ШАЙТАНАТ… (4-қисм. Биринчи китоб)

Hamdamning taklifini oʻylab koʻrishga ulgurmay depara ichki ishlar boʻlimi boshligʻi kapitan Mirsultonov kirib keldi:
— Ot aylanib qozigʻini toparkan. Bizdan qutulib boʻpsiz! — u shunday deb Zohid bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi. — Yaxshi, yaxshi. Ishni oʻzimizdan boshlaganingiz, yaxshi boʻlibdi. Qiynalmaysiz. Mana, bu yoqda biz bor. Borib koʻrgandirsiz? Nima qilmoqchisiz?
— Hali tayin bir xulosaga kelganim yoʻq.
— Bu koʻp oʻylaydigan ish emas. Qamoqqa olish haqida sanktsiya beravering.
Zohid oʻzini quvnoq tutishga urinayotgan kapitanga qarab ajablandi. «Namozovni qamoqqa olishimga buncha qiziqib qoldi? Yana eski hammom, eski tos desangchi? Ashyoviy dalil bor, soxta guvohlar bor. Men qamoqqa olaman, u yoqda hakamlar yeng shimarib shay turishibdi. Necha yilga hukm qilishni yaxshi bilishadi. Restoranda mashshoqlarga uch soʻm berib istagan kuyni chaldirgani kabi pul tashlab istagan odamni istagan muddatga qamatish choʻt boʻlmay qoldi. Men adolat qilaman, desam, bular «ovora boʻlma, qoʻlingdan kelmaydi. Sen uch soʻmlik restoran mashshoqisan», deyishmoqchimi?» Zohid xayolidan shularni oʻtkazib, asabiylashdi. Hamdamdan sigaret soʻrab olib tutatdi. Boshliq stolni nogʻoraday chertib, javob kutardi.
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi Zohid, unga sinovchan tikilib, — qamoqqa olish kerak. Ammo bu yerda emas, shahar turmasida oʻtira turadi. Haligi ikkita guvoh ham uch-toʻrt kun qamoqda oʻtirsa, ancha oʻziga kelib qoladi.
«Haligi ikkita guvoh» degan gapni eshitib, Mirsultonov sergaklandi:
— Guvohlarni… majburiy davolanishga yuborish kerak, — dedi u Zohidga.
— U yoqqa yuborish vaqti ham keladi. Avval tergovni tugatib olaylik.
Boshliq Zohiddan tayinli gap ololmasligini bilib, Hamdamga savol nazari bilan qaradi.
— Guvohlar soxtaga oʻxshaydi, — dedi Hamdam boshligʻiga. Keyin Zohidga yuzlandi. — Menga qara, prokuror, mijgʻovlik qilmay toʻgʻrisini aytib qoʻya qolmaysanmi, — u yana boshligʻiga qaradi. — Bu bola vinzavodni ham kavlashtirmoqchiga oʻxshaydi. Feʼlini bilasiz-ku?
Mirsultonov yana stolni chertdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi u Zohidga qaramay. — Feʼlini bilaman, bu oʻjarning. Avval gapirsam, insofga chaqirsam amalidan ajrashdan qoʻrqadi, derdi. Endi amalidan koʻrqadigan boshligʻi boshqa, — u boshini koʻtarib Zohidga qaradi. — Bukirni goʻr toʻgʻirlarkan. Sen koʻzingni ochib yur. Bukir boʻlsang ham shu yorug' dunyoda yuraver. U yoqqa shoshilma. Senga «Choqsunla»ni aytib beribmidim? — boshliq kulimsiragan boʻldi. — Bir tajang uygʻur yigit sochini ustarada qirdirib yayrab kelayotgan ekan, qayoqdanam ari uchib kelibdiyu naq boshini chaqibdi. Yigit arining izidan yuguribdi. Yetib, qarasa, eski paxsa devor yorigʻida otning kallasiday keladigan in bormish. U shartta choʻp olib arining inini obdan kavlabdi, ari rosa toʻzigandan keyin yoriqqa boshini tutib, «Choqsunla emdi, odash!» degan ekan.
Odatda boshliq buni latifa ohangida aytib, miriqib kulardi. Bu safar xazil aralashtirmay, jiddiy turib aytdi.
— Sen oʻsha «Choqsunla»ga oʻxshaysan. Lekin sen arining emas, naq oʻlimning uyasini kavlashni niyat qilibsan. Joning tekinga kelgan boʻlsa ham qadamingni oʻylab bos. Bola-chaqang borligini esdan chiqarma. Meni qanday tushunsang tushunaver. Qoʻrqoq deysanmi, olchoq deysanmi — nima desang deyaver. Men osmondagi haqiqatdan yerdagi jonimni azizroq bilaman. Har kuni haqiqat, adolat deb javrayotganlarga ham jon shirin. Sen ularning gaplariga uchma. U haqiqat deb boshimizni aylantirib, bizni kushxonaga boshlaydi. Oʻzi qoʻngʻiroqli serka singari oʻtib ketadi. Pichoqqa senga oʻxshagan laqmalar duch keladi.
Zohid sobiq boshligʻining gaplarini toqat bilan eshitdi. Avvallari biron masala xususida gap talashguday boʻlsa, boshliq qoʻrs muomala qilar, siltab-siltab tashlardi. Hozirgi muomalasi, siniqroq ohangda, nasihat tarzida gapirishi Zohid uchun yangilik edi. Boshliqning asl qiyofasi qaysi — hozir jonli odamday kuyib gapirishimi yo avvalgi temir odamday tersligimi — Zohid farqlamay qoldi. U sobiq boshligʻiga «ha» ham, «yoʻq» ham demadi. Qishloqqa har borganida onasi ham shunday gaplarni koʻp aytardi. Oʻzingni oʻqqa-choʻqqa uraverma, deb iltijo qilardi. Onasi-ku unga kuyganidan aytardi. Boshliq-chi? Nahot, Zohidning taqdiriga u ham kuyinsa?
Zohid siz bilan biz kabi dunyodan adolat izlardi, haqiqat topmoq istardi. Uning nazarida haqiqat qaerdadir kul ostida yoki bir uyum axlat ostida yotgan haykalu uni topib, tozalab, tiklab qoʻysa olam guliston boʻladi. Mana shu kuchli istak uni yon atrofidagi odamlardan ruhan uzoqlashtirardi. «Izlab ovora boʻlma», deganlar u uchun ojiz maxluqqa aylanardi. Bu odamlardan fazilat izlashga harakat qilmayoq qoʻygan. Sobiq boshliqni ham shular qatoriga qoʻshgan edi. Boshliqning ham odam ekanini, ozgina boʻlsa-da, insoniy fazilatlardan bahramand ekanini oʻylamasdi. Sobiq boshliq uni yomon koʻrgani bilan taqdiriga befarq qarayolmas edi. Mana, oʻzingiz tasavvur qilib koʻring: siz ham kimnidir yomon koʻrasiz. Ha, ha, yashirmay boʻyningizga olavering. Barchani birday yaxshi koʻrish mumkin emas. Xullas, siz ham kimnidir yomon koʻrasiz. Lekin oʻsha odamni oʻldirib ketishsa achinmaysizmi? Achinasiz. Hatto uni yomon koʻrib yurganingiz uchun, salomiga alik olmay qoʻyganingiz uchun oʻzingizni laʼnatlaysiz. Agarchi bu fojiadan quvonsangiz, «oʻldirib ketishgani yaxshi boʻlibdi», desangiz, u holda siz odam emassiz. Shu oʻrinda «odam emassiz, hayvonsiz», desam qoʻpolligim uchun ranjiysiz. Ammo boshqa bir sabab bilan «hayvon» deya olmayman. Buni aytsam, oʻsha begunoh jonivorlarni haqoratlagan, balchiqqa bulgʻagan boʻlaman.
Chekinishni bas qilib, yana depara ichki ishlar boʻlimiga qaytaylik. Endi sizga Zohidning tuygʻusi qisman maʼlum. Sobiq boshligʻining gaplari u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqmaydi. Bu gaplarni soʻnggi nafasda, jon taslim qilayotganida hali eslaydi…
***
Zohid ertalab idorasiga kirmay Sharif Namozov bilan gaplashish uchun shahar turmasiga keldi. Temir toʻsiqlardan oʻtib, tergov xonasiga kirdi. Besh-oʻn daqiqadan soʻng eshik ochilib, soqchi koʻrindi-da, mahbus olib kelinganini maʼlum qildi. Soʻng qoʻllarini orqasiga qilib olgan Namozov kirdi. Uning oyoqlariga kishan urilmagan, lekin qadam bosishi zanjirband mahbuslarnikiday ogʻir edi. Ozgʻin, siyrak sochlari toʻzgʻigan bu odamning dumaloq koʻzlari ich-ichiga botgan, qarashlarida esa kishining rahmini uygʻotuvchi iltijo zohir edi. Yelkasidagi dunyo yuki ogʻirlik qilayotganday bir oz bukchaygan. U yerga mahkamlangan qattiq kursiga oʻtirib, boshini xam qildi.
Zohid chekmasa ham yonida sigaret olib yurardi. Mahbusga bir necha nafas tikilib turgach, choʻntagidan sigaret chiqarib, unga uzatdi.
