📖 Hikoyalar

Sochingizdagi oq nimadan, onaxon?

3 daqiqa 1.9K marta oʻqildi
Sochingizdagi oq nimadan, onaxon?
Yoʻnalishli taksi tirbandligiga qaramay yana bir bekatda toʻxtadi. Oʻtirish tugul oyoq qoʻyishga joy boʻlmagan ulovga yoʻlovchi yopirilib kirdi. Tigʻiz payt. Hamma ishdan qaytyapti. Ayollar tezroq borib qozon-tovoqning harakatiga tushishni oʻylab shoshilyapti. Shu payt tirbandlik ichida tanish ovoz qulogʻimga chalindi:
Shopir bolam, meni ikki bekatga olib borasanmi, yoʻl kiraga pulim yoʻq edi...
Chiqing, chiqing, onaxon, olib ketaman... – Haydovchi javob bergunicha kampir oʻziga joy bergan yoʻlovchining oʻrniga oʻrnashib olib diydiyosini davom ettirdi: – Qarilik qursin-a, dovdirab pul olmay koʻchaga chiqibman...
Bolam, pulim yoʻq edi, uydan pul olmay chiqaveribman. Keyingi safar toʻlayman, – deganida haydovchi jahl bilan:
Uyalmaysizmi, kap-katta odam bez boʻlib pulim yoʻq deb tushib ketaverasiz?! Bizda ham reja bor, bola-chaqa bor... – deb javrab qolganida kampirga rahmim kelib, haydovchidan ranjigan edim. Ayni holat bir necha marta takrorlanganini koʻrgach, kampirning qiligʻidan taʼbim xira boʻldi. Bunaqalar sochidagi oq tolalarni qayerdan olgan ekan, degan ogʻriqli oʻy yurakni oʻrtaydi.
Qoʻlidagi yelim xaltaga razm solaman odamlar orasidan. Non, pechene va yana allaqanday yeguliklar koʻtarib kelyapti. Bu kampirning qiyofasi koʻzimga tanish boʻlib qolgan. Har gal jamoat foydalanadigan avtoulovga chiqsa yoʻl kira toʻlamaydi. Kishining rahmini keltiradigan har xil bahonalar toʻqishiga-ku manaman degan firibgar ham qoyil qolsa kerak!
Birinchi marta yoʻnalishli taksida uni uchratganimda haydovchiga moʻltirab:Oqibatsizlik, birovning haqidan qoʻrqmaslik, taʼmagirlik, riyokorlik haqida gap ketganda koʻpchilik aybni yoshlarga toʻnkaydi. Goʻyoki husnixulqqa dog‘ boʻlguvchi illatlar faqat yoshlarda boru, kattalar begunohu beillatdek. "Hozirgi yoshlar undoq, yoshlar bundoq” deguvchilar yuzing-koʻzing demay yolgʻon gapirib ish bitirishga usta keksalar haqida ham mulohaza qilsalar yomon boʻlmasdi. Afsuski, firibgar-tovlamachilar orasida keksalar ham kam emas. Oxirat-oqibat, omonat xususida mulohaza qiladigan, Allohdan qoʻrqib, Unga yorug‘ yuz bilan yuzlanishni oʻylash oʻrniga uch kunlik dunyo foydasiga diyonatini savdoga qoʻyayotgan keksalarni koʻrganingda ular uchun uyalasan, xavotirga tushasan kishi.
Erim yengil tabiat qizga ilakishib qolgan edi, qaynonam bundan avvaldan xabardor ekan, oʻgʻlini oʻsha qizga uylantirib qoʻydi, – deydi tahririyatga qoʻngʻiroq qilgan juvon. – Bir oʻgʻlim bor, qaynonam hatto bolaning koʻz yoshidan ham qoʻrqmas ekan. "Siz otangiznikiga borib turing, eringiz nomiga oʻsha qizga uylanadi, bir oydan keyin haydab yuboramiz” degandi. Sodda boʻlmasam qaynonamning gapiga kirib oʻgʻlimni yetaklab ota uyimga ketibman. Bir qarasam "nomiga uylanadi” degan qaynonam katta toʻy qilib, erimga oʻsha qizni olib berdi. Tagʻin Toshkentga "asal oyi”ga ham joʻnatganini eshitib alamdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmadim. Men yo bolam betob boʻlib qolsak "boring, otangiz davolatsin, pulimiz yoʻq” deydigan qaynonam erimni uylantirishga, asal oyiga joʻnatishga pul topganini qanday tushunishni bilmadim. Uyga borgandim, qaynonam janjal qilib meni haydab yubordi. Qoʻni-qoʻshnilarga "Kelinim oʻqituvchi, pul topadi, katta oylik oladi” deb yangi kelinini maqtabdi. Nikohimiz rasmiy qayd qilinmagan edi. Erim yangi xotini bilan rasmiy nikohdan ham oʻtibdi. Eng yomoni, erimga gapirganimda "Onam shunga uylanishimni istadilar” deb yelka qisib turaverdi. Qaynonamning taʼmagir, pastligini bilardim, lekin bu darajada diyonatsizlikka boradi deb oʻylamagandim...
Keksa deganda koʻz oldimizga yuzidan nur yogʻilib turgan, farishtali, har soʻzi hikmat, bosgan izi ibrat nuroniy onaxon va otaxonlar keladi. Chunki, bizga shu tasavvurda tarbiya berilgan. Garchi keksaygan ota-onamizni ayab, eʼzozlasak-da, farzandlarimiz tarbiyasini ularga ishonib topshirib qoʻyamiz.
"Bobo-buvi tarbiyasini olgan bola odobli, mulohazali boʻladi” deymiz.
"Keksalarning oʻgitini quloqqa olib ulgʻaygan bola tadbirkor, andishali, harom-halolni farqlaydigan, muloyim tabiatli, xush feʼl inson boʻladi” deymiz. Ammo oʻsha bobo-buvining oʻzida nabirasiga beradigan odob-axloqu insoniy fazilatlar boʻlmasa-chi?..
Har gal avtoulovga chiqqanida bir bahonani tayyorlab, oʻzidan munglig‘-mushtipar qiyofa yasashga urinadigan kampirga tikilgan kuyi xayolga botganimda koʻnglimdan oʻtgan oʻylar edi bu. Yana koʻp narsalarni oʻyladim. Bu kampirning bolalari, nabiralari qanday insonlar ekan? Qariyasining siyrati shunchalik abgor boʻlsa yoshlarining fitratida nimalar unayotgan ekan? Bu savollarga keyingi mulohazalardan javob izlarman. Firibgar kampir manziliga yetib, yoʻnalishli taksidan tushdi. Uzoqlashguncha oynadan uni kuzatib qoldim...
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!