📖 Hikoyalar

ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (4-qism)

6 daqiqa 1.9K marta oʻqildi
ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (4-qism)
TILXAT
Chamasi qirq daqiqa ichida Mehmonali chuqurni koʻmib, tuproqni tekislab, gilamni qaytadan joyiga toʻshadi-yu, harsillagancha qariya va barzangi oʻtirgan stol qarshisiga yaqin bordi.
— Barakalla-a, — deya yoqimsiz tirjayish qildi Soli ota. — Boʻlarkan-ku! Qani, endi kursiga choʻk!
Mehmonali koʻrsatilgan kursiga choʻkib bir qariyaga, bir barzangiga javdiradi.
Tizza-yu, qoʻllarigacha titrashdan toʻxtamagandi. Titroq ustun kelayotganini sezdirmaslik, oʻzini qoʻrqoq koʻrsatmaslik uchun qattiqroq lab tishladi.
— Bilding-a nima koʻmganingni? — oʻrtadagi jimlikni buzib soʻradi qariya. — Yo tonasanmi?
— Tonmayman, — dedi bosh egib Mehmonali. — Murda koʻmdim chuqurga… Endi… Kelishganimizdek haqimni bersangiz, ketsam!
— Nima?.. Ketsam? Qaerga? Katta xolangnikigami? Qara, Moʻydinboy buning gapini! Ketarmish!..
Moʻydin Mehmonaliga nafrat nazari bilan boqib oldi-da, qariyaning gapini maʼqulladi.
— Ahmoq, ovsar-da, boy ota, — dedi u yoqimsiz hiringlab. — Ogʻayni, ish endi boshlanadi! Bu dengizdan tomchi xolos.
— Menga qara, bola, — gapni ilib ketdi Soli ota shosha-pisha stol chetidagi qogʻoz va ruchkani qoʻliga olib. — Tonmasliging maʼqul. Erkak degan qilgan ishidan, gapirgan gapidan tonmasligi kerak. Endi manavi savil qolgur qogʻozga tilxat yozib berasan.
Shunday deb qariya qogʻoz va ruchkani Mehmonalining qoʻliga tutqazdi.
— Nima deb yozishim kerak? — soʻradi Mehmonali. — Aytavering!
— Men — unga shoshilmay yozajak matnini oʻqiy boshladi qariya. — Falonchi falonchiyev falon kuni falonchi falonchiyevning falonchi degan yolgʻiz qizini oʻn oydan beri zoʻrlab kelganimni, ayol homilador boʻlib koʻzi yorigach, aybimni yashirish uchun ikki haftalik chaqaloq farzandimizni oʻldirib, hovli yertoʻlasiga koʻmib yuborganimni tan olaman…
— A-axir… Bu… Axir…
— Yoz deyildimi, yozgin-da, xonasalot! — baqirib berdi qariya norozilik bildirish uchun ogʻiz juftlagan Mehmonaliga. — Boʻl tez! Yo Moʻydin akangning tayogʻini yeging kelyaptimi? Agar qaysarlik qilsang, oʻsha oʻzing kovlagan chuqurga tiriklay koʻmvoraman! Mana shu qoʻllarim bilan koʻmvoraman seni! Yo melisaga topshiraman, qamalib ketasan! Qamoqda chiritaman!.. Yoz dedim!!!
Ha, Mehmonali qoʻlidagi bir parcha qogʻozga bitilgan tilxatni yozib, oʻzi uchun rosmana qabr hozirlab qoʻyganini idrok eta boshlagandi. Lekin qarshilik ham qila olmasdi. Jon shirin. Qolaversa, shuni ham yozib qoʻliga topshirsa, Soli ota qoʻyib yuborishidan umid qilardi…
Yozdi, imzosini ham qoʻydi. Undan keyin Moʻydin guvohlik qilganini tirkab imzo chekdi. Va nihoyat oq qogʻoz Soli otaning qoʻliga tegdi.
* * *
— Borakallo-o, borakallo, — deya qogʻozni qoʻyinga urdi Soli ota. — Ana endi bitta ishimiz qonuniy boʻldi. Sen endi qochib hech qaerga bora olmaysan. Men nima desam, shuni bajarasan. Xudo koʻrsatmasin, qochishga urinsang bormi, xuddi shu qogʻozni melisaga topshiraman-u, seni qamatvoraman. Yo ishonmaysanmi?
