Hikoya: Huvillab qolgan dunyo

Baʼzan ismimga eʼtiroz bildirishadi. Xudoning ismi, oldiga Abdul qoʻshib aytgin, deyishadi. Biroq menga bu ism boshqa maqsadda berilgan. Yetti oyda tugʻilganim uchun shifoxonada menga «Hech qancha yashamaydi, oʻladi», deb tashxis qoʻyishgan. Hatto «Mehringiz tushib qolsa, bir umr unutolmay, iztirob chekib yashaysiz», deya otam qarindoshlariga meni koʻtarishni, bagʻriga bosishni, oʻpishni taqiqlab qoʻygan. Faqat onam bilan enamgina hech kimga ishonmagan. Onam bir zum boʻlsin quchogʻidan qoʻymay alqalab yurgan boʻlsa, buvim «Mening nabiram kuchli, unga hech narsa qilmaydi», deya butun qishloqni aylanib chiqqan. Kuni boʻyi uyma-uy yurib, hammaga «Mening nabiram kuchli, mening nabiram Vahob», deya suyunchi olib yurgan. Xullas, ismimning maʼnosi shu — kuchli degani. Tangrining quli, degan maʼnoga daxli yoʻq. Bundan tashqari, ismimiz qanday atalishidan qatʼi nazar, hammamiz Yaratganning bandasimiz. Hammamiz Abdullohmiz.
Oʻzimga kelsak, enam adashmagan ekan. Mana, yuribman yashab…
* * *
Ismi Ruhiyat edi. Onasi edi qishlogʻimizning. Yiqilganni suyaguvchi ham, adashganning himoyachisi ham, toʻy qilganning boshi ham, koʻchada qolganning panohi ham enam edi. Ishonsangiz, tez-tez oldiga olimlar, yozuvchilar, muallimlar kelib turardi. Yoʻqolib ketayotgan urf-odatlar deysizmi, anʼanalar deysizmi, xalq ogʻzaki ijodi deysizmi, xullas, bu borada «Maʼlumotlar byuro»si ham enam edi. Tabibman demasdi-yu, ammo qishloq ahli uni «Ibn Sinoning nabirasi», derdi. Aldash yoʻq, hali tumandan, hali shahardan ham katta-katta shifokorlar kelib, enamdan maslahatlar olib ketishardi. Baʼzan esa ularning tortishuvlariga ham guvoh boʻlib qolardim. Sababi, shifokorlar kasallik varaqasiga qarab xulosa qilsa, enam kasalning tanasiga qarab xulosa chiqarardi.
— Ena, axir oshqozonim sanchadi, ishtaham yoʻq deyapti, — tushuntirgan boʻladi shifokor oʻzi bilan sudrab kelgan bemorga, bir chordona qurib oʻtirgan enamga qarab. — Achchiq qalampirning bunga nima daxli bor?
— Bir marta yesa oʻlib qolmaydi, enang tengi odam bilan aytishmasdan, aytganimni qil! — qaysarligi tutib qoladi enamning. — Boʻl!..
Shifokor-ku, mayli, bemorning hayotiga, sogʻligʻiga javobgar. Shuning uchun oʻzi ikkilanayotgan narsani bemorga tavsiya etishga tiyib turadi oʻzini, ammo bunday holda bemorlar hozir buvijon jahli chiqyapti, deb koʻngillilardan boʻlib qoʻl koʻtaradi. Qoʻlidagi qip-qizil qalampirga xuddi noyob topilmadek sinchikla-ab tikiladi.
— Bittada yarmini tishla, bolam.
— Yarmini? — koʻzlari chaqchayib ketadi kasalning.
Axiyri boʻlmaydi, enam yemaganiga qoʻymaydi. Soʻng koʻzlaridan shaldirab yosh oqayotgan bemorga suv beradi, choy-non, keyin ovqat. Ehtimol, achchiqni bosish uchun boʻlsa kerak, ishtaha bilan, tamshanib-tamshanib ovqatlanayotgan kasalga qarab, enam tilga kiradi:
— Sening davong qalampir emasdi…
Kasal ham, shifokor ham yalt etib enamga qaraydi. Enam esa beparvo:
— Shunchaki, ishtahangni sinab koʻrdim, — deydi.
