📖 Hikoyalar

Mexribon

7 daqiqa 3K marta oʻqildi
Mexribon
Sobira kalendarga qaradi. Oʻn yettinchi fevral… Ertaga oʻgʻli bilan uchrashadi. Ikkilarining xam tugʻilgan kunlari.

Yuragini temir qoʻllar gʻijimlagandek boʻldi. Sogʻingan, juda-juda sogʻingan…

Uch yil muqaddam…

Sobira oʻzi pishirgan tortning oʻrtasiga bittagina shamcha qadadi. Xalizamon oʻgʻli Sherzodning shamni puflab oʻchirishini tasavvur qildi. Bir yoshga endigina toʻlgan bola shamni oʻchira olmaydi, bu ishni dadasi bilan ayajonisi bajarishadi. Keyin xaqiqiy bayram boʻladi. Yigirma bir yildirki, fevralning oʻn sakkizi Sobirani bir yoshga ulgʻaytiradi.

U tugʻilgan kunini bir mo''jiza yuz berishi kerakdek kutardi. Oʻtgan yili oʻsha mo''jiza chindan xam yuz berdi. Sobira tugʻilgan kunini tugʻruqhonada kutib oldi, tugʻilgan kunida oʻgʻli dunyoga keldi. Mana shunga xam bir yil boʻlibdi. Bugun birinchi qoʻshaloq bayram. Ona va bola shodlanadigan kun…

Eshik taraqlab ochilib, shirin hayollari toʻzgʻib ketdi. Ostonada koʻzlari qizarib ketgan, rangi oppoq eri turardi. U qaltirab Sobiraning oldiga keldi. Hirillab gapirdi:

-Hotin, puling bormi? Ber menga! Opchiq pulingni!..

Sobira koʻzyoshlarini tiyish uchun labini tishladi.

-Dadasi, bugun oʻgʻlingizning tugʻilgan kuni edi. Shunga dasturhonga ul-bul olish uchun ozgina yigʻib qoʻyuvdim…

Eri bor kuchi bilan stolni mushtladi. Sobira qalqib ketdi.

-Ber dedim, — yanoqlari titrab dedi Mavlon.

Sobira koʻz yoshlari tirqirab ketgan yuzini qoʻllari bilan yashirdi.

- Bermaysanmi?! Mana boʻlmasa!

Mavlon bir zarb bilan stol ustidagi xamma narsani sindirib tashladi. Idish-tovoqlar bilan birga kichkinagina tort xam er bilan bitta boʻldi. Keyingi zarba musht shakliga kirib, alamdan koʻzlari katta-katta boʻlib ketgan Sobiraning yuziga tushdi. Erga yiqildi. Mavlon uning choʻntaklarini kavlab bor pulini oldi-yu, xansirab chiqib ketdi. Sobira butun qolgan shamchani ushlab kechgacha yigʻladi. Bu Sobiraning ota-onalari sabr kosasiga tomgan eng soʻnggi tomchi boʻldi. Qizlari bilan nabiralarini tabriklashga keldilaru bu honadondan butkul uzildilar. Sud xam boʻldi. Giyoxvand er turmaga, Sobira bolasini olib otasinikiga yoʻl oldi.

«Tor qornimga siqqan bolam keng uyimga xam sigʻadi»- deya olib kelingan Sobira keng uyga sigʻdi, lekin keng koʻngilni topa olmadi. Oʻzga honadonda yashagan qisqa muddat ichida jonajon uyidan qanchalar uzoqlashib ketganini xis qildi. Qulf-kalitga ega chiqqan kelinoyisining qosh chimirishlari, akasining oʻz bolalarini panaga tortib shirinlik ulashishlaridan dod deguday boʻlardi. Yolgʻiz panoxi – ota-onasi ertayu kech mexnatdan boʻshamas, amal-taqal roʻzgʻorning endilikda yana ikki ogʻiz qoʻshilib yanayam koʻpayib ketgan kamlarini butlashga xarakat qilishardi. Bir yil ana shunday oʻtdi. Tugʻilgan kunlarida ayasi osh damladi. Dadasi topgan-tutganini dasturhonga toʻkdi. Akasi Sherzodga oʻyinchoq sovgʻa qildi. Koʻngildagidek oʻtayotgan kichkinagina bayramning nohush yakun topishiga ana shu oʻyinchoq ayiqcha sabab boʻldi. Akasining toʻrt yashar oʻgʻli oʻyinchoqni yulqib olib uylariga qarab chopdi. Xozirgina shodligi ichiga sigʻmay oʻtirgan bolakay koʻzida yosh bilan atak-chechak qadamlarini ildamlatib, uning ortidan quvib kelinoyisining honasiga kirib ketdi. Sobira bilan ota-onasi xay-xaylagancha qolishdi. Dam oʻtmay avval kelinoyining shangʻillagani, keyin tarsaki tovushi eshitildi. Sobira bolalarcha shoʻhlik qilgan jiyanining bunday jazolanishini kutmagan edi. Sherzodga oʻyinchoqni akasi bilan birga oʻynashni aytish uchun oʻrnidan turdi. Lekin keyingi koʻrgani qalbiga muz boʻlib qadaldi. Kelinoyining honasidan loʻppi yuzlarida ingichka barmoqlarning izlari qizarib koʻrinib turgan Sherzod yigʻlab chiqib keldi. Deraza ortida oʻyinchoqni quchib olganicha bolalarga hos boʻlmagan zaxarhanda kulganicha akasining oʻgʻli qarab turardi.

