📖 Hikoyalar

ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (2-qism)

8 daqiqa 1.9K marta oʻqildi
ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (2-qism)
TUTQUNDA
«Mana shu yerdan jilmasligim kerak, — oʻyladi Mehmonali uyoqdan-buyoqqa qoʻllarida zil-zambil sumkalar bilan oʻtib turgan yoʻlovchilarga zimdan boqib. — Tursam, kimdir egallab qoʻyadi. Undan keyin qaerda mizgʻiyman. Ertaga mardikorlikka chiqishim zarur. Aks holda ochdan oʻlish hech gapmas. Chidayman, bardosh qilaman… Eh, togʻa, togʻa, shunchalik ablahligingni bilmas ekanman. Bolalikdan ikkalamiz tepishib katta boʻlgandik. Seni «togʻa»mas, «aka» deb chaqirardim. Sen ham hech qachon meni «jiyan» deb atamagansan. Endi nega toʻningni teskari kiyib olding? Bobom rahmatlining «Xotin topiladi, ammo jigar topilmaydi» degan oʻgiti esingdan chiqdimi? Essiz, senday bagʻritosh bilan birga ulgʻaygandan koʻra axlatxonalarda yashab ulgʻaysam alam qilmasdi…»
Bir-biridan ayanchli, vahimaga qorishiq, dardli, alamli oʻylar Mehmonalining miyasini uzoq vaqt kemirdi. Bilmaydi, tun yarimlagandami, ishqilib, vokzalda yoʻlovchilar hiyla kamaygach, uyqusi kela boshlaganini his etdi va sumkasini yostiq oʻrnida qoʻyib, uzala tushib yotgancha koʻzlarini yumdi.
* * *
Yoʻl charchatgan chogʻi, Mehmonali darrov uxlab qoldi. Tushiga bobosi va buvisi kirganmish. Ular Bachqirariqning ikki qirgʻogʻida turarmish-u, nuqul mushtlarini oʻqtalgancha Mehmonaliga poʻpisa qilisharmish. U qancha qichqirib, bu poʻpisalar sababini soʻramasin, indashmasmish…
Mehmonali qora terga botib uygʻondi. Uygʻondi-yu, dast oʻrnidan turib bosh tarafiga qaradi. Soʻngra hech narsaga tushunmay koʻzlarini ishqalay-ishqalay yana oʻsha tomonga boqdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, yoʻl xaltasi joyida yoʻq edi. Mehmonali azbaroyi yuragini vahm bosib tevarakka alangladi. Yoʻlovchilar ahyon-ahyonda oʻtib qolishar, oʻrindiqlarda erkag-u ayol yastanib olgancha mudrardi.
«Endi nima qilaman? — koʻnglidan oʻtkazdi Mehmonali uyoqdan-buyoqqa yurgan koʻyi boshini changallab. — Pullarim, pasportimni qanday topaman endi? Nima boʻldi-yu, boshim ostidagi xaltani oʻgʻirlatsam? Kim oʻgʻirladi? Nega?..»
Mehmonali shu taxlit yarim soatcha vokzalni kezdi. Mo''jiza sodir boʻlishiga, xalta quchoqlagan oʻgʻrini koʻrib qolishiga umid bogʻladi. Baxtga qarshi bu mo''jiza sodir boʻlmadi. Oʻzi sezmagan holda tashqarini kuzatib yurgan militsionerga urilib ketdi.
— E, ichvolganmisan, yigit? — oʻdagʻaylab berdi militsioner. — Koʻzingga qarab yursang oʻlasanmi?
— Kechirasiz, aka, — dedi Mehmonali aybdorona bosh egib. — Sizni payqamay qolibman.
— Qani, toʻxta-chi, — militsioner birdan sergak tortib, Mehmonalining tirsagidan tutdi. — Qaerdan kelding? Hujjatlaringni bir koʻrib qoʻyaylik-chi, okasi!..
— Men… Haligi… — chaynalib beixtiyor kissalarini kovlashtira ketdi Mehmonali. — Hujjatim…
— Namuncha chaynalasan? — doʻqlay boshladi militsioner qoʻlidagi charm tayogʻini oʻynatib. — Qani pasporting? Shaharga nima niyatda kelding?
