📖 Hikoyalar

KELINIMNING KASOFATI… (Voqea real hayotdan olingan)

9 daqiqa 2.2K marta oʻqildi
KELINIMNING KASOFATI… (Voqea real hayotdan olingan)
Orzi xola umr yoʻldoshi rahmatli Mehmonqul buva bilan yashab oʻn bitta farzand tugʻdi. Birontasi turmadi. Qilmagan irim-sirimi, chopmagan tabibi qolmadi. Umid qilaverdi, qatnayverdi oʻsha tabiblarga. Oxiri, oʻn ikkinchi boʻlib mana shu Oʻlmasvoyi tugʻilish arafasida Xudoning marhamati bilanmi, yaxshi bir tush koʻrdi. Tushida bir toʻp oqqa oʻrangan chollar Orzi xolani oʻrtaga olib uzundan-uzoq duo qilishibdi. Oʻsha kuni ertalabiga Oʻlmasvoy dunyoga keldi… Yaxshi eslaydi… Mehmonqul buva dalada ketmonchi boʻlsa ham biron marta boʻlsin zoriqtirmadi ona-bolani. Azbaroyi quvonganidan kuchiga kuch qoʻshilib ishladi. Oʻzini oʻtga-choʻqqa urdi. Ammo, yakka-yu yagona farzandiga borini berdi… Voy-voy-voy!.. Otasi bu Oʻlmasvoyni qanaqangi erkalardi-ya!.. Hech kimni yomon koʻngilda uning yaqiniga yoʻlatmasdi… Maktabda oʻqib yurganida qizlar uning orqasidan chopishgani-chi?! Bolasi bechorani koʻz ochirishga qoʻyishmasdi-ya, tushmagurlar! Uyalganidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolardi shoʻrlik… Oʻgʻil bola boʻlsayam tortinchoq edi-da Oʻlmasvoy!.. Keyin-keyin oʻziyam tanlaydigan odat chiqardi… Ana shunisi yomon boʻldi. Qancha-qancha yaxshi qizlarni yoʻqqa chiqardi. Unisini undoq dedi, bunisini bundoq… Oqibati nima boʻldi?.. Tanlab-tanlab topgani shu Sojidami?.. Beti qursin!..
«Voy, otasi-ey! — beixtiyor shivirlay boshladi Orzi xola koʻcha devoriga suyangancha uzoq-uzoqlardan koʻzini uzmay. — bu oʻgʻlingiz xotinga yolchimadi-ku!.. Nima qilay?.. Anavi Sojida bolamni «mol» qilib oldi. Chizgan chizigʻidan chiqolmaydi shoʻrlik… Saksonga kirganimda menga kun bermagani-chi!.. Muyulish koʻchadagi Farzinisaning aytishiga qaraganda, folchima-folchi yurarmish bu oting oʻchgur… Voy, bittagina bolamni amal ichiri-ib bir balo qilib qoʻysa nima qilama-an, otasi?!» — Orzi xola koʻz-yoshlarini yengining bir burchagiga artib ulgurmay uzoqdan traktorning tarillagan tovushi eshitildi. «Ana, bu Oʻlmasvoyning taraq-turugʻi!.. — koʻnglidan oʻtkazdi Orzi xola biroz koʻngli yorishib. — Ishqilib, yana mast boʻlmasin-da!.. Shu tobutingda tikka turgur xotinini deb ichkilikkayam oʻrgandi-ya bolam tushmagur!.. Ichida armoni koʻp-da, axir!..»
— Ena, yana koʻchada oʻtiribsizmi yarim kechasi?.. — norozi ohangda toʻngʻillab qoʻydi Oʻlmasvoy Orzi xolaning yelkasidan tutib. — Maza qilib uxlasangiz boʻlmaydimi?.. Yosh bola boʻlmasam…
— Bolaginam-ey, odam qarisa shunaqangi kam uyqu boʻp qolarkan-da!..
— Boʻpti, boʻpti… Boring, endi oʻrningizga yoting!..
Oʻgʻlining sovuq muomalasidan Orzi xola ichida biroz xafa boʻldi: «Sojida yaramas meniyam yomon koʻrsatib qoʻygan-da!» — deya oʻzini yupatgan boʻldi-yu, sekin-sekin yurib yotogʻiga kirib ketdi.
***
— Bu kampirning dastidan oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim… — shangʻillay ketdi Sojida dasturxonga taq etkazib choynakni qoʻyarkan. — Siz traktoringizda yallo qile-eb yurasiz-da, bilmaysiz…
— Ha, yana nima ayb qip qoʻydi enamiz?.. — piching aralash xotiniga gap tashladi Oʻlmasvoy.
