📖 Hikoyalar

JANNAT QIZI…

13 daqiqa 2.7K marta oʻqildi
JANNAT QIZI…
Bir… Ikki… Uch… Yuzgacha sanasam, uyquga ketaman…
Qirq… Qirq bir… Ha, uyqu meni hammasidan qutqaradi…
Ellik uch… Ellik toʻrt… Men abadiy uyquga ketaman… Abadiy uyqu — barcha zahmatlarim uchun berilgan mukofot…
Yoʻq, hech qaerimda ogʻriq sezmadim. Faqat… Sal koʻnglim aynidi xolos…
Ana, suv ham sovib qoldi. Bellarim muzlay boshlayapti…
Yana sal chidasam… Yoʻq, suvga qaramayman. Qip-qizil rangga kiribdi…
Ie, nega shovqin boʻlayapti?.. Kimdir eshikni ochdimi, deyman?..
Nega?.. Hali erta-ku!.. Uning ishdan kelishiga erta-ku!..
Hozir vannaxonaning eshigini taraqlata boshlaydi. Hech narsaga ulgura olmayman… Uf-f… Salgina kelmay tursaydi…
U zoʻrgʻa koʻzlarini ochdi. Vannaxona devorlari, shift qip-qizil rangda edi. Hatto, issiq suvdan chiqqan quyuq par ham qizil…
Oh, miyasi ayniy boshladi shekilli…
Qizning koʻzlari beixtiyor koʻzguga tushib qoldi. Tomirlarini qirqishdan avval koʻzguga lab boʻyogʻi bilan katta-katta qilib yozib qoʻygandi:
"Hammangizni koʻrishga koʻzim yoʻq!..”
Oʻrnidan turib, oʻsha yozuvni oʻqishga urindi. Kuchi yetmadi…
Qiziq, qayoqqa gʻoyib boʻldi yozuv?.. Ha, par yuvib ketgan boʻlsa kerak…
Par qaerdan paydo boʻldi oʻzi?.. Suv allaqachon sovib boʻlgan-ku!..
Vika oʻlimini tasavvur qilib koʻrdi. U jon berishi hamono, ruhi tanasidan chiqadi-da, qaerdandir balandlikdan jasadni, atrofdagilarni tomosha qila boshlaydi…
Ha, hatto filmlarda ham xuddi shunday kechadi oʻlim. Keyin ruh jannatga qarab yoʻl oladimi?.. Yoʻq, doʻzaxga boʻlsa kerak. Chunki u oʻzini oʻzi oʻldirdi-ku!.. E, umuman… Nima farqi bor? ¡rug' dunyoda ham doʻzaxdagiday hayot kechirdi-ku!..
Vikaning kipriklari pirpiradi. Quloqlarining shangʻillashi toʻxtab, yana koʻzini ochdi… Shu payt qarshisidagi koʻzgu kattalashib, unda yozuv paydo boʻldi.
"Sen oʻlmaysan!”
Vika qaytadan hushini yoʻqotdi. Koʻzguning narigi tomonidan uni nomaʼlum odamlar kuzatib turishardi.
— Bizning aralashishga haqqimiz yoʻqmi?
— Yoʻq. Bilasan-ku!
— Nimadir qilish kerak-ku!
— Nega koʻzguga yozib qoʻyding?
— Uni hushyor torttirmoqchiydim.
— Sen aksincha, qoʻrqitib yubording.
— Oʻylaysanki, ular qizni qutqarishga ulgurishadimi?
— Albatta.
— Bilaman. Ammo meni odamlarning ehtiyotsizligi tashvishga soladi.
— Ishing boʻlmasin. Bizning ishimiz — kuzatish.
— Agar ular hammasidan xabardor boʻlishsa, unda nima qilardik?
— Unda biz bu yerda turmagan boʻlardik, jim!..
***
Vika oʻziga keldi. U kasalxonada yotar, palatada undan boʻlak hech kim yoʻq edi. Qoʻllarini doka bilan bogʻlab tashlashibdi. ¡nboshida kapelnitsa. Juda suv ichgisi keldi. Kimnidir chaqirmoqchi boʻldi. Ammo tomogʻi qurib ketganidan yoʻtalishdan nariga oʻtolmadi.
Oʻrnidan turishga urinib koʻrdi. Boshini koʻtargan zahoti koʻz oldida qandaydir mayda yaltiroq zarrachalar paydo boʻlib, miyasining ich-ichida qoʻngʻiroq chalinib ketgandek tuyildi va qaytadan yostiqqa mixlanib qoldi.
Menga nima boʻldi oʻzi?..
Atrofga qarab bildiki, kasalxonada yotibdi. Koʻzlari beixtiyor namlandi. Ha, esiga tushdi. Hushidan ketgandi…
— Xudoyim, axir, men oʻzimni oʻzim oʻldirmoqchi boʻldim!.. Nima sababdan?
Javob yoʻq edi. Vika vannani qanday suvga toʻldirganini esladi. Keyin… Oʻzi atayin sotib olgan ustarani qoʻliga oldi. Lablarini qattiq tishlagan koʻyi avval chap, keyin oʻng qoʻlidagi tomirlarni kesa boshladi. Qon favvoradek otilib, shiftga urildi. Vannadagi suv qip-qizil tusga kirdi. Vika qoʻrqib, tezda suvga yotib oldi. Shundan soʻng… Qandaydir nomaʼlum tovushlarni eshitdi. Koʻzgudagi yozuvga koʻzi tushdi…
U dahshatda edi…
Shu tobda palata eshigi sekingina ochilib, ichkariga vrach kirib keldi. Vikaning qarab turganini koʻrib, mayin jilmayib qoʻydi.
— Xoʻsh, asalim, sen meni tuni bilan navbatchilik qilishga majbur etding-ku-a?
— Suv… — ohista shivirladi Vika.
— Hozir… Faqat ozgina ichasan. Koʻp ichish senga mumkin emas. Kelishdikmi?..
Vrach tokchada turgan mineral suvni qizga uzatdi.
— Rahmat.
— Hozir Viktor Nikolayevich keladi. U sening oldingda boʻladi. Men ketayapman…
— Rahmat, — dedi endi Vika ancha jonlanib. — Otingiz nima?
— Sergey Vladimirovich.
— Ayting-chi, kechasi nima boʻldi oʻzi?
— Hech narsa boʻlgani yoʻq… Damingni ol. Koʻp gapirish senga mumkin emas. Xoʻp, men ketdim!
— Yana kelasizmi?
— Albatta. Shunday chiroyli qizning tuzalayotganini koʻrish men uchun juda qiziq.
Vrach chiqib ketdi. Vika uning ortidan kulimsiragancha qarab qoldi. Yoʻq, u aldadi. Vika goʻzal emas. Buni oʻzi ham yaxshi biladi. Lekin baribir shunday soʻzlarni eshitish yoqimli…
***
Darko ukrainaliklar bilan birinchi marta ishlayotgani yoʻq. U birinchi darajali quruvchi. U bilan hamma maslahatlashadi, nimanidir soʻraydi. Xullas, hurmati zoʻr.
Bu safargi shartnoma ham yomon emas. Loyihasi juda qimmatli. Shu loyiha boʻyicha ikki yilga shartnoma tuzdi. Buyurtmachi ham oʻta jiddiy ekan. Oʻz majburiyatini vaqtida bajarib qoʻyadiganlar xilidan chiqib qoldi…
Faqat uzoqligi yomon. Oilasi bilan olti oyda zoʻrgʻa bir marta koʻrishadi. Yaxshiyam telefon bor. Boʻlmasa…
***
Vika esa, psixologlikka oʻqigan. Yoshligida, albatta. Hozir bilmaydi. Qaerdadir chang bosib yotgandir diplomi…
Lekin unga bu kasb juda yoqardi. Shunchalar orzu qilardiki… Mijozlari koʻp boʻlsa, Vika hashamatli binodagi kabinetida oʻtirib, ularni qabul qilsa…
Ammo bir yomon odati bor. Bu odatdan sira qutula olmaydi. Koʻp mulohaza yuritadi, har xil savollar bilan yonidagilarga tinchlik bermaydi. Boshqalarga maslahat berishni xush koʻradi…
Oʻsha… Agentlikda ishlab yurganida ham hammani bezor qilib yuborgan boʻlsa kerak… Shuning orqasidan qachon qarasa, agentlikdagilar bilan san-manga borib yurardi…
***
Ertalabdanoq Darkoning kayfiyati tushdi. Xotini qoʻngʻiroq qildi. Oʻgʻli qoʻlini sindirib olganmish. Xotiniga baqirib berdi. U yigʻladi. Darko esa achchiqlanib goʻshakni joyiga qoʻydi. Boshqa qoʻngʻiroq qilib oʻtirmadi…
Shu tobda Vika qabulxonaga kirib keldi.
— Darko Stanichni koʻrsam boʻladimi? — soʻradi u kotibadan.
— Kechroq kirsangiz yaxshi boʻlardi, — dedi boʻshashib kotiba.
— Bilasizmi, biz sizlarga qoʻshnimiz. Ofisingizning roʻparasidagi bino bizning ishxona… Bir muammo chiqib qoldi. U kishini koʻrmasam boʻlmaydi…
— Shunaqami? Mayli, kiring!..
Vika sekin kabinet eshigini ochib, ichkariga kirdi. Darko Stanich boshini changallagancha oʻy surib oʻtirgan ekan.
— Keling, eshitaman! — dedi u oʻrnidan jilmay. Vika uning holatini koʻrib, biroz oʻzini yoʻqotdi.
— Bemahal kirib qoldim, shekilli? — ohista soʻradi Vika.
— Sizga bemahal kirganingizni aytishmadimi?
— Kechirasiz… Boshqa safar kelarman…
— Keldingizmi, endi gapiring!
— Sizdan yordam soʻramoqchiydim… Kabinetimni taʼmirlash zarur edi. Lekin shiftlar juda baland… Endi bilsam…
Darko beixtiyor oʻrnidan turdi.
— Xoʻsh, kabinetingizda mebel bormi?
— Ha.
— Tashqariga olib chiqishga qancha vaqt ketadi?
— Ertaga hammasini taxt qilib qoʻyamiz.
— Yaxshi… Kuting!..
***
Ustalar epchil ekan. Toʻrt soat deganda taʼmirni tugatishdi. Qizlar xursand boʻlganlaridan sumkani toʻldirib ichkilik, konfetlar, mayda-chuydalar olib kelishdi. Ustalarni mehmon qilmoqchi boʻlishdi. Biroq Darko bunaqa tantanalarni yoqtirmasdi. Goran shu sababli uni koʻndirguncha ikki soat ovora boʻldi…
Ichkarida oʻtirganlar bir-birlari bilan tinimsiz gaplashishar, Vika esa, jimgina oʻtirgan Darkodan koʻz uzolmasdi. Qanday qilib uning eʼtiborini tortishni bilmay halak edi…
Harqalay, yoʻli topildi. Kimdir shampan vinosini ochgandi, qopqogʻi Darkoning qadahi ichiga kelib tushdi. Shunday kuchli zarb bilan tushdiki, qadah sinib, shisha zarrasi Darkoning qoʻliga sanchildi. Shu zahoti qon sizib chiqa boshladi. Vika shosha-pisha oʻrnidan turdi-da, aptechkadan kerakli dorilarni olib, Darkoga yaqin keldi. Koʻz ochib-yumguncha qonni artib, yarani yuvdi va doka bilan chiroyli qilib bogʻlab qoʻydi. Darko shimiga sachragan qonlarni arta-arta tashqariga yoʻl oldi…
Vaziyatdan unumli foydalanish zarur edi. Vika ham uning ortidan tashqariga chiqdi.
— Istaysizmi, sizni mehmonxonagacha kuzatib qoʻyaman? — soʻradi u. — Tagʻin yoʻlda yomon boʻlib yurmang…
— Siz menga aytayapsizmi?
— Ha.