— Cheking.
Sharif indamay qoʻl uzatib, titroq barmoqlari bilan qutidan bitta sigaretni ajratib oldi. Zohid unga gugurt uzatdi. Sharif avval gugurtga, keyin Zohidga qaradi. Soʻng sigaretni stol ustiga qoʻydi.
— Uzr, chekmayman.
Chindan ham Sharif chekmas edi. Hozir nima uchun sigaretni olganini oʻzi ham bilmadi. Kayfi tarqagan boʻlsa ham u hanuz karaxt edi. Turmaga qanday qilib tushib qolganiga xayron, xayol uni turli koʻchalarga haydardi. Berk koʻchalarning biriga kirib, tentirab, undan chiqardi-da, soʻng yana boshqa berk koʻchaga roʻpara boʻlardi. Uning esida qolgani — boshqonga shartta-shartta gapirgani, «fosh qilish qoʻlimdan keladi!» deb katta ketgani. Boshqon «osmon qoʻlingda boʻlsa tashlab yuboraver», dedi. Sharif «endi boshqon bilan yuz koʻrmas boʻldim», deb oʻtirganida, peshinga yaqin xonasiga kirib keldi. Boshqon ishi boʻlsa uni xonasiga chaqirtirardi. Sharif uning kirib kelganini koʻrib «gapim jonidan oʻtibdi-da», deb oʻyladi. Lekin boshqon, uni hayron qoldirib, bir soat ilgari boʻlib oʻtgan noxush suhbatni eslamadi. Yo «sizdan oʻtganini men kechirdim, mendan oʻtganini siz kechiring» demadi. Kirdiyu:
— Yuring, ketdik, — dedi.
— Qayoqqa? — deb ajablandi Sharif.
— Sattornikiga, bugun otasining yigirmasi.
Sharif bir bahona topib, toʻyga bormasa bormasdi, ammo maʼrakalardan qolib boʻladimi? Shu bois indamay turib, boshqonga ergashdi. Boshqonning mashinasiga yana idoraning ikki xodimi oʻtirib, toʻrtovlon yoʻlga chiqishdi. Maʼraka boʻlayotgan koʻchani toʻplanib turgan behisob mashinalardan ham bilsa boʻlardi. Odamlar ham qator tizilishib, ichkari kirib osh yeb chiqish uchun navbatda turishardi. Toʻgʻri, ularning maqsadi qorinni toʻqlab ketish emas. Niyat — marhum ruhini eslash, xonadon egalariga hamdardlik bildirish. Shunday boʻlsa-da, Sharifga navbatda turish malol kelardi. U oʻzicha «obbo», yarim soat turarkanmizda», deb qoʻyib mashinadan tushdi-da, odamlar qatorida turib chetga chiqmoqchi edi, boshqon «bu yoqqa yuravering», deb hech qayoqqa qaramay toʻgʻriga yoʻl oldi. Sattor ularni koʻriboq peshvoz chiqib, qoʻshqoʻllab soʻrashdi-da, uyga boshladi. Katta hovlidagi barcha oʻrinlar band. Xizmatdagilarning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Boshqon bilan kelganlarni alohida izzat bilan ichkariga, uyga boshlashdi. Keng, naqshinkor uyga ziyofatlardagiday dasturxon yasatigʻliq, tashqaridan eshitilib turgan tilovat ovozlari demasa, ziyofatga keldik, deb oʻylash ham mumkin edi. Boshqonning oʻzi, Sharifni hayron qoldirib, qiroat bilan qurʼon tilovat qildi. Choy kirdi, non sindirildi. Sharif «endi osh kirar», deb oʻyladi. Ammo yana choy kirdi. Ikkala choynakni olgan idora xodimi boshqonga qaradi:
— Oqidanmi yo qizilidanmi, xoʻjayin?
— Oʻldirsa ham qizili oʻldirsin.
Sharif «maʼrakalarda ichilyapti», degan gapni eshitgan, ammo oʻzi bunga hali guvoh boʻlmagandi. Unga ham quyib uzatishgach, bir ijirgʻandi-yu, olmadi. U xudojoʻy emasdi. Boshqon kabi tilovat qilish ham qoʻlidan kelmas edi. Ammo bunday marosimda ichishdan hazar qilardi. Koʻkragida uygʻongan bir his nafrat uygʻotar edi. Hozir shu nafrat bilan boshqonga qaradi:
— Bu yogʻi oʻrischa boʻp ketdi-ku? — dedi.
