📖 Hikoyalar

Oʻgʻlingizga haridor boʻlib keldik

1 daqiqa 3.4K marta oʻqildi
Oʻgʻlingizga haridor boʻlib keldik
Ular toʻrtinchi qavatdan joy sotib olib, ilk bora ayvonga chiqib nonushta qilishardi. Yigitning koʻzi roʻparadagi xuddi shunday ayvonda kir yoyayotgan qizga tushib qoldi. U ilgari hovlida yashaganigami, bunday holni koʻrmagani uchunmi, gʻalati boʻlib ketdi.

Darrovda orqa oʻgirib, nonushtani qilaverdi. Ota-onasi eʼtibor qilmadi ham. Yigitning yuragi bir turlandi-yu koʻnglidan bir nimalar oʻtdi. Shu bir nimalar uni ishga otlangan joyidan orqaga qaytardi. Istiholaga borib, sustlik qilishni xohlamadi. Boyagi xonadonga chiqib bordi. Eshikni onasi tengi bir ayol ochdi. Salom berdi, oʻzini tanitdi. Hozirgina koʻrganlarini va ayvonga parda tutsalar yaxshi boʻlishini qiynalib boʻlsa ham aytdi. Oʻgʻli tengi bolaning aql oʻrgatishi ayolga yoqmadi. Xoynahoy ota-onasining gapi bilan chiqqanov, degan xayolga bordi.

– Ayvon bizziki, maboda koʻziylarga toʻgʻanoq boʻlayotgan boʻlsak, oʻziylar parda tutvolaqoliylar, aylanay, – dedi
– Biz-ku parda tutvolamiz-a, boshqalar-chi, boshqalar tomosha qil-ye-b oʻtiraverishsa, qizingizmi, keliningizmi – ularning shaʼniga yaxshimas-da, opoqi.

Bu gapdan keyin ayol jimib qoldi. Yigit koʻziga ancha baʼmani mulohazali koʻrindi. Yigit kechki payt ishdan kelib, ayvonga chiqib, roʻparaga koʻzi tushdi-yu xursand boʻlib ketdi. Hayriyat, gaplari osmonga uchmapti. Gapni tushunadigan odamlar ekan. Ammo ish bu bilan tugamadi. Kechqurun erta bilan koʻrgan ayoli, eri bilan ularnikiga kirib keldi. Uy muborak, deb tanishgan boʻlishdi. Shu payt mehmon erkak chapaniroq ekanmi, yigitning otasini soʻroqqa tutib qoldi:
– Oʻgʻlingiz uylanganmi?
– Yoʻq.
– Unashtirganmisiz?
– Yoʻq.
– Unda biz oʻgʻlingizga xaridor...
– Xaridor?
– Meni bir mastura qizim bor, bozori qizib, sovchi ustiga sovchi kelib yotibdi, xayolimda unisi oʻpoq, bunisi soʻpoq. Menga xuddi sizning oʻgʻlingizga oʻxshagani tanishmi-notanishmi ishqilib, ayollarning shaʼnini oʻylaydigan, himoya qiladigan kuyovtoʻra kerak, xoʻp desangiz quda boʻlsak... Kamiga ayol yigitning ertalabki gaplarini aytib berdi. Shundan keyingina yigitning ota-onasi nima gapligini tushunib yetdilar.
Xullas, toʻy boʻldi. Toʻyning taʼrifi ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, mana sizlarga ham yetib keldi...
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!