📖 Hikoyalar

ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (3-qism)

7 daqiqa 2K marta oʻqildi
ISHID (ИГИЛ) HAQIDA “KALLAKESAR…” NOMLI HAYOTIY HIKOYA (3-qism)
OQQA OʻRALGAN MURDA
Mehmonali kutilmagan koʻngilsizlikdan tamom boʻlayozgandi. Hech narsaga tushunmay, nuqul goh zanjirlangan qoʻl-oyoqlariga, yertoʻla tepasidagi kichik darichaga, hozirgina qulf urilgan temir eshikka boqardi. Azbaroyi alami kelganidan lablarini yanada mahkamroq tishlar, jahl bilan polni mushtlab-mushtlab olardi.
«Nega shu choʻqqisoqolga ergashdim oʻzi? — derdi xayolan xoʻrligi kelib. — Nimaga koʻnglim ham seza qolmadi? Oʻzi… Pasportminan, pullarni oldirganim yetardi-ku, xudo! Endi nima qilaman? Ablah! «Qulimsan» dedi. Demak, bir baloni boshlamoqchi. Essiz! Bundan koʻra ish topolmay sarson yursam boʻlmasmidi?..»
Savollar koʻp, ammo javob yuz koʻrsata qolmasdi. Atrof, xayollari, idroki tund edi. Bunga yertoʻla zabtiga olgan zulmat qoʻshilib, bir dardiga oʻn dard qoʻshardi…
Oradan chamasi bir soatcha vaqt oʻtdi. Bir mahal yertoʻla eshigini kimdir sharaqlatib ochdi. Shu zahoti ichkariga tangadek yorugʻlik tushdi.
Mehmonali koʻnglida qaytadan umid uchqunlab dast oʻrnidan turdi…
Qariya ekan. Qoʻlida yeguliklar solingan xaltacha ilib olibdi. Kirdi-yu, chiroqni yoqib yubordi. Mehmonali esa hanuz qariyaga umidvor boqar, zanjirdan boʻshatishini kutardi.
— Ha, bolam, zerikib qolmadingmi? — soʻradi qariya qoʻlidagi xaltachani burchakda savlat toʻkib turgan kattakon stol ustiga qoʻyib. — Qorningam tatalab ketgandir-a?
Mehmonali indamadi. Buning oʻrniga zimdan qariyaga tikildi. Yuzlari mardikor bozorda koʻrganidan-da zaxilroq tusga kiribdi. Qoshlari esa tutashib ketgan ekan. Buni oldin payqamagandi.
«Bobom qoshi bir-biriga tutash odamlar shafqatsiz boʻladi derdi, — koʻnglidan oʻtkazdi u. — Oʻlarmidim mardikor bozordayoq yuziga, mana shu qoshlariga razm solvolsam. Bu chol turishidan odam oʻldirishdanam toymaydigan xilidan ekani koʻrinib turibdi. Ishqilib, tezroq chiqib ketay-da shu xosiyatsiz joylardan. Chiqib olsam, ikkinchi mardikorga yolgʻiz chiqmayman. Tanimasam ham bir-ikkitasini sherik qilvolaman…»
— Ana, «prajka» opkeldim senga, — xayolini boʻlib soʻz qotdi qariya. — Yeb ol! Tagʻin sulayib oʻlmagin!..
— Ota, — dedi iloji boricha oʻzini bosib Mehmonali. — Iltimos, ishingiz boʻlmasa, meni qoʻyvoring! Musofirman, boya aytganimday hujjatim-u pullarimgacha oʻgʻirlatib qoʻyganman. Oʻshalarni topishga harakat qilmasam boʻlmaydi. Iltimos, ota, qoʻyvoring meni!..
— Birinchidan, — salmoq bilan soʻz boshladi qariya. — Meni Soli ota deb chaqirgin. Uqdingmi?
— Uqdim, Soli ota, — dedi Mehmonali gʻijini kelib. — Endi qoʻyvorasizmi?
— Yoʻq, — dedi Soli ota norozi bosh chayqab. — Seni qoʻyvormayman. Mana shunday zanjirbandlikda ushlayman. Zanjirdan qutulish uchun mening bir shartimni bajarishing kerak. Ana shunda balki zanjirdan boʻshatishni oʻylab koʻrarman.
— Mayli, aytavering shartingizni, — dedi Mehmonali toqati toq boʻlib. — Nima qilishim kerak?
Soli ota javob berishga shoshilmadi. Bir muddat nariroqdan turib Mehmonaliga tikilib qaradi. Aftidan shu bahonada rejalarini puxtaladi.
Iblis esa Mehmonalini niqtay boshlagandi.
«Jinnimisan? — derdi u tezlab. — Qarshingda qari bir chol turgan boʻlsa, asta yaqin borib basharasiga bir tushir, oʻladi-qoladi. Kim bilib oʻtiribdi cholni oʻldirganingni?!. Bahonada kissasidagi pullariniyam shilvolasan. Ishon, haligi barzangilar yoʻq hozir uyda. Ularni birrovga chaqirgan qariya. Ishi bitgach, haqini berib kuzatvorgan. Shoshil!..»
Baxtga qarshi, Mehmonali iblis yetagiga kirib koʻrmagan. Bobosi toʻgʻri yashashni oʻrgatgan. Yolgʻondan, vahshiylikdan, koʻzboʻyamachilik, firib, tuhmatchilik, gʻiybatchilikdan nari boʻlishni uqtirgan. Shuning uchun ham u iblis qanchalar miyasini kovlab azob bermasin, bilagidagi kuchi junbushga kelib bezovta qilmasin, qalbiga boʻysunishni, faqat qalbiga quloq tutishni afzal deb bilardi.
* * *
— Oldin manavilarni yeb olsang-chi, — dedi Soli ota qoʻli bilan Mehmonalini stol qarshisiga imlab. — Ol, yeb ol! Qolgan gaplarni keyin gaplashamiz!
Mehmonalining qorni ochgandi. Oʻzidan bug' taratib turgan toʻrt dona gummani apil-tapil yeb, ogʻzini yengiga artdi-da, hamon oʻziga yeb qoʻygudek tikilib turgan qariyaga yuzlandi.
— Aytmaysizmi shartingizni? — dedi Mehmonali zardali ohangda. — Nima ish qilishim kerak oʻzi?
— Toʻxta, hozir… Men hovlidan bir nima opchiqay, toʻxta!..
Soli ota pildiragancha tashqariga chiqib, zum oʻtmay boyagi barzangilarning birini yetaklab qaytdi. Qoʻliga oq qogʻoz va ruchka ham ushlab olibdi.
— Mana bu akang Moʻydin, — deya barzangini tanishtirdi Soli ota. — Agar bir baloni boshlashdan umid qilayotgan boʻlsang, shashtingdan qayt. Bu akang isportchi. Bir kallalasa asfalasofin qip tashlaydi seni. Pichoqlashniyam qotiradi. Basharti senga kuchi yetmasa, qorningga bir pichoq tiqadi, doʻzaxga doʻmbira boʻlasan-qolasan!
— Jinni boʻlganim yoʻq balo boshlab, — dedi Mehmonali barzangiga yer ostidan qarab qoʻyib. — Shartingizni aytavering!.. Aytgancha… Iltimos, ota, zanjirni yechib olinglar! Axir, yoningizda qoʻriqchingiz turibdi! Men qochib ketmayman hech qaerga!
— Ha-ya, — Moʻydinga bosh burib sovuq kulimsiradi qariya. — Moʻydin, bolam, yechvol zanjirni! Sen yonimdaykansan, koʻnglim toʻq. Basharti shilt-pilt qilsa, oʻzing bilasan nima qilishni!
Moʻydin tirjaygancha Mehmonalining qoʻl-oyoqlarini zanjirdan boʻshatdi.
— Mana, endi bu qogʻozga men aytgan gaplarni yozasan-u, imzo qoʻyasan, — dedi Soli ota. — Qarshilik qilsang, boya ogohlantirdim, yo Moʻydin urib oʻldiradi seni, yo tuhmat qilib qamatvoraman. Sening taqdiring qoʻlimizda ekanini unutma!..
Mehmonali itoat bilan qoʻliga ruchkani olib qariyaga savol nazari bilan boqdi.
* * *
— Ota, — kutilmaganda soʻz qotdi Moʻydin. — Oldin anavi ishni bitirib olsak boʻlarmidi. Keyin yozib beraverardi tilxatni. Aks holda…
— Ha-ya, — Soli ota nimadir yodiga tushgandek sergak tortib pildiragancha tashqari eshik tomon yoʻnaldi. Birpas quloqlarini ding qilib turgach, hech kim yoʻqligiga amin boʻldi shekilli ortga qaytdi.
— Boʻpti, sen buning qoʻliga belkurakni ber! Tepasida turib kovlat! Hov anavi burchakni kovlanglar! Chuqurroq kovlasin! Hid-pid chiqib yurmaydigan boʻlsin! Men hozir…
Shunday deb qariya tashqariga yoʻl oldi. Moʻydin esa narida yotgan belkurakni olib Mehmonalining qoʻliga tutqazdi.
— Yur, bratishka, hov anavi burchakda ikki metrlik chuqur kovlaysan. Boʻl tez!..
Mehmonali hech narsaga tushunmasdi. Nimaga bu yerda chuqur kovlashi kerak? Nimani koʻmishmoqchi oʻzi? Ha, sabzi boʻlsa kerak. Qariya badavlat ekan-ku! Boyvachchalar ja pishiq, tajang boʻlishadi. Yoʻqsa, har kuni bozordan yangi sabzi sotib olsa boʻlardi-ku! Asakasi ketarmidi?.. E, oʻlib ketmaydimi? Faqat… Qulsan degani negadir yoqmayapti. Hozirgi zamonda qul qolibdimi. Biladi… Hujjati yoʻqligini bilgach, shunday deb qoʻrqitmoqchi bu sassiq chol. Shunday qilmasa, goʻyo men qochib ketaman-da! Qochib qaergayam boraman? Tushunsa boʻladi-da bular!..
— Nima koʻmishimiz kerak oʻzi bu yerga? — soʻradi Mehmonali aytilgan chuqurni kovlab boʻlgach. — Sabzimi?.. Qorga koʻmgan yaxshimasmidi? Yaxshi saqlanadi-ku qor ostida!..
Barzangi unga javoban sovuq tirjaydi-da, tashqariga ishora qildi.
— Men hozir opkelaman oʻsha «sabzi»ni, — dedi u shosha-pisha Mehmonalini qayta zanjirlarkan. — Qimirlamay oʻtirib tur!..
* * *
Barzangi yertoʻlaga Soli ota bilan birga qaytdi. Oppoq matoga oʻralgan narsani qoʻltiqlab olibdi. Bu narsaning uzunligi nari borsa qirq santimetr kelardi.
Kirdi-yu, qariyaning ishorasi bilan oqqa oʻralgan narsani chuqur boshiga qoʻyib, Mehmonalini zanjirdan boʻshatdi.
— Tez koʻm, — buyurdi Soli ota negadir toqatsizlanib. — Boʻshashma!..
— Ota, bu oʻzi nima? — soʻradi Mehmonali sal dadillanib. — Nima koʻmaman oʻzi?
— Senga nima farqi bor? — doʻqlab berdi qariya. — Koʻm deyildimi, koʻmavermaysanmi?!.
Mehmonali bu savoli barzangiga ham yoqmaganini koʻrdi-yu, istar-istamas matoga oʻralgan narsaga yaqin bordi. Sezdiki, barzangi xezlana boshladi. Agar yana cholga savol bersa, urib tashlagudek shashti bor.
Eh, manavinaqangi ahvolda qolmasa-ku, bunaqa barzangilarni majaqlab tashlardi…
Tavakkal engashib, koʻmilishi kerak boʻlgan narsani qoʻliga oldi. Qoʻliga oldi-yu, shu zahoti yerga qoʻydi. Tizzalari, barmoqlari-yu, tirsaklarigacha dag'-dag' titray boshladi.
U oq matoga oʻralgan narsa aslida odam murdasi ekanini allaqