🍛 Taomlar

Blinchik (quymoq) tayyorlash: usuli, retsepti, uy sharoitida, sirlari, xamiri

2 daqiqa 19.5K marta oʻqildi
Blinchik (quymoq) tayyorlash: usuli, retsepti, uy sharoitida, sirlari, xamiri
Blinchik (quymoq) – qizib turgan tovada suyuq xamirni qovurish orqali tayyorlanadigan pishiriqdir. Blinchik tayyorlash usullari juda koʻp, ammo ularning barchasi asosida bitta umumiy retsept, yaʼni sutli suyuq xamir yotadi. Tayyor blinchik (quymoq) larni har xil toʻldiruvchi bilan isteʼmol qilsa boʻladi. Bular qatorida: murabbo, tvorog, goʻshtli qiyma, eritilgan shokolad, toʻgʻralgan meva boʻlaklari, xususan, banan keng tarqalgan.

UY SHAROITIDA QUYMOQ TAYYORLASH
Bu maqolada blinchik pishirishning ikki xil usuli, yaʼni sut va qatiq yordamida pishiriladigan retsepti yoritiladi.

BLINCHIK TAYYORLASHNING 1-USULI: SUTLI RETSEPT
Kerak boʻladigan mahsulotlar:

Sut – 1 litr;
Tuxum – 3 dona;
Oliy navli un – 500-600 gr (suyuq qaymoq holatidagi xamir boʻlishi kerak);
Shakar – 1 osh qoshiq (taʼbga qarab koʻproq yoki kamroq solsa boʻladi);
Tuz – 1 choy qoshiq toʻldirmasdan;
Isteʼmol sodasi – 1 choy qoshiq;
Sodani oʻldirish uchun sirka yoki limon suvi – 1 osh qoshiq;
Moy.
Tayyorlanishi:

Chuqur idishga sutni solamiz.
Sutga tuxumni chaqamiz va yaxshilab aralashtirib olamiz.
Isteʼmol sodasini sirka yoki limon suvi bilan oʻldirib sutli massaga solamiz va aralashtiramiz.
Massaga shakar, tuz va unni solib, yaxshilab tugunchalar qolmagunicha aralashtiramiz. Bunda venchik yoki mikserdan foydalansa yanada yaxshiroq.
Oxirida tayyor xamirga 7-8 osh qoshiq moy solib yaxshilab aralashtiramiz. Moy xamirga solinsa, har safar tovani yogʻlash shart boʻlmaydi.
Qizdirilgan tovaga bir choʻmichdan suyuq xamirdan solib, uni yumaloq shaklda aylantirib yoyib olamiz va har ikki tomonidan qovurib olamiz.
Blinchik tayyor. Uni xohishga koʻra isteʼmol qilsangiz boʻladi.

Blinchik (quymoq) tayyorlash: usuli, retsepti, uy sharoitida, sirlari, xamiri
BLINCHIK TAYYORLASH UCHUN 2-RETSEPT: QATIQ BILAN TAYYORLASH USULI
Kerak boʻladigan masalliqlar:

Qatiq – 500 litr;
Oliy navli un – 500 gr;
Tuxum – 3ta;
Isteʼmol sodasi – 1 choy qoshiq;
Tuz – 1 choy qoshiq;
Shakar – taʼbga koʻra;
Qaynoq suv – 1 stakan
Moy.
Tayyorlash jarayoni: bosqichma-bosqich

Qatiq chuqur idishga solinadi va ustiga tuxum, shakar va tuz solinib, yaxshilab aralashtiriladi.
Qatiqli massaga un solib, tugunchalar qolmaguncha aralashtiriladi. Xamir juda quyuq holatga keladi. Xavotir olmang, shunday boʻlishi kerak.
Bir stakan qaynoq suvga isteʼmol sodasini solamiz va aralashtiramiz.
Ushbu suvni quyuq xamir ustidan quyamiz va tezlikda yaxshilab aralashtiramiz. Xamirimiz suyuq qaymoq holatiga keladi.
Shundan soʻng unga moy solamiz va yana bir bor aralashtiramiz.
Qizigan tovada qovurib olamiz.
Quymoqlarimiz tayyor. Ushbu retseptlar boʻyicha tayyorlangan blinchiklar juda ham mayin va sergʻovakli boʻlib pishadi. Yoqimli ishtaha!

P.S Tovaga solingan birinchi xamir (baʼzan ikkinchi va uchinchisi ham) tovaga yopishib, yirtilib ketishi mumkin. Bundan xavotirlanmang. Koʻpincha tova yaxshi qizib, xamirdagi moy bilan yogʻlanib olgunicha shunday boʻladi. Pishirishda davom eting va siz buni albatta uddalaysiz!
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!