📖 Hikoyalar

Gʻaroyib hodisalar izidan: “POLTAVA JODUGARI…”

2 daqiqa 2.4K marta oʻqildi
Gʻaroyib hodisalar izidan: “POLTAVA JODUGARI…”
Shubhali yoʻqotishlar
Dastlab bahor oylarida Poltava yaqinidagi qishloqlarning birida Mariya Burova degan qiz izsiz gʻoyib boʻldi. Ota-onasining qidirmagan yeri qolmadi. Baxtga qarshi, qizning na tirigi, na oʻligini topishdi. Oradan hech qancha oʻtmay, yoshgina bir qiz ham izsiz gʻoyib boʻldi. Odamlar oldiniga qizni loʻlilar oʻgʻirlab qochgan boʻlsa kerak deya oʻylashdi. Yozga borib yana ikki qiz yoʻqoldi. Shunda yoʻqolgan qizlardan birining onasi Natalya degan folbinikiga borib yordam soʻradi. Folbin qartalarini terib chiqdi-da, bir gapni aytdi:
— Qizingni izlab ovora boʻlma. U allaqachon nariga dunyoga ravona boʻlgan…
Shundan soʻng qishloqda hayot iziga tushgandek boʻldi. Lekin Rojdestvo bayramidan keyin qishloq pardachisining qizi yoʻqolib qoldi. Odamlar bu voqeadan keyin gʻimirlab qolishdi. Shovqin boshqa qishloqlargacha ham yetib bordi. Qishloq oqsoqoli shaharga bordi-da, rahbarlardan bu muammoning yechimini topishda yordam soʻradi. Chunki voqea xavotirlanishga arzirli edi. Qisqa vaqt ichida yetti qiz izsiz gʻoyib boʻlgan. Bu kimning ishi ekanini hanuz hech kim bilmasdi.
— Biz boshlaringizga tushgan savdoga sherikmiz, — deyishdi shahardagi korchalonlar. — Tez kunda qishlogʻingizga tajribali mutaxassis yetib boradi…
ESKI UY SIRI
Haqiqatan, tez orada qishloqqa Nikolay Solovo degan yosh mutaxassis tashrif buyurdi. U bilan birga bir necha politsiya xodimlari ham kelishdi. Qishloq ahli Nikolayni koʻrgandayoq qoʻl siltab qoʻya qolishgandi. Negaki, u juda yosh, yoʻqolgan qizlarni topishga qurbi kelmasligi tayin…
Mutaxassis oqsoqol bilan birga qishloqni erinmasdan aylanib chiqdi, oʻrgandi, kuzatdi. Shunda qishloq chetidagi eski bir uychaga koʻzi tushib soʻradi:
— Bu uy kimniki?
— Natalya degan jodugar yashaydi, — javob qildi oqsoqol bosh egib. — Qishloqdagilar oʻshaning dastidan uychani hov naridan aylanib oʻtishadi. Aytishlaricha, Natalya yovuz ruhlar bilan muloqot qilarkan…
— Qarang, — dedi Nikolay. — Soʻqmoqda yangi oyoq izlari turibdi. Demak, hozir ham uning oldiga kimlardir qatnaydi shekilli. Yovuz ruhlardan qoʻrqishmasmikan?
— E, — qoʻl siltadi oqsoqol. — Ayollar ahmoq-da! Erlariga bildirmay kelib fol ochtirishadi…
Nikolay oʻylab turdi-da, uycha tashqarisidan kuzatuv amalini ado etishga qaror qildi. Bu ishni politsiyachilar amalga oshirishdi. Bir necha kun kuzatishdi. Bir kuni Natalya uychadan chiqib, oziq-ovqat xarid qilish niyatida bozorga joʻnadi. Uning yoʻqligidan foydalanib, Nikolay uycha ichiga kirdi. Uycha ichini titkilash asnosida sandiq ostida chuqurcha zohir ekanini aniqladi. Chuqur qaytadan tuproq bilan toʻldirilgandi. Politsiyachilar qaytadan chuqurni kovlay boshlashdi. Chamasi yarim metrdan ortiqroq chuqur kovlashgach, koʻrsatkich barmogʻiga kumush uzuk taqilgan qizning qoʻli chiqib keldi…
YoVUZLAR MAROSIMI QURBONLARI
Shu kuniyoq jodugar folbin Natalya Kravchenko qamoqqa olindi. Chuqurdan esa yetti nafar qizning boʻlaklangan murdalarini topishdi. Ularning barchasi Natalyaga fol ochtirish niyatida kelgan-u, qaytib tashqariga chiqmagan. Jodugar tergov jarayonida aybini boʻyniga oldi.
— Men yosh qizlarning qoni yordamida yosharishni istadim, — dedi Natalya. — Yoshi yigirmaga yetib-etmagan qizlar qoni tanam yoshara borishida yordam berishini yovuz ruhlar shipshitishgan…
Afsuski, jodugar yosharishining asl siri, qondan qanday foydalangani va hokazolarni aytishdan bosh tortdi. Uni oʻlim jazosiga mahkum etishdi. Poltava jodugari tanasining qon yordamida yosharish sirini oʻzi bilan qabriga olib ketdi.
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!