📖 Hikoyalar

QOTIL(mistika)

10 daqiqa 2.6K marta oʻqildi
QOTIL(mistika)
Bu yilgi yoz avvalgilariga qaraganda ancha issiq keldi. Hatto jazirama bahona boʻlib qon bosimi bor, issiqni koʻtara olmaydigan odamlar omonatini topshirishgacha bordi. Insoniyatga doʻzax haroratini eslatuvchi ana shunday olovli kunlar Tursuntosh domlaning xonadoniga ham tashvish olib keldi. Tuppa tuzuk yurgan domla dalada ketmon chopib qaytar chogʻida xushidan ketdi. Yaxshiyamki yonida borayotgan oʻgʻli Alpiddin uni suyab qolishga ulgurdi.

– Dada, koʻzingizni oching. Nima boʻldi sizga?!
Qattiq qoʻrqib ketgan oʻgʻil otasini oʻziga keltirishga koʻp harakat qildi. Ammo domlaning oftobda qoraygan mijjalari qilt etmasdi. Kutilmagan voqeadan esankirab qolgan Alpiddin otasini suyagancha yoʻl chetidagi chinor daraxti soyasiga olib oʻtib, oʻzi mashina toʻxtatishga kirishdi. Qishloq joyi, buni ustiga ayni tush payti boʻlgani uchun mashinalar ham koʻrinay demasdi. Alpiddin shu tariqa chorak soat turib qoldi. U nima qilarini bilmas, otasiga vaqtida yordam koʻrsata olmayotgani uchun qattiq ezilardi. Bu orada yoʻl boʻyidan uchta mashina oʻtdi. Ammo hamma yogʻi tuproqqa qorilgan, irkit kiyimdagi yoʻlovchilarni kim ham olgisi kelardi?.. Chorasiz oʻgʻil dam otasining yoniga borib koʻylagining yengi bilan uning yuzidagi terlarini artar, dam asfalt yoʻlga yugurib, uzoqdan koʻringan mashinaga qoʻl siltardi. Vaqt oʻtgan sari Tursuntosh domlaning rangi oʻchib, yurak urishi tobora sekinlashib borayotgandi. Otasining oʻz qoʻlida jon berayotganini kuzatayotgan Alpiddinning xoʻrligi kelib yuzidan chang aralash yosh tomchilardi.
Dunyoda yaxshi insonlar bor deganlari, rost. Nihoyat katta yoʻl boʻylab uchib kelayotgan «Neksiya» qattiq tormoz berib toʻxtadi. Haydovchi vaziyatni tushunib, darhol mashinadan tushdi va bemorni salonga olishga yordamlashdi. Shundan soʻng ulov tuman shifoxonasi tomon katta tezlikda yoʻl oldi.
– Rahmat, aka. Katta rahmat! Mendan qaytmasa xudodan qaytsin, – dedi Alpiddin shifokorlar Tursuntosh domlani jonlantirish xonasiga olib kirib ketishgach, tashqariga chiqar ekan, xaydovchiga.
– Hechqisi yoʻq, uka! Buni yaxshilik deb qabul qilgan boʻlsang, qaytarishga hali ulgurasan. Mana bunda men bilan bogʻlanishing mumkin boʻlgan telefon raqamlar bor. Agar kerak boʻlib qolsam, tortinmay qoʻngʻiroq qil. Darvoqe, ismim Sirojiddin, qisqagina qilib Siroj aka desang ham boʻladi.
Kishi shunday deb qoʻl uzatdi. Yigit ham minnatdor nigohlarini unga qaratgancha qoʻl berdi.
– Aka, meni ismim Alpiddin. Yana bir bor katta rahmat.
– Omon boʻl, Alp! Otangni tezroq tuzalib ketishi haqida oʻyla! Ehtimol yana koʻrishib qolarmiz.
Kishi mashinani oʻt oldirib, bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Alpiddin kasalxona ostonasida hayolga choʻmgancha bir muddat turib qoldi. Bosh shifokorning qattiq tomoq qirib uning yoniga kelgachgina yigit oʻziga keldi.
– Uka, men bilan yurgin.
Yigit unga soʻzsiz ergashdi. Ular bosh shifokorning qabulxonasiga kirdilar.
– Otangni kasali ancha jiddiy. Uning miyasida oʻsimta bor. Tibbiyot tili bilan aytganda u rak kasaliga chalingan. Tezlik bilan jarrohlik muolajasi oʻtkazilmasa, undan ayrilib qolishing mumkin. Bu yogʻi endi senga bogʻliq, – dedi shifokor barmoqlarini bir biriga chalishtirib yigitga jiddiy va maʼnoli nigohlarini tikib.
Alpiddin gap nimada ekanligini darhol angladi.
