📖 Hikoyalar

Ғаройиб ҳодисалар изидан: “ЎРМОН ХЎЖАЙИНИ…” (Асаби бўшлар ўқимасин)

3 daqiqa 1.6K marta oʻqildi
Ғаройиб ҳодисалар изидан: “ЎРМОН ХЎЖАЙИНИ…” (Асаби бўшлар ўқимасин)
Bu qish boshqa yerlarda boʻlgani kabi Verxnaya Valuna qishlogʻi yaqinidagi oʻrmonlarni ham chetlab oʻtmadi. Qalin yoqqan qor, kuchli sovuq oʻrmondagi jonivorlarni ham qiyin ahvolga solib qoʻydi. Endi boʻrilar, ayiqlar, tulkilar qishloq odamlarining hayotiga rahna solishi mumkin. Ammo qishloq ahli ulardan qoʻrqishmaydi. Ular faqat bir kishidan — oʻrmon xoʻjayinidan qoʻrqishadi xolos…
QORDAGI OYoQ IZLARI
Yaqinda maktab oʻquvchilari oʻrmonda oʻynab yurib qor ustida gʻalati oyoq izlarini koʻrib qolishdi. Bu izlar odam oyoq izlari edi-yu, ammo uzunligi qirq besh santimetrlar kelardi. Vaholanki, bunday uzun panjali odam qishloqda yoʻq…
Bolalar darrov qishloqqa qaytib koʻrganlarini kattalarga aytishdi. Shu zahoti bir necha ovchilar sakson yoshli keksa otaxon boshchiligida oʻrmonga yoʻl olishdi. Ular oyoq izlari tushgan chiziq boʻylab ketaverishdi. Afsuski, koʻl boʻyiga borganda iz gʻoyib boʻldi…
Ertasi kuni yana oʻsha ovchilar itlar bilan koʻl boʻyiga kelishdi. Bilishdiki, bu qachonlardir afsonaga aylanib ulgurgan oʻrmon «xoʻjayini»ning izlari. Demak, u shu yaqin atrofda boʻlishi kerak…
Aksiga olgandek, shu kunga qadar boʻrini ham, hatto ayiqlarni ham bemalol yiqita olgan itlar kutilmaganda dumlarini qisib egalarining ortiga yashirinaverishdi.
— Qoʻyinglar, — dedi sakson yoshli keksa ovchi yigitlarga. — Qidirishni bas qilaylik! Itlar faqat gala boshligʻidangina qoʻrqishadi. Bu degani, biz qidirayotgan odamsifat mahluq shu atrofda ekanini itlarimiz sezishdi. Qoʻyaylik, tagʻin oʻzimiz ham bir baloga yoʻliqib ketmaylik, bolalarim!..

AYIQ INI
Aʼzoyi badani kulrang jun bilan qoplangan, bahaybat qor odam haqidagi mish-mishlar qishloq ahli orasida azaldan avloddan avlodga oʻtib keladi. Lekin har gal yoshlar kattalarning bu gaplaridan kulib qoʻya qolishadi xolos. Ularning fikrlashicha, bu gaplar shunchaki afsona. Hech qanaqangi qor odam, oʻrmon xoʻjayini yoʻq…
Shuning uchunmi, 25-30 yoshlar atrofidagi besh-oʻn nafar ovchi yigitlar baribir uni qidirib topish ilinjida yoʻlga otlanishdi. Garchi kattalar qarshilik koʻrsatishsa-da, quloq tutishmadi.
Avvaliga koʻl boʻyidagi boshqa izlarni qidirib koʻrishdi. Nihoyat narigi sohilda ayiq ini topildi. Xayriyatki, in boʻm-boʻsh edi. Faqat ichkarida boʻri, ayiq terilari sochilib yotardi. Hatto, olov yoqilgan boʻlsa kerak, bir uyum kul ham bor edi.
— Aniq, bu yerda oʻsha odamsifat mahluq maʼlum vaqt yashagan. — dedi yigitlardan biri sheriklariga. — Qani, nariroq boraylik-chi!..
Ellik metrlar narida qorga koʻmib qoʻyilgan ayiq jasadini topishdi. Jasaddan faqat suyaklargina qolgandi. Bir necha qovurgʻalari sinib ketgan.
— Qor odam bilan ayiq oʻrtasida haqiqiy olishuv boʻlgan. — deya oʻz fikrini maʼqulladi boyagi ovchi yigit. — Mana, suyaklarini sindirib yuboribdi. Bundan kelib chiqadiki, u ayiqdan ham kuchliroq. Va mabodo qoʻliga tushib qolsak, bizning suyaklarimizniyam topisha olmaydi…
Yigitlar yaxshilab tekshirib koʻrishganda, bir narsa maʼlum boʻldi. Qor odam ayiq goʻshtini tishi bilan tortqilab emas, balki toshdan yasalgan pichoq yordamida kesib-kesib yegan. Demak, u qurollangan…
Shundan keyingina ovchi yigitlar vahimaga tushib tezda juftakni rostlab qolishdi…
JUMBOQ
Ha, oʻtgan asrning oʻttizinchi yillaridayoq Verxnaya Valunaliklar qor odamni uchratishgan. Oʻshanda ham qishloq ahli qor ustidagi yirik panja izlarini koʻrib tezda hokimiyat vakillariga xabar berishgandi. Sovet davri emasmi, bu mish-mishlar butun ittifoq boʻylab tarqalmasligi uchun kattalar darhol bosdi-bosdi qilib yuborishdi. Biroq bir guruh ekspeditsiya aʼzolarini qishloqqa yuborib har ehtimolga qarshi tekshirib koʻrishga buyruq berishniyam unutishmadi. Ekspeditsiya aʼzolari uzoq vaqt qor odamni izlashdi. Faqat… Sheriklaridan biri izsiz gʻoyib boʻlgachgina ortlariga qaytishdi. Shu-shu qishloq ahli qanchalik jar solib qor odam haqida gapirishmasin, ularning soʻzlariga hech kim ishonmay qoʻydi.
Oltmishinchi yillarga kelib esa, ikki oʻsmir oʻrmonda oʻynab yurib adashib qoldi. Qishloqdagilar ularni naq bir hafta qidirishdi. Qarangki, sakkizinchi kuni bolalarning oʻzlari oʻrmondan chiqib kelishdi. Ikkovlarining ham ranglari oqarib ketgan, nimadandir qattiq qoʻrqqanlari koʻrinib turardi.
— Biz adashib qolgandik. — dedi oʻsmirlardan biri. — Uxlab yotganimizda tepamizga bahaybat, badanini jun bosib ketgan bir odamsifat mahluq kelib qoldi. U bizni yongʻoqlar bilan mehmon qildi…
Odamlar bilishdiki, bu qor odamning oʻzi. U bolalarga rahmi kelgan shekilli, ikki-uch kun kechalari kelib ularning qornini toʻydirgan-u, soʻngra gʻoyib boʻlgan. Oxirgi kuni esa, bolalar qishloqqa olib boradigan yoʻlni topib olishgan…
Hozir ham ovchi yigitlar uning izidan yurib qidirish bilan ovora. Baxtga qarshi, hamon qor odamni koʻrish sharafiga muyassar boʻlishmayapti.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!