koʻchaga haydab solding!
— Nima?! — Qurbon hayron boʻlib boshini qashladi. — Oʻlibmanmi koʻchaga haydab? Qoʻying-e!
— Ana, Tilavoldi oqshom uyingga kirib koʻribdi-ku!.. Sasib yotganmishsan. Xotining ikkalang shu kampirning boshini yer ekansanlar-da!.. Qara, bolalaring boʻy yetib qoldi. Oʻlasanmi ularning gʻamini yesang, buvingning duosini olsang?! Oʻlim hammamizga otameros. Erta bir kun chiroq yoqib qidirsang ham topolmaysan buvingni! Ichkilikka balo bormi?..
Qurbon qoriga maʼnoli koʻz qisib qoʻydi.
— Ha endi, qoraka, oʻzlariyam bir paytlar… Otam rahmatli aytardi…
— Oʻchir ovozingni!.. Sen menday boʻlguncha hali ikki martalab koʻkarib chiqasan…
«Qori bilan hazillashib boʻlmaydi. Jahli chiqsa, mahallani toʻplab sharmanda qilishdanam toymaydi…» degan fikr oʻtdi Qurbonning miyasidan. Qori hassasini yuqoriga koʻtarganini koʻrib, u hiringlagancha doʻkon tomon yugurib ketdi…
* * *
Doʻkon roʻparasida, odatdagiday, ulfati Sharof mirob qunishib turardi. Qurbonni koʻrib uning chehrasi yorishib ketdi.
— Zap kelding-da, oshna! — dedi u sherigining yelkasiga qoqib. — Oʻzi… Shu desang, sherik topolmay turgandim. Keyin-chi, senga bir xunuk xabarim ham bor…
— Qanaqa xunuk xabar? — toʻngʻilladi Qurbon. — Aytavermaysanmi?
— Yoʻq, oldin bittani boʻshataylik, aytish qochmas…
Ular doʻkondan olib chiqishgan vinoni bir chetga oʻtib ikkita stakanga boʻlib quyishdi. Sal ichlari qizib, yuz-burunlariga qizil yugurgach, Sharof yuziga xavotirli tus berib, bosh chayqadi.
— Sen anavi… xotiningni… qoʻyvor! — dedi u tomdan tarasha tushganday. — Senga toʻgʻri kelmaydi… E, biz hali yoshmiz. Yurasanmi oʻshaning etagiga osilib?
— Vey! — shishadoshining yoqasidan oldi Qurbon. — Gapiradigan boʻlsang, ochiqcha gapir! Nima demoqchisan oʻzi?
Sharof bir zum sukut saqladi, keyin ijirgʻanib tupurdi.
— Toʻgʻrisi, boya xotining… bir «Volga»ga oʻtirib ketvordi.
— Nim-ma? Ogʻzingga qarab gapir!
— Qoʻyvor! — Sharof yoqasiga yopishgan Qurbonning qoʻllarini siltab tashladi-da, ortga tisarildi. — Ja indamasa… Oʻzim koʻrdim deyapman-ku!.. Buning-chi, seni ahmoq qilib yuribdi, xolos… Toʻgʻri-da, ishlamagan odam qaysi xotinga yoqardi?
Shu gapdan soʻng Qurbonning mushtlari tugildi…
Ha, koʻngli sezib yurgandi. Xotinining xiyonat qilib yurganini payqagandek boʻlgandi. Ammo isboti yoʻq edi, shu bois tilini tishlardi… Mana, endi isbot topildi. Koʻnglidagi gumonlar oydinlashdi endi…
— Men uni oʻldiraman! — asabiy pichirladi Qurbon. — Boʻgʻizlayman uni, oshna!.. Oʻzim ham anchadan beri payqab yurardim. Endi… Menga qara, choʻntagimda bir tiyin ham pulim qolmabdi. Hali mamashka pensiyasini olsa qaytaraman. Bitta vinoga pul ber.
Sharof sovuq tirjaydi.
— Olmasa-chi?
— Nimaga olmas ekan? Yerning tagidan boʻlsayam toptiraman… Olsang-chi!..
— Boʻpti, kechgacha qaytarasan. Oʻzing bilasan, menam oshib-toshib ketganim yoʻq. Xotindan yashirib-netib amallayapman…
Ikki ulfat Sharofning oxirgi puliga yana bir shisha vino olib ichishgach, tarqalishdi. Lekin bu bilan Qurbonning xurmachasi toʻlmadi. Sharofdan eshitgan gap qonini qizdirar, tezroq uyga qaytib, Marjon buvidan pul undirish ilinjida u hovlisiga oshiqdi…
* * *
— Qanjiq! — yoʻl-yoʻlakay soʻkinib borardi Qurbon. — Hiqildogʻimga keldi hammasi!.. Hammasiga mana shu kampir aybdor. «Yaxshi joydan ekan» deyaverib hol-jonimga qoʻymagan.
