📖 Hikoyalar

Hikoya: Qasdli dunyo

7 daqiqa 2K marta oʻqildi
Hikoya: Qasdli dunyo
Hikoyamiz qahramoni — ikki nabirali ayol.
Bittagina oʻgʻli xotinining gapiga kirib, boshqa joyga koʻchib ketdi-yu, alam nimaligi, yolgʻizlik qanchalik dahshatli ekanini vujud-vujudi bilan his etayotgan Farida opa eshigini qoqqan oʻzi tengi erkakdan koʻz uzolmay qoldi. «Xudoyim, menga nima boʻldi? »
Oʻshanda ijaraga uy qidirib yurgan bu odamning ham ikki koʻzi ostonada bir xil boʻlib turgan uy sohibasida edi. U ham ayolga allatarz qarar va… nomaʼlum hisdan sarxushlanib, toshday qotgan oshiqni eslatar edi holati. Nahot bir koʻrishda oshiqu beqaror boʻldi-qoldi?
— Odam qoʻyib boʻlgandim-da, — dedi Farida opa.
— Kechikibman-da?.. — shashti pasaydi erkakning.
— Yosh oilaga bervordim. Sizga ham oilagami?
— Yoʻq, ajrashganman. Turmushimiz oʻxshamadi, uydan chiqib ketdim.
— Shunaqa deng… — opa keluvchiga boshdan-oyoq razm solarkan, bir lahzada ming fikr boshidan oʻtdi. Koʻz oʻngida oʻgʻli jonlandi. «Tashlab ketdi-ya, xotinini deb! Men boʻlsam, oʻgʻlim bor-ku, deb qayrilib qaramabman biror erkakka. Nima, tengim topilmasmidi?.. Sen ham ayolsan, Farida… Shuncha umring oʻtdi bolang uchun! U nima qildi?!»
— Ichkariga kiring! — dedi ayol beixtiyor.
Dasturxon yozildi. Koʻngilli, huzurbaxsh oʻtdi birinchi suhbat. Uy sohibasi «mehmon»ni yoʻlakkacha kuzatib qoʻydi.
Keyin-keyin bu erkak koʻp keladigan boʻldi. Farida opa yotsa ham, tursa ham uni oʻylardi. «Sezyapman, u ham befarq emas. Nahotki shu istarali, basavlat, barno kishining hayotimga kirib kelayotgani rost boʻlsa?..»
— Qachon nikoh oʻqitamiz? — soʻrab qoldi bir kuni erkak.
— Nikoh?! — hayajonlanib ketdi Farida opa. — Darrov, a?
Ayol oʻyga toldi. Shoshilmayaptimi? Axir eskilar «Sina, soʻrab-surishtir» deyishgan. Ammo «Bir qarashdagi muhabbat» degan gap ham bor-ku dunyoda! Bir qarashdagi muhabbatdan baxt topgan, bir umr saodatli hayot kechirgan odamlar ozmi?
* * *
Qaynona-kelinning chiqisholmasligi oila tinchini buzar, tang ahvolda qolgan Farhod ikki oʻt orasida yonardi: onasini desinmi, xotininimi?
Oxir-oqibat beshtagina aʼzosi boʻlgan xonadon ikkiga boʻlindi.
Farhod Chirchiqdan uy sotib oldi. Yangi ish topdi. Qulogʻi ham tinchlangandek boʻldi-kuya, lekin xayoli Toshkentda, yolgʻiz onasida edi. Yolgʻizgina onasi…
Eshitdiki, onasi uyiga bir oilani ijaraga qoʻyibdi. Yaxshigina ijara haqiyam olarkan. Lekin, ehtimol, u ham ruhiy iskanjada: oʻgʻli bor, kelini, nabiralar… Ammo begonalar bilan yashayapti?
Eri avtofalokat tufayli vafot etib, beva qolganida Farida opa yigirma ikkida edi. Hayotini yolgʻiz farzandiga bagʻishladi. Oʻqitdi. Uylantirdi. Ammo… Farhod nima qildi? Onasi jahl ustida: «Yo men, yo xotining!» — degan edi, kimni tanladi? Xotinini! Xotin aziz ekan-da, onadan ham?!
Qattiq alam qilardi Farida opaga: «Xotin topiladi. Lekin ona-chi?!»
"Onaning mo''tabar zotligini kim bilmaydi? — oʻylardi Farhod. — Lekin kelin kim? Choʻrimi? U ham birovning erka qizi, jigarbandi emasmi? Shirindan-shakar ikkita bola boʻlsa oʻrtada. Sarson-sargardon boʻlishsinmi ular? Yetimlikning ogʻir kunligi maʼlum. Tirik yetimlik undan-da ogʻir-ku?”
Bir kuni gʻalati xabar eshitdi-yu, Farhodning ichida nimadir sindi: «Ey, Xudoyim, oyim… erga tegyapti?..»
"Nima boʻpti? — ichidan chiqardi bir ovoz. — Onang nojoʻya ish qilmabdi, oila qurmoqchi, xolos. Boshqa turmush qurish, xonadon saodatidan bahramand boʻlishga u ham haqli? Sabriga balli — bittagina bolasini oʻylab, yigirma besh yil yolgʻiz yashadi-ya! Xoʻp… Lekin u erkak kim? Qanaqa odam?»
* * *
Farhod onasinikiga bordi. Gapni nimadan boshlashni bilmay: "U odam…” — degandi, "Xotirjam boʻl, sinadim”, — dedi Farida opa oʻgʻlining nima demoqchiligini anglab.
— Qachon ulgurdingiz? — kinoya sezildi farzandning soʻzida.
— Hisob berishim kerakmi? — onasi qoshini chimirdi. — Oʻzlari hisob berganmidilar?
— Oyi…
— Nima, oyi?!..
Devorga suyangancha behol-bemajol turib qolgan Farhod iztirobini jilovlashga urinib:
— Men ham u bilan yaqindan tanishay, kimligini bilay, — dedi.
Onasi jerkib berdi:
— Aytdim-ku, kimligini! Bir musulmonning farzandi. Toparmon-tutarmon. Ha, endi… ikkita bolasi bor ekan birinchi xotinidan. Hech nimani yashirmadi. Nima, turmushi oʻxshamaganlarning hammasi yomonmi? Koʻchadagi betayinni uyga opkirmasam kerak, onangdayam aql bor!
Farhodning lablari oʻzidan-oʻzi titray boshladi:
— Aqlli ona… qasos olmaydi farzanddan. Bu yoʻl bilan oʻch olmaydi!
— Tushunmadim, nima deding? Qanaqa qasos? Shunchaki… ketishing bilan u paydo boʻldi. Hayotimda oʻzgarish boʻlishini istadim men ham. Bilaman, bu senga yoqmaydi!..
— Odamlar nima deydi?
— Kim nima desa, deyaversin! — tutaqib ketdi Farida opa. — Shuncha umrim bolam deb oʻtdi. Seni deb! Qadrimga yetdingmi? Jodugaringni deding! Ha, mayli. Tushunaman seniyam, usiz yasholmaysan. Ammo sen ham meni tushun! Har kimga oʻz hayoti shirin ekan. Men ham oʻzim uchun bir yashay! U soʻz berdi, umrimning oxirigacha xafa qildirib qoʻymayman, deb. Iltimos, yoʻlimga gʻov boʻlma.
— Oʻylab ish qilyapsizmi oʻzi?? — jigʻibiyron boʻldi Farhod. — Tuzukmi, buzuqmi… Koʻchadagi bir oʻgʻrimi, firibgarmi boʻp chiqmasin, tagʻin? Keyin attang qilib qolmang? Qaerlik ekan?
— Bolam, unaqa emas. Aytdim-ku, xotirjam boʻl, deb. Surishtirdim, tag-tugli, oʻzi asli margʻilonlik boyvachcha!
— Margʻilonlik boyvachcha?.. — Farhod dardli pichirladi-da, chuqur xoʻrsinib, boshini sarak-sarak qilarkan «Boyvachcha boshiga uradimi sizni, oyi? Manavi uyga koʻz olaytirgan u rasvo!» demoqchi boʻldi-yu, koʻksidagi faryod qanchalik kuchli boʻlmasin, tilini tiydi.
— Oyijon! — yosh koʻrindi farzandning koʻzida.
— Men bir toʻxtamga keldim, — devorga qaradi Farida opa. Keyin oʻgʻliga shunday qarash qildiki, koʻzlaridan ham xuddi oʻsha gapni «Raʼyidan qaytaraman deb xomtama boʻlma!» degan maʼnoni anglash qiyin emasdi.
Farhod boʻshashganicha tashqariga chiqdi. Chirchiqqa qaytdi. Lekin xayoli Toshkentda edi. «Onamga nima qilgan? U nima qilmoqchi?»
Toʻngʻichi: «Qachon uyimizga qaytamiz?» — deb tizzasidan quchgan edi, baqirib yubordi:
— Oʻz uyimizdamiz-ku?
— Toshkentga qaytishni xohlayman, ada! Buvimni sogʻindim…
— Buvingni sogʻingdingmi, janjalnimi? Zoʻrgʻa qutuldig-u, bolajonim? — dedi Farhod va koʻzlarini xotiniga qadadi:
— Shundaymasmi, onajonisi?
Soniya nigohini olib qochdi.
Ha, endi Farhodning qulogʻi tinch. Janjal yoʻq… Ammo yelkasidan ogʻir bir yuk bosganday oʻzini behalovat sezar, ichini nimadir kemirardi: «Onam nima qilmoqchi menga qasdma-qasd?!»
Soniya iymanibgina:
— Oyimlar yaxshimi? — deb soʻradi.
Farhodning yuziga tagʻin istehzo yugurarkan:
— Salom deb yubordi! — deya ovozini balandlatdi.
Soniya oʻgʻilchasini yetaklab ichkari uyga kirib ketdi. Farhod egilgan boshini qoʻllari orasiga oldi. Bir oh urdiki, yelkalari titrab ketdi…
* * *
Kelinda ham oldingi shasht yoʻq. U sekin boshini changallab oʻtirgan erining yoniga keldi-da, poyiga oʻtirdi. Tizzalariga boshini qoʻyib:
— Meni deb iztirob chekyapsiz, dadasi, — dedi titroq ovozda.