Soʻng kasalning yuqori chap koʻksida uchi koʻrinib, doʻppayib turgan idishga ishora qiladi:
— Ana sening kasaling…
Kasal choʻntagidagi nosqovogʻini ikkilangancha olib, ming bir istihola bilan oʻrtaga qoʻyadi.
— Nos — oshqozonda hazm boʻlmaydigan modda. U tiling ostida mahali gapirganingda erib, suyuladi-da, maʼlum qismi oshqozonga ketadi. Holat takrorlanavergach, oshqozondagi nos yigʻilib, kuchga aylanadi. Qirq qavatni sekin-asta qirqadi. Natijada hazm qilish borasida muammolar tugʻiladi, uqdingmi? Ovqat yemoqchi boʻlsang, ishtaha yoʻq, yemasang, sanchadi…
* * *
Enamning aytishicha, nos ota-bobolarimizdan qolgan chekimlik emas, uni yaqin oʻtmishda, soʻnggi ikki yuz yillikdagi urushlarda, ocharchiliklarda odamlar oʻzlari oʻylab topgan. Ishtahani boʻgʻib, oʻzlarini aldash uchun. Ammo u paytning odamlari kayfu safo haqida oʻylashmagan ekan. Qolaversa, qorin ogʻrish kasali ham mana shu nos, tagʻin oʻrisdan kirib kelgan hojatxonalardan soʻng boshlanganmish. Biz unitaz deydigan moslamada oʻtirish — hojat yoʻllarini boʻgʻib qoʻyarkan, ichaklarda muammo keltirib chiqararkan.
* * *
Enam neniki tayinlamasin qulogʻimga quyib olardim. Toʻgʻri, baʼzan «isyon» ham qilib turardim, ammo enam yaxshilab tushuntirib bergach, xotiramda muhrlanib qolardi. Aytaylik, kalantar voqeasi.
Oldinlari suv tashish uchun kalantar degan narsa boʻlgan. Bu moslama uzun, oʻrtasi ark shaklida boʻlib, yelkaga osib yuriladi. Uning har ikki yoniga bir xil vazndagi yuk ilib olishingiz mumkin.
— Goʻjaga suv kerak, quduqdan muzdekidan olib kel, — deb qoldi bir kuni enam paxta qavib oʻtirib.
Erinib boʻlsa-da, chillagimni yigʻishtirib, chelakni qoʻlimga olgancha darvoza tomon ketayotgandim, enam toʻxtatdi:
— Ikkita chelak olvol.
— Uff-f… ikki chelak nega kerak, ikki chelak qilmaysiz-ku!
— Aytganimni qil. Ikki chelagiyam bir xil boʻlsin!
Shu tariqa enam oʻzi yasagan kalantarni yelkamga iladi. Olib kelganimdan soʻng ham, tushligimizdan soʻng ham qovogʻim ochilmayotgani, hovlida hali u, hali bu narsani tepib yurganimni koʻrib, enam meni yoniga chaqiradi. Zaxirada turgan bir chelak suvning teng yarmini boʻsh chelakka solib, qoʻlimga tutqazdi:
— Koʻtar!
Koʻtardim. Endi nima qilishni bilmay, garangsirab turaverdim. Picha vaqtdan soʻng enamga:
— Nima qilay, yelkam ogʻrib ketdi, — desam, enam:
— Ikkinchi qoʻlingga mana buni ham ol, — deb qoldi.
Men aytganini qildim.
— Endi-chi? Ogʻrimayaptimi?
Bosh silkidim. Darhaqiqat, endi ogʻrimay qoʻygandi.