— Yaxshi, qarshi emasman…
***
Soat endigina kechki yettiga zang ura boshlagandi. Tashqarida bahorning iliq shabadasi esayapti…
Vika sal oldinda yurib borar, orqasiga qarashga negadir qoʻrqardi. Darko esa uni kuzatib, oʻzicha kulib qoʻydi…
— Vika! — nihoyat qizni toʻxtatdi Darko. — Agar shoshilmayotgan boʻlsangiz, sizni kechki ovqatga taklif etmoqchiydim.
— Meni? — hayron boʻldi Vika. — Nimaga?
— Siz menga xaloskorlik qildingiz. Minnatdorchilik bildirishim kerak-ku!..
— Shunaqami?.. Mayli…
— Faqat biroz kutib turasiz. Men darrov kiyimimni almashtirib chiqaman…
***
Keyingi yetti oy Sergey Vladimirovich uchun naq dahshatning oʻzi boʻldi. Xotini bilan ajrashdi. Ayol… U Sergey Vladimirovichga ne kunlarni koʻrsatmadi… Avvaliga ajrashishga rozi edi. Keyin… Birdaniga toʻnini teskari kiyib oldi… Oxir-oqibat katta pul undirdi…
Nimayam qilsin? Bunday dahshatlarni oʻylashning oʻzi ogʻir. Shu sababli uyqusiz tunlardan qochish niyatida tungi navbatchilikni soʻrab oladi. Shu yoʻl bilan boʻlar-boʻlmas xayollardan nariroq yuradi…
Sergey Vladimirovich yaxshi vrach. Oʻz ishini sevadi. Kimgadir yordami tegsa, kimningdir ogʻir kasallikdan xalos boʻlib jilmayganini koʻrsa, boshi osmonga yetadi. Xuddi jang maydonida gʻalaba qozongan askar kabi quvonib ketadi…
Mana, masalan, anavi tomirini kesgan qiz… Gʻalati holat. Tushunib boʻlmaydi. Kim "Tez yordam” chaqirgan, kim militsiyaga xabar bergan. Aniq emas. Ustiga ustak, militsionerlar ham oʻzlaricha gaplashayotganini eshitdi. Qoʻshnilar ham hech kimga xabar bermagan ekan. ¡ qizning oʻzi oxirgi daqiqalarda…? Yoʻq, telefon zalda edi. Qiz esa, vannaxonada oʻlim bilan olishib yotgan. Hech qachon oʻrnidan turib, telefonga yopisha olmaydi…
Sergey Vladimirovich Vikaning tepasida tuni bilan oʻtirib chiqdi. Biroz dam olishni taklif qilsalar ham unamadi. Qiz tongga yaqin oʻziga kelib pichirlagandan keyingina koʻngli tinchib, xonasiga yoʻl oldi.
***
Vika uch kun ogʻirxonada yotdi. Ancha tuzalib qolgani sabab uni ertaga oddiy palataga olib oʻtishlarini aytishdi. Harqalay, shunisigayam shukr. ¡lgʻizlikda yana bir kechagina boʻlarkan. Eh, shu palatadan qanchalar qoʻrqishini hech kim bilmaydi. Hozir Vika faqat bir narsani orzu qilardi. Sergey Vladimirovich kirsa-yu, koʻngli koʻtarilsa…
Vrach kechki soat sakkizdan keyin Vikaning oldiga kirdi. Qizning chehrasi ochilib ketdi.
— Qalaysan, qaysar qiz? — hazil aralash soʻradi Sergey Vladimirovich.
— Yaxshiman.
— Asal qiz, sening oting nima?
— Ie, hali bilmaysizmi?
— Yoʻq.
— Viktoriya.
— O', gʻalaba degin? Demak, hali uzoq yasharkanmiz-da!..
— Sergey Vladimirovich, — sekin oʻrnidan turib oʻtirdi Vika, — sizda gapim bor edi.
— Xoʻp, gapiraver!
— Uzoq gapirish kerak boʻladi…
— Shunaqami? Unda biror soatlardan keyin oldingga kirarman.
