📖 Hikoyalar

Xolis niyat...

1 daqiqa 1.9K marta oʻqildi
Xolis niyat...
"Men Makka shahrida faqirona hayot kechirar edim. Bir kuni koʻchada hamyon topib oldim. Uyga kelib ochib qarsasam, ichidan bir shoda marvarid chiqid. Bunaqasini umrimda koʻrgan emasman. Qaytib koʻchaga chiqdim. Bir odam: "Men hamyonimni yoʻqotib qoʻydim, kim topib olib qaytarib bersa, besh yuz dinor beraman”, deb yurgan ekan. Shunda men, qornim och, hojatmandman, hamyonini berib, evaziga pulni olaman-u undan foydalanaman, deb oʻyladim. Oʻsha odamni chaqirdim. U uyimga kirgach, hamyonning va undagi marvaridning belgilarini soʻradim, aniq aytib berdi, soʻng unga hamyonini topshirdim. U besh yuz dinor pulni uzatdi. Ammo men olmadim, olishni ep koʻrmadim. Oradan ancha vaqt oʻtib, dengiz safariga chiqdim. Nogahon kemamiz halokatga uchrab, hamma suvga gʻarq boʻldi. Alloh taoloning irodasi ila yolgʻiz mengina bir parcha taxtaga yopishib, jon saqlab qoldim. Keyin bir orolga chiqib oldim va oʻsha yerdagi masjidda panoh topdim. Mening chiroyli Qurʼon oʻqishimni eshitib, odamlar oldimga kela boshlashdi. "Yozuvni ham bilasanmi?” deb soʻrashdi. "Ha”, dedim. Ular bola- chaqalari bilan kelib, oʻqish va yozishni oʻrgana boshlashdi. Moddiy yordamlari tufayli men ham oʻzimni tiklab oldim. Kunlardan bir kun ular meni uylantirib qoʻymoqchi boʻlishdi. Bir yetim qizlari bor ekan, avvaliga rozi boʻlmadim, lekin ular qistayvergach, rozilik bildirdim. Toʻy kuni… qizning boʻynidagi marvaridga koʻzim tushib, hayratda qotib qoldim. u oʻsha men topib olgan marvarid edi. Odamlar mening holimga hayron edi. Ularga boshimdan oʻtgan oʻsha voqeani aytib berdim. "Allohu akbar!” deb takbir aytib yuborishdi odamlar. Soʻng bu qizning otasi oʻsha hamyonini yoʻqotgan kishi ekanini, u umrining oxirigacha: "Dunyoda hamyonini qaytarib bergan yigitga oʻxshagan sofdil kishini boshqa koʻrmadim, ey Alloh, meni yana oʻsha yigitga roʻbaro’ qil, qizimni unga nikohlab beray”, deb duo qilganini aytib berishdi…”
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!