“Yosh jazman”ning kasofati...

Bu oilani uzoq yillardan beri bilaman. Adashmasam, ular turmush qurgan kundanoq janjallashishni boshlashgan edi. Ammo har gal bu janjallar dahanaki soʻkish-u yengil haqoratlar bilan yakun topardi. Oxiri ajralishdi ham. Afsuski, shundan keyingi janjal ikkovlari uchun ham qimmatga tushdi…
* * *Sariboy yoqalari kirlabroq qolgan yozgi koʻylagi tugmalarini yechgancha katta koʻcha boʻylab ketib borardi. Maqsadi bitta. Kechagi ichkilikdan soʻng qattiq ogʻriyotgan boshini tuzatmasa boʻlmaydi. Buning uchun esa doʻkonga kirishi, ulfat qidirishi va qittay-qittay qilishi lozim. Busiz iloji yoʻq. Ming dori ichgan bilan qittay-qittayning oʻrnini bosmaydi. Ichsa, boshi ham tuzaladi, ishtahasi ochilib yengil tortadi.
Sariboy uzoqdan yaqin oshnasi Xoldorni koʻrdi-yu, birdan chehrasi ochilib, ogʻzining tanobi qochdi.
— Oh, Xudoning oʻzi yetkazdi! — dedi ovoz chiqarib. — Ichkilikni ahmoqlargina ulfatsiz ichadi. Yashavor Xoldorvoy!..
Xoldorning ham dardi shunday ekanmi, dast oʻrnidan turdi-da, qichqirib yubordi.
— Bormisan, Sari? Zap vaqtida kelding-da oʻziyam!..
Ikki ulfat quchoq ochib koʻrishgach, Xoldor qayta-qayta Sariboyning yelkasiga qoqdi. — Bugun tugʻilgan kunim, doʻstim! Birgalikda nishonlaymiz!
— Ie, shunaqami? — Sariboy sal xijolat tortgandek bir qadam ortga tislandi. — Bilganimda sovgʻa opkelarkanman-ku!..
— Sovgʻaga balo bormi? Oʻzing sovgʻadanam zoʻrroqsan! Bilasan-ku, bir oʻzim ichishni yomon koʻraman!
— Menam kecha sal koʻpaytirvorgan ekanman. Boshim yorilay deyapti.
— Tamom! — dedi Xoldor choʻntagidan bir necha dona mingtalik chiqarib. — Bugun men eriyman. Ma, manavini olgin-da, doʻkonga gʻizilla!..
— Gazagiga… Nima olay? — soʻradi Sariboy tutilib.
— Shoʻr bodringdan ikki donasini ol, yetadi! Ha, papiros olish esingdan chiqmasin!..
* * *
Aslida bosh ogʻrigʻini tuzatish ilinjida boʻlgan ikki ulfat bir soatdan soʻng gʻirt mast holda maktab hovlisida oʻtirishardi. Ayniqsa, Xoldor butkul aljirab qolgandi. Shunda ham gohi-gohida Sariboyga dakki berib qoʻyardi.
— Sen qayoqqa qarayapsan oʻzi? — suhbat orasida soʻradi Sariboydan. — Erkaklik gʻururing qayga yoʻqoldi, oshna?
— N-nima deganing bu? — tushunmay Xoldorga yaqinroq oʻtirib qulogʻini ding qildi Sariboy. — Nima demoqchisan?
— Xotining Oysuluvni aytaman. — dedi Xoldor hiyla ovozini pasaytirib. — Nima ishlar qilib yurganini bilasanmi?
— Q-qaysi Oysuluv?..
— Qaysi boʻlardi? Oʻgʻling Serikboyning onasi-da!..
— Ie, nima qilib yuribdi ekan u iflos? Erga tegibdimi?..
— E, — qoʻl siltab qoʻydi Xoldor. — Erga tegsa mayliydi. Oʻynash orttirvolganmish, oʻynash!
— Nima? Oʻynash dedingmi? — Sariboy bu gapni eshitgach, rangi gezargancha oʻrnidan turib ketdi. — Sen qayoqdan eshitding? Kim ekan u xunasa?..
— Qoʻy, oʻzingni bos! — uni oʻtirishga undadi Xoldor. — Ajralib ketgansan-ku baribir!.. Ha endi… Gap yoʻgʻida bir aytdim-qoʻydim-da!
— Yoʻq, hammasini aytasan. Kimligini bilmagunimcha seni qoʻyib yubormayman!..
Sariboy Xoldorning yoqasidan olib oʻrnidan turgʻazdi.
— Boʻl tez! Agar aytmasang, senday oshnam yoʻq, vassalom!
— Xoʻp, aytaman.
Xoldor uning qoʻlini yoqasidan olib tashladi-da, koʻp qavatli uylar tomon ishora qildi.
— Hov anavi toʻrt qavatli dom yonida koʻrib qoldim xotiningni. Novchadan kelgan, oq-sariq bir yigitminan quchoqlashib turgan ekan. Yigit yigirma beshlarda bor-ov!..
— Shunaqami? — Sariboy tishlarini gʻijirlatib ulfati koʻrsatgan uy tomon alam bilan boqdi. — Yoshrogʻini topvolibdi-da megajin! Toʻxtab tursin, hali unga koʻrsatib qoʻyaman erkak qanaqa boʻlishini! Boʻpti, yaxshi qol! Men ketdim!
— Hoy, qayoqqa? Toʻxta!