— Ochigʻi… — tutila-tutila rostini aytishga tutindi Mehmonali. — Pasportimniyam, pullarimniyam boyagina oʻgʻirlatib qoʻydim.
— Nima? — militsioner koʻzlarini kattaroq ochib, Mehmonaliga hayrat aralash razm soldi. — Kimni ahmoq qilmoqchisan-a oʻzi?
— Aka, ishoning, — dedi Mehmonali oʻrindiqlar tomonga ishora qilib. — Hov anavi yerda uxlab qolgan ekanman charchab. Yoʻl xaltam boshimning ostidaydi. Uygʻonib ketib qarasam… Gʻoyib boʻlibdi.
— Shunaqa degin? — bu gapdan soʻng militsioner sal shashtidan tushib muloyimlashdi. — Nega keluvding oʻzi poytaxtga?
— Rostini aytsam, tirikchilik qilib, mardikor ishlab picha pul orttirmoqchiydim.
— Xoʻsh, shu gaplaringga qanday ishonay, uka? — soʻradi militsioner koʻzlarini loʻq qilib. — Men qaerdan bilaman? Balki sen qaysidir turmadan qochib berkinib yurgandirsan? Yo adashdimmi?
— Aka, ishoning, — dedi kuyinib Mehmonali. — Qishloqdan, hov Mehnatobod degan yerdan keldim. Turmadan qochmaganman.
— Qani, yur, boʻlimga boraylik, oʻsha yerda aniqlaymiz, — dedi militsioner aftini bujmaytirgancha goh oʻng, goh soʻlga alanglab olarkan. — Yur tez!..
Mehmonalining buyruqqa boʻysunishdan boʻlak iloji ham yoʻq edi. Garchi shayton «orqa-ketingga qaramay qochvor, yetib boʻlishibdi bular», deya betinim uqtirayotgan boʻlsa-da, taqdir hukmiga boʻysunishni maʼqul koʻrdi. «Balki shuyam yaxshilikkadir», degan oʻyda boʻshashgancha militsionerning oldiga tushdi.
* * *
Vokzal militsiya boʻlimida Mehmonalini olib kelgan xodimdan tashqari yana bir leytenant nimalarnidir yozar, qarshisidagi kursida esa Mehmonali kabi bir musofir yigit rangi boʻzargan koʻyi leytenantga umidvor boqardi.
— Mana, yana bir dezertirni opkeldim, — dedi militsioner xonaga kirishgach, qoʻlidagi charm tayoqchani mixga ilib. — Na hujjati bor, na oʻzining tayini borakan.
Leytenant yozishdan toʻxtadi-da, boshini koʻtarib Mehmonaliga hayrat aralash qaradi. Shu taxlit chamasi oʻttiz-qirq soniya qarab turdi va dafʼatan oʻrnidan turdi-yu, kursida oʻtirgan yigitga oʻshqirdi.
— Yoʻqol! Qaytib qorangni koʻrmay!..
Yigit shuni kutib turgan ekanmi, sapchib oʻrnidan turdi va leytenantga yasama qulluq qila-qila tashqariga chopdi.
— Dezertir deysanmi? — soʻradi leytenant Mehmonalini boshdan-oyoq kuzatib. — Jinni boʻlganmisan, serjant? Qanaqa dezertir? Qishloq yigitiga oʻxshaydi-ku! Boʻshashganini qara! Shu dezertirlik qila oladimi-a?
— Men qaydan bilay? — zarda bilan naridagi oromkursiga oʻtirib oldi serjant. — Qoʻlida hujjatiyam yoʻq ekan. Nimaymish, oʻrindiqda uxlab qolganmish-u, kimdir hujjati-yu, puligacha shilib ketganmish.
— Qaerliksan? — soʻradi Mehmonalidan leytenant. — Oʻtirvol, uka!.. Juda yaxshi! Qani, endi gapir!
— Qoʻqonlikman, — dedi hazin tovushda Mehmonali. — Pasport, pullarni oʻgʻirlatganim rost.
