ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (5-qism)

«TAN MAHRAM»
Soli ota uzun yoʻlakdan oʻtib kattakon zalga kirdi. Xona juda hashamatli, aylanasiga qimmatbaho jihozlar qoʻyilgandi. Mehmonali umri bino boʻlib bu kabi koshonalarga kirib koʻrmagani uchunmi, polga toʻshalgan qalin, choʻg' kabi qip-qizil gilamga ham qoʻrqa-pisa oyoq qoʻyardi.
— Qani, oʻtir, yigit, — toʻrga ishora qildi Soli ota. — Nega anqayasan? Oʻtirsang-chi!
Mehmonali itoat bilan koʻrsatilgan joyga choʻkdi. Qariya ham tiz choʻkib fotihaga qoʻl ochdi.
— Ishqilib, dushmanlarning koʻzi koʻr, tili soqov, qulogʻi kar boʻlsin! Omin, Ollohu Akbar!..
Mehmonali hanuz oʻzini oldinda nimalar kutayotgani bilan qiziqardi. Yaratgandan ruhan jazolasa tezroq jazolay qolishini soʻrardi. Soli otaning har bir qaltis harakatini koʻrganda, yuragidagi shubha-gumonlar, qoʻrquvlar ming chandon ortib, bezovtalanishga majbur etardi. Bir koʻzi esa tashqarida edi. Xuddi qariya Moʻydinga tayinlagan-u, hozir koʻchadan uch-toʻrtta oʻzi kabi barzangilarni boshlab keladigandek, Mehmonalini boʻgʻizlab tashlaydigandek boʻlardi.
— Endi gapni eshit, — oʻrtadagi sukutni buzib gap boshladi Soli ota. — Boyagi Moʻydin akang mening jiyanim boʻladi. Aytdim-ku boya, isportchi. Ja mushtumzoʻr. Besh-oʻn yil burun birovni soʻyib qoʻyib qamoqlardayam yotib chiqdi zangʻar. Kelajakda senga shu dars boʻlsin deyman-da! U gap qaytarganlarni juda yomon koʻradi.
— Nega bularni menga uqtiryapsiz? — soʻradi Mehmonali toqati toq boʻlib. — Ja yomonlik qiladigan boʻlsangiz, mana, qarshingizda oʻtiribman. Nima qilasiz choʻzib?
— Ja mahmadonalar xilidan ekansan oʻzingam, — norozi qoʻl siltab Mehmonaliga alamli boqdi qariya. — Sen kim boʻpsanki, yomonlik qilsam? Nimangga yomonlik qilaman? Agar koʻnglimda yomonlik boʻlsa, oʻsha oʻzing kovlagan chuqurga seniyam koʻmdirvora qolardim. Koʻmmadim-ku!.. Aytgancha, yertoʻla voqeasini birovga gullab yurmagin! Bilasan, ogohlantirdim, tilxatniyam yozib bergansan. Kechirib oʻtirmayman!..
— Ahmoq emasman gullab, — dedi boshini ters burib Mehmonali. — Undan koʻra, buyogʻiga nima ish qilishimni ayting. Vaqt ketyapti, axir!
Soli ota bir muddat yer chizgancha oʻyga toldi. Shu orada boyagi hovlida roʻbaro' kelgan qiz ichkilik, gazaklar, shokoladlar terilgan patnisni koʻtargancha kirib keldi.
— Xush kepsiz, — dedi muloyimlik bilan Mehmonaliga yer ostidan boqarkan qiz. — Ota, charchamadingizmi?
Soli ota qiziga mehr bilan qarab qoʻydi-da, boshi bilan «yoʻq» ishorasini qildi.
Qiz oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻygan koʻyi xonani tark etdi.
* * *
— Bu mening yakka-yu, yolgʻiz qizim, — dedi Soli ota Mehmonaliga zimdan sinchkov tikilib. — Gapning indallosini aytsam, qizimning ismi Mo''tabar. Eridan ajratvoldim. Haromi oʻz bolasini tan olmaganmish. Oʻsha… Sen yertoʻlaga koʻmgan bola nevaramiydi. Xudo kechirsin!.. Xullas, Mo''tabar baxtli boʻlishini xohlayman. Uni sen baxtli qilasan. Basharti bosh tortsang, yo senam oʻsha Samad haromining yoʻlini tutsang, bilib qoʻy, joning meni qoʻlimda. Buni senga boya uqtirdim ham. Qisqasi, bugun nikoh oʻqiladi. Mana shu uy senlarniki. Yayrab-yashnab yashaysanlar. Xoʻsh, nega ogʻzingni ochaverasan, Mehmonboy? Gapirsang-chi munday erkakka oʻxshab!..