— Olavering, gunohi mening boʻynimga, — dedi boshqon. Keyin qoʻshib qoʻydi: — Niyat bilan olsa gunohi yoʻq. Buning kayfi harom, oʻzi halol. Uzumning suvini shu paytgacha birov harom demagan. Sattor «otamning joyi jannatda boʻlsin», deb niyat qilib dasturxon yozgan. Kimda-kim shu niyatiga yetmasin desa, mayli, olmasin.
Sharif shu gapdan keyin ham ichmadi. Keyin shunga oʻxshagan gap yana qaytarilgach, uni ham shayton yoʻldan urdi. Goʻyo uning aybi bilan marhum doʻzax olovida qovurilayotgandek tuyulib, bir-ikki xoʻplam ichdi. Keyin esa… Soʻng bu «maʼraka»dan chiqib, kimnikigadir ziyofatga kirishdi. Gapdan gap chiqdi. Boshqonga nimadir otgani esida. Keyin… oʻzini qamoqda koʻrib «bitta-yarimtani oʻldirib qoʻymadimmi», deb ham oʻyladi.
Hozir tergovchi uzatgan sigaretni olganida shu dahshat iskanjasida oʻtirgan edi. Shu talvasaga bandi boʻlib, sigaretga qoʻl uzatganini oʻzi ham sezmadi
— Men Zohid Sharipovman. Shahar prokuraturasining tergovchisiman. Aybingizni bilasizmi? — dedi Zohid unga tikilib.
— Yo'-oʻq… — Sharif Namozov oʻzining ovozini oʻzi bazoʻr eshitdi.
— Siz qoradorifurushlikda ayblanyapsiz. Uyingizdan katta miqdorda qoradori kukuni topilgan. Portfelingizdan ham. Xaltachalarda barmoq izlaringiz bor.
— Nima dedingiz? Qoradori… furushlik? Mening uyimdan… Portfelimdan… — Namozov Zohiddan «adashibman, gunohingiz boshqa» degan gapni kutib, ilinj bilan tikildi. — Siz… adashmayapsizmi? Gunohim boshqadir?
— Yana qanday gunohingiz boʻlishi mumkin?
— Gunohimmi? — Namozov dafʼatan javob berolmay chaynaldi. — Masalan… birovni urgandirman… Kayfda boʻladi-ku?
— Birovni urgan boʻlsangiz, bu ish bilan shahar prokuraturasi shugʻullanmas edi. Adashganimiz yoʻq.
Namozov yengil tin oldi. Yelkasidan tog' agʻdarilganday boʻldi. Zohid undagi oʻzgarishni sezdi. U Namozov aybnomani darrov rad etadi, isbot talab qiladi, deb oʻylagan edi. Indamay oʻtirishiga qarab, «boʻyniga oldimi», deb taajjublandi.
— Nimaga indamayapsiz?
— Men… ochigʻini aytsam, odam oʻldirib qoʻyibmanmi, deb qoʻrquvdim.
— Qoradorifurushlikni yengilroq jinoyat deb oʻylayapsizmi?
— Sizning tilingizda yengilmi yo ogʻirmi, bilmayman. Balki unisi uchun ham, bunisi uchun ham otarsizlar. Lekin men uchun odam oʻldirib otildi, degan nomus yomon.
— Qoradori oʻnlab yosh jonlarni halok qiladi. Bunisiga nima deysiz?
— Nima derdim, bunga qoradori sotadiganlar javob beraversin.
— Siz-chi?
— Umrimda qilmaganman bunaqa ishni.
— Oʻzingiz ham isteʼmol qilmaganmisiz?
— Nimani? Qoradorinimi? — Namozov bosh chayqadi.
— Qoningiz tekshirilganda tarkibida qoradori topilgan. Siz faqat aroqdan emas, qoradoridan ham mast edingiz.
— Yolgʻon.
— Sizga sudmedekspertiza xulosasini koʻrsatamiz. Hozir esa… bilagingizga qarang.
Namozov shoshilib pidjagini yechdi-da, yengini shimarib bilagiga qaradi. Yoʻgʻon tomir ustida bilinar-bilinmas igna izini koʻrib, Zohidga dahshat nazari bilan qaradi. Uning yumaloq koʻzlari yanada kattalashganday boʻldi.
— Tamom! — dedi u titroq ovozda.
— Nima tamom! — dedi Zohid tushunmagan odamday.
Namozov boshini egib, xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotganday dedi:
— Men ajal bilan oʻynashgan ekanman… — u boshini koʻtarib Zohidga qaradi. — Mening boʻlarim boʻpti. Bola-chaqam omonmi, faqat toʻgʻrisini ayting.
— Xotiningizni koʻrdim. Bolalaringizni…
— Bolalarim oyimnikida edi.
— Siz kimdan qoʻrqyapsiz?