— Senga atay ikki chelak suv aytdim, — chelaklarni qoʻyib, yoniga oʻtirishimni imlagach, tushuntiradi enam. — Bir yoningga ogʻiring tushsa, albatta, suyagingga malol keladi. Ikki yoningga bir xil ogʻirlikda koʻtarsang, muvozanat saqlanib qolinadi. Odamlar kalantar ishlatmay qoʻygani yoki ikki qoʻlida ikki xil vazndagi yukni koʻtarishga odatlangani uchun orttirib olishgan oʻt kasalligini. Oʻt pufak shundan ogʻriydi, bolam.
* * *
Enam uchun taqvim Navroʻzdan boshlanadi. Odamlarning yoshini toʻqqiz oy qoʻshib hisoblaydi. Bahoru yozni, kuzu qishni, avvalo, hayvonlarning oʻzini tutishi, qolaversa, oʻsimliklarga, yerga, tuproqqa qarab aytardi. Ayniqsa, qish bilan bahor oʻrtasini aniq-tiniq aytib berardi. «Indamas havo, odamning dushmani», derdi. «Hammani shu havo kasal qiladi», derdi. «Issiq kiyinib chiqsang, isib ketadi, yupqa kiyinib chiqsang, sovib ketadi, terlab taningni yopishtiradi, namgarchilik tanangga singadi», derdi. Ramazonda soatlarni tan olmaydi, osmonga qarab chamalaydi. Enamning taqvimi shunaqa edi. Unda nainki kunlar, haftalar, hatto oylar, yillar ham yoʻq edi. Unda gullar, chechaklar, havo, tuproq, hayvonlar bor edi. Bayramlar esa qizil bilan emas, otam bilan onamning kelishlari bilan belgilanardi (Otam Ukrainada harbiy xizmatdan soʻng ham biroz qolgan, u payt Doneskda uyimiz boʻlardi. Propiska muammosi sabab biz faqat mehmonga borardik, bolaligim, asosan, enam bilan oʻtgan).
Taqvimga qaytamiz. Quruq tomda ham tuproq paydo boʻlgani, hayvonlar bit yo kanalashi, parrandalarning qachon va qanday uchishi — hammasi enam uchun aniq-tiniq taqvim. Mening esa enamga oʻxshab bilagʻonlik qilish uchun qilgan barcha taxminlarim baʼzi-baʼzidagina oʻzini oqlardi.
* * *
— Ena?
— Ha, qoʻzim!
— Onam qachon keladi?
— Qishda…
— Qish qachon keladi?
— Bogʻimizdagi temirlar qirovlaganda.
— Qachon qirovlaydi?
— Lochin togʻang yetishtiradigan qovoqlar bor-ku, oʻshaning oxirgi guli ham sargʻayganda.
— Nega sargʻaymayapti?
— Hali turnalar uchmadi-ku.
— Qachon uchadi?
— Sovuq tushganda…
— Qachon sovuq tushadi?
— Gʻolib togʻang anorlarimizni koʻmib bersin, oʻshanda.
— Gʻolib togʻam qachon keladi?
— Tegmanozik tegmasang ham toʻkilsin, oʻshanda.
— Tegmanozik guli endi yaxshi gullayapti-ku, qachon toʻkiladi?
— Otang kelganda…
— Otam qachon keladi?
— Onang kelganda-da, qoʻzim, birga kelishadi-ku.
— Onam qachon keladi?
— Bogʻimizdagi temirlar qirovlaganda…
Boʻldi, bu yogʻi to enam zada boʻlib, meni haydab solmaguncha aylanaveradi. Aslida, enamning oʻzi ataylab jumlani aylantirib boshiga olib keladi. Chunki otam, onam haqida gaplashib oʻtirishimizni istaydi. Har zamon gapni aylantirib, ularga taqaydi. Toʻgʻri, choʻzilmasdan, shundoq ham otam haqida, onam haqida gaplashsak boʻladi, faqat mavzu aynan ular boʻlsa, unda sogʻinganimiz oʻz kuchini koʻrsatib, ichikishimiz mumkin. Shuni oʻylaydi enam. Holbuki, mendan koʻra enamning oʻzi istaydi ularning tez kelishini, qaniydi sira ketishmasliklarining iloji boʻlsa… Ayniqsa, ulardan xat kelsa, koʻzlariga surtib-surtib, keyin qoʻlimga tutqazadi:
— Oʻqib ber, qoʻzim!