Mo''tabarni koʻrgandanoq Mehmonalining boʻlari boʻlayozgandi. Qizning juda jozibali husni deydimi, qomatimi, yo katta-katta koʻzlarimi, ishqilib nimasidir Mehmonalini hayrat va orzu dengiziga uloqtirib tashlagandi. Bu dengizdan sira chiqqisi kelmasdi. Mo''tabar unga yer ostidan tikilib, otasiga bildirmaygina jilmayib qoʻygani bola faqirning jonini uzib olay degandi…
U darrov Barnoni koʻz oldiga keltirdi. Uning soʻnggi gaplari, ota-onasining mensimasdan rad javobini berishi, shu harakati bilan kamsitishi miyasida gʻujgʻon oʻynab mushtdek yuragini oʻrtay boshlagandi.
«Mana, shunday goʻzal qiz ham menga oʻtli boqishdan tiyila olmadi, — derdi xayolan oʻziga oʻzi. — Barno-chi?.. Bilmagan ekan, unga Mehmonali emas, uy kerak ekan. Demak, muhabbati soxta ekan-da!.. Essiz, oʻshanda koʻngil qoʻymasa boʻlarkan. Koʻngil qoʻydi, ortidan halakaning itidek chopdi, izilladi. Barno boʻlsa, parvoyiga ham keltirmadi. Mehmonalini uysizdan olib uysizga soldi…»
* * *
Ha, Mehmonali qariyaning soʻnggi soʻzini eshitgach, hali oʻzi ham tanib-tanimagan yovvoyi ishq oʻti koʻksini battarroq kuydira boshlagandi…
Ammo bir koʻngli qariyaga ishonma deya gʻalayon qilardi. Boshqa bir koʻngli esa Mehmonalining vujudini qitiqlab, dunyoga yanada kuchliroq mehr bilan boqishga undardi.
«Qariya rostdanam meni kuyov qilmoqchimi? — oʻylardi Mehmonali hayratdan yoqa tishlagudek bir ahvolda. — Axir… Qizi judayam chiroyli, kelishgan ekan-ku! Bunday qizlarning xaridori koʻp boʻladi deyishardi-ku! Nahotki, shunday sohibjamol baxtsiz boʻlsa?.. Ha-a, chol boya yertoʻlada nima devdi? Kuyovining ismini Samad debmidi? Ha, shunday devdi. Oʻsha Samadiyam gʻirt ovsar shekilli-da! Kelib-kelib sohibjamolniyam tashlab ketadimi!?. Eh, Mehmonali, nimalar boʻlyapti oʻzi? Boya goʻrkovlik qilib, titrab-qaqshab boʻlsa-da, murdani koʻmding. Oʻsha paytda sendan boshqasi boʻlsa yuragi yorilib oʻlardi. Shubha-gumonlarning ming koʻchasiga kirib chiqding. Yorug' dunyoning mo''jizasi-yu, yaxshiliklaridan butkul umidingni uzding. Endi boʻlsa, baxting, omading shundoq peshonangdan chiqib turibdi… Qiziq, Soli ota gapning dangalini ayta qolsa boʻlmasmidi oʻsha yoqdaligida?!. Paysalga solib, qoʻrqitib, tilxat yozdirishning nima keragi boridi? Toʻgʻri shu uyga opkelib Mo''tabarni koʻrsatsa, olam musaffo, Mehmonali koʻnardi, qaysarlik qilmasdi. Toʻgʻri-da, oʻzi chekka bir qishloqdan poytaxtga baxtini, omadini qidirib kelgan boʻlsa. Mana, xudo yor boʻlib oʻsha baxt, omad oyogʻining ostidan chiqdi. Yana nima kerak unga? Qishloqda yursa, nimaga erishardi? Yo'-oʻq, kallani ishlatishi kerak. Agar shunday sohibjamol qiz baxtsiz boʻlsa, Mehmonali albatta baxtli qiladi. Xudoga shukr, men sportidayam uncha-munchasiga soʻzimni berib qoʻymayman. Mo''tabarni himoya qilishga, sevishga, qadrlashga qurbim yetadi…
Obba tulki-ey! Obbo ichidan pishgan qariya-ey!.. Mardikor bozorni aylanib faqat meni tanlabdi. Demak, unga menam yoqib tushganman. Ketib qolishimdan qoʻrqib, barzangilarini ishga solgan u. Sezgan-da! Yerning tagida ilon qimirlasa biladi bunaqangi boylar. Xayriyat, birovdan kam boʻlmaydigan chiqa boshladim. Chol sira qoʻrqmasa ham boʻladi. Agar ilgari ketish niyatida turgan boʻlsam, Mo''tabarni koʻrganimdanoq bu niyatimdan qaytdim. Ha, men Mo''tabarga jon-jon deb uylanaman…