— Kimdan qoʻrqyapsiz? Men qoʻrqmayman. Qoʻrqqanimda bu yerda oʻtirmas edim…
Zohid qalin daftar ochib, taomilga koʻra Namozovni soʻroq qila boshladi. Ism-sharifini, tugʻilgan yili, kunini soʻradi. Namozov savollarga qisqa, sovuq ohangda javob berar edi.
— Qoradorini sizga kim yetkazib berar edi? — deb soʻradi Zohid asosiy maqsadga koʻchib.
— Tanimayman, — dedi Namozov gap ohangini oʻzgartirmay. U qamoqqa kimning istagi bilan kelib qolganini anglagan, puxta oʻylangan tuzoqqa tushganini fahmlagan edi. Tuzoqdan qanday qutulishni bilmas edi. Tergovchi ham balki ularning odamidir, degan oʻy uni nochor ahvolga solib qoʻygan, na ochiq gaplashishni, na oʻzini goʻllikka solishni bilardi. Qisqa muddat ichida tanlanishi mumkin boʻlgan yagona yoʻl — «bilmayman» deb turish. Zohid uning tutgan yoʻlini koʻra bildi. Shuning uchun arqonni uzun tashlab, soʻroqni davom ettirdi:
— Mijozlaringizni ayting?
— Tanimayman.
— Qanchadan olib, qanchadan pullardingiz?
— Kilosinimi?
— Aytaylik, kilosini?
Namozov oʻylandi. Oʻzicha chamaladi.
— Ming soʻmdan olib, bir yarim mingdan sotardim.
— Demak, kilosidan besh yuzdan qolarkan-da?
— Ha, shunaqa.
— Koʻpdan beri sotarmidingiz?
— Koʻpdan… uch-toʻrt yil boʻldi.
— Pulni nima qilardingiz?
— Pulnimi? Yeb-ichib…
— Meni laqillatmoqchimisiz?
— Savollaringizga toʻgʻri javob beryapman-ku?
— Qoradorining kilosi ming soʻm ekanmi? Qaysi ahmoq ishonadi bu gapga? Siz ilmdan boshqa narsalarga ham hech aralashganmisiz?
Namozov «ilm» degan soʻzni eshitib, xuddi «daftarim uyda qolibdi», deb yolgʻon gapirib qoʻyib uyalgan boladek boshini egdi.
— Yolgʻonni eplagan odam gapirishi kerak, — dedi Zohid achchiqlanib.
«Toʻgʻri, — deb oʻyladi Namozov, — bunga ham isteʼdod lozim. Men hatto oddiy yolgʻonni ham eplay olmayman. Yolgʻondan qulluq qilsam, yolgʻondan jilmayib qoʻysam… allaqachon akademik boʻlib ketarmidim… Nasiba «bunchayam noshudsiz-a», deb toʻgʻri aytadi…»
— Menga toʻgʻri gapni ayting. Men qoradorifurushligingizga ishonmayman. Agar «yoʻq, chindan ham qoradori sotardim», desangiz, qani, meni ishontiring-chi?
Sharif qotmadan kelgan, qoracha bu yigitga ajablanib qarab, bazoʻr kulimsiradi.
— Ishontiring, deysizmi? Men jinoyatchi ekanimga sizni ishontirishim kerakmi? Qiziq-ku?
— Ha, qiziq. Aslida men sizni ishontirib, aybingizni boʻyningizga qoʻyib, qamatishim kerak.
— Ayblayvering. Men tonmayman. Boshga tushganni koʻz koʻrar ekan. Bir-ikki yil oʻtadi-ketadi. U dunyodan hali hech kim qaytmagan. Qamoqdan esa eson-omon qutulib chiqish mumkin.
— Bir-ikki yil deng?.. — Zohid oʻrnidan turdi-da, stolni aylanib oʻtib, mahbusning qarshisida toʻxtadi. Namozov «urmoqchimi?» degan xavotir bilan qarab, turmoqchi boʻldi. Zohid uni yelkasiga qoʻlini qoʻyib, «jilmang» degan ishora qildi. — Bir-ikki yil emas, sayru sayohat uzoqroq davom etsa kerak.
— Oʻn yil boʻlmaydimi, menga desa.
Zohid achchiqlanib, mahbusni ikki yelkasidan mahkam ushlab bir-ikki siltadi.
— Siz men bilan oldi-sotti qilmang. Boʻladigan gapni ayting, kimdan qoʻrqyapsiz?
