Kechikdim
Taʼbirini oʻylab yomon ichikdim.
Meni uzoq kutgan eding sevgilim,
Afsusdaman, yigirma yil kechikdim.
Nomunosib hamrohlardan bezganda,
Sarsonlikda har koʻchani kezganda,
Topdim diya oʻzim baxtli sezganda,
Olisdaman, yigirma yil kechikdim.
Uxlamoqni sevar edim azaldan,
Ne toparding, xunukkina goʻzaldan,
Endi najot izlab sheʼru gʻazaldan,
Devonaman, yigirma yil kechikdim.
Yaxshiman deb chalgʻitdilar yomonlar,
Uzatdilar gul yozugʻlik xazonlar,
Olib otsam, sachradilar tikonlar,
Azobdaman, yigirma yil kechikdim.
Nega meni izlamading ertaroq,
Uchratmasam boʻlarmidi yaxshiroq,
To qiyomat hamrohim endi firoq,
Doʻzaxdaman, yigirma yil kechikdim.
Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!