Toʻxta, bu qariyaning navbatdagi hiylasi emasmikan ishqilib? Axir, qaysi ota shunday qizini umrida koʻrmagan, tag-tugini surishtirmagan yigitning qoʻyniga solib qoʻyadi? Muddaosi nimaykin oʻzi? Nahotki, sinab koʻrmoqchi boʻlsa? Nega? Yoʻq, bunday emasdirov! Aks holda shu yergacha sudraklab, oldiga mana bunday shohona dasturxon tuzab oʻtirmasdi…
Ha-a, taxminlari toʻgʻri chiqyapti. Mo''tabarning yoshi oʻttizdan naridaligi koʻrinib turibdi. Buning ustiga erdan chiqqan. Katta shaharlarda erdan chiqqan qizlarning baxti ochilishi mushkulroq kechadi. Shuning uchun Soli ota meni tanlagan. Boʻy-bastim, koʻrinishimdan qizini himoya qila olishimga koʻzi yetgan. Buning ustiga Mo''tabardan yoshroqman. Boʻy yigitman. Qaysi oʻttizga kirib qolgan ayol boʻy yigitga tegishni xohlamaydi. Jon deydi! Qishloqda koʻrgan. Omina opa degan hisobchi ayol ham shunday qilgandi. Eri bilan ajrashib ketgandan keyin hech qancha oʻtmay, endi armiyadan kelgan Sulton akaga tegvolgandi. Hamma gapirgandi. Ammo faqat yoshi kattalar gapirgan, gap-soʻz qilgan. Qizlar, juvonlar boʻlsa, Omina opaga rosa havas qilishgan…»
Qariya ham ana shuni moʻljallabdi chogʻi. Qizi boʻy yigitga tegsa, maqtanib yuradi-da!.. Mehmonali bunaqa sohibjamolni qaydan topsin?!. Ana, Barno cholning qizidaqa ketvorgan boʻlmasayam, Mehmonalini nazarga ilmadi-ku! Uyi yoʻqligini yuziga soldi ochiqchasiga. Mana shu ayolga uylanib qishloqqa oborsa-chi? Birinchi boʻlib Barnoga, uyidagilarga koʻz-koʻzlasa-chi? Qanday boʻladi? E, qandday boʻladi! Kuyib, sochini yulsin Barno! Mehmonalining kimligini koʻrsin! Shunday goʻzal xotini borligiga guvoh boʻlsin-u, uyida oʻtira olmay qolsin!.. Ha, rosa alamidan chiqardi. Xotini bilan yetaklashib borardi-da, togʻasi Obid suvchining hovlisiga — oʻzining, bobosi, momosining izlari qolib ketgan uyga kirardi. Atayin qoʻshib-chatib boʻlsayam rosa maqtanardi. Xotinigayam shipshitib qoʻyardi. Kuydirib, kul qilishardi. Eh, rosa koʻnglidagidek ish boʻlardi…
* * *
— Uxlab qoldingmi? Gapirmaysanmi? — oʻrtadagi sukutni buzib soʻradi Soli ota. — Mo''tabar yoqdimi senga? Mening gapimga kirasanmi, yo…
— Men roziman, — dedi Mehmonali. — Uylansam, shunday qizga uylanaman-da, ota! Qolaversa…
— Boshqa gaplarni qoʻy, — ikki kaftini bir-biriga ishqalab tizzalab oldi Soli ota. — Javobing haqiqatan aqlli odamning javobi boʻldi, barakalla! Endi tagʻin bir gapim esingda boʻlsin! Men biznes odamiman. Bir umr savdogarchilik qilib oʻtdim. Nima qilayki, qarib qoldim. Sogʻliq qurmagʻur pand berib qoʻyyapti. Xudo oʻgʻildan qisdi-da, na iloj!?. Bittagina shu Mo''tabarni berdi xolos. Shunisigayam shukr! Agar yaxshi kuyov boʻlib yursang, qizimning aytganidan chiqmasang, topganim senlarniki. Goʻrimga orqalab ketmayman-ku boyliklarni!.. Mo''tabar, hoy Mo''tabar! Qayda qolding?
Zum oʻtmay Mo''tabar yuz koʻrsatdi. Adrasdan koʻylak-lozim kiyibdiki, bir husniga oʻn husn qoʻshilganday ochilib ketibdi.
Mehmonali unga yer ostidan bildirmaygina razm solarkan, sal qursa ogʻzidan soʻlagi oqib ketay derdi. Yuragi bezovta urib oʻzi sezmagan holda mushtlarini tugardi.
* * *
— Ha, otajon, — deya oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻygancha Soli otaning qarshisida hozir boʻldi Mo''tabar. — Biror narsa kerakmidi?
— Oʻtir, — dedi qariya atayin Mehmonalining yonidan joy koʻrsatib. — Muhim gap bor!..
Mo''tabar asta kelib Mehmonalining yonidan joy oldi. Garchi oralarida ellik santimetrcha boʻshlik boʻlsa-da, Mehmonalining koʻksi qaynab ketayotgandek bezovtalana boshladi. Biroq sezdirmadi. Hayajonini sir tutish ilinjida bosh egib oldi.
— Senga aytgan yigit mana shu edi, — dedi Soli ota. — Bilasan, men ochiq gapirishni xush koʻraman. Xoʻsh, senga maʼqulmi Mehmonali?..
Mo''tabar ilkis bosh koʻtarib Mehmonaliga bir qarab qoʻydi-yu, qayta bosh egdi.
— Barakalla, — dedi Soli ota kulimsirab. — Hozir Samin mulla keladi. Nikoh oʻqitamiz ikkalangizga. Bir-birlaringni hurmatlab, ehtiyotlab yashaysanlar shu uyda. Kaming boʻlmaydi. Hamma narsang toʻkis boʻladi. Nima deysan?
Mo''tabar otasiga yalt etib qaradi-da, yelka qisdi.
— Boʻpti, unda sizlar oʻtira turinglar, — Soli ota oʻrnidan qoʻzgʻaldi. — Men qoʻshnilarni chaqiray. Guvohlikka oʻtishsin. Sizlar gaplasha turinglar, tanishinglar!
* * *
Oradan bir hafta oʻtdi. Mehmonali umri bino boʻlgandan beri birinchi marta oʻzini shu qadar baxtli his etdi. Soli ota u oʻylaganchalik johil emaskan. Ikki yoshga umuman xalal bermadi. Mehmonalini ilgarigidek tergab, qoʻrqitib xit qilmadi. Har zamonda kirib oziq-ovqat, mayda-chuyda narsalar olib kelib oshxonaga qoʻydi-yu, ikkovlaridan hol soʻragach, chiqib ketaverdi. Mehmonalining yuragiga oʻrnashib qolgan vahima, qoʻrquv, nafrat hissi vaqt oʻtgani sayin soʻna borardi. Ayniqsa, Mo''tabarni har erkalaganda, yorug' dunyo koʻzlariga yanada goʻzalroq koʻrina boshlardi…
Shunday kunlarning birida Mehmonali oshxonada kimningdir qattiq-qattiq gapirayotganidan uygʻonib ketdi. Uygʻondi-yu, shosha-pisha yoniga boqdi. Mo''tabarning oʻrni boʻm-boʻsh. Dast oʻrnidan turib qulogʻini ding qildi. Oshxonada gapirayotgan xotini ekan.
— Muslim aka-a, namuncha qaysarsiz? — deya kulgi aralash soʻzlanardi Mo''tabar. — Yana bir hafta muhlat beri-ing, jon Muslim aka! Axir… Chillaliman. Erimning yonida… Haligiday… Tushunasiz-ku oʻzingiz! Uf-f… E, mijoz yoʻqotmayman, ishoning! Yana bir hafta dam olishga ruxsat bersangiz, ikki hissa ishlab berardim chiqib. Maylimi-i?..
Mehmonalining toqati toq boʻldi. Bir hatlab oshxonada hozir boʻldi.
Mo''tabar esa unga koʻzi tushdi deguncha jonholatda telefonni orqasiga berkitib, Mehmonaliga alang-jalang boqdi.
Azaldan qizgʻonchiq edi. Oʻziga tegishli buyumga kimdir koʻz olaytira boshlasa, jahd otiga minar, buyum birovning qoʻliga tushishini hazm qila olmasdi. Bugun tushundiki, xotinini bundan beshbattar qizgʻonarkan. Begona erkakning ismini xotini tilga koʻchirgani uni ado qilayozdi. Goh oʻng, goh chap qovogʻi uchib-uchib ketdi.
— Kim u Muslim aka? — soʻradi u tahdid aralash. — Nega begona erkak bilan soʻroqsiz gaplashyapsan? Kim u?