Baʼzan enamga kirill alifbosini oʻrgatishga urinardim.
— Nima qilaman uni?
— Otamdan kelgan maktubni oʻzingiz oʻqiysiz, bemalol, ena.
Keyin darsni boshlaymiz. Enam men bergan alfavit boʻyicha yodlatganlarimni takrorlay boshlaydi:
— A… B… Bga oʻxshadi.
— V.
— V… Ye… Yening teskarisi.
— E.
— E. K… Kning chiziqlisi.
— Q.
— Q. U… Uning nuqtalisi.
— O'.
— E, boʻldi-da!..
— Axir oʻrganib olsangiz, otamdan kelgan xatni oʻzingiz oʻqiy olardingiz, ena!
Enam jimib qoladi. Koʻkka qaraydi. Uzo-oqlarga termilib sekin pichirlaydi:
— Bolaginam-a, otangdan kelgan maktubni oʻqish uchun menga harf ham, til ham kerak emasligini bilsayding. Harflar orasida esayotgan u yoqlarning shabadasi, qogʻozdan kelayotgan bolajonimning hidi menga gapirib beradi nima yozilganini. Bolajonim qanday, nima qilyapti, quvonchu qaygʻusi, yigʻisiyu kulgisi — hamma-hammasini…
— Yigʻlayapsizmi?
— Piyoz tozalayapman-ku, dumbul. Undan koʻra tur, Anbar enangga ham oʻqitib kel.
— Xoʻp.
* * *
Enam, aslida, otamning tuqqan onasi emas, otamning tuqqan onasi, aslida, Anbar enam. Qisqasi, gap bunday. Ikki opa-singil boʻladi. Kattasining, yaʼni Ruhiyatning eri va yakkayu yagona oʻgʻlini urushga olib ketishgach, bir kuni eridan, yana bir yarim yildan soʻng esa bolasidan qoraxat keladi. Ruhiyat qarindosh-urug' har qancha qarshilik qilishsa ham «Erimning xotirasi bilan yashayman!» deb turib oladi. Boshqa turmush qurmaydi. Bu orada singlisi Anbar toʻrtinchi farzandiga homilador edi. Shunda Anbar eri Rahim qassobga «Keling, hademay qariydi, yolgʻiz va qarovsiz qolmasin, shu bolani emizmay, mehrimni bermay turay, opamga beraylik», deb iltimos qiladi. Rahim qassob rozi boʻladi. Shu tariqa otam tugʻiladi va uni Ruhiyatga, mening mana shu enajonimga berishadi. Enam otamga Roʻzimuhammad deb ism qoʻyadi. Chindan turmush qurmay, endilikda faqat otam uchun yashaydi. Koʻzlarining ostida, qarogʻlarining orasida katta qiladi.
Xullas, otamdan kelgan xatni Anbar enamga ham olib boraman. Oʻqib beraman. Enam oldin koʻz yoshi, soʻng duo qilib qoʻyadi. Keyin maktubni yana enamga olib kelib beraman. Enam uni dastavval sellofanga, soʻng qutiga, soʻng jilkaga oʻrab, oxirida sandigʻiga solib qoʻyadi.
* * *
Baʼzan «Enam ham adashishi mumkinmi?» deb oʻylab qolardim. Sinab koʻrish uchun enamdan oldin uygʻongan paytlarim ham boʻlgan. Bir kuni xoʻroz qichqirishidan oldin uygʻonib, enamni uygʻota boshladim.
— Nima deysan, qoʻzim?
— Turing, ena, xoʻroz qichqirdi, yalpayib yotishingizni qarang!
— Aldayapsan.
— Chippa-chin soʻzim, aldamayapman, ena!
Enam inqillab-sinqillab oʻrnidan turadi. Kunchiqar tomonga birpas, osmonga birpas tikilib turadi.
