📖 Hikoyalar

DOʻZAX DOMIDA QOLGAN QIZALOQ…

4 daqiqa 2.2K marta oʻqildi
DOʻZAX DOMIDA QOLGAN QIZALOQ…
Rossiyaning Bryansk viloyat markazidagi koʻp qavatli uylardan birida fojia yuz berdi. Kutilmaganda toʻqqiz oylik qizaloq Anya gʻoyib boʻldi. Qizaloqning ota-onasi Aleksandr Kalugin va Svetlana Shrapsovalar barcha huquqni muhofaza qilish tashkiloti xodimlarini oyoqqa turgʻazishdi. Anyani butun mamlakat boʻylab qidira boshlashdi…
Oila Aleksandr hamda Svetlanalarning shaxsiy hayotini yaqindan bilganlar ularga aytarli havas qilishmaydi. Chunki Svetlana endigina 18 yoshni qarshilagan. Sasha Kalugin bilan nikohsiz umr kechiradi. Sashaning boshqa joyda ham oilasi, farzandlari bor. Qolaversa, Sveta eridan shu qadar qoʻrqarkanki, qoʻshnilar uning hayotini tushovga solingan it umriga mengzasharkan. Svetaning ota-onasi koʻp bora qiziga uqtirishga, Sashadan voz kechtirishga harakat qilishgan. Ammo yovvoyi muhabbatmi, qoʻrquvmi, Svetlanani bu yoʻldan qaytishga qoʻymagan.
Mast-alast er
Ajoyib kunlarning birida bu oilada qizaloq dunyoga keldi. Er-xotin yangi mehmonni oʻzgacha shodlik bilan qarshi olgan boʻlishsa, ajabmas. Biroq oradan toʻqqiz oy oʻtgach, Sasha Kalugin Moskvadagi ishini tugatib Bryanskka qaytdi. Xotini chaqaloqning kiyimlarini yangilagan, dasturxon tuzagan holda uni kutib oldi. Shubhasiz, birga boʻldi deguncha ikkovlashib ichkilik ichishga odatlangan er-xotin shu kuni ham oʻzlari uchun ziyofat uyushtirishdi. Koʻp ichkilik ichildi. Er-xotinning kayfi tarang boʻldi. Aleksandr koʻp ichganda negadir asabiy boʻlib qolardi. Oʻsha kuni ham arzimagan bahona bilan Svetlanani kaltaklay ketdi. Shovqin-surondan Anya uygʻonib qoldi…
Axir, murgʻak chaqaloqning aybi nimaydi? Shovqinga toqat qila olmasligimi? Shirin uyqusi buzilganimi? Yoʻq, Aleksandr Kalugin bu haqda oʻylab koʻrmadi. Jahl ustida karavotda bigʻillab yigʻlayotgan Anyaning yuzi aralash musht tushirdi. Qizaloq battar yigʻlay boshladi. Johil ota yana bir necha marta unga zarbalar berdi. Shundan keyingina Anya tinchlangandek boʻldi-yu, Kalugin ortga qaytib kayf-safoni davom ettirdi. Bu ishi uchun Svetlana biror qarshilik koʻrsatmadi. Koʻrsatmasdi ham. Chunki uning oʻzi Sashadan battar mast edi.
Fojia
Nimadir boʻldi-yu, Svetlana qizidan xabar olish uchun yotoqqa moʻraladi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, Anyaning rangi oqarib, lablari koʻkara boshlabdi.
— Voy, Anya oʻlyapti! — qichqirdi u zalga chiqib. — Qara, u oʻlyapti!
Aleksandr yotoqqa kirib, Anyaning tepasiga bordi-da, yuragiga quloq tutdi. Soʻngra yuzlariga shapatilab-shapatilab koʻrdi. Qizaloq arang nafas olar, hatto yigʻlaydigan holi qolmagandi.
— Damingni chiqarma, — dedi Sasha xotiniga. — Birov bilmasin! Agar kasalxonaga olib borsak, ikkalamizniyam qamab yuborishadi.
— Endi nima qilamiz? — yigʻlamsiragan koʻyi eriga javdirab boqdi Sveta. — Oʻlib qolsa-chi?
— Baribir oʻladi, — dedi xotirjamlik bilan Sasha. — Yaxshisi, uni balkonga chiqarib qoʻyamiz. Balkon sovuq. Oʻlsayam sasimaydi. Birov bilmaydiyam!
— Keyin-chi? Keyin nima boʻladi?
— Keyin nima boʻlardi? Oʻrmonga olib borib koʻmamiz, vassalom! Qor yogʻadi, izlar bosiladi.
— Yo'-oʻq, — dedi Sveta titrab. — Bolamni itlar kovlab olib yeyishini, qurt-qumursqalar chaqib tashlashini xohlamayman.
— Unda nima qil deysan?
— Yaxshisi, oʻligini yoqib yuboramiz. Shunda tinch boʻlaman. Anyam qiynalmaydi, azoblanmaydi.
— Yaxshi, koʻndirding, — dedi Sasha bosh qashib. — Yoqsak yoqaveramiz-da!
«Spektakl»
Qizaloq oradan hech qancha vaqt oʻtmay, vafot etdi. Erta tongda Sasha qoʻliga bolta, qogʻoz va yana kerakli asboblarni olgan holda Svetani ergashtirgancha oʻrmonga yoʻl oldi. Oʻrmon qalin, ichkariroq kirilsa, tutun tarqalgani ham shaharga sezilmaydi.
U qurigan daraxt shoxlarini toʻpladi-da, kelishilganidek, Anyaning jasadini yoqib yubordi. Bu mahal Sveta panaroqda, qizining kuyib kul boʻlayotganini koʻrmaslik goʻyoki bolasining yonayotganini koʻrmaslik uchun berkinib turdi. Sasha esa sira ikkilanmay, qoʻrqmay, to olov oʻchgunga qadar pivo ichdi, sigaret tutatdi, kelgusida nimalar qilish xususida bosh qotirdi.
Taxminan uch soatcha vaqt oʻtib, hammasi tayyor boʻldi. Endi xotirjam ortga qaytishsa boʻlardi.
— Biz spektakl oʻylab topishimiz kerak, — dedi Sasha uyga qaytishgach, xotiniga. — Shunday puxta yoʻl topaylikki, hech kim shubhalanmasin. Men bu vaqtda Moskvada yura turaman. Shunisi maʼqulroq.
— Xoʻsh, nima qilamiz?..
Birgalashib bosh qotira boshlashdi va oxiri shunday xulosaga kelishdi. Tong mahali Sveta Anyaning quruq aravachasini yetaklab doʻkonga boradi. Doʻkon eshigi oldida aravachani qoldiradi-da, oʻzi ichkariga kirib ketadi. Shu tobda ayol kiyimiga oʻrangan Aleksandr uni poylab turgan boʻladi. Kirib ketishi bilan asta boradi-da, goʻyo bolani oʻgʻirlab ketgandek, aravachadagi quruq yoʻrgakni olib qochadi. Sveta birozdan soʻng tashqariga chiqib, koʻradiki, qizi oʻgʻirlab ketilgan. Jonholatda sochlarini yulib qichqira boshlaydi, politsiyaga xabar beradi.
Shunday boʻldi ham. Spektakl rejalashtirilganidek «sahna»ga qoʻyildi. «Tomoshabin»lar hayratdan yoqa ushladi, dahshatga tushdi, asosiysi, bu hiylaga hatto tergovchilar, politsiyachilar ham chippa-chin ishondi va Anya butun mamlakat boʻylab qidirila boshlandi.
Koʻza qachon sinadi?
Tergov tashkiloti xodimlari bora-bora bir narsadan shubhalana boshlashdi. Toʻgʻri, Sveta afsus chekmoqda, qizining oʻlimidan qattiq qaygʻurmoqda, barchadan jinoyatchini topishda koʻmak soʻramoqda. Lekin Aleksandr bu xunuk xabarni eshitib, negadir Moskvadan qaytishga shoshilmayapti. Ishi koʻpayib ketganini roʻkach qilyapti. Boshqa ota boʻlsa, eshitiboq oʻqdek uchib kelishi lozim emasmidi?
Ana shu shubhalar tergovchilarni hushyorlikka undadi. Nihoyat goʻyo ishlarni tugatib Aleksandr Moskvadan qaytgach, uning giribonidan olishdi. Shundagina Sasha boʻlib oʻtgan ishlarni ochiq aytishga majbur boʻldi. Jinoyatini boʻyniga oldi. Tergov eksperimentlarida barcha harakatlarini amaliy koʻrsatib berdi.
Toʻgʻri-da, xalq orasida «Koʻza kundamas, kunida sinadi» degan maqol bekorga aytilmagan.
Hukm
Bu dahshatli qotillikdan xabar topgan inson borki, jazavaga tushmay, gʻazablanmay qolmagandi. Hatto, qoʻni-qoʻshnilar Aleksandr va Svetani ular qoʻliga topshirishlarini, oʻzlari yoʻq qilib yuborishlarini aytib toʻpolon ham koʻtarishdi. Ammo qonun barchaga barobar. Bu qonun jinoyatchi hayotini ham himoya etishga moʻljallangan. Tergovchilar ikki jinoyatchini xalq qoʻliga topshirib qoʻyishmasligi aniq edi.
Oradan hech qancha oʻtmay, sud boʻldi. Aleksandr 19 yil, Svetlana esa 4, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ular-ku, bir kunmas bir kun jazo muddatini oʻtab ozodlikka chiqar, yashashda davom etar, ammo Anya-chi? Murgʻak goʻdak boshqalardek uzoq umr koʻrishga haqli emasmidi?
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!