📖 Hikoyalar

Ikki piyola suv

3.6K marta oʻqildi
Ikki piyola suv
Qadim zamonda boyligi bilan maqtanuvchi hukmdor boʻlgan edi. U qayerga bormasin, xazinasidan bir qism olib, uni boshqalarga koʻz-koʻz qilar edi. Bir kuni u eng ishongan olim doʻstiga shunday savol berdi:
– Sen olimlar ichra mashhur va donosan. Men sening fikringni bilmoqchiman. Mening hukmdorligim va davlatim haqida nima deya olasan?
Olim javob berishning yoʻlini topdi va hukmdorga shunday dedi:
– Faraz qilaylik, siz bepoyon va jazirama choʻlning qoq oʻrtasida turibsiz. Shu payt tomogʻingiz qaqrab, nihoyatda chanqadingiz. Ammo yashab qolish uchun yarim davlatingiz evaziga sizga bir piyola suv uzatildi. Siz bunga rozi boʻlarmidingiz?
– Albatta, rozi boʻlardim.
– Ancha vaqt oʻtdi. Chanqoq kuchaydi. Qolgan davlatingiz evaziga sizga yana bir piyola suv taklif qilindi. Siz bunga ham rozi boʻlarmidingiz?
Hukmdor bir oz oʻylandi va noiloj:
– Oʻlmay qolish uchun men davlatimning qolganini ham berishga majburman, –dedi.
Shunda olim miyigʻida kulib:
– Demak, gʻururlanishga hojat yoʻq, hukmdor. Sizdagi boylikning bahosi bor yoʻgʻi ikki piyola suv ekan…, – dedi.

Turk tilidan Sumayro, Muni Xolmurodovalar tarjimasi
“Sirli, ibratli va hayotiy voqealar” kitobidan.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!