🧚 Ertaklar

Shokoladli kecha

3 daqiqa 3.9K marta oʻqildi
Shokoladli kecha
Ziyoda sakkiz yoshli yoqimtoy qiz ekan. Qishki taʼtil kunlarida u koʻp vaqtini xonasida oʻyinchoqlar oʻynab oʻtkazar ekan. Oʻsha kuni Ziyoda xonasida koptok oʻynayotganida onasi oshxonadagi shkafga katta qutida shokolad qoʻyayotganini koʻrib qolibdi. Qizaloq shokoladni juda yaxshi koʻrar ekan. Shuning uchun butun hayoli shokolad qutisida boʻlibdi. Avval oʻziga-oʻzi:" Onam ovqatdan keyin bersa kerak," deb oʻylabdi.

Shokoladli kecha
Ovqatlanib boʻlishgach, u biroz kutibdi. Soʻng onasiga balki unutgandir deb eslatmoqchi boʻlib suhbat orasida shokoladdan gap ochibdi. Ammo onasi qizining nima demoqchi ekanini tushunmabdi.
Shunda qizaloq:
- Oyijon, ozgina shokolad berasizmi?- debdi.
Lobar opa shkafdagi qutidan bir nechta shokolad olib:
- Ol, qizim, osh boʻlsin,- deb qiziga uzatibdi.
Kech boʻlgach, qizaloq uxlashga yotibdi. Lekin sira uyqusi kelmabdi. Fikru hayoli oshxonadagi shkafda boʻlibdi. U onasi va otasi uxlab qolishini ancha kutibdi. Soʻng asta-sekin oyoq uchida yurib, oshxonaga kiribdi. Ehtiyot boʻlib stulga chiqib, shokolad qutisini olibdi. Shkafning eshigini yopib, pastga tushibdi. Stulni ham joyiga qoʻyibdi va yana oyoq uchida yurib, xonasiga qaytibdi. Keyin xursand boʻlib, qutidan ikkita shokolad olib:
- Hmm, qanday mazali! - deb oʻziga solibdi. Ortidan yana ikkitasini yeb:
- Endi yetar. Endi borib bu qutini joyiga qoʻyishim kerak, - debdi.

Shokoladli kecha
Lekin bunday mazali shirinlikdan voz kechish oson emas edi. Yana ikkitasini qult etib yutgach:" Boshqa yemasligim kerak. Onam bilib qoladi", deb oʻylabdi. Ammo qutini yopayotib yana uchtasini ogʻziga solibdi. Shu payt ichkaridan allaqanday ovozlar eshitilibdi. Ziyoda qutini berkitib, tez oʻrniga yotibdi. Shovqin tinguncha qimirlamay kutib oʻtiribdi. "Qutini birozdan keyin olib borib qoʻyaman" deb hayol qilibdi. Lekin chidolmay yana oʻrnidan turibdi va ikkita shokolad yeb olibdi. Soʻng qutini yopib:
- Endi olib borib qoʻyaman.

Shokoladli kecha
Shu gapni aytib qutini ochib yana bittasini ogʻziga solibdi. Qisqasi, Ziyoda tun yarmigacha shokoladlarni bittadan, ikkitadan yeyishdan oʻzini tiya olmabdi. Qutini boʻshatib oʻrniga yotibdi. Ammo uxlay olmabdi. Avval oshqozoni ogʻriy boshlabdi, keyin hamma joyi qichiy boshlabdi. Qichigan joylari qizarib ketibdi. U oʻrnidan turib qichiy boshlabdi, lekin bu ham foyda bermabdi. Ahvoli battar yomonlashibdi. Bechora qizaloq tongga yaqin ozgina uxlay olibdi. Ertasi kuni tongda Lobar opa qizining ahvolini koʻrib hayron boʻlibdi.
- Sen allergiya boʻlibsan. Ammo sababini bilolmadim. Tushdan keyin shifokorga borib, nega bunday boʻlganini bilamiz. Hozir oshxonaga kir. Doʻstlaring senga chiroyli sovgʻa tayyorlab qoʻyishibdi, - debdi. Ziyoda shundagina tugʻilgan kuni ekanini eslabdi. Darrov oʻrnidan turib, yuz-qoʻlini yuvibdi va oshxonaga kiribdi. Darhaqiqat, hamma doʻstlari kelishgan edi. Onasi esa shkafning ichidan nimanidir qidirardi.
- Qayerga qoʻydim uni? - debdi oʻziga-oʻzi.
- Nima boʻldi, oyijon? - deb soʻrabdi Ziyoda.
- Doʻstlaringni mehmon qilish uchun katta qutida shokolad olib kelgandim. Shuni topolmayapman, — deb javob beribdi onasi.
Qizcha boshini egib:
- Oyijon, ularni men yeb qoʻydim, - debdi.
- Hozir senga hech narsa demayman, oʻylashimcha, sen oʻz xatoingni anglab yetding, - debdi onasi.
Darhaqiqat, Ziyoda juda xafa edi. Ham doʻstlari uchun olingan shokoladni yeb qoʻygani, ham kasal boʻlib qolgani uchun oʻzidan qattiq xafa edi. Oʻsha hafta u tinmay qichinib yurdi. Endi u shokoladni oz-ozdan yeyish kerakligini yaxshi biladi. Hatto, sal koʻproq bersangiz, sizni rad ham qiladi.

Shokoladli kecha
Telegram

Izohlar 0

Hozircha izoh yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring!

Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.