— Poytaxtga nega kelding oʻzi? Qoʻqoningda ish qolmadimi qiladigan?
Mehmonali beixtiyor maʼyuslanib, bosh egdi. «Aytsammi, aytmasammi?», degan oʻyda bir muddat bosh qashib turdi. Nihoyat, aytmaslikka, yolgʻon toʻqishga qaror qildi.
— Onam kasal, — dedi boshini devorga burgan holda lab tishlab. — Mendan boʻlak qaraydigani yoʻq. Qarindosh-urugʻlar ham oʻz yoʻliga. Ochigʻi, dori-darmonga pul qolmagandi. Shunga… Mardikor ishlashga keluvdim.
— Shunaqa degin? — leytenant bu gapdan soʻng sal shashti pasaygan kabi qayta joyiga oʻtirdi. — Qani, oʻtir-chi bu yerga!.. Onang… Ogʻir kasalmi? Shunchalik jiddiymi?
— Ha, jiddiy. Yoʻqsa bu yerlarga kelib oʻtirmasdim.
— Armiyada boʻlganmisan?
— Ha, chet elda xizmat qilganman.
— Qanaqa qismda?
— Desantchilar polkida.
— Zoʻr, bu juda zoʻr! Demak, hujjat, pullar ketdi qulogʻini ushlab, shundaymi?
Mehmonali javob oʻrniga boshini silkitib qoʻya qoldi.
— Bironta kvartira topib… Ha-ya, birinchi kelishing boʻlsa, qaydanam kvartira toparding… Mayli, ism-familiyangni ayt! Biz harakat qilamiz hujjatingni topishga.
— Mehmonali Qoʻqonov Saminovich.
— Yetadi. Hozir… — Leytenant bosh qashib turdi-da, oq qogʻozga nimalarnidir yozib, Mehmonaliga tutqazdi. — Mana shu manzilga borib Fozil aka degan odamga uchraysan. Meni aytdi desang, bir kechaga joy beradi. Hammasini yozib qoʻydim, uka. Kechasi vokzalda daydib yurmagin!..
Mehmonali qogʻozni olib kissasiga soldi-da, leytenantga minnatdorchilik bildirib tashqariga yoʻl oldi. Ammo qogʻozda koʻrsatilgan manzilga bormadi. Mardikor bozor yonidagi koʻprik ostida tunashni maʼqul koʻrdi. Soʻray-soʻray, oʻsha tomonga boradigan avtobusni topdi-yu, tavakkal yoʻlga tushdi.
QUL
* * *
Bahor havosi juda yoqimli edi. Biroq kimsasiz koʻprik ostida tunash oson kechmadi. Eski shahar yaqin boʻlgani sababmi, koʻprik ostidan goh yovvoyi mushuklar yugurib oʻtib qolar, goh adashgan-netgan itlar iskalanib kelib, Mehmonalini bezovta boʻlishga majbur etardi. Mehmonali barchasiga chidadi. Militsionerlar yoʻqligiga shukr qilib, koʻprik ostida kurtkasiga burkangancha mijja qoqmay tong ottirdi. Olam gʻira-shira yorisha boshlaganda, nihoyat mardikor bozorga asta-sekin odamlar oqib kela boshladi. Mehmonali umrida bunday ishga chiqib koʻrmagani bois, qay biri ishga oluvchi-yu, qay biri mardikor ekanini uncha idrok eta olmasdi. Shuning uchun kelgan har bir odamga yaqin borib, umidvor termilishdan tiyilmadi. Kimgadir ishchi kerak boʻlsa, albatta yuzlanib qolishiga umid bogʻladi. Shunday boʻldi ham. Gavdali, soqol qoʻygan, yoshi oltmishdan oshgan sersavlat otaxon shoshilmasdan yurib keldi-da, yurishdan toʻxtamay, turnaqator turganlarga bir-bir razm soldi. Shu taxlit borib Mehmonalining roʻparasida toʻxtadi.
— Bolam, ishga borasanmi? — soʻradi muloyim ohangda. — Sendan soʻrayapman, hoʻv bola!
