🍰 Shirinliklar

Rulet tayyorlash - retsepti, xamiri va kremi uchun kerakli masalliqlar, sirlari

3 daqiqa 5.5K marta oʻqildi
Rulet tayyorlash - retsepti, xamiri va kremi uchun kerakli masalliqlar, sirlari
Ingichka biskvitdan tayyorlangan rulet dasturxoningizni ajib tarzda bezatadi va mehmonlarni quvontiradi. Rulet tayyorlash juda oson, biroq koʻpchilik bekalar uni pishirishdan choʻchishadi. Ushbu maqolada uy sharoitida turli xil nachinkali: murabboli, mevali, quyultirilgan sutli va kremli ruletlar tayyorlash usullari koʻrib chiqiladi.

YUMSHOQ VA MAZALI RULET RETSEPTLARI
Tayyorlash vaqti: 1,5 soat
MURABBOLI RULET
Kerakli masalliqlar:

Tuxum – 3-4 dona;
Shakar upasi – 3/4 stakan;
Un – 1 stakan;
Har qanday turdagi murabbo – quyuqrogʻini olgan yaxshi;
Sariyog’ – shaklni yogʻlash uchun.
Bu retsept rulet tayyorlashning eng oson usulidir, boshlangʻich pazandalarga aynan ushbu retseptdan foydalanish tavsiya etiladi.

Tayyorlash usuli:

Dastavval pechni yoqib olish va uni 170 ° C gacha qizdirishga qoʻyish kerak. Soʻng tuxumni koʻpirtirish uchun quruq idish olish talab etiladi.
Tuxumning oqini sarigʻidan ajratib oling, sarigʻini bir chetga olib turing. Oqini shakar upasi bilan mustahkam koʻpik hosil boʻlgunga qadar koʻpirtiring.
Sekin aralashtirishda davom etib, birma-bir tuxum sarigʻini qoʻshishni boshlang. Soʻng yaxshilab elangan un qoʻshib, xamir tayyorlashda davom eting.
Un toʻliq erigach, xamirni oldindan tayyorlangan protivenga solib, sirtini tekislang. 12 daqiqaga pishirishga pechga qoʻying.
Tayyor boʻlganini biroz koʻtarilgani va yuzasi qizarganidan aniqlash mumkin. Oʻta aniqlik uchun gugurt choʻpi yordamida tekshirib koʻrsa boʻladi.
Tayyor boʻlgan biskvitni issiqligida salfetkaga qoʻyib, ustiga murabbo surting, soʻng rulet qilib oʻrang.
Ruletni ehtiyotkorlik bilan dasturxonga tortiladigan shaklga qoʻyib, chetlarini tekislang va ixtiyoringizga koʻra ustidan shakar upasi seping. Sovugach, dasturxonga choy yoki qahva bilan tortish mumkin.
QUYULTIRILGAN SUTLI RULET
Ushbu ruletni ham klassik, ham qaynatma suyultirilgan sut bilan tayyorlash mumkin. Ikkinchisi quyuqroq boʻlganligi sababli uni ishlatgan maʼqulroq. Nachinkaga qoʻshimcha ravishda maydalangan yongʻoq yoki bodom qoʻshish mumkin.

Tayyorlanishi

Rulet xamiri yaʼni biskvit yuqoridagidek tayyorlanadi. Nachinkasi uchun klassik quyultirilgan sut olinadigan boʻlsa, uni teng proportsiyada sariyog’ bilan aralashtirib, urib, krem tayyorlash kerak. Qaynatma quyultirilgan sutni shundayligicha ishlatsa ham boʻladi.

Biskvit ustiga quyultirilgan sut surtiladi va u rulet qilib oʻraladi. Ustidan bezatish uchun shakar upasi sepish mumkin. Bir kechaga sovutgichda qoldiriladi, shirinlik tayyor!

KREMLI SHOKOLADLI RULET
Ushbu rulet shokolad va krem kontrasti tufayli bayram dasturxoniga oʻzgacha chiroy baxsh etadi.

Ushbu ruletni ichiga mevali nachinka solib, ustidan shokoladli glazur quyish ham mumkin.

KERAKLI MASALLIQLAR
Ruletning xamiri uchun:

3 ta tuxum;
Yarim stakan shakar;
1 osh qoshiq asal;
50 gramm yuqori sifatli kakao kukuni;
Yogʻlash uchun sariyog’;
0,5 choy qoshiq isteʼmol sodasi.
Kremi uchun:

Yogʻligi 30% boʻlgan bir stakan smetana;
1/2 stakan shakar upasi;
Bir stakan har qanday meva (ayniqsa, gilos bilan yaxshi chiqadi).
SHOKOLATLI RULET TAYYORLASH KETMA-KETLIGI
Idishda tuxum oqi va asal koʻpiritib olinadi. Boshqa alohida idishda quruq masalliqlar (soda, kakao va un) aralashtiriladi.
Aralashtirishni toʻxtatmasdan, oz-ozdan suyuq aralashma quyiladi (aksincha emas);
Tayyor boʻlgan xamir protivenga solinib, bir tekis qilinadi va 15 daqiqa davomida 200 °C gacha qizdirilgan pechda pishiriladi.
Biskvit pishguncha krem tayyorlanadi: idishda smetana va shakar upasi quyuqlashguncha uriladi;
Navbatdagi ish mevali nachinka tayyorlash: gilos donaklaridan tozalanadi, uning suvi biroz siqib tashlanadi, shunda uning sharbati rulet yonlaridan sizib chiqmaydi.
Tayyor biskvit pechdan chiqarib olinadi, biroz sovushi uchun qoldiriladi, agar xamir quruq boʻlsa. gilosning sharbati bilan uni namlab olish mumkin, shunda ruletni oʻrash qulayroq boʻladi;
Biskvitga yaxshilab krem surtiladi, chetiga bir qator qilib gilos teriladi (oʻrash boshlanadigan tomoniga). Soʻng biskvit rulet qilib oʻraladi.
Ruletni bir necha soatga sovutgichga qoʻyish tavsiya etiladi, shunda u yumshoq boʻladi va yaxshi namlanadi.
Umuman olganda, ruletning kremiga qoʻshimcha ravishda boshqa har qanday xush koʻruvchi mevani qoʻshsa boʻladi. Masalan banan bu borada oʻzini yaxshi oqlaydi.

RULET TAYYORLASH: SIRLARI VA FOYDALI MASLAHATLAR
Doimo protiven ustidan pergament qogʻoz toʻshang. Shunda xamirni ajratib olish oson boʻladi;
Agar biskvit quruq boʻlsa, uni oʻrashdan oldin shakarli sirop bilan biroz namlab oling, aks holda u oʻrash vaqtida sinib ketishi mumkin;
Agar pechda “konvektsiya” funktsiyasi boʻlsa, uni yoqish biskvitni yanada havodor qiladi;
Xamirini tayyorlash uchun biskvit tayyorlash sahifasidagi tavsiyalar bilan tanishib chiqish ham mumkin.
Telegram

Izohlar 0

Hozircha izoh yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring!

Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.