Sharif uning koʻziga qarab oldi. Yaqindagina muloyim boqib turgan, ishonch uygʻotishi mumkin boʻlgan nigohda jahl uchqunlarini koʻrib «Endi doʻpposlaydi», deb oʻyladi. Boshini egib, gardaniga musht tushishini kutdi. Hatto gardani toshday qotib, zirillay boshladi. Musht tushsa, ogʻriq tarqab, yengil tortadiganday tuyulib, «ursa uraqolmaydimi» deb oʻyladi. «Keyin kaltakdan odam oʻlmaydi. Odam qatoriga kirib kaltak yesam yebman-da. Bola boʻlib birov bilan mushtlashmabman, birovdan tuzukroq kaltak yemabman. Ana endi, dongʻim chet elga chiqib turganida bir befarosat savalasa. Lissabonda hozir mening taʼrifimni keltirib maqtashayotgandir. Bu yerda kaltak yeyayotganimni tasavvur ham qilishmasa kerak…»
Sharif kutganday musht tushmadi. Zohid uni qoʻyib yuborib, joyiga qaytdi.
— Siz olim odam ekansiz. Agar zavodda oddiy xizmatchi yoki oddiy ishchi boʻlsangiz, nimadan qoʻrqayotganingizga tushunib yetardim. Birga oʻgʻirlik qilgan sheriklaridan choʻchiyapti, derdim. Hozir joyingizga qaytib, oʻylang.
Eshik ochilib, soqchi kirdi. Mahbus tomon ikki qadam qoʻydi.
— Tur, — dedi sovuq ohangda. Sharif turdi. — Qoʻlingni orqaga qil.
Sharif itoat etib, buyruqni bajardi.
«Joyingizga borib, oʻylang» emish, — deb fikr qildi u, qamoqxonaning uzun dahlizidan borar
ekan. — Endi bu yer mening joyim boʻlib qoldimi? Mening joyim… Yomon emas. Lahadga nisbatan shu yer tuzuk. Bolalarim omon boʻlsa bas. «Katta miqdorda qoradori topildi», deydi. Katta miqdori qancha? Oʻn ming soʻmlikmi? Yo koʻproqmi? Shuncha qoradorini uyimga tashlab qoʻygan boʻlsa, bu tergovchilariga ham sarf-xarajat qilishgandir? Agar bu bolaga ham besh-oʻn ming soʻm berilgan boʻlsa, umumiy hisobda… narxim chakki emas ekan-da? Oʻn besh, yigirma ming soʻmlik odam ekanman-da? Baʼzi birovlarni sariq chaqaga ham olishmaydi. Menga shuncha pul sarflashibdi. Boyvachchalar birovni qamoqdan chiqarish uchun pul sochishardi. Menga kelganda qamoqqa tiqish uchun sarflashdi. Oʻn besh, yigirma ming ularga pulmi? Bir kunda chiqarib olishadi. Men ularga yoqmay qolgan ekanman, shuncha ovora boʻlib, nayrang ishlatib, pul ketkazib yurmay, shartta oʻldirib yubora qolishsa yaxshi emasmidi?
Yo oʻldirish qimmatroq tusharmidi? Be, uch-toʻrt yuz soʻm bilan tinchitishardi. Bitta alkashni yoki giyohvandni ishga solishsa tamom-da. Lekin qon toʻkkilari kelmabdi. Nimaga? Insof qilishdimi? Insofni qayoqdan olishdi? Yo qoʻrqishdimi? Kelib-kelib mendan qoʻrqishadimi? Yo mening burnimni yerga ishqab, mulla qilishmoqchi boʻlishdimi? «Mulla» boʻlgan taqdirimda ular nima naf koʻrishadi? Baribir endi oʻsha zavodga qaytib bormayman-ku?»
— Toʻxta, devorga yuzlanib tur.
To shu buyruq yangraguncha, kamera eshigi taraqlab ochilguncha mana shu xayollar Sharifga hamroh boʻldi.
***
Zohid mahbus chiqib ketganidan keyin ham bir necha fursat oʻrnidan qoʻzgʻalmadi. Prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv inspektorining ishida katta farq borligini mana shu birinchi qadamidayoq aniq his qildi. Uning nazarida prokuraturadagi ish osonroq tuyulardi. Prokuratura xodimlari uning koʻziga loqayd toʻralar sifatida koʻrinardi. Uning avvalgi ishi jinoyat iziga tushish, jinoyatchini ushlashdan iborat edi. Qolganini jinoyatning katta-kichigiga qarab yo shahar, yo depara prokuraturasiga oʻtkazilardi. Tergovchilar savol-javob qilib ishni sudga oshirishardi. Endi esa sobiq hamkasbi — jinoyat qidiruv inspektori ushlab bergan jinoyatchining taqdiri uning qoʻlida. Birinchi jinoyatchi — olim. Yaqindagina olimlik shohsupasi tomon dadil borayotgan, akasi oʻlimidan soʻng shartta burilib, boshqa yoʻlga oʻtgan, dam-badam olimlik koʻchalarida xayolan sarsari kezuvchi yigit yangi ishda ilm odamiga yoʻliqib tursa! Taqdir uni sinamoqchimi?
Zohid yuragi siqilib, daftarga formulalarni beixtiyor yoza boshladi. Uning odati shu — yuragi siqilsa, kalavaning uchini yoʻqotib, garang boʻlsa, beixtiyor ravishda formulalar yozib, yechib chiqara boshlardi. Yod boʻlib ketgan Eynshteyn nazariyalari yoki hisob olamining yechimi mushkul raqamlari daftar sahifalarini toʻldirardi.
U huquq sohasiga buyuk umid bilan oʻtgan edi. Adolat tiklamoqni istab edi. Bir dehqonning bolasiga hayotda nima kerak? Kunda bir kosa ovqatga qorni toʻygan, ovqat boʻlmagan taqdirda non-choyga qanoat qilgan, egnidagi kiyimining yengi to tirsagiga kelib, kalta boʻlib qolgunicha yangisini koʻrmay oʻsgan bola podsholik taxtini talab qilarmidi? Otasining yonida ketmoniga sigʻinib yashagan, rais buva marhamat etgan damda maktabda oʻqib, boshqa payt dalada kesak yalagan bola dunyoga taniluvchi olim boʻlish orzusida yurarmidi? Qarangki, shunday boʻlishi mumkin ekan. Akasi shahardagi oliy oʻqishga kirganida Zohid toʻqqizinchi sinfda edi. Bir tomondan akasiga havas qilib, yana bir tomondan riyoziyot muallimi qiziqtirib oʻqishlari birmuncha yaxshilanib, oqibatda oltin nishonga daʼvogar boʻlib qoldi. Dunyoning ajabtovurligini qarang-ki, suvchining oʻgʻli shunday eʼtiborga, yaʼni, daʼvogarlikka loyiq ekan. Ammo palovning masalligʻi bilan shavla pishirish mumkin boʻlganidek, aʼlochi bola oltin nishon olavermaydi. Palovni damlayotganda bir piyola suvni meʼyoridan koʻproq quyib yuborsangiz, qoʻlbola shavla yeysiz, oʻquv davomida mingta «besh» olib, bittagina «toʻrt»ga ilinsangiz, oltin nishonni tushingizda koʻrib, aʼlochi bola sifatida maktabdan uchirma boʻlasiz. Albatta, bilim bergan muallimlaringizga mingdan-ming rahmatlar aytishni unutmaysiz.
Sizni bilmayman-u, ammo Zohidning boshiga shunday savdo tushgan. Peshonasiga «jamiyatshunoslik» degan fandan bitta «toʻrt» olish yozilgan ekan, nima qilsin bechora. Riyoziyot muallimi bir yondan, akasi bir yondan targʻib qilib, uni Maskovdagi oliy oʻqishga borishga koʻndirishdi. Shu munosabat bilan otasi bitta sigirni sotadigan boʻldi. «Ikkita sigirni boqish azobidan qutulaman. Bir oilaga bitta sigir yetadi-da, kuzga borib tugʻib bersa, yana ikkita-da…» dedi otasi. Otasi koʻp alomat odam-da. Xudo uni yaratishga yaratib, soʻng unutib qoʻyganmi, har holda shundaygina yaralganicha qolavergan — ustomonlik, hiyla, makr, yolgʻon degan neʼmatlardan bebahra yuravergan. Yoʻqsa, bitta sigirning puli bilan oʻgʻlim katta oʻqishga kirib, katta odam boʻlib ketadi, deb oʻylarmidi. Televizorni dastlab koʻrgan mahalda gʻuncha labli qizga koʻz qisib, imlab qoʻyib bir hafta oʻzicha xursand boʻlib yurgan odamning oʻgʻli voyaga yetib Maskovday joyda oʻqir ekanu sigirdan voz kechishi nima ekan?..
Ham tijorat, ham sayohat deganlariday, riyoziyot muallimi ham borgan edi Maskovga. Yozma imtihondan «uch» olgach, tarvuzlari qoʻltiqlaridan tushdi. Zohid masalani yod qilib olgan edi, muallimiga yozib koʻrsatdi — toʻgʻri chiqdi. Muallim imtihon oluvchilar bilan bahslashdi. Foyda bermadi. Ogʻzaki imtihonni «toʻrt» bahoga topshirib, rus tilidan «ikki» oldiyu «sigirning joni shularga xudoyi boʻldi-da», deb qaytishdi. Ular «Toshkent oʻqishxonalarida poraxoʻrlik kuchli, Maskovda insof bor», degan umidni, oʻyni oʻsha yoqning oʻziga koʻmib kelaverishdi. Zohid ketmonni yelkasiga tashlab, otasi bilan dalaga chiqdi.