— E-e, nima qilardi?! Kecha Boburingizning ishtonlarini yuvib dorga ilib qoʻysam, hali qurimasdan namligicha yigʻishtirvopti… Unga birov kir yigʻishtir deganmidi?.. Buyam mayli… Tushlikdan keyin suv opkelay deb koʻchaga chiqsam, anavi bor-ku, Farzi xola, oʻshanga astoydil yomonlab oʻtiribdi meni… Voy, men bu shum kampirga nima yomonlik qildim-a, nima yomonlik qildim?..
Oʻlmasvoyning ishtaha bilan tishlagan bir burda noni ogʻzida qoldi. Nima qilishni, xotiniga nima deb javob qilishni bilmay boshi garang boʻldi. «Shu enam ham hech tinchimas ekan-da!.. — oʻyladi Oʻlmasvoy boshidan doʻppisini olib. — Qarigan chogʻida namozini oʻqi-ib oʻtiravermaydimi jimgina!? Xudoning bergan kuni ikkalasining oʻrtasida qozichilik qilishim kerak… Jongayam tegib ketdi-ku, axir!.. Unisi enam, bunisi xotinim… Ikkita bolani tugʻib qoʻygan, buyam haq…»
— Xoʻsh, nima qil deysan?.. — yana hanuz uning ogʻziga termulib javob kutayotgan xotiniga oʻgirildi Oʻlmasvoy. — Tagʻin qozichilik qilaymi yo enamni urishib chiqaymi?..
— Yoʻq, yoʻq… — birdan jonlanib tilga kirdi Sojida, — enani urishib boʻlarkanmi?! Qargʻavoradi-ya!.. Yaxshisi, mundoq qilsak… — Sojida goʻyo nimalarnidir oʻylab, fikr qilayotgandek birpas jim qoldi-da, soʻzida davom etdi: — Mana, oʻzingiz oʻylang… Shuncha yildan beri biz qarab kelyapmizmi enangizga?.. Anavi… Bachqirdagi jiyani Abdumalik-chi?.. Oyda, yilda ammajon deb likillab kelishni biladi… Qarasin, ja mehribon boʻlsa… Oʻligini bir amallab koʻmib olsangiz ham katta gap…
— Ovozingni oʻchir!.. — beixtiyor oʻshqirib yubordi Oʻlmasvoy. — Mening enamga oʻlim tilaguncha oʻzingga umr tila, tuzukmi?!
— Boʻpti… Boʻpti… — gapirgan gapidan pushaymon boʻlgandek boshini quyi soldi Sojida. — Aytdim-qoʻydim-da!.. Shungayam baqiraverasizmi?.. Xoʻsh, haligi gapga nima deysiz?.. — Oʻlmasvoy indamay oʻrnidan turdi-da, koʻchaga yoʻl oldi. U shu tobda bir tomondan xotinining enasi toʻgʻrisidagi diydiyolaridan bezor boʻlsa, ikkinchi tomondan bu hovlini enasisiz sira tasavvur etolmasdi.
***
Xotinining gaplarini Oʻlmasvoy kun boʻyi miyasidan chiqarolmadi. Goh enasini koʻzi qiydi, goh qiymadi. Turib-turib… Sojidani koʻz oldiga keltirib koʻrdi. Uning vajohat toʻla basharasini tasavvur qilib koʻrib, kutilmaganda yuragini vahm bosdi: «Bir narsadan urush chiqarib enamni oʻldirib qoʻysa-ya!.. Ha, uning qoʻlidan keladi… Tayoq-payoqminan bir ursa, kim koʻrib oʻtiribdi… Qari kampirga koʻp narsa kerakmidi…» — Oʻlmasvoy yuragi bezovtalanib shu bugunoq yer haydab tugatish kerakligini ham unutdi. Traktorini shartta katta yoʻlga burdi-da, hash-pash deguncha uyiga yetib keldi… Darvoza qarshisiga yaqinlashib avvaliga quloq solib koʻrdi. Hovli suv quygandek jim-jit… «Kunduz kunlari enam hovlini aylanib yurardi-ku!.. — xayolidan oʻtkazdi u battar tashvishga tushib. — yoʻq… Bekorga bezovta boʻlmadim, shekilli… Bir gap boʻlgan-ov enamga!..» — Oʻlmasvoy jonholatda ichkariga otilib kirdi-yu, toʻgʻri Orzi xolaning xonasiga kirdi. Xayriyat… Enasi tinchgina tasbeh oʻgirib oʻtirgan ekan. Oʻgʻlini koʻrib Orzi xolaning chehrasi yorishib ketdi.
— Voy, bolam, bugun erta qaytdingmi?.. Kel, manavi yerga oʻtiraqol!.. — Orzi xola shosha-pisha oʻgʻliga yonidan joy boʻshatdi.
— Sojida, bolalar koʻrinmaydimi, ena?.. — Oʻlmasvoy Orzi xola koʻrsatgan yerga oʻtirayotib tashqariga alanglab oldi.