— Hali Komiljonning «Goʻring»i bilan, «Dogʻman»icha vaqt bor.
Enam kelib yana uzala tushib yotadi. Men yugurib borib, patefonda enam aytgan qoʻshiqlarni qoʻyaman. Enam patefonni «Oʻzi aytar xalfa» deydi. Xullas, Komiljon Otaniyozovning ashulasi boshlanadi:
«Har yigitning aslin bilay desangiz,
Maʼrakada oʻtirib-durishin goʻring.
Birov bilan oshno boʻlay desangiz,
Avval vaʼdasinda durishin goʻring!
Odobi-ikromi, yurishin goʻring!»
Bu ashuladan soʻng «Maftuna sari, husningga zunnor garakmas»ni boshlaydi. Shuning uchun men uni shartta oʻchirib, narigi lentani tiqaman. U «Dogʻman» bilan boshlanadi.
«Ishqingda zor oʻldum, netay, gʻamgin dimogʻman,
Bemoru furqating bilan zoyirda sogʻman.
Aqlu hushim saning bilan, koʻzdan yirogʻman,
Koʻrsat yuzingni tolibi nurichirogʻman,
Hajringda dardu gʻam bilan, hasratda dogʻman…»
Bu qoʻshiqlar menga yod boʻlib ketgan. Oxirida «Hasratda dogʻmaa-an», deb yakunlaydiki, hovlida xoʻroz qichqiradi.
Qanaqasiga axir?! Nega soatlar toʻxtab qolishi mumkin, ovozi chiroyli qiz radioda aytgan harorat yolgʻon chiqishi, ob-havo oʻzgarishi mumkin, ammo enam yanglishmaydi?
* * *
Maktabga chiqa boshlaganimda enamga soat topib berdim. Soatning aqrablari nimaligini bilmagani uchun qattiq ogohlantirdim.
— Qarang, kichkina tayoq yettida, kattasi oʻn ikkida turishi kerak. Xullas, ena, ertalab yettida uygʻoting, maktabga kech qolmay tagʻin, kelishdikmi?
— Kelishdik, qoʻzim!
Kelishganimizga pushaymonlar boʻldim. Oʻquv kunlari mayli, dam olish kunlari ham uygʻotadigan boʻldi. Axiyri, dam olish kunlari yostigʻim yoniga chillakmi, lankami qoʻyib yotadigan boʻldim. Enam shundan biladi, bugun maktab yoʻqligini.
Odatdagidek maktab kunlarining biri. Enam doimgidek gaplari bilan meni turtyapti:
— Tur, qoʻzim, maktabga kech qolasan. Soat yetti boʻldi. Tura qolsang-chi!
Erinibgina koʻzlarimni ochsam, beshta kam olti yarim.
— Ena, esingiz ham ketibdi-ku, a? Soat hali olti yarimga besh daqiqa bor.
Enam bir soatga, bir menga tikilib, aybdorona bosh egdi.
— Axir yetti boʻldi-ku!
Yoʻq, oʻz bilganimdan qolmadim. Soat yettigacha birpas yotdim, garchi uyqum endi kelmasa ham. Nihoyat, doimgidek maktabga kelsam…
Roppa-rosa oʻttiz besh daqiqa kechikibman. Aftidan, soat orada bir toʻxtab, yurmay qolgan. Enam esa soatni haligacha oʻrganmaganini oʻshanda tushundim. Demak, enam shu paytgacha, baribir, ichki sezgilariga ishonib kelgan.
* * *
Bugun kompyuter bor, internet bor har qanday bilim uchun. Ammo koʻpincha adashaman. Rivojlangan tibbiyot bor, ammo oʻn olti yoshimdan goh yurak, goh qand bilan ogʻrinaman. Soat bor aniqlik uchun, ammo nuqul ishxonamga ham, boshqa joylarga ham kechikib yuraman. Obro' bor, tanish-bilish, muxlislar degandek, ammo yolgʻizman…
Chunki dunyo huvillab qolgan…
Chunki dunyo kimsasiz…
Chunki enam oramizda yoʻq…

Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!