🧚 Ertaklar

Toychoq va poyezd

2 daqiqa 3K marta oʻqildi
Toychoq va poyezd
Saman poyezd yoʻli yaqinida yashaydigan toychoq ekan. U tez-tez temiryoʻl vokzaliga borar, poyezdning kelib ketishini kuzatar ekan. Poyezdning ovozi va tutun chiqarib yurishi unga juda yoqar ekan. Saman bu yerga koʻp marta kelib, poyezd bilan doʻstlashib olibdi. Toychoq endi vokzalga doʻstining qachon kelishini bilar va uni shu yerda kutar ekan. Poyezd ham toychoqni koʻrib, baland ovoz berar va tutun chiqarar ekan. Bir kuni Saman poyezdga: Poyezd, sen qayerga ketyapsan?- deb soʻrabdi. Poyezd kulumsirab shunday javob beribdi: - Shaharga ketyapman. - Shahar chiroyli joymi? Istasang, men bilan yur. Shaharni koʻrasan. - Zoʻr boʻlardi! Poyezd asta-sekin toychoqdan uzoqlashib: - Ertaga shu vaqtda, shu yerda boʻl. Oldingi vagon boʻsh boʻladi. Men sekinlashganimda minib olasan, birga ketamiz. Shu kecha Samanning butun hayoli shaharda boʻlibdi, koʻziga uyqu kelmabdi. Ertasi kuni ertalab barvaqt vokzalga borib, poyezdni kuta boshlabdi. Poyezd vokzalga yaqinlash-gach, tez surʼatda vagonga sakrab chiqib olibdi. - Barakalla, Saman, uddalading, - debdi poyezd. Saman juda xursand edi, atrofni zavq bilan tomosha qilardi. Ular ancha yurib shaharga yetib borishibdi. Bu yerda odamlar koʻp, shovqin-suron edi. - Nega bunchalar shovqin?- deb kishnab yuboribdi toychoq.
- Bu yer shahar, koʻrishni xohlamaysanmi? debdi poyezd. Shahar vokzalida Saman sakrab vagondan tushib olibdi. Toʻsatdan vokzal xodimining baqirgan ovozini eshitibdi: Ot bu yerda nima qilyapti? Saman qoʻrqib ketibdi va vokzaldan chiqish uchun yugurib ketibdi. Keyin u mashina va
odamlar bilan gavjum joyga borib qolibdi. Oʻziga-oʻzi: - Bu yer gʻalati ekan! Yaxshisi men qayta qolay, - debdi. Ammo uyiga qanday ketishni bilmas ekan. U qayerga ketayotganini bilmay yuguraveribdi. Atrofidagi mashinalar tinmay signal chalishibdi. Odamlar uni koʻrib: - Ot bu yerda nima qilyapti? Egasi qayerda ekan? - deyishibdi. Bechora Saman nima qilishini bilmay qolibdi. Yuragi tez-tez ura boshlabdi. Shu payt u poyezdning ovozini eshitib qolibdi. Saman baland ovozda kishnab yuboribdi va doʻstining ovozi kelgan tomonga yuguribdi. Yuguribdi, yuguribdi, nihoyat poyezdga yetib olibdi va boʻsh vagonga sakrab chiqib olibdi. Soʻng chuqur nafas olib: - Rahmat, doʻstim. Agar ovoz bermaganingda nima qilishni bilmasdim, - debdi. - Xoʻsh, shahar senga yoqdimi? - Nima desam ekan? Umrimda hech koʻrmagan joylar, gʻalati narsalarni koʻrdim. Ammo menga oʻzimizning makon yaxshi. Endi oʻz yerimning qadrini bilaman.
Telegram

Izohlar 0

Hozircha izoh yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring!

Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.