– Nima qilsangiz ham otamni saqlab qoling. Meni otamdan boshqa hech kimim yoʻq. Uch yil avval onamdan ayrilgach, u kishi menga ham ota ham onalik qildilar. Hayotimdagi yagona insonimdan ham ayrilsam, yashab nima qildim.
– Uka, men senga aytdim. Dardingni doston qilishing shart emas. Tibbiyot quruq gapni yoqtirmaydi, – dedi shifokor va qogʻozga raqam yozib yigitga uzatdi. Besh kun ichida ana shu miqdordagi pulni topib kelsang, oʻsha kuniyoq operatsiya qilamiz. Hozirgi holatida otang bir haftaga borishi mumkin. Agar topolmasang, keyin bizdan oʻpkalab yurma.
Alpiddin bazoʻr qadam bosib, tashqariga chiqdi. Shifokor unga amalga oshirishi oʻta mushkul boʻlgan shartni qoʻygan edi. U onasining oʻlimidan soʻng oxirgi marta shunday siqilgan edi. Bu voqeaga ham uch yil boʻlibdi. Oʻtgan yillar oraligʻida ota-bola boshqalarga oʻxshab, qorni ovqatga toʻyib yashamagan boʻlsalarda, hayotdan mamnun edilar. «Kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopadi», deganlaridek Alpiddinning peshonasida shunday kunlar ham bor ekan.
Alpiddin qishlogʻiga kirib borganida atrofga qorongʻulik choʻkib, ancha kech boʻlib qolgan edi. Yoʻl boʻyi besh kun ichida qanday qilib shuncha pul topish mumkinligini oʻylab kelgan yigit nihoyat uyini sotishga ahd qildi. U vaziyatni qoʻshnisi Usmon doʻkondorga tushuntirish maqsadida kech boʻlsada uning darvozasini taqqillatdi.
– Iya, kel Alp! Kech boʻlganda tinchlikmi? Kunduz kuni chaqirganda chiqmaydigan odam eding-ku, uka! Kir ichkariga.

Yigit ogʻir xoʻrsinib, doʻkondorning ortidan ergashdi. Bir necha yillardan buyon Usmon doʻkondor xovlisini kengaytirish maqsadida yon qoʻshni boʻlgan Tursuntosh domlaning uyiga koʻz solib yurardi. Koʻp bor domlaga bu haqida maslahat ham solgan, ammo domla bu haqida eshitishni ham istamasdi. Voqeani eshitgan doʻkondor bosh chayqab hamdardlik bildirgan boʻlsada, aslida ich-ichidan quvonib ketdi.

– Shuning uchun ham operatsiya pulini deb uyni sotishga majburman, Usmon aka. Dadam koʻrmagandek boʻlib ketsalar, nasib qilsa boshqatdan hayot boshlab, imorat tiklaymiz, –dedi Alp qaygʻu va umid aralash soʻzlar ekan.
– Albatta, albatta, ukajon. Xoʻsh, uyning narxini qancha deysan, endi?
– Menga ortigʻi kerak emas. Faqat operatsiya va dori-darmon uchun yetadigan pul boʻlsa boʻldi,– Alp shunday deb shifokor yozib bergan qogʻozchani Usmonga uzatdi. – Shu pulni besh kun ichida topib bormasam, dadamga qiyin boʻlishi mumkin, Usmon aka. Agar rozi boʻlsangiz, vaqtni oʻtkazmay, ertaga uyni rasmiylashtirib beraman.
Usmon doʻkondor qogʻozchaga qarab, birdan tusi oʻzgardi.
– Uka, menda hozirgi vaqtda buncha pul yoʻq. Toʻgʻri, bir paytlar yaxshi pulga sotib olaman deganman, ammo hozir… Uyni oʻsha payti, men aytganimda sotib, pulini bankka qoʻyib qoʻyganingda hozir operatsiyaga bemalol yetgan boʻlardi, – dedi doʻkondor xunuk ishshayib. Agar istasang, shuni yarmini berishim mumkin. Uyingni bunchaga narxlashing insofdan emas. Salkam yarim asr avval qurilgan uy. Buning ustiga tomidan chakki oʻtib…
Doʻkondorning gapi ogʻzida qoldi. Alp uning soʻzini boʻlib, baqirib yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi.
– Aka! Men ana shu pulga zoriqqanimdan uyni sizga sotmoqchiman. Qogʻozchadagi summani topib bersangiz, yetmaganini butun umr ishlab boʻlsa ham toʻlayman. Gap inson hayoti ustida ketyapti. U yoqda otam oʻlim bilan olishib yotgan bir paytda, uyning ustida savdolashmaylik, iltimos. Bir umr xizmatingizni qilaman yetmaganiga. Faqat iltimos shu pulni topib bering, aka. Qishloqda sizdan boshqa hech kim yoʻq, yordam qiladigan…
Alp soʻz shu yerga kelganda doʻkondorning poyiga tiz choʻkdi. Ammo Usmon pinagini buzmadi.
