📖 Hikoyalar

Yosh qizning iztirobi: «Men hech qachon ona boʻla olmayman!»

4 daqiqa 2.7K marta oʻqildi
Yosh qizning iztirobi: «Men hech qachon ona boʻla olmayman!»
— Hayotning zarbalari insonni qiynab qoʻyar ekan. Soʻnggi paytlar hech narsaga hafsalam yoʻq. Azoblarimning oxiri tugamaydiganday tuyuladi goʻyo. Bilaman, qiz bola dardini ommaga dasturxon qilishi chiroyli ish emas. Ammo shu qadar tushkunlikka tushib qoldimki…
Toʻgʻri, har bir odamning bu hayotda oʻziga yetgulik dardi bor. Barchamizda bir muammo. Ammo mening muammom hech tugamasa kerak. Agar ortga qaytishning imkoni boʻlganida edi, hamma narsani boshqatdan boshlardim.
Turmushga chiqqanimda endigina oʻn sakkiz yoshda edim. Ota-onam qarshilik bildirishimga qaramay, oʻzimdan oʻn besh yosh katta odamga uzatishgan. Ana shundan keyin mening qora kunlarga boy hayotim boshlandi. Hayot tugul, hali roʻzgʻor tashvishlarini ham tushunmaydigan qiz uchun yangi oila chinakam azob edi. Qaynonamga hech qaysi ishim yoqmas, qaynotam esa har ikki gapining birida jerkib muomala qilardi. Dangasalik yoki bahona emas, men shunchaki barcha ishga ulgura olmasdim. Qolaversa, oʻqishga borishimga ham turmush oʻrtogʻim qarshilik bildirdi. Erim nihoyatda rashkchiligi tufayli, hatto qoʻl telefoni ham ishlatmasdim. Ota uyimga boshqalar qatori har ikki hafta, jilla qursa, bir oyda ham bormas, faqat oʻnlab yalinishlardan soʻng bir soatgagina ruxsat olardim. Uy yumushlaridan hech kim oʻlmagan. Ammo oʻn sakkiz yoshli qizni faqat ishlatish uchungina kelin qilishganday tuyulaverardi menga. Erimning hatto mehri ham sezilmas, kundan-kunga oʻrtamizdagi munosabat shu tariqa soviy boshlagandi.
— Men sizga turmushga chiqqanman, lekin faqat ish va oyingiz bilan kunim oʻtadi! — deya kunora yigʻlashni boshladim.
— Mendan nima xohlayapsan oʻzi? Hamma shunday yashayapti-ku!
— Hech qaerga olib bormaysiz, axir zerikib ketyapman…
— Zeriksang ham hayot shu!..
Erim «hayot shu» degan gapni juda koʻp aytaverganidan oxiri bunga ham koʻndim. Oradan vaqtlar oʻta boshladi. Qaynonam meni yoqtirmasligini juda yaxshi bilardim, ammo farzand koʻravermagach, koʻrarga koʻzi qolmaganini tushunib yetdim. Tabiblar ham menga yordam bera olmagach, onam meni xususiy shifoxonaga olib bordi. Ming afsuslar boʻlsinki, men hech qachon ona boʻla olmas ekanman. Bu xabarni eshitib, oyoq-qoʻllarim toshday qotdi. Koʻzimga hech narsa koʻrinmay, dod-faryod koʻtardim. Yigirma yoshli qizning kuchli stressi shifokorlarni ham hayratga soldi.
— Juda ogʻir vaziyat. Ammo bu degani hayot tugadi, degani emas. Oʻzingni qoʻlga ol, qizim! — shifokor menga umid bermoqchiday tikildi.
— Nimalar deyapsiz oʻzi? Men axir hech qachon farzand koʻra olmayman-ku! — deya hamma narsani uloqtirishni boshladim.