Kolxozda oʻn besh kun ozodlik eʼlon qilinib, kuniga toʻrt-beshtadan toʻy oʻtayotgan kunlarda qishloqqa tepakal bir oʻris jingalak sochlari oqarib ketgan bir oʻzbek bilan birga kelib, Zohidni surishtirdi. Zohid uni tanidi: Maskovda ogʻzaki imtihonni shu odamga topshirgan edi. Uning muallim ekanini bilardi, biroq, riyoziyot boʻyicha yetuk mutaxassis ekanidan bexabar edi. Jingalak sochlari oqargan oʻzbekni esa Zohid tanimadi.
— Yozma imtihondagi masalani men tuzgan edim. Uning ikkita yechimi bor edi. Sen yechimning uchinchi yoʻlini topgan ekansan. Keyin fikrlasam, sen topgan yoʻl maʼqulroq ekan. Sen kelgusi yili Moskvaga albatta borishing kerak. Mana, Habib Sattorovich sendan xabar olib turadilar. Bu kishi mening shogirdim. Sen menga kenja shogird boʻlasan.
Zohid bundan behad xursand edi. Goʻyo oliy bilimgohni bitirib kelganday quvongandi. Biroq, muallimi tushmagur ishni buzdi.
— Zohid endi Maskovga bormaydi, oʻrtoq professor. Bilimgohingizda Oʻzbekiston uchun nechta oʻrin ajratilgan? — deb soʻradi. — Bittami? Bu yil kim kirdi? Sizga yolgʻon, menga chin — ministrning oʻgʻli kirdi. Karra jadvalni biladimi yo yoʻqmi, menga qorongʻi. Lekin u imtihonlarni «besh»ga topshirdi. Siz tuzgan masalani ham zoʻr qilib yechib bergandir. Oʻzbekistonda ministr deganlari koʻp, ularning bolalari koʻp. Har yili bittadan sigir sotishga bizning qurbimiz yetmaydi. Kambagʻalning bolasi qadimda ham oʻqiyolmagan, hozir ham oʻqiyolmaydi. Katta olimlar, katta odamlar tarjimai holida kambagʻaldan chiqqanman, yetimxonada oʻsganman, deb yozishadi. Bari yolgʻon! Hammasi boyning bolalari. Hammasi otasining oltinlari tufayli oʻqib odam boʻlgan!
Muallimning bu gaplari Zohidning otasiga maʼqul kelib, «oʻgʻlim Maskovda oʻqisin» degan umididan voz kechdi.
Ketmonini tinchgina chopib yurganida, kelgusi yoz boshlarida Habib Sattorovich degan odam yana kelib, eski gapni qoʻzgʻadi. Uzoq davom etgan muzokaralardan soʻng tomonlar sulhga kelishdilar — Zohid Maskovda emas, Toshkentda oʻqishga rozi boʻldi. «Mayli, oliy maʼlumotni Toshkentda olsin, biroq, aspiranturani albatta Moskvada oʻqiydi», dedi Habib Sattorovich. Oʻqishning ikkinchi yiliyoq, Zohid olimlar nazariga tushdi. Uning imkoniyatlari, kelajagi haqida umidli gaplar boshlangandi. Biroq, akasining oʻlimi, tergovchilar, hakamlarning nomardligi barcha imkoniyatu umidni parchalab tashladi. Zohidning yelkasiga bir shayton minib olib «bu oʻqishni tashlaysan, huquq ilmini olasan, bu ablahlarga qarshi kurashasan, adolatni tiklaysan, bechoralarga suyanchiq boʻlasan», deb mingʻirlayverdi. Zohid bu gaplarga koʻndi. Toʻngʻich oʻgʻli dardida qaddi bukilgan otaga ham shu fikr maʼqul keldi.
Mana, oradan yillar oʻtib, riyoziyotchilar umid bilan qaragan yigit shahar turmasining soʻroqxonasida yolgʻiz oʻtirib, raqamlarga raqamlar ulayapti: qoʻshuv, boʻluv, oluv, soʻng ildiz ostidagi raqamlar… Bularni yechish unga choʻt emas. Ammo adolat formulasiga tishi oʻtmayapti. Ne-ne allomayu donishmandlar yecha olmagan masalaga uning qurbi yetarmikin?
(davomi bor)

Izohlar 0
Hozircha izoh yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring!