📖 Hikoyalar

Gʻaroyib hodisalar izidan: “YOʻQOLGAN QIShLOQ VOQEASI”

3 daqiqa 2.1K marta oʻqildi
Gʻaroyib hodisalar izidan: “YOʻQOLGAN QIShLOQ VOQEASI”
Vladimir Plyaxin ona qishlogʻidan bir haftaga xizmat safari bilan ketdi-yu, baloga qoldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, qishloq joyida yoʻq. Oʻrnida quruq maydon turardi…
YOʻQOTISh
Shaharga qilingan safar Vladimir uchun har qalay, yomon kechmadi. U yerda otasining korxonasi bor edi. Uni Vladimirning nomiga oʻtkazib bermoqchi boʻlib chaqirgandi. Xayriyat, hammasi yaxshi tugadi. Endi sevimli qishlogʻi Stoporevkaga boradi-da, sevimli xotini Mashani qattiq-qattiq bagʻriga bosadi. Qishloqning koʻm-koʻk maysalarida yastanib oʻtirgancha toʻyib-toʻyib dam oladi…
Vladimir mashinasini uchirib qishloqqa yaqin keldi. Ammo… Oldindagi manzarani koʻrib… Shu qadar kuch bilan tormozni bosdiki, sal boʻlmasa mashina agʻdarilib ketayozdi…
Ha, bir hafta avval joyida turgan qishloq endi… yoʻq. Oʻrnida qup-quruq maydon turibdi, xolos…

QANI STOPOREVKA?..

Hech narsaga tushunmay, mashinani qoʻshni qishloqqa haydadi. U yerdagilar Vladimirni unchalik yaxshi kutib olishmadi. Biroq qattiq qoʻrquvga tushgan yigit buni sezmadi. Faqat qishlogʻini odamlardan surishtira boshlagani esida…
— Biz bir hafta oldin kechasi kutilmagan, dahshatli manzaraning guvohi boʻldik, — deya hikoya qilib berdi qishloqdagilardan biri. — Aynan Stoporevka tepasida kuchli chaqmoqqa oʻxshagan narsa paydo boʻldi. Momoqaldiroq turdi. Hammamiz qotib qoldik. Axir, u qishloq bizdan atigi yetti chaqirim narida…
Bir mahal koʻzlarimiz hech narsani koʻrmay, yerga engashib qoldik. Chunki osmonda paydo boʻlgan kuchli yorugʻlik koʻz ochishga qoʻymasdi. Oʻrnimizdan turganimizda, haligi chaqmoqdan asar ham yoʻq edi…
Qishlogʻingiz izsiz gʻoyib boʻlgani shu bilan bogʻliq emasmikan?.. Negaki, yigitlarimiz keyin borib kelishdi. Qishloqdan asar ham qolmaganini oʻshanda bildik… Uzr, sizni yaxshi kutib ololmadik. Chunki hamma sizni narigi dunyodan kelgan arvoh deb oʻylagandi…
Vladimir uzoq oʻylandi. Nahotki, butun boshli qishloq izsiz yoʻqolib ketsa?.. Biror iz qolmasa undan. Odamlar-chi? Ular qaerda?..
Afsuski, Vladimir qancha bosh qotirmasin, bu jumboqni yecha olmadi…

TUNGI SIRLAR

Ertasi kuni Vladimir sal oʻziga kelib, yoʻqolgan qishlogʻini qidirib topishga ahd qildi. Avvaliga mahalliy hokimiyatga murojaat etdi. Foydasi boʻlmadi. Prokuratura xodimlari ham bu masala boʻyicha ish qoʻzgʻatishni istashmadi.
— Siz yaxshisi, qishlogʻingizni yaqin atrofdagi oʻrmonlardan izlang! — maslahat berishdi ular. — Balki qishloq oʻz-oʻzidan joyidan koʻchib, oʻsha yerlarga borib qolgandir?..
Ha, Vladimir bu yoʻlda ancha-muncha pul ham sarflab ulgurdi. Mutaxassislarni bu yerga taklif qilib koʻrdi. Baribir hech narsani aniqlashning imkoni yoʻq. Goʻyo ilgari bu yerlarda Stoporevka qishlogʻi umuman boʻlmagandek…
Hatto, yerdan olingan analizlar ham biror natija bermadi.
Mana, oradan toʻrt yil vaqt oʻtdi. Vladimir hamon oʻz qishlogʻidan, uni topishdan umid uzgani yoʻq. Har kuni otasini, onasini, xotinini tushida koʻradi. Otasi odati boʻyicha yer chopayotgan, onasi astoydil non yopayotgan, Masha esa tovuqlarga don sepayotgan boʻladi. Har tun uyqu orasida ular bilan suhbatlashadi, oʻtirib birgalikda choyxoʻrlik qiladi. Ammo ertalab turgach, hammasi joyiga tushaveradi.
Bir kuni hatto Mashaning "Volodya” deya qichqirganiniyam eshitdi. Sapchib oʻrnidan turdi. Hech kim yoʻq…
Axir bu nimasi? Kimdan soʻrama, yelka qisishdan nariga oʻtmaydi. Kimga yalinma, teskari oʻgiriladi. Nega?.. Qishloq qani? Qaerga gʻoyib boʻldi?..
Bu savolga parapsixolog Vladimir Zaruskiy quyidagicha javob beradi:
— Qishloqlarning, hatto, butun boshli shaharlarning gʻoyib boʻlishi ilgarigi asrlarda ham koʻp kuzatilgan. Ular yer yuzida emas, aksincha, yo narigi dunyo yo kelajakka safar qilgan boʻlishadi. Ular hech qachon ortga qaytishmagan. Lekin Pryaxin shu qadar berilib izlayaptiki, ajabmas, uni bir kun kelib, ona qishlogʻi oʻz bagʻriga olsa…
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!