Mo''tabar bir muddat indamay Mehmonaliga tikilib turdi-da, sal oʻzini qoʻlga olgan kabi qaddini rostladi. Keyin esa qoʻlidagi telefonni stol ustiga qoʻydi.
— Meni kim deb oʻylayapsiz? — dedi u lablari xiyol titrab. — Men sizga hisob berishim kerakmi? Qachondan beri?
Mehmonaliga bu javob alam qildi. Oʻzini xoʻrlangandek, tahqirlangandek his etib, xotiniga yaqinlashdi va iyagiga chang soldi.
— Qachondan beriligi eslaridan chiqdimi? — dedi alam aralash shivirlab. — Nikoh oʻqilgandan beri! Majbursan hisob berishga. Xoʻsh, kim Muslim aka?
— Kim boʻlardi? Ishxonamdagi boshligʻim. Ishga chiq deyapti! Boʻldimi? Koʻnglingiz tinchidimi endi?
— Ishga?.. Qara-ya, sen bilan bir haftadan beri birga yashab qaerda ishlashingni soʻramabman ham. Qaerda ishlaysan oʻzi?
— Sizga nima farqi bor? — ovozini yana bir parda koʻtarib soʻz qotdi Mo''tabar. — Ishdaqa ish!
— Nomi bordir axir?!. Qaysi tashkilot? Zavodmi? Yo kasalxonami?
— Menga qarang, — ikki qoʻlini beliga tirab bir qadam ortga tislandi Mo''tabar. — Mana buning sizga sirayam qizigʻi yoʻq. Hisob berish majburiyatini olmaganman.
— Shunaqami? Ja qaysar ekansan! Chiroyli, aqlli desam, oʻtaketgan qaysar va shartaki ekansan.
— Ajab boʻpti! Boring, nonushtangizni tayyorlab qoʻyganman! Yeb oling-da, mening ishimga aralashmang!..
Bu gap ortiqcha edi.
Mehmonali oʻzini xoʻrlangan, ojiz his eta boshladi. Boyagina qalbini egallab olgan qaynoq muhabbat oʻti soʻnib oʻrnini muzlik egallab olgandek alam qildi. Biroq Mo''tabar haq edi. Surishtirishga, tergashga haqli emas. Uy ham xotininiki. Uyoqda otasi… Xohlasa, qoʻlidagi dalillarni melisaga topshiradi-yu, Mehmonalini qamatib yuboradi…
Ahmoq boʻlibdimi qamalib?!.
Hozir naq jannnatda yashayapti-ku! Qaerda ishlasa ishlayvermaydimi?!. Yashashini bilishi kerak u.
Mehmonali shularni xayolidan oʻtkazarkan, oʻzini majburlab boʻlsa-da, Mo''tabarga jilmayish qildi-da, yuz-qoʻlini chayish niyatida vannaxonaga kirib ketdi.
* * *
Ammo vaqt oʻtgani sayin Mehmonalining tabiatiga xos qaysarlik zoʻr kela borardi. U qalban xohlamasa-da, miyasining allaqaerida berkinib turgan oʻsha qaysarligi qoʻzgʻolon qilaverdi.
— Sen qanaqa boʻshang yigitsan oʻzi? — derdi iblis qaysarlikni zabtiga olib. — Mushtlashishga ustasan. Ancha-munchasiga koʻcha-koʻyda soʻz beradiganlardan emassan. Hozirgi tutayotgan ishingni qara. Xotin kishi erkakning qarshisida bosh egib turishi lozim. Buni bilasan. Ammo bila turib uning oʻrniga oʻzing bosh egib qolyapsan. Xoʻsh, uyida yashayotgan boʻlsang nima qipti? Ana, oʻrusiyaga bor, yigitman degani borki xotinining kvartirasida yashaydi. Ular tilini bermaydi. Kerak boʻlsa, qaynonasini oyoqqa turgʻazib qoʻyishadi. Sen-chi? Qoʻyningda buralib-buralib yotgan jononingning ish joyini aniqlashga ojizlik qilyapsan. Qamatarmish. Qamatib boʻpti. Chol pixini yorganlar xilidan. Soddaligingni, qishloqiligingni bilgani uchun nogʻorasiga oʻynatyapti. Mayli, oʻyna, bu hozir senga judayam zarur. Biroq shu oʻyin bachchagʻarni oʻz foydangga ishlat-da! Yoʻq, ortidan poyla. Ertaga ishga deb ketishi bilan ortidan poylab bor, qoʻrqma! Ana shunda hammasini aniqlaysan-qoʻyasan!..
(davomi bor)

Izohlar
0Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!