— Ke, qoʻy oʻshani… Beti qursin bunaqa kelinni… Nimaymish, he yoʻq, be yoʻq men jiyanimnikiga borib turarmishman… Axir… Bu uyni otang rahmatli qurib ketgan-ku!.. Men Oʻlmasvoyimni tashlab hech qaerga ketmayman, desam… Urmoqchi boʻldi…
— Nima-a?.. — beixtiyor Oʻlmasvoyning yuzidan qoni qochdi. — Urdimi?..
— Voy, bolam, tinchlansang-chi!.. Muncha vahima qilmasang?! Menam ja kelinga urdirib qoʻyadiganlardan emasman… Urib koʻrsin-chi!.. — Orzi xola toʻsatdan hassasini qoʻliga oldi, — Mana shu hassaminan bir solib suyagini pachaqlab qoʻyarman…
— Sizam oʻshaminan hadeganda teng boʻlavermang-da, ena!.. — birdan gapni boshqa yoqqa burib yubordi Oʻlmasvoy. — U hali yosh boʻlsa… Jahl ustida biron yeringizga qattiqroq tegib ketsa nima boʻladi?.. Umuman… Sojidaning gapidayam jon borga oʻxshaydi… Qaynona-kelin hadeb achchiq-tirsiq qilavermay… Oʻsha jiyaningiznikiga borib tursangiz tinchroq boʻlarmidi…
Oʻgʻlidan hech qachon bunday gaplarni kutmagan Orzi xolaning yuragi uvishib, aʼzoyi badanini sovuq ter bosgandek boʻldi… Nahotki?.. Oʻz tuqqan bolasi shunday dedimi?.. Oq sut berib katta qilgan, ishdan kech qolsa koʻzlari nigoron boʻlib kutgan bolasi shunday dedimi?.. Demak… Oʻlmasvoyning ham joniga tegibdi-da qarigan chogʻida!.. «Voy tavba qildim-ey!.. Endi nima qilaman?.. Oʻlmasvoyimsiz qandoq yashayma-an?..» — Orzi xola oʻgʻlining koʻzlariga qarayolmadi. Munchoqdek toʻkilib kelayotgan yosh boshini egib qoʻydi. Faqat… Zoʻrgʻa, zoʻrgʻa soʻnggi soʻzini ayta oldi:
— Senam meni haydayapsan-a, Oʻlmasvoy, haydayapsan-a?.. Mayli… Sen shuni istasang, ketganim boʻlsin… Lekin… Sensiz qandoq qilarkinman… Bilmadim, bolajonim, bilmadim…
— Xabar olib turaman, ena!.. Kunora borib turaman… — Oʻlmasvoy enasining oldida ortiq tura olmasligiga koʻzi yetdimi, zarda bilan oʻrnidan turdi-da, tashqariga chiqib ketdi.
***
Sojidani ilgarilari ham koʻp marotaba shayton yoʻldan urgan. Bolaligida otasining katmonchasini bir necha marta oʻmarib koʻrgan… Bilmagan… Keyinchalik Oʻlmasvoyga tekkandan keyin dalaga chiqib yurib bilib-bilmay Hasan birgad bilan don olishib qoʻydi… Xayriyat, eri sezmay qoldi… Bugun boʻlsa… Qaynonasi jonidan toʻydiryapti… «Meni hassaminan urdi-ya!.. — oʻzicha gʻudrana boshladi Sojida lablarini asabiy tishlab. — Voy padaringga laʼnat-ey! Hali meni ota-onam ham urmagan… Men ahmoq bu sassiq kampirning ovqatini pishirib, isqirtlarini tozalab yursam-u, u rahmat aytish oʻrniga hassaminan tushirsa… Hali qarab turgin… Bir tepib koʻchaga chiqarib qoʻymasammi!..» — U oʻylana-oʻylana kaltak yegani yuragiga tobora qattiq tegib yugurganicha qaynonasining xonasiga kirib bordi.
— Menga qara, sassiq! — roʻmolini qoʻliga olib oʻshqira ketdi Sojida. —elkamni koʻr, koʻkarib ketibdi… Ota-onamdan yemagan kaltakni sen qaltiroq kampirdan yeymanmi-a?.. Men sening gʻamingni yeb gapirgandim.
— Nima deding?.. — qoʻliga hassasini olib urishga chogʻlandi Orzi xola. — Qani, yaqin kep koʻrgin, naq suyagingni maydalab tashlayman sen juvonmargni!..
Azbaroyi xunobi oshgan Sojida jahl bilan hassaga yopishdi-yu, bir chekkaga irgʻitib yuborib, kutilmaganda ikki qoʻli bilan Orzi xolaning boʻyniga chang soldi.