U hovliga bostirib kirib kelganida, Marjon buvi tomorqada endi unib chiqqan makkajoʻxorini oʻtayotgandi. Yurak oldirib qoʻyganidanmi, oʻgʻlining yoʻtalganini eshitib oʻrnidan turdi.
— Hoy buvi, qaydasiz? Chiqmaysizmi munday!
— Mana hozir, ketayapman, bolajonim!..
Marjon buvi bukchaygan koʻyi Qurbonga roʻpara keldi.
— Ha Qurbonboy, tinchlikmi, bolam?.. Issiq choy qoʻyib beraymi?
— Choyni boshimga uramanmi? — oʻshqirdi u kampirga koʻzlarini chaqchaytirgancha tikilib. — Pul bering menga, pul! Pensiya olingandir?
— Voy, qayoqda? — jilmayib dedi Marjon buvi. — Hali oʻn kun bor-ku pensiyaga!..
— Oʻlgʻon gapirmang!.. Anchadan beri sezib yuribman, pul yashirishni oʻrganib olgansiz. Choʻzing tez, bosh ogʻrib ketyapti!..
— Jon bolam, qari buvingning gapigayam ishonmaysan-a?.. Sendan yashiramanmi? Goʻrimga olib ketarmidim yashirib? Axir, bor-yoʻgʻim seniki-ku, oʻzingam yaxshi bilasan-ku!
— Menga qara, kampir, — Qurbon beixtiyor sensirashga oʻtib, — hozir jahlim chiqib turibdi. Ozgina kayfim ham bor. E, buvim boʻlsang ham ayab oʻtirmayman. Topib ber dedim pullarni!..
— Qoʻy bolam, jon bolam, meni urma! — yalina boshladi Marjon buvi qaltirab. — Gunohga botma!.. Boʻpti, hozir anavi… Qoʻshnidan qarz olib beraman, faqat meni urma, gunoh boʻladi!..
— Boʻpti, boʻling tez! — dedi Qurbon pulning daragini eshitgach «siz»lashga oʻtib. — Sizga besh daqiqa muhlat. Besh ming topib chiqasiz…
Marjon buvi yugurgilagancha borib qoʻshnisi Oynisaning hovlisiga kirdi. Oynisa bozorda eri bilan mayda-chuyda sotib roʻzgʻorini tebratardi. Qoʻshni kampirning rangi oʻchib ketganini koʻrgan Oynisa tashvishlanib soʻradi:
— Ha, ena, sizga nima boʻldi? Biror yeringiz ogʻriyaptimi?
— Ogʻrisa koshkiydi, qizim! — dedi koʻzini olib qochib Marjon buvi. — Qurbon qurmagʻur yana ichib kepti. Pul topib kirmasam oʻldirib qoʻyadi meni!..
— Voy, — Oynisa kampirni qoʻltigʻidan olib soʻriga boshladi, — nimaga oʻldiradi sizni u yaramas?.. Qani, oʻtiring-chi, ena.
— Halidan beri hol-jonimga qoʻymaydi, pensiyangni ber, deb. Yoʻq desam ishonmaydi. Shunga… Jon qizim, besh ming soʻm berib turmasangiz boʻlmaydi. Xudo xohlasa, oʻn kundan keyin pensiyam keladi, qaytaraman…
— Nega mahallaga chiqib arz qilmaysiz? — tutoqib ketdi Oynisa. — Adabini berdirib qoʻysangiz boʻladi-ku! Axir, onaniyam shunaqa xoʻrlaydimi?
— Nomus qilaman, Oynisaxon, odamlardan nomus qilaman. Tuqqan bolasining ustidan arz qilib yuribdi, bu kampirning miyasi suyilib qopti, deyishmaydimi?..
— Biror narsa qilib qoʻysa, unda nima boʻladi?! Eh, ena-ey, bilaman, qachondan beri Qurbonning qiliqlariga chidab kelayapsiz… Uningizning-chi, Xosiyat adabini bersin, ha!.. Bugun bozordan chiqib kelayotsam, qanaqadir moʻylovli bir olifta ikkalasi shashlik yeb oʻtiribdi, oʻlgur! Voy, baribir qoʻshnichilik-da, gʻalati boʻp ketdim. Odamlar xuddi qoʻllarini bigiz qilib meni koʻrsatib taʼna qilayotganday tuyildi!..
Marjon buvi roʻmolchasini olib, koʻzlaridagi yoshni artarkan bosh chayqab qoʻydi.