– Yoʻq boʻls,a qayerdan olib beraman. Olganimga rahmat deyishing kerak, aslida. Toʻkilib yotgan uyingni mendan boshqa kim ham pulga olardi. Senga yaxshilik qilay desam, tushunmading. Oʻzing bilasan, meni gapim shu.
Usmon doʻkondorning oxirgi gapi Alpiddinnga «endi uyimdan daf boʻl», degandek eshitildi va ilkis oʻrnidan turib shahdam-shahdam odimlagancha darvoza tomon odimladi.
Usmon doʻkondor oʻzini bunday tutishi orqali vaziyatdan foydalangan holda uyni arzon garov sotib olmoqchi edi. «Baribir qaytib chiqib, uyini menga sotadi. Boshqa kim ham olardi. Qishloqda mendan boshqasini topolmaydi», deya oʻyladi doʻkondor. Aslida esa unday emasdi. Alpiddin qoʻshnisining asl basharasini koʻrgach, fikri butkul oʻzgargan edi.
Chorasiz oʻgʻil «chiqmagan jondan umid» qabilida barcha tanish-bilishlaridan qarz soʻray boshladi. Ammo uch kun ichida hayotdan hafsalasi pir boʻldi. Hech kimdan qarz olishning imkoni boʻlmadi. Hattoki, oʻz amakilari va ammalari ham bir paytlar boʻlib oʻtgan oilaviy mojarolarni roʻkach qilib, undan yuz oʻgirdilar. «Tursuntoshga men aytgan edim, shu kasalvand xotin bilan yashama, seni ham bir kuni oʻldiradi, deb. Mana onangni oʻlimidan uch yil oʻtdi yo oʻtmadi, oʻzi ham tayyor boʻlib qolibdi. Bir paytlar bu uydan bosh olib chiqib ketgandilarning-ku! Oʻgʻli boʻlaturib uyalmadingmi, kelgani. Otang kasal boʻlsa, tuzat. U seni otang! Meni unaqa ukam yoʻq. Xotinni deb, jigarlaridan kechgan odamni kechirib boʻlmaydi», dedi ammasi. Ikki amakisi esa bir oz qaygʻurgan boʻlishdi, ammo pullari yoʻqligini aytib, oʻzlarini olib qochdilar. Eng qizigʻi esa keyin boʻlib oʻtdi.
Alpiddin ne gʻamda kimlarning eshigida gadodek qarz soʻrab, natija chiqmagach, charchab uyga kelganida eshigi tagida katta amakisi turganini koʻrdi. «Xudo diliga solib yordam bergani kelibdi-da, har holda dadam uning ukasi-ku», deya oʻyladi Alpiddin. Ammo u yanglishgan edi. «Jiyan, men senga aytsam, hech kim bu dunyoga ustun boʻla olmaydi. Hammamiz ham bir kuni oʻlamiz. Otangni peshonasida boʻlsa, yashab ketadi boʻlmasa u yogʻi xudoning ishi. Lekin agar uyni sotadigan boʻlsang, meni ham bunda ulushim borligini aytmoqchi edim. Oʻsha paytida otang biz bilan – jigarlari bilan urushib chiqib ketgan boʻlsa ham, yaxshilik qilib uy qurishlaring uchun yuk mashinada gʻisht olib kelib berganman. Hozir bir dona gʻisht falon pul… Xullas, u yogʻi oʻzingga havola», deya toʻngʻich amakisi gapning dangalini aytib qoʻyaqoldi. «Toʻlayman! Hammasini toʻlayman», deya gʻijinib mushtlarini tugdi Alpiddin.
Amakisi chiqib ketgach, ancha vaqtgacha oʻziga kela olmagan Alpiddin aytilgan muddatga atigi ikki kun vaqt qolganini oʻylab, tuni boʻyi uxlay olmadi.
Xoʻroz qichqirib, tong ota boshlagach, Alp oʻrnidan turib tuman shifoxonasi tomon piyoda yoʻl oldi.
Kun yoyilganida markaziy shifoxonaga yetib kelgan Alp birinchilardan boʻlib bosh shifokor Farmonovning qabuliga yozildi. Dastlab uni yaxshi kayfiyatda kutib olgan shifokor pul topiilmaganini eshitib, xafsalasi pir boʻldi. Alpiddin har qancha yalinmasin, shifokor oldindan toʻlovsiz operatsiya qilishga rozi boʻlmadi.
– Uka, erta tongdan boshimni ogʻritmagin. Bizda qoida shunaqa. Ertagacha pulni olib kelsang, kelding. Aks holda otangning keyingi hayotiga hech kim javob bermaydi. Xamshiraning aytishicha, kundan kunga uning ahvoli yomonlashyapti. Endi boʻshsan. Meni bemorlar kutyapti.
Alp nima qilarini bilmay, shifoxona hovlisiga chiqdi. Xayol bilan choʻntagiga qoʻl tiqqanida qoʻliga qattiq qogʻoz ilindi. Bu otasini shifoxonaga olib kelishga koʻmaklashgan haydovchi Sirojning tashrif qogʻozi edi. £ogʻozga koʻz yugurtirgan Alpning koʻnglida yana umid uygʻondi.
Siroj salomlashishning oʻzidayoq Alpiddinni tanidi.
– Sirojiddin aka, ishing tushsa qoʻngʻiroq qil, deganingizga bir oldingizdan oʻtay dedim. Menga yordam kerak, – deya telefon orqali muammoni bir amallab tushuntirdi Alp.
Bir ozdan soʻng ular uchrashishga kelishib oldilar. Kelishuv joyiga Siroj tanish «Neksiya»sida yetib keldi. Alp mashinaga oʻtirgach, ulov nomaʼlum tomonga yeldek uchib ketdi.
Siroj aslida qoʻshni tumanda savdo qiladigan yirik tadbirkor edi. Ammo uni koʻpchilik qimorboz sifatida bilar, jinoyat olamida oʻziga xos oʻrin tutadigan sobiq «zek»lardan edi.
«Neksiya» xoliroq joyga borib toʻxtadi. Siroj yigitning gaplarini yana bir bor diqqat bilan eshitdi va oʻzining taklifini oʻrtaga tashladi.4444444444
– Alp, uka! Agar sen hozir men aytgan narsani qilishga koʻzing yetsa, uying ham yoningga qoladi, otang ham tuzaladi.
– Har qanday shartingizga roziman, aka!
– Bir odamni oʻldirishing kerak, rozimisan?!– sinovchan nigoh bilan qaradi Siroj.
– Roziman, – dedi Alp.
Endi uning uchun baribir edi. Hayotda birgina yutqizadigani otasi. Agar undan ham ayrilsa, yashab ham nima qildi.
Oʻsha kuni Alpiddin Siroj akasining uyida qoldi. Akaxoni uni umrida koʻrmagan taomlari bilan yaxshilab mehmon qildi.
U bugun tunda aytilgan odamni oʻldirishi kerak edi. Agar bugun shu ishni eplay olmasa, operatsiya qoldiriladi… Otasi oʻladi…
Tungi soat 02:30da sport kiyimi kiyib, xanjar bilan qurollangan Alpiddin aytilgan joyga yoʻl oldi. Hamma shirin uyquda yotardi.
Alp devorlari baland uyning tomidan oshib, aytilgan uyga kirdi. Uning qoʻlida oʻldirilishi kerak boʻlgan odamning rasmi bor edi. U oyoq uchida yotoqxona tomon yurdi. Mana, unga kerak boʻlgan odam mast uyquda uxlab yotibdi. Yigit qinidan xanjarni asta chiqarib, «oʻlja»si tomon yaqinlashdi. Ammo, dadillik uchun bir oz sharob ichib olgan boʻlsa ham, uning qoʻllari qaltiray boshladi. Koʻz oldidan bosh shifokorning zarhil basharasi, amakilari, ammasi va qoʻshnisi Usmon doʻkondorning jirkanch basharasi oʻtdi. Ularning hammasi jonlantirish xonasida oʻlim bilan olishib yotgan otasining tezroq jon berishini istashayotgandek tuyuldi unga. Xayoliga kelgan fikrdan Alpning gʻazabi qoʻzgʻigan boʻlsada, shirin uyquda yotgan kishini otasiga oʻxshatib yubordi. Najotkori Sirojiddinning ne-ne mavhumotlar yashirin sirli nigohlari uni taʼqib qilayotgandek boʻldi. Ammo ikki oʻt orasida boʻlsa ham, qoʻlini qonga botirishga jurʼat qilmadi. Ortiga ikki qadam chekinganida qoʻlidan piqoch tushib ketti. Sukunatni buzib tarqlagan ovozdan boyagi kishi bir qimirlab qoʻydi. Alp esa devor osha kelgan yoʻlidan ortiga qaytdi.
Bu paytda, shafaq qip-qizil tusga kirib, tong ota boshlagan edi.
Ushbu tongda Tursuntosh domla sahar sabosidan toʻyib nafas olishga ulgurmay jon berdi.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!