Tomogʻi gʻippa boʻgʻildi. Dasturhondagi osh oilaning kichkinagina bayrami kabi sovudi. Bolasining quchib yotganicha uzoq yigʻladi. Shiringina boʻlib uhlab qolgan Sherzodning panja izi tushgan yuzini siladi, yanoqlarida qotib qolgan tiniq koʻz yoshlarini kafti bilan artib oldi. Xar qancha sitam oʻziga boʻlsa chidar, bolasida nima gunox?!

Vaqt oʻtgan sayin onasining gaplari asosli tuyula boshladi. Bu honadonda omonatligini xis qilaverdi.

Sovchi keldi.

Avvalgi hotinining tili yomon ekan, qaynonasi janjallardan bezib ajratib yuboribdi. Sobiraning tili yomonmas, yashab ketishi kerak. Faqat bolasi ota-onasi bilan qoladi, kattalarning kelishuvi shunday!

Sobira yigʻlab-siqtab ahiyri rozi boʻldi. Sherzodni tez-tez olib borib turadigan, yana farzandli boʻlganida butunlay olib kelishni oʻylab koʻradigan boʻlishdi. Oʻgay otaning, yangi kuyovning feʼlini bilmaguncha onasi shunday yoʻl tutishga qaror qildi.

* * *

Yangi honadon aʼzolari somsapazlik qilisharkan. Uylarining koʻchaga qaragan biqinida ikkita tandir oʻrnatilgan. Eri Ikrom ertayu kech tinmaydi, uka-singillarini xam bir zum tindirmaydi. Haridorlari koʻp, yasalgan somsalar uy ichidan chiqib kelaveradi, Ikrom durra yopinib tandir ichiga bosh suqaveradi, onasi qip-qizil somsalarni pullayveradi. Sobira xam ishga kirishib ketdi.

Avvaldan chaqqon edi, lekin bu honadon aʼzolariga etib ishlash uchun yanayam tirishdi. Bu oiladagilar chumoliday gʻimirlab roʻzgʻor butlashar, juda boy boʻlmasalarda oʻzlariga toʻq edilar. Ikrom bu honadonning norasmiy boshligʻi. Qattiqqoʻlligi uchun xamma undan xayiqib turar, arzimagan ayb uchun xam achchiq-achchiq gaplar eshitishardi. Bir xafta ichidayoq erining soʻkishidan ikki marta baxra topishga ulgurgan Sobira oʻgʻlini olib kelmay toʻgʻri qilganiga ishonch xosil qildi. Lekin oldingi giyoxvand eri oldida Ikrom farishtadek koʻrinardi. Asta-sekin erining biroz toʻporiligiga xam koʻnikib ketdi.

* * *

Ikrom bilarmikan? Bugun tugʻilgan kunlari ekanligini eslarmikan?! Oʻziku mayli, bolasi kelganida sovgʻa bermasa xam ikki ogʻiz shirin soʻzi bilan koʻnglini koʻtarib qoʻyarmikan?! Bu kabi savollar bugun ich-ichidan qaynab chiqardi. Bu honadonga kelin boʻlib tushganidan beri oʻgʻlining xar kelishi xam quvonch, xam xadikda oʻtadi. Birinchi kelishida eri Ikrom Sherzodning kichkinagina burunchasini barmoqlari orasiga qisib erkalagan boʻldi. Ayajonisiga ega chiqqan odamning bu qiligʻi bolaga aksincha taʼsir qilib yigʻlab yubordi. Sobira bolasini quchib oldi, eri bir nimalar deb gʻoʻldiragancha oʻrnidan turib ketdi. Shu-shu bola bilan oʻgay otaning uchrashuvlari sovuqqina oʻta boshladi.
Lekin bugun tugʻilgan kunlari, xech boʻlmasa bolaginasi bugun bir ogʻiz shirin soʻz eshitar…

Eri erta tongdan yoʻlga otlandi.

-Kiyimlarimni tayyorla, bozorga tushib mayda-chuyda qilib kelaman.

Quvonganidan oʻrnidan turib ketdi, tugʻilgan kunlari bayram boʻlarkanda. Lekin keyingi soʻzlar uni joyiga mihlab tashladi.

-Soat toʻrtga uch yuzta somsaga buyurtma bor. Piyozni toʻgʻrab qoʻyinglar, men toza un bilan goʻsht olib kelaman.

Dadasi bilan ayasi kunduzi kelishadi, uylari uzoq, kechga qolmay qaytishadi. Demak tugʻilgan kun, bolaning koʻngli degan gaplar puch orzu, etib boʻlmas armon...

Oʻylaganidek qaynonasi, qaynsinglisi bilan tushgacha somsaga urinishdi. Koʻzi yoʻlda boʻldi. Eshik taqillab avval Sherzod, keyin dadasi bilan ayasi koʻrindi. Sakrab ketdi. Yugurib borib bolasini quchib yigʻlayverdi. Qaynonasi mexmonlarni ichkariga boshladi. Ota-onasi bilan xol-axvol soʻrashib yana bolasiga talpindi. Katta boʻlib qolibdi, qosh koʻzlari bobosini eslatadi, tillari burro, sheʼrlar aytishni oʻrgatishibdi. Honasiga olib kirib boshqatdan bagʻriga bosdi. Yana yigʻladi, bolasini xidlab-xidlab yigʻladi.

Vaqt shuvillab oʻtdi. Choy ichishdiyu ovqatga xam qaramay qaytish xarakatiga tushishdi.

Xozir bolasi ketadi, ketishi kerak, shart ketishi! Qaynonasidan najot kutdi. Bir ogʻiz qolaqolsin desa-chi, bir kungina bolaginasini bagʻriga olib yotsa-chi?! Mulozamatni oʻrniga qoʻyayotgan qaynona oʻgʻlining ruhsatisiz bu ishni qilolmaydi, honadonida oʻgay nabira emas, oʻzining avlodi chopqillab yurishi kerak!

Sherzodning kamzulchasi tugmalarini oʻtkaza boshladi. Xozir ikki tugmani oʻtkazsa boʻldi, bola tashqariga chiqadi, keyin olib ketishadi. Qoʻllari titrab tugmalarni qaytadan echdi.

Onasining bu ishi sababini tushunmay turgan bola biyron tillari bilan gapirdi:

-Aya, tuyma oʻtkazishti bilmaysizmi? Mana-mana, men qanday oʻtkazishti bilaman.

Bola huddi qoyil qilib qoʻygandek jilmayib turardi.

Koʻz yoshlari quyilib ketdi. Yana Sherzodni quchib oldi. Ayvon derazasi ortida bu xolni kuzatib turgan ota-onasi bilan qaynonasi ogʻizda hayrlashsalarda, ichlaridan zil ketayotgandilar. Taqdir, iloji yoʻq…

Eshikka etganlarida bola xam ayasi qolishini anglab yigʻlay boshladi.

Bobosi bilan buvisi uni erkalab koʻtarib ketishdi. Yana ishga oʻtirdilar. Piyozmas, oʻzining yuragini toʻgʻradigoʻyo. Piyoz achchigʻidan ming karra achchiq koʻzyoshlar milt-milt oqdi.

Eshik ochilib eri kirib keldi. Bir qop un bilan, bitta qutini mashinadan tushirdi. Aftidan tugʻilgan kun xaqida eslamagan xam. Yoʻqsa oʻgay bolasiga boʻlmasa xam jufti-xaloliga kichkinagina sovgʻa koʻtarib kelardi. Sovgʻasi xam boshini esin, bolasining dardi qalbini tilimlab tashlayapti.

Nigoxlarini erga qadagancha labini tishlab ishini qilaverdi.

- Nega meni kutmay mexmonlarga javob berib yubordinglar, -dedi Ikrom onasiga qarata.

-Shoshilishayotgan ekan, kech qolishmasin deb…

Eri qutini ochdi. Ichidan rostmona avtomobildan sal kichikroq oʻyinchoq mashina chiqardi.

-Qani toychoq, kel buyoqqa.

Eshikdan Sherzod chopib kirdi. Ikrom bolani dast koʻtarib yuzlaridan oʻpdi.

-Mana bu tugʻilgan kuningga sovgʻa, oʻgʻlim.

Sobira yalt etib eriga qaradi.

Ikrom gapini davom ettirdi.

-Dadang bilan ayangni bekatda koʻrib qoldim. Shuncha qistasam xam qaytishmadi. Kamiga Sherzodjonni xam olib ketmoqchi boʻlishdi. Ularga xam aytdim, sizlar xam eshitinglar, Sherzodjon bugundan boshlab shu uyda yashaydi!

Sobira xoʻngrab yigʻlaganicha bolasi bilan Ikromni quchib oldi. Un gardi qoʻngan erining choponiga yoshli koʻzlarini surtdi.
Telegram

Izohlar 0

Hozircha izoh yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring!

Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.