— Nima qilay? Oʻshanda adashdim. Birovlar maqtasa, laqqa tushib qoʻya qolibman. Shuning uchun bolam ichkilikka berilib ketdimikan, deb ham oʻylayman… Mayli, peshonaga yozilgani-da!.. Qizim, keling, oʻsha zormanda pulni berib turing, boshim balodan qutulsin, oʻrgilay!..
Oynisa opa kuldi.
— Voy ena-ey, sizdan pulni qizgʻanarmidim? Hozir, birpas oʻtira turing-a, opchiqay. He, onaning qoʻliga qaramay har balo boʻlgur!..
Oynisa opa ichkaridan pul olib chiqib, Marjon buvining qoʻliga tutqazarkan:
— Ena, tagʻin hammasini berib yurmang! Oz-ozdan bering u yashshamagurga!.. — deya tayinladi.
* * *
Yarim tunda Xosiyat hech narsa boʻlmaganday hovliga kirib keldi. Sochlari xiyla yoyilgan, badanidan yoqimli atir hidi ufurib turardi. Koʻzi soʻrida sigaret tutatib oʻtirgan eriga tushib taqqa toʻxtadi. «Xabar topganga oʻxshaydi», degan oʻy xayolidan kechib sekin ortiga tislana boshladi. Ammo Qurbon uni allaqachon koʻrib ulgurgandi.
— Suyuqoyoq!!! — oʻrnidan turib gandiraklagancha xotiniga yaqinlasha boshladi Qurbon. — Ayt, kimning qoʻynidan chiqib kelayapsan?! Ayt! Agar… oʻz ogʻzing bilan aytmasang, shu yerning oʻzida kallangni uzib tashlayman!..
Marjon buvi oʻgʻlidan qoʻrqib xonasidan jilmay oʻtirgandi. Qurbonning ovozi zardali chiqqanidan battar choʻchib, asta derazadan moʻraladi. Qurbon Xosiyatga tahdid qilib baqirardi. Kampir shoshib pardani tushirdi-da, jim oʻtirib qulogʻini ding qildi.
— Nimaga indamaysan, iflos?! — tobora avjlanardi Qurbon.
— Meniyam oʻzingga oʻxshatma! — toʻsatdan tilga kirdi Xosiyat. — Undan koʻra oʻzing ayt, men yoʻgʻimda qaysi megajinni uyga opkirib yotding?
— Hali shunaqami? Voy iflos-ey!
Qurbon kutilmaganda Xosiyatning yuziga shapaloq tortib yubordi. Marjon buvi kelinining dodlab yigʻlaganini, Qurbonning esa tinimsiz soʻkinib, xotinini tepkilay boshlaganini eshitdi.
— Voy shoʻrim, oʻldirib qoʻysa-ya?..
Marjon buvi nima boʻlsa boʻlar, deb dast oʻrnidan turdi-da, boshiga roʻmolini ilib tashqariga chiqdi.
— Hoy, oʻgʻlim, bas qil! — Qurbonning yoʻlini toʻsib Xosiyatni oʻrnidan turgʻazishga chogʻlangan kampir boshi aralash kelib tushgan tepkidan uchib ketdi.
— Voy boshim!.. Voy joni-im!.. Urma, meni urma, juvonmarg!.. Qari buvingni urma!..
Aql-hushini yoʻqotib qoʻygan bemehr oʻgʻil buvisini yana ikki-uch marta tepib yubordi.
— Voy, nima qilib qoʻydingiz? — haligina yerda dumalagan koʻyi uv tortib yigʻlayotgan Xosiyat behush yiqilgan qaynonasining tepasiga kelib, yuragiga quloq solgan boʻldi. — Nima qilib qoʻydingiz?.. Oʻldirib qoʻydingiz-ku!..
— Ha, qoʻshnilar, nima toʻpolon?
Shu payt kutilmaganda Tilavoldining baqir-chaqirni eshitib hovliga kirib kelganini ular sezmay qolishdi. Marjon buvi yerda dumalab yotar, Qurbon esa karaxt odamdek qotib qolgandi. Tilavoldi shosha-pisha Marjon buvini koʻtarib olib soʻriga yotqizdi, choynakdagi sovib qolgan choydan kaftiga quyib kampirning yuziga sepdi…
Xayriyat, Marjon buvi oʻziga keldi. Birozdan soʻng koʻzlarini ochib, inqillay boshladi.
— Voy boshim!.. Voy jonim!.. Ogʻrib ketayapti!..
— Hey, goʻrsoʻxta! — Tilavoldi kampirni qoʻyib Qurbonning yoqasiga yopishdi. — Nimaga urding onangni?.. Mana senga! Mana!
Tilavoldining ayovsiz tepkilaridan ogʻzi-burni qonga boʻyalgan Qurbon choʻzilib qoldi. Xosiyat esa, mehribon kelinlarday qaynonasining ning boshini, oyoqlarini uqalar, oʻzicha nimalardir deb yupatgan boʻlardi…
* * *
Bir mahal yuz-koʻzlari qonga boʻyalgan Qurbonning koʻzlari darvozadan kirib kelayotgan militsionerlarga tushdi. Ular toʻppa-toʻgʻri Qurbon tomon bostirib kela boshlashdi.
— Y-yoʻq!.. Yo'-oʻq!.. Qamashadi!.. Meni qamab qoʻyishadi!.. Istamayman, istamayman!.. Oʻzimni… Oʻzimni osaman!..
Qurbon jonholatda soʻri chetida turgan arqonni qoʻliga olgancha, ogʻil tomonga qocha boshladi.
— H-ha-a!.. Yetib boʻpsanlar!.. Hozir!.. Hozir!..
— Dadasi, hoy dadasi, sizga nima boʻldi? Koʻzingizni ochsangiz-chi!
Qoniga belangancha astoydil ogʻil tarafga qochayotgan Qurbonni kimdir turtgandek tuyilib… koʻzlarini ochdi…
Tepasida Xosiyat yigʻlab turar, buvisi esa boshini silab oʻtirardi.
— Milisalar qani?.. — shivirladi Qurbon hamon oʻziga kela olmay.
— Qanaqa milisa?.. Siz uyingizdasiz!.. — dedi Xosiyat yigʻi aralash jilmayib. — Xayriyat, Xudo qaytib berdi sizni!.. Buvijon, toʻgʻri-a, Xudo qaytib berdi-a oʻgʻlingizni?..
— Ha bolam, Xudo qaytib berdi yolgʻizgina bolamni!.. — javob qildi Marjon buvi ham yigʻidan oʻzini toʻxtatolmay…
Qurbon esa oʻrnidan zoʻrgʻa qoʻzgʻalib, har ehtimolga qarshi, darvoza tarafga koʻz tashlab oldi. Haqiqatan u oʻzining uyida. Hech qanday milisa yoʻq. U yuz-koʻzlarini ushlab koʻrdi, qon izi ham yoʻq.
— Buvi… Siz oʻlmagansiz-a? — soʻradi xavotir aralash Marjon buvining qoʻllarini paypaslab koʻrarkan Qurbon. — Siz tiriksiz-a?..
— Voy bolam-ey, tirik boʻlmasam sening tepangda oʻtirarmidim… Oʻzing-ku, uch kundan beri kelin ikkovimizning oʻtakamizni yording!.. Hech oʻzingga kelmaysan. Kinnayam solib koʻrdim, anavi Yoʻldosh qorini ayttirib chiqib, dam soldirdim. Qani koʻzingni ocha qolsang… Alahsiraganing alahsiragan… Kimlarnidir soʻkasanmi-ey, kimlarnidir oʻldiraman deb doʻq urasanmi-ey!.. Shunchalik ham ichadimi odam?..
Qurbon xotini tomon oʻgirildi:
— Menga qara, sen… birov bilan yurasanmi?..
Xosiyat beixtiyor yoqasini ushladi.
— Tavba qildim-ey, bu nima deganingiz?.. Jinni boʻlibmanmi yurib?.. Gulday bolalarimiz bor-a!..
— Aytgancha, bolalar qani?.. Sen… Ularni onangnikiga tashlab kelganing rostmi?..
— Uf-f, uch kun avval oʻzingiz qoʻllariga pul berib joʻnatdingiz-ku!..
Shundan keyingina Qurbonning xayoli joyiga kelib, koʻngli oʻrniga tushib qaytadan Marjon buviga yuzlandi.
— Buvi… Meni kechiring!.. Tavba qildim!.. Oʻsha kuni koʻp ichmagandim… Piyoladagi aroqqa kimdir kul solib qoʻyibdi-da… Kechiring!.. Senam kechir, xotin!.. Tavba qildim!.. Sizlarning borlaringga shukur!.. Shu kungacha ichib kelib, sizlarni bezovta qilgan boʻlsam, kechiringlar! Endi ogʻzimga olmaganim boʻlsin shu zormandani!
Qurbon oʻrnidan turdi-da, nimadir esiga tushgandek, javonni ochdi. Javonda turgan ikki shisha aroqni olib, zarb bilan derazadan tashqariga uloqtirdi…
Qaynona-kelin kulgidan zoʻrgʻa oʻzlarini tiyib turishardi.

Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!