Mehmonali rostakamiga hayajonlanib qolgandi. Ishi oʻngidan kelganigami, kalovlana boshlagandi. Qariyaning doʻrillagan tovushi hushiga keltirdi.
— H-ha, boraman, — dedi u ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib. — Nima ish, ota?
— Katta hovlida ishlaysan, — dedi otaxon uni boshdan-oyoq kuzatib. — To kech kuzgacha ishlaysan. Har ishlagan kuning uchun 25 000 soʻmdan beraman.
Bu mardikor uchun haqiqiy baxt edi. Kunlik ishga borgan taqdirda ham shuncha haq berishadi. Qishloqdoshlari aytgan. Demak, juda maʼqul baho. Kech kuzgacha ishlasa, yotar joyi ham tayin boʻlishi aniq.
— Nima ish? — qayta soʻradi Mehmonali ehtiyot shart. — Axir…
— Hovlida nima ish boʻlardi? Mayda-chuyda ishlar-da! Tomorqa bor picha, keyin… Buziladigan uy deganday… Qolgani yoʻl-yoʻlakay topilaveradi. Koʻp ikkilanaverma, yoʻqsa boshqasini opketib qolaman, bola!..
— Yoʻq, boraman, — dedi Mehmonali hovliqib. — Ketdik unda, ota!
— Faqat aytib qoʻyay, dangasalik qilish yoʻq! Men dangasa, quloqsizlarni yomon koʻraman!
— Tushundim!..
Qariya aytgan manzil shahardan ancha chetda ekan. Havo toza, tevarak keng dalalar bilan qoplangani Mehmonalini yanada mamnun etdi. Bobo uyidan quvilib koʻchada qolib ketmaganiga suyundi. Mashina chala bitgan hovli roʻparasiga kelib toʻxtagach, pastga tushib qariyaning ortidan ergashdi. Hovlining narigi chetida toʻrt nafar oʻzidan uch-toʻrt yosh katta, barvasta yigitlar qarta oʻynab oʻtirishardi. Qariyani koʻriboq dast oʻrinlaridan turishdi-da, ular tomon chopishdi.
— Yurlaring senlaram yertoʻlaga, — buyurdi qariya yigitlarga. — Bor, eshigini och!
Yigitlardan biri chopgancha borib yertoʻla eshigini ochdi.
Ichkariga kirishgach, negadir eshikni tambalashdi. Mehmonali beixtiyor koʻngli gʻashlangandek tuyilib, qariyaga, yigitlarga javdiradi.
— Pasportni ber, bola, — kutilmaganda qariya qovogʻini uyib Mehmonaliga oʻdagʻayladi. — Nega qaqqayib turibsan? Pasportni ber dedim!
— Pasportim yoʻgʻidi, — dedi Mehmonali sergak tortib. — Yoʻqotib qoʻyganman.
— Nima?.. Mayli-i, bu juda yaxshi-i! Qani, Arslon, unda bu yigitning qoʻl-oyogʻini zanjirlanglar!..
Koʻpchilik, baribir koʻpchilik-da! Bitta-bitta chiqsa, Mehmonali bu barzangilarni «eb» tashlardi. Ammo bunday qila olmadi. Toʻrt barzangi suvarakdek yopirilib, Mehmonalini yerga yotqizib olishdi oyoq-qoʻlini zanjirlab tashlashdi.
— Bu… Nima qilganingiz, ota? — baqirdi Mehmonali siltanib. — Niyatingiz nima oʻzi? Qanaqa odamsi-iz?..
— Koʻp boʻkirma buqaga oʻxshab, — uning tepasiga keldi-da, koʻrsatkich barmogʻini oʻqtaldi qariya. — Sen bugundan boshlab mening qulimsan. Gʻing deb tovush chiqarsang, tuhmat qilib qamattirvoraman!..
Shunday dedi-yu, qariya ikki barvasta yigitni ergashtirib chiqib ketdi. Shu ondayoq yertoʻla eshigiga qulf urildi.
(davomi kelgusi sonda)
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!