— Nima?..
— Xotiningizning gapiga kirib, shu boʻldimi ahvolingiz? Shumi alohida yashash? — Soniyaning gʻamgin va xijolatomuz nigohi yerda edi. U boshini pastroq egib yigʻlamsiragan koʻyi davom etdi:
— Tushunishga harakat qilmadim oyimni! Bir gapdan qolmadim… Bolalarniyam koʻryapsiz. Qachon qaytamiz, deyaverib… Dadasi, ketaylik?
— Qayoqqa?..
— Koʻnglingizdan nimalar kechayotganini bilib turibman, Farhod aka. Qay yuz bilan ostona hatlaymiz, deb azobdasiz.
Farhod oʻtirgan joyida bir qimirladi: «Koʻnglimdan nimalar kechayotganini bilmaysan, Soniya. Yangilikdan xabaring yoʻq!»
— Ketamiz. Ketamiz oʻz uyimizga, Farhod aka!
— Buning iloji yoʻq!
— Nahot?!
— Qayoqqa ketamiz?! U uyning eshigi endi berk. Biz uchun eshiklar yopilgan, Soniya!
— Gunohim shunchalik ogʻirmi? — Soniya yigʻlab yubordi.
— Aybdor — ering, — taʼsirlangan Farhod Soniyaning koʻz yoshini artdi-da, uning yoniga choʻkka tushdi. — Hammasiga sababchi onasini yolgʻiz tashlab ketgan xudbin oʻgʻil!
* * *
Farhodning qoʻl telefoni jiringladi.
— Bolam…
Gʻalati eshitilgan ovoz Farhodni dovdiratib qoʻydi.
— Ha, oyi? Tinchlikmi? Tuzukmisiz?
— Tuzukman, xavotirlanma… — zoʻrgʻa pichirladi Farida opa.
— Yashirmang, nima boʻldi? Kim xafa qildi?
— Bolam, haq boʻlib chiqding!
— Nima?..
* * *
Farida opa koʻrpa-tushak qilib yotar, aʼzoi-badani qaltirardi.
— Kim keldi, dedingiz?
— Ikki militsioner va bir ayol.
— Ayol? Xotini ekanmi? — gʻazabi junbushga kelardi Farhodning.
— Yangisi. Toʻrt oycha oldin bechoraning ishonchini qozonib, uyiga joylashvolib, uylanishgayam ulgurib… Keyin nima qilibdi, bilasanmi?
— Oʻmarib ketibdimi bor narsani?
— Ayol ishdan qaytsa, uy boʻm-boʻshmish. Uning kuniga tushishimga sal qoldi, bolam! Yer yutsin ikki nabirali boʻlib ham, esi kirmagan, duch kelganga eshigini ochib bergan onangni! Xudo olsin bu yaramasni!
— Oyi, unaqa demang. U…
— Qidiruvda ekan, qoʻlga tushibdi. Shunga qaramay mendan ham allambalo koʻrsatmalar olishdi. Yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadim, Farhod! Bir oʻzingiz turasizmi, bola-chaqangiz yoʻqmi, deb soʻrashdi…
— Sizni yolgʻiz qoldirgan bu men — noshud farzandingiz! Menga laʼnat!
— Yo men, yo xotining, deb ogʻir shart qoʻygan beandisha onang-ku!
— Xoʻsh, keyin nima qildi «andishali» oʻgʻlingiz? Tashlab ketishi kerakmidi onasini? Mening eng katta xatom — gʻazab ustida bir oʻzingizni tashlab ketganim, yolgʻiz qoldirganim! Anavi kirib kelarmidi men shu yerda boʻlsam? Haddi sigʻarmidi? Ha, mayli. Boʻlgan ish boʻpti. Siz endi oʻzingizni qoʻlga oling…
Farida opa shiftga qaragancha xayol surar — oʻgʻlining koʻzlariga qarashga botinolmasdi. Farhod ham oʻzini behalovat sezar, vujudi olovlanardi: «Unaqa ayol emasdi mening onam. Lekin alam… Alamzadalik! Uni shu koʻyga solgan men — oʻgʻlimasmi?!»
— Nabiralarimniyam sarson qildim…
Gʻaribona yotgan Farida opa shunday dedi-yu, eshik ochilib, nabiralari kirib kelishdi:
— Sizni sogʻindik, buvijon! Judayam sogʻindik!
— Bolajonlarim! — koʻzlari chaqnagan Farida opa oʻrnidan turib ketdi. U nabiralarini bagʻriga bosar, hayajondan entikardi.
«Yana kimdir kelishi kerak!» — ayol umidvor koʻzlarini eshikka tikkan edi, ostonada kelini paydo boʻldi. Chehrasi yorishib ketdi Farida opaning.
Soniya koʻzlarini aybdorgina javdiratib turar, qalbiga iliqlik ingan turmush oʻrtogʻi esa unga minnatdor boqardi…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!