— Sen sassiqni hoziroq oʻldiraman!
— Oʻldirib boʻpsan!..
Qaynona-kelinning olishuvi uzoqqa choʻzilmadi… Yoʻq, yoʻq… Sojida bilmay qoldi-da!.. Endi nima qiladi?.. Oʻldirib… Odam oʻldirib qoʻydi-ku, axir!.. Nima qilsa ekan-a?.. Nima qilsa ekan?.. Oʻgʻli kelib qolsa, tiriklay koʻmib yuboradi-ku!.. Yoʻq… Yashirish kerak… Ha… Koʻmib yuboradi-da, oʻzi qochvoradi… Bolalar?.. Ular ham bir kunini koʻrar…
Sojida telbalarcha nimalardir deb shivirlagancha kampirni kir oʻraga sudrab keldi… Ha, ha… Chuqur… Tashlab yuborsa boʻldi… U hech narsani bilmaydi… Hech qanaqa oʻlikni koʻrgani yoʻq… Orzi xolaning hali sovub ulgurmagan tanasi magʻzava toʻkilgan oʻraga shaloplab tushdi va Sojida shu zahotiyoq oʻraga qum tashlay boshladi.
***
Oʻlmasvoyning ishlari, baribir yurishmadi. Yuragi gʻash tortib turli shaytoniy xayollarga boraverdi. Buning ustiga traktor qurgʻurning gʻildiragi ishdan chiqdi. Xunobi oshgan Oʻlmasvoy qarta boshiga kelib oʻtirdi. Oʻtirdi-yu… Quloqlari ostida xuddi enasi dod solayotgandek boʻlaverdi… Yoʻq… U borishi kerak… Bormasa boʻlmaydi… Bu yurak qurgʻur bekordan-bekor gʻash tortmayotgandir… U shartta oʻrnidan turdi-da, shahdam qadamlar bilan uyga joʻnadi…
Darvozadan ichkariga kiriboq, toʻgʻri enasining xonasiga koʻz tashladi. Hech kim yoʻq… Uydagi narsalar negadir betartib sochilib yotibdi. «Ketib qolgan boʻlsa-ya!..» — miyasiga kelgan oʻydan oʻzi ham seskanib ketdi… Shoshib oʻzining uyiga kirdi… Uy boʻm-boʻsh… Yuragini battar vahm bosib hovliga chiqdi… Hovli chetidagi oʻraning koʻmib tashlanganini koʻrib hayron boʻldi… Qandaydir nomaʼlum ovoz uni «Och, och, oʻrani och!..» degandek boʻlaverdi. Ketmonni qoʻliga olib telbalarcha oʻrani qaytadan kavlay boshladi. Ilgarigi joyigacha kavlab tushgach… Ne koʻz bilan koʻrsinki… Magʻzavali balchiq yuzida… Orzi xolaning shishib ketgan murdasi qalqib turardi…
— Ena-a!.. — murdani quchoqlab yuqoriga olarkan, bor ovozda qichqirib yubordi Oʻlmasvoy. — Ena-a!.. Nimalar qip qoʻydingiz?.. Meni kimlarga tashlab ketdingi-iz?.. — Uning faryodini eshitib hovliga qoʻni-qoʻshnilar yigʻila boshladi.
***
— Bir isqirtning kasriga qolgan enam-a!.. Diydorimga toʻymagan enam-a!.. Axir… Jiyaningiznikiga tinchgina borib tursangiz shu ishlar boʻlmasdi-ku, ena!.. Haromi keliningizni bilardingiz-ku!.. Qani u qanjiq?.. Qani mening enamga chang solgan?.. Enamning qasosini olmasdan qoʻymayman… Topib beringlar uni!..
Oʻzini u yoqdan bu yoqqa urib tinimsiz dod solayotgan Oʻlmasvoyni kimdir qargʻadi, kimdir tasalli berdi. Mahalla oqsoqoli Sobir ota uning yelkasidan tutib dast oʻziga qaratdi-da, bir gapni aytdi:
— Menga qara, Oʻlmasvoy… Koʻpam dod-voy qilaverma!.. Endi foydasi yoʻq… Enang senlardan qutulganiga shukr qilib yotgandir… Bir umr seni deb yashadi… Biron marta chuchuk soʻz berdingmi enangga?.. Yoʻq… Uning oʻrniga xotinchangning nogʻorasiga oʻynading… Onani topib boʻlarmidi, uka!?
— Yo'-oʻq!.. — Oʻlmasvoy jon talvasasida oqsoqolning qoʻlidan chiqib Bachqir tarafga yugurib ketdi. Uning niyati, qanday boʻlmasin Sojidani topish va oʻldirish, toptash, majaqlash, tanasini boʻlak-boʻlak qilib itlarga yedirish edi xolos.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!