Menga tinchlantiruvchi ukol qilib, shifokor obdan suhbatlashdi. U ayol shunchalar qatʼiyatli, mehribon, sabrli ediki! Men undan taralayotgan kuchdan nimalarnidir oʻzimga oldim. Shifokor menga hayotda hammaning ham bir dardi borligini va bu uchun Yaratgan, albatta, boshqa tomondan bizni mukofotlashini, ne-ne qaygʻularga ham insonlar bardosh qilib yashab kelayotganini aytib tushuntirdi. Garchi erim va qaynonamni yaxshi bilsam-da, qalbimda kichkinagina umid bor edi. Oʻsha umid menda, ehtimolki, erimga nisbatan kuchli muhabbatni uygʻota olar, hayotga boʻlgan qiziqishim ortardi. Lekin… Qaynonam farzand koʻra olmasligimni eshitib, koʻzimni batamom ochirmay qoʻydi. Bu shum xabardan soʻng bir haftagina erim bilan yashadim, xolos. U hatto koʻnglimni sindirishdan ham qoʻrqmay, meni uyimga olib kelib qoʻydi. Bizning u bilan munosabatimiz doim shu tarzda kechgan, juda sovuq edi, aslida.
Er-xotin oʻrtasida muhabbat, oʻzaro tushunish, ruhiy koʻmak degan narsalarni men endi-endi akam va kelinoyim oʻrtasidagi munosabatdan bilyapman. Aynan shu sababdanmi, erimning bu ishidan u qadar dilim ranjigani yoʻq. Qalbim nidolarini bir chetga surib, ota uyimda odatdagiday yashab yuribman. Lekin har kunim bir xil. Hayotimda hech bir yangilik, rangli sahnalar koʻrmayotganim dilimni xufton qilyapti. Na erimdan, na farzand koʻrib ona boʻla olishdan yolchimaganim qanchalar qaygʻuga solayotganini tushuntirishim mushkul. Menga yordam bering, nursiz hayotimdan olib chiqib keting meni. Men juda baxtsizman! Har kuni shu haqida oʻylayverib telbaga aylanmasam edi!..
Psixolog maslahati
Hurzoda KARIMOVA:
— Singlim, avvalo, sizga eng katta xushxabarni beraman: Siz hali yoshsiz! Juda yosh va navnihol. Agar bilsangiz edi, ne-ne odamlar sizning yoshligingizga havas-la boqishini! Endi esa xatongizni tushuntiraman: har kuni baxtsizlik haqida oʻylayotganingiz. Umuman olganda, siz doim, eringiz bilan yashayotganingizda ham, qaynonangizning zugʻumlarini koʻrmasdan avval ham «Men baxtsizman» qolipiga tushib qolgansiz. Oʻzingizda bor narsalarni qadrlashni, oʻsha narsani yoʻqotmasingizdan avval oʻylang. Toʻgʻri, erta turmush tufayli koʻp aziyat chekibsiz. Ammo hozir bu gʻamlarni oʻylab, qaygʻuli oʻtmish ichida yashashdan nima naf?! Ortga tashlang, jon singlim! Siz bilan suhbat qurgan shifokor haq gapni aytibdi: «Hammaning bir dardi bor! Shunga yarasha Yaratgan bizni boshqa tarafdan toʻldiradi!»
Aytishlaricha, insonning dardlari bir quti boʻlib, har kim qutilarini almashtirib koʻra olganida edi, barchamiz alal-oqibat oʻz qutilarimizni qaytarib olarkanmiz. Unutmang, sizning farzand koʻra olmaslik dardingizni qoplovchi bir yorugʻlik, albatta, paydo boʻladi. Lekin siz ham harakat qilishingiz shart! Zero, Parvardigor yongʻoqni yaratgan, uni chaqish sizning vazifangiz. Hozir birinchi qiladigan ishingiz biror yerda oʻqish boʻlsin. U xoh oliy taʼlim dargohi, xoh biror hunar boʻlsin, sizni zavqlantirishi shart. Keyin qiziqishingizga oid sevimli ish bilan ham shugʻullaning. Qolaversa, sport bilan shugʻullanish, dugonalaringiz bilan tez-tez uchrashish va albatta, doim kulib yurishni odat qiling. Mana koʻrasiz, siz harakatni boshlagan ondan hayotingizga nur kirib kela boshlaydi. Ana oʻsha nurni iroda bilan mahkam tuting, oʻzingiz bilmagan holda xursand boʻlaverasiz. Hayotingiz oldinda, yana aytaman, hali yoshsiz, yaxshi yigitlar juda koʻp. Sizning tengingiz ham, albatta, chiqadi. Zero, Xudo bandalarini har tarafdan siqib qoʻyuvchi emas, aksincha, u Rahmondir!
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!