🧚 Ertaklar

Bahodir tabib

4 daqiqa 3.5K marta oʻqildi
Bahodir tabib
Bor ekan-u, yoʻq ekan, qadim-qadim zamonda, juda olis tomonda, baland togʻlar etagidagi kichkina bir kulbada Bahodir ismli bola bobosi va buvisi bilan yashar ekan. Bahodir yashaydigan shaharda vabo kasali keng tarqalgan boʻlib, otasi va onasi shu kasalga chalinib vafot etgan ekan. Buvasi uni erkalab, Bahodirtoy, deb chaqirarkan. Ammo bu baxtli kunlar ham uzoq davom etmabdi. Avvaliga buvisi, keyin buvasi qazo qilibdi. Bahodir bir oʻzi qolibdi.

Kunlarning birida koʻchada bir qariya bilan uchrashib qolibdi. Qariyaning qoʻlida tor koʻrib, uni uyiga mehmonga taklif qilibdi. Uy deyarli boʻsh boʻlib, katta sholchaning ustida ikkita koʻrpa va ikkita yostiq bor ekan. Tokchada eskirgan idish-tovoqlar, devorda dutor osigʻliq turganmish. Dutor buvasiniki ekan. Demak, bola musiqani sevadi, oʻylabdi mehmon va unga kuy chalib beribdi. Bola kuyni diqqat bilan tinglabdi. Keyin oʻzi shu kuyni dutorda ijro etibdi. Unga dutor chalishni buvasi oʻrgatgan ekan. Mehmon bilan bola suhbatlashib, kuy chalib, tunni bedor oʻtkazishibdi.

Qariya suhbat orasida oʻzini, tabib Muhammadaliman, deb tanishtiribdi.

– Qishlogʻingga bir tabib kerak ekan. Kasallar koʻpayib ketibdi. Agar rozi boʻlsang, senga davo sirlarini oʻrgataman, qishloqdagi kasallarni davolaysan, – debdi, nonushtada.

– Roziman, – javob beribdi, bola xursand boʻlib. – Qishlogʻimizda tabib boʻlmagani uchun koʻp odam dardiga davo topolmay dunyodan oʻtib ketgan ekan. Otam meni katta boʻlganimda shifokor boʻlishimni vasiyat qilgan ekan. Buvam aytib bergandilar.

– Unda eshit: sening yoningga shifo uchun kelgan odamlarni ajratmaysan, hech narsa taʼma qilmaysan. Uyingning eshigini hech qachon tambalamaysan.

Tabib unga olti oy tibbiyotdan saboq beribdi. Bahodirtoy tabiblikni ancha oʻzlashtirib olibdi. Katta tabib kichik tabibga tez-tez kelib xabar olib turishga vaʼda berib ortiga qaytibdi.

Bola shu kundan boshlab tabiblikka kirishibdi. Tog‘ yonbagʻrida va hatto tog‘ tepasida oʻsadigan giyohlarni yigʻibdi. Daraxtlarning mevasi-yu, bargi, oʻt-oʻlanlar, ularning ildizlarigacha kavlab, shifobaxsh dori, malhamlar tayyorlabdi. Bir kuni qoʻshnisi kirib tez-tez isitmasi chiqayotganidan shikoyat qilibdi. Bola uning qoʻliga malham tutqazarkan, “buni tanangizga surtasiz, yana har kuni uch mahal ikkitadan olma yeysiz,” – deb tayinlabdi. Ikki-uch kun oʻtib qoʻshnisi sogʻayibdi. Buni eshitgan boshqa bemor qoʻshnilar ham uning yoniga dardlariga davo istab kela boshlabdi. Qarabsizki, yosh tabibning ishi kundan-kunga koʻpayibdi. U har tong ustozi oʻgitiga amal qilib toqqa chiqib ketar, oʻsimlik va giyohlar, daraxtlar mevasi, bargi va baʼzilarining ildizini kavlab olib kelib, ulardan shifobaxsh dorilar tayyorlarkan. Tushdan keyin esa kasallarni qabul qiladigan boʻlibdi.

Shu qishloq oqsoqoli qizining yuziga dog‘ tushib, tabiblar uni davolay olmayotgan ekan.

– Sening jigaring ogʻribdi. Uni davolash uchun anjirning xomidan har kuni toʻyguningcha yeysan va men uning bargidan tayyorlab beradigan malhamni har kech yotishdan avval yuzingga surtasan, – debdi Bahodir, uni koʻzdan kechirgach.

– Pishganini yemayman-ku, xomini qanday yeyman, – debdi qiz chiroyli jilmayib.

– Taning sog‘, yuzing chiroyli boʻlishini istasang, aytganlarimni bajarasan, – debdi yosh tabib qatʼiy.

Bir oy deganda qizning yuzidagi dogʻdan nom-nishon qolmabdi.

Yosh tabibga ixlosi oshgan qizning dadasi oʻgʻli haqida ham gap ochibdi. U togʻdan yiqilgach, oyogʻi ishlamay, yotib qolgan ekan.

Bola musiqaning ham kishilar salomatligiga yaxshi taʼsir qilishini bilgani uchun vaʼda qilgan kuni qoʻlida dutor koʻtarib kelibdi. Qizga shoʻx-shoʻx kuylar chalib beribdi. Shu vaqt sirli voqea sodir boʻlibdi. Ichkarida yotgan qizning akasi ular oldiga oʻz oyogʻi bilan yurib kelibdi va yosh tabibdan kuyni yana bir marta chalib berishini soʻrabdi. Eshitib boʻlgach, yigʻlab takror-takror chaldiribdi. Shunda yosh tabib yigitdan musiqaga bunchalik mehr qoʻyganligi sababini soʻrabdi.

– Men tez-tez tog‘ choʻqqisiga chiqib turardim. Kunlarning birida choʻqqida burgut hujum qilib qoldi. Men oʻzimni arang chetga oldim. Qush uchib ketdi. Shu payt bir kuy yangradi, qarasam roʻparamda 12 yoshlardagi bir qiz dutor chalib turibdi. Qiz kuyni chalib tugatishi bilan boyagi burgut yana paydo boʻldi. Men undan qochaman, deb pastga dumalab ketdim. Qoʻl-oyoqlarim sindi. Keyin bilsam, qiz burgutning tutquni ekan. Maqsadim, oʻsha qizni qutqarish, ammo oyoqlarim pand berdi, – debdi u xoʻrsinib.

Yosh tabib yigitni davolashga kirishibdi. Ular aka-ukadek inoq boʻlib ketishibdi. Kun ketini kunlar quvlab, oradan oylar oʻtibdi.

Bir kuni Bahodir dori-darmon tayyorlash uchun kerak boʻladigan mevalar, oʻt-oʻlanlar yigʻish niyatida tog‘ choʻqqisiga koʻtarilayotganda, yigit tepasida ulkan burgut aylana boshlabdi. Qoʻrqib ketgan tabib yonginasidagi gʻorga yashirinibdi. Qaysi koʻz bilan koʻrsinki, gʻorda doʻsti hikoya qilgan qiz oʻtirganmish. Salom-alikdan soʻng bilsa, qiz burgut taʼqibidan qochib, shu gʻorga yashirinib olgan ekan.

Burgut koʻzdan yoʻqolgach, yosh tabib qizni pastga – tog‘ yonbagʻriga olib tushib, doʻstiga topshiribdi. Oqsoqolning oʻgʻli qizni ota-onasi huzuriga qaytaribdi.

Shunday kunlarning birida katta tabib qishloqqa tashrif buyuribdi. Ustoz va shogird uzoq suhbat qurishibdi. Ustoz chakmonini yechib, shogirdiga, endi sen chinakam tabib boʻlding, deb oq fotiha beribdi.

Bahodir tabib qishloq oqsoqoli qiziga uylanibdi. Qishloqda kattagina shifoxona quribdi. Buni qarangki, shifoxonada yotishga bemor topilmay qolibdi.

Chunki yosh tabib hamqishloqlarini dorivor giyohlar bilan oshno qilib qoʻygan ekan-da.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!