* * *
Shu tobda Sariboyni hech qanday kuch toʻxtata olmasdi. Uning koʻz oʻngida faqat sobiq xotinining oʻzga bir erkak qoʻynida erkalanishi gavdalanar, tasavvur qilgani sayin battar gʻazab otiga minardi.
U xotini yashaydigan uyga yaqinlashgach, choʻntagini bir kovlab oldi-da, podyezd ichkarisiga qarab chopdi. Kirib ketayotganda kimlardir unga salom berdi, hol-ahvol soʻradi. Sariboy ularning birontasiga eʼtibor bermadi. Tezroq yuqori qavatga koʻtarilib olish, oʻziga tanish eshikni ochish ilinjida boʻldi.
Ana, bir paytlar oʻz qoʻllari bilan qurgan temir eshik. Boʻyoqlari koʻcha boshlabdi. Devorlarni is bosibdi.
Sariboy bir muddat tish qayrab turgach, eshikni tepib baqirdi:
— Och, itdan tarqagan! Och dedim!..
Uch-toʻrt tepki tushgach, avvaliga ichkaridan kimlarningdir pichir-pichiri quloqqa chalindi. Soʻngra eshikka kimdir yaqin kelgandek boʻldi.
— Ha, qoʻrqyapsanmi? — qichqirishda davom etdi Sariboy. — Qoʻrqma! Allaqachon eshitganman. Vey, agar ochmasang, eshikni buzib boʻlsayam kiraman, bildingmi?!.
— Senga nima kerak? — nihoyat ichkaridan Oysuluvning mayin ovozi eshitildi. — Bor ket!
— Kim ketadi? Menmi? Vey, sen yaramas mening uyimda oʻtiribsan!..
— Bu sening uyingmas, Foziljonniki! Uy oʻgʻlingga qolgan!.. Yoʻqol! Hozir melisa chaqiraman!..
— Voy itdan tarqagan-ey!.. — yerga chirt etib tupurib soʻkindi Sariboy. — Oʻynashing qoʻyvormayaptimi-a?.. Hozir kiray, ikkalangniyam kuningni koʻrsataman!..
— Nimani koʻrsatarding?.. — boʻsh kelmadi Oysuluv. — Turishingga bir qara! Tagʻin doʻq urasan-a!..
Sobiq xotinining soʻnggi gaplari Sariboyni battar gʻazablantirdi. U eshikni tinimsiz tepa boshladi. Bu orada qoʻni-qoʻshnilar bir-bir eshiklarini qiya ochib tashqariga moʻralashdi-yu, Sariboyni koʻrib darhol oʻzlarini ichkari olishdi.
Oysuluv esa toqati toq boʻldimi, eshik zulfinini sugʻurib ostonada paydo boʻldi.
— Qani u? Qani deyapman?
Sariboy jonholatda kirib xonalarni titkilay boshladi.
— Qani oʻynashing, iflos? Ha-a, qilgʻiliqni qilib qoʻyib endi jim turibsan-da-a?.. Yo‘-oʻq, men sening adabingni beraman! Oʻldiraman!.. Qoningni ichaman!
— Ichib boʻpsan! — dedi ovozini pasaytirib Oysuluv. — Sendaqalarning kuchi faqat ogʻziga yetadi.
— Men bilan shu maqsadda ajrashganmiding? Yoshrogʻini topvolgan ekansan-da!..
— Ajab qilaman!.. Qoʻlingdan nima keladi? Bitta bolani eplab boqolmaganingdan keyinam yashayveraymi senminan? Hecham-da!..
— Oʻldiraman!
Sariboy ogʻzidan tupuk sachratib oshxonaga kirdi va qoʻlida oshpichoq bilan ortga qaytdi.
— Ayt oʻsha xunasani! Koʻrsat menga!..
— Senga koʻrinaman deb oʻlib turgani yoʻq! — dedi Oysuluv xotirjam ohangda. — Kim boʻpsan-u, senga koʻrinsin?!.
Sariboy picha taysallanib turdi-da, Oysuluvga juda yaqin kelib pichoq tigʻini qorniga tiradi.
— Oxirgi marta soʻrayapman. Qani oʻynashing?..
— Yoʻq dedim-ku! — shivirladi Oysuluv qoʻrqayotganini sobiq eriga sezdirmaslikka urinib. — Tiq pichogʻingni! Nega turib qolding?..
— Mana senga, mana!.. Ulushingni ol, ablah, mana!..
Ayolning qorin qismiga bir necha marotaba tig‘ sanchilib, koʻylagi etagidan qon sizib chiqdi. Oysuluv koʻzlari olayib, ogʻir-ogʻir nafas oldi va shilq etib yiqildi.
Shundan keyingina Sariboy nima qilib qoʻyganini anglab yetdi. Ammo Oysuluvga yordam bermadi.
U pichoqni balkonga irgʻitib qochishga tutindi.
Xotima oʻrnida:Oradan oʻn besh-yigirma daqiqa oʻtdi. Sariboyning ketganiga amin boʻlgan qoʻshni ayollar Oysuluvdan hol soʻrash ilinjida ichkariga moʻralashgandi. Uy bekasining behush yotganini koʻrib tezda vrachga qoʻngʻiroq qilishdi. Uzoq urinishlardan soʻng vrachlar Oysuluvning hayotini saqlab qolishdi.
Sariboy esa oʻsha kunning oʻzidayoq militsiya xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!