Mehmonali indamay yer chizdi. Bilib turardi. Qariya uning jon yeridan tutdi. Tutganda ham juda qattiq, ustamonlik, zoʻrlik bilan tutdi. Haqiqatan, qochib hech qaerga bora olmaydi. Amerikaga qarab qochgan taqdirda ham birpasda tutib olishadi. Qolaversa, qishloqdagi qoʻshnilari Salim traktorchidan eshitgani bor. U birovni boʻgʻib oʻldirib oʻn yil oʻtirib kelgan. Aytgandiki, nomusga tegish, zoʻrlash bilan qamalganlarni turmada hezalakka aylantirib yuborisharkan. Qariya bularni ham bilsa kerak hoynahoy…
«Ablah, koʻzing chiqqur choʻqqisoqol! — qalban faryod chekardi Mehmonali. — Xudodan qoʻrqmaskan-ku bu chol! Meni boʻhtonga belab, naq giribonimdan oldi. Ana endi zanjirlasayam, non bermay tomorqada itday ishlatsayam Mehmonali miq eta olmaydi. Boya qariya qul qilib olganini tan olmagan boʻlsa, endi toʻliq amin boʻldi. Soli ota boʻynimga oʻta jiddiy aybni qoʻyib tashladi. Tilxatdan tonvorgan taqdirdayam chuqurga koʻmilgan goʻdakning tanasida barmoq izlarim qolgani tayin. Shuning oʻzi sabab boʻla oladi. Juda jirkanch, xavfli, qahraton sovugʻidan-da sovuqroq aybni boʻynimga qoʻydi bu xunasa…»
— Ota, mana, hamma talabingizni bajardim, — dedi baribir ozodlikdan umid qilib Mehmonali. — Qoʻyvora qoling meni endi! Iltimos, hali hujjatimni topishim kerak!..
Unga javoban Soli ota masxaraomuz tirjayish qildi. Soʻngra yer ostidan Mehmonaliga razm solgancha bir necha oʻn soniya sukutga toldi va dafʼatan boshini koʻtardi.
— Yoʻq, ketishdan umidni uz, bolam, — deya shivirladi u. — Buyogʻiga oʻligimiz ham, tirigimiz ham bir. Men nima desam, shuni qilasan… Yoʻq, seni qullikka mahkum qilmayman. Ozodlikda yurasan. Biroq men aytgan soʻqmoqdan, men koʻrsatgan koʻchadan yurasan. Nima qilishing kerakligini yoʻl-yoʻlakay oʻzim aytaman. Hozir esa…
Qariya ilkis Moʻydin tomonga yuz burdi.
— Moʻydin, sen mashinangda tez borgin-da, ichkilik, gazak, yeguliklar deganday sotvol. Keyin Mo''tabarnikiga boraver. Biz oʻsha yerda boʻlamiz bu yigit bilan.
— Xoʻp boʻladi, ota, — Moʻydin dast oʻrnidan qoʻzgʻalib ikki qoʻlini koʻksiga qoʻydi. — Yest qilamiz hammasini!
— Ha, shunday qil! Harqalay, bu yigit murda koʻmdi. Asabiylashayotgandir, qoʻrqayotgandir. «Istires»lari chiqsin, mayli!..
«SOVChI»
* * *

Moʻydin ketdi. Soli ota ehtiyotini qildimi, Mehmonali yozib bergan tilxatni ham uning qoʻliga tutqazib yubordi.
«Bu barzangi oʻgʻli desam, oʻgʻliga oʻxshamaydi, — oʻylardi Mehmonali qariyaning mashinasida ketib borarkan. — Ammo unga qattiq ishonarkan. Barzangiyam aytganini qilyapti. Soʻrasammikan? Ie, hozir qaerga oboradi-yu, yana boshimga ne kunlarni soladi bu qari tulki. Bilishga haqqim bor-ku axir!.. Yo shartta eshikni ochib oʻzimni pastga tashlasammikan? Tilxatiniyam, oʻziniyam boshini yerdi bu sassiq chol. Qamata olmasdi ham. Ammo… Men oʻlib ketsam, kim kuyadi? Kim oʻligimni odambashara qilib koʻmadi? Hech kim. Nari borsa, katta bir chuqur kovlashadi-da, tuzalmas kasalga yoʻliqqanlar qatorida koʻmib tashlashadi. Kimdir tepamga kelib tilovat ham qilmaydi. Yaxshi-yomonlarning oyoqlari ostida qolib ketaman… Yoʻq, men ortga chekinmasligim kerak. Bu cholning miyasida yana qanday balolar aylanayotganini koʻrishim kerak. Bir kunmas-bir kun menga koʻrsatgan kuni, gunohlari uchun jazo topishiga guvohlik qilishim kerak…»
— Ota, bir gap soʻrasam boʻlar? — dedi Mehmonali tavakkal boshini koʻtarib. — Yo bungayam ruxsat yoʻqmi?..
— Soʻra, darding ichingda qolib ketmasin tagʻin, — dedi zaharxandalik bilan qariya. — Yana nima qilib beray sen nodonga?
— Boyagi barzangi oʻgʻlingizmi?
— Moʻydinni aytyapsanmi? Oʻgʻlimdanam yaqinroq. Katta ammamning kenjasi. Lokigin uning jahlini chiqarib yurmagin yana. Juda tezob yigit. Soʻyvorishdanam toymaydi u qurmagʻur…
— Hozir qaerga ketyapmiz? Tilxat dedingiz, yozib berdim, koʻm dedingiz, koʻmdim. Tagʻin nima qilishim kerak? Qoʻyvorsangiz, ishga chiqib ketardim. Axir…
— Bas, — gapni kesdi Soli ota. — Haddingdan oshaverma, bola! Ja indamasa… Mendaqangi hotamtoyni topib boʻpsan! Katta xolangnikiga borasanmi?
— Unda ayting-da nima ishligini! Menam odamman-ku, axir, ota!..
Soli ota Mehmonalining soʻnggi gapidan keyin sal shashtidan tushdimi, mashinani toʻxtatdi-da, yonida oʻtirgan Mehmonalining yelkasiga qoqdi.
— Iqboling borakan, bolam, — dedi sovuq kulimsirab. — Hademay manzilga yetaylik, oʻzing koʻrasan. Qoʻrqma, afsuslanmaysan! Menga rahmat deysan hali, ha!..
Mehmonali javob bermadi.
Asabiy lab tishlagancha tashqariga bosh burdi.
* * *
Ular to manzilga yetguncha miq etishmadi. Mehmonali xayolan oldinda oʻzini kutishi mumkin boʻlgan koʻngilsizliklarni tasavvur etar, qalbini afsus va nadomat oʻti kuydirardi. Qishloqdan chiqib begona shaharga kelganlariga pushaymonlar yerdi.
«Togʻam koʻchalar, hech boʻlmasa, dalalardagi tashlandiq shiyponlarga ega chiqmasdi-ku, — derdi xayolan. — Nega oʻsha yerda qolmadim? Dalalarda ishlasam, yoki birovlarnikiga mardikor boʻlib yollansam ham teshib chiqmasdi-ku! Qishloqlarda qanchalab odam sholi ekadi. Biri boʻlmasa boshqasi albatta ishlatardi, haqimni berardi. Asosiysi manavinga oʻxshagan iymonini yutganlar qosh-qabogʻiga qarab sargʻaymasdim. Odam bolasining peshonasi shunchalar shoʻr boʻladimi?.. Xoʻsh, endi nimaga erishaman? Bu chol kabilarga odam oʻldirish choʻtmasakan-ku! Aks holda yertoʻladagi chaqaloqni chuqurga koʻmdirib xotirjam yura olmasdi. Qassobdan battar johil ekan bular…»
Shunday xayollar koʻksini kemirgancha oʻtirganda, mashina tor koʻchalardan biriga burilib toʻxtadi.
Oʻngdagi naqshinkor darvoza ochiq edi. Qariya rulni ichkariga burdi. Kirganlari hamono past boʻyli, kalta yubkali, siynalari yarim ochiq, qizil koftali 30 yoshlar atrofidagi ayol paydo boʻldi.
«Qizi shekilli, — oʻyladi Mehmonali qizdan koʻz uzmay. — Shaharlik-da, otasining yonida ham manavinaqangi ochiq-sochiq yuraveradi bular. Lekin ja ketvorgan ekan. Chol puli koʻpligidan qizini yaxshi parvarish qiladi shekilli…»
— Sen yur men bilan, — dedi Soli ota Mehmonaliga sovuq tikilib. — Ogʻzingni yum, pashsha kirib ketadi! Yur dedim!..
Mehmonali yana bir karra zimdan ayolga qarab oldi-da, qariyaga ergashdi.
(davomi bor)
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!