— Kutaman…
***
Vrach kelguncha Vika gapni nimadan boshlash toʻgʻrisida bosh qotirdi. Unaqasiga oʻyladi, bunaqasiga oʻyladi. Baribir bir fikrda toʻxtay olmadi. Soat oʻn bir boʻldi. Vika endi vrachni chaqirganiga oʻzi afsuslana boshladi…
¡ oʻzini uxlaganga solib olsinmikan? Ertaga baribir oddiy palataga oʻtkazishadi. U yoqqa borib oʻtirarmidi…
— Viktoriya, uxlayapsanmi? — Sergey Vladimirovich ochiq eshikdan moʻralab shivirladi.
— Meni Viktoriya deb chaqirmang! — yotgan yerida javob qildi Vika.
— Ie, nima dey boʻlmasa?
— Shunchaki Vika deng, yetadi.
— Boʻpti, Vika. Qani, men manavi lampani yoqay-chi!..
— Yoʻq, oy nuri tushib turibdi-ku!..
— Yaxshi… Qani, nima demoqchiyding?
— Avvaliga javob bering. Men haqiqatan "koma”damidim?
Vrach bunday savolni kutmagandi. Oʻylanib qoldi. Xoʻsh, aytsinmi, aytmasinmi? Balki aytsa, nimanidir eslar?..
— Yaxshi, — dedi nihoyat ogʻir xoʻrsinib, — shunga oʻxshash narsa boʻlgandi. Men oʻsha kuni kechasi bilan tepangda oʻtirib chiqdim… Bilasanmi… Militsiya ham negadir hayron… Nimanidir eslay olasanmi?
— Yoʻq.
— Unda nega tomiringni kesding?
— Bilmayman… Hech narsa esimda yoʻq… Qoʻrqib ketayapman…
— Boʻpti, bu gaplarni qoʻya turaylik. Xoʻsh, nima demoqchiyding menga?
— Ustimdan kulmaysizmi? — jilmaydi Vika.
— Soʻz beraman, kulmayman.
— Gap shundaki… Mening kasbim psixolog.
— Xoʻsh, xoʻsh?..
— Ichimda qandaydir nomaʼlum depressiya sodir boʻlayapti. Mana, yuzimga qarang…
Vika kutilmaganda ogʻir-ogʻir nafas ola boshladi. Koʻksi koʻtarilib-koʻtarilib ketdi. Buni koʻrgan vrach vahimaga tushib qoldi.
— Hoy, qizcha, oʻzingni bos. Boʻlmasa…
— Yaxshi,— Vika yuzlarini kaftlari bilan berkitib oldi. — Oʻzimga keldim… Bilasizmi, men qanaqadir nomaʼlum tovushlarni eshitadigan boʻlib qolganman. Hammasi miyamda… Har safar oʻsha tovushlar toʻsatdan paydo boʻladi-yu, darhol yoʻqoladi. Men xuddi kimlarningdir suhbatida ishtirok etayotganday sezaman oʻzimni. Ular doim meni muhokama qilishadi, kuzatishadi… Har gal shu narsa sodir boʻlganda qoʻllarim bilan mahkam boshimni changallab, ulardan kim ekanliklarini soʻrayman. Ular esa, xuddi meni koʻrmaganday teskari oʻgirilishadi.
— Bilaman, — Vikaning gapini boʻldi vrach, — men yoningda edim.
— Qanday qilib?
— Sen oʻshanda hushingni yoʻqotganding. Men tepangda oʻtirgandim. Davom et.
— Ular aytishdiki… Men oʻzim haqimda hamma narsani bilarmishman. Men qandaydir aniq maqsad uchun tugʻilganmishman. Ammo bu maqsadni oʻzim bilmasmishman. Qandaydir aniq bir masala bor emishki, men uni asta-sekinlik bilan hal etishim lozim ekan. Bilasizmi, ularni men nimagadir oʻrgatishim zarur emish. Ammo nimaligini aytishmadi. Jonimdan toʻyib ketdim. Oʻzimni oʻzim oʻldirishga qaror qildim. Afsuski… Ayting, menga ishonasizmi?
— Nima? — vrach uning hikoyasidan hayratlanganidanmi, biroz xayolga choʻmgan ekan. — Ha, albatta, ishonaman… Lekin men hech qachon bunday narsalar bilan toʻqnash kelmagandim. Biroz oʻylab koʻrishim kerak.
— Iltimos, menga Zigmund Freydning "Hushsiz odam psixologiyasi” kitobini topib bersangiz. Balki oʻsha yordam berar?..
— Boʻpti, endi dam ol, ertaga kitobni topib kelaman…
***
— Vika, biz ajrashishimiz lozim! — Vika Darkoning kutilmagan gapini eshitib, qotib qoldi.
— Nega?
— Bilasanmi, sen koʻp narsani bilmaysan… Mening oʻgʻlim kasal. Ertagayoq bu yerlardan joʻnab ketishim zarur.
— Ie, hali oʻgʻling bormi?
— Ikki oʻgʻil. Egizak. Bundan tashqari bir qizim ham bor. Sendan toʻrt yosh katta.
— Shunaqa degin?.. Nega boshida aytmading?
— Jurʼat etolmadim.
— Qoʻrqoqmisan shunchalik?
— Bilmadim.
— Yaxshi… Unda alvido, qoʻrqoq!.. Men ham koʻchada qolgan emasman…
Vika tashqariga chiqib ham oʻziga kela olmadi. Alamiga chiday olmaganidan barmoqlarini tishlab-tishlab oldi. Ammo… Hammasi tugadi. Shunchalar tez tugadiki, Darkoning hidini ham dimogʻida tuyib qolishga ulgura olmadi…
***
Sergey topib kelgan kitob haqiqatan Vikaga yordam berdi. U tez orada butkul tuzalib, uyiga ketishga ruxsat oldi. Faqat… ¡lgʻiz ketgisi kelmasdi. Sergey Vladimirovichga shu qadar oʻrganib qolgandiki…
— Men sizni oʻz uyimga taklif etaman,— dedi u chiqib ketayotib. — Faqat yoʻq demang. Hoziroq men bilan birga bormasangiz boʻlmaydi…
— Menga qara, — Sergey konyak toʻla qadahni qoʻliga olib soʻradi, — men yoʻl-yoʻlakay oʻylab keldim… Sen sakkiz marta erkak boʻlib tugʻilgan emishsan. Nega?
— Tushunmadingizmi? — kuldi Vika.
— Yoʻq.
— Gapimni boʻlib qoʻymaysizmi?
— Yoʻq.
— Unda eshiting, men qiz boʻlib tugʻilgan mahallarda ayol kishi ilohiy talablarni bajara olmasdi. Erkak esa, aksincha. U ilm bilan shugʻullanishi mumkin, sayohat qilishga ham imkoni bor…
— Boʻpti, bularni qoʻyib tur. Yaxshisi, menga anavi nomaʼlum tovushlar haqida gapirib ber.
— "Tez yordam”mi? Uni oʻzim chaqirganman.
— Qanday qilib?
— Oʻsha nomaʼlum tovushlarni eshitganimda juda qoʻrqib ketdim. Ularni doʻzax tovushi boʻlsa kerak, deb xayol qildim.
— Toʻxta, Vika, — uning gapini boʻldi Sergey. — bir savolimga javob ber. Nega bunchalar goʻzalsan?
— Bilmadim. Sizga yoqamanmi?
— Albatta yoqasan… Oʻsha kecha oy nurida shunchalar goʻzal boʻlib ketdingki…
— Meni yoqtirib notoʻgʻri qilayapsan? — beixtiyor senlashga oʻtdi Vika.
— Senlaganing yanada bizni yaqinlashtiradi, — dedi xursand boʻlib Sergey. — Bundan keyin umuman sizlamagin, xoʻpmi?
— Xoʻp… Lekin bir narsaga tushunmayapman… Meni yoqtirib xato qilayapsan.
— Nega endi?
— Chunki men jinniman… Xayolim joyida emas…
Sergey javob oʻrniga dast oʻrnidan turdi-da, Vikani koʻtarib oldi.
— Ayt-chi, — deya ohista shivirladi u qizni qoʻlidan qoʻymay, — umringda birovni sevganmisan?
— Qoʻy, eslatma, — ogʻir uf tortib qoʻydi Vika. — Eslatma!.. Yoʻqsa, yana hushimdan ketib qolaman…
— Xoʻp, kechir!.. Eng asosiysi, biz bir-birimizni tushundik, shunday emasmi?
Vika kulimsirab Sergeyning koʻm-koʻk koʻzlariga boqdi.
— Sen qahramonsan. Men faxrlanaman sen bilan…
***
Ular tunni birgalikda oʻtkazishdi. Bu ikkovlari uchun ham haqiqiy jannatning oʻzi edi. Tun boʻyi koʻp narsalar haqida gaplashishdi, baʼzan tortishishdi. Erta tongdagina charchab, uyquga ketishdi…
— Sergey, tur!.. Koʻzlaringni och!..
Sergey qattiq silkinishdan choʻchib oʻrnidan turdi.
— Nima boʻldi?..
— Men ajoyib tush koʻrdim.
— Ie, uxlaganingga bir soat boʻlmay, tush koʻrishgayam ulgurdingmi?
— Nima ekanini soʻrasang-chi?
— Xoʻsh, nima ekan?
— Tushimda men jannatga tushib qolganmishman. Hammayoq gulzor, sal narida tog'. Tepalikdan ajoyib sharshara pastga qarab oqayotganmish…
— Ha, endi bu shunchaki tush-da! — kuldi Sergey.
— Yoʻq, sen davomini eshitib turgin… Keyin… Men gulzor ichida emishman… Bir mahal oldimga sen kelibsan.
— Ie, men ham oʻlgan ekanmanmi?
— Toʻxtab tursang-chi!.. Sen kelibsan-da, qoʻlimdan ushlab sharshara yoniga olib boribsan. Men boʻlsam, nuqul yigʻlarmishman.
— Yigʻloqisan-da!..
— Ajab boʻpti!..
— Xoʻsh, keyin nima qilibmiz?
— Keyinmi?.. Sen menga aytibsanki, agar hikoya yozishni boshlasam, darddan butkul forig' boʻlarkanman.
— Shundogʻam forig' boʻlding-ku!..
— E, men anavi nomaʼlum tovushlarni nazarda tutayapman…
Sergey sekin oʻrnidan turib Vikani quchdi. Shoshilmasdan malla sochlaridan oʻpib, kaftlarini yuziga bosdi.
— Endi nima qilmoqchisan?
— Men… yozishni bilmayman-ku!..
— Qoʻlingdan keladi. Bu tush yaxshilik belgisi, ishon!.. Sen urinib koʻr… Axir… Sendan nima ketardi…
— Qoʻlimdan kelmasa-chi? ¡zuvchi boʻlmasam…
— ¡zuvchi boʻlishing shart emas. Sen qoʻlingga qogʻoz-qalam olgin-da, xayolingga kelgan narsani yozib koʻr!..
— Uf-f… Yana qiynoq!.. Undan koʻra oʻsha tunda oʻlib ketganim yaxshi emasmidi? Mana shunaqa qiynoqlar boʻlmasdi.
— Ha, yoningda men ham boʻlmasdim…
— Yoʻq, yoʻq, — Vika kutilmaganda Sergeyning boʻynidan quchoqlab oldi, — oʻlishni istamayman! Seni yoʻqotishni istamayman!..
— Unda kiyin!
— Nega?
— Seni toqqa olib boraman.
— U yerda nima qilamiz?
— Ajoyib hikoya yozasan… Qoʻrquvlardan, vahimalardan xalos boʻlishning birdan-bir yoʻli shu…
Vika oʻrnidan turib, hash-pash deguncha kiyinib chiqdi. Ikkovlari mashinaga oʻtirishdi-da, safarga otlanishdi…
Oʻsha kuni kechqurunga borib Vikaning xayollari, orzulari qogʻozga tushdi. Avvaliga sarlavha topa olmagandi. Hikoya tugagach, tepasiga chiroyli qilib yozib qoʻydi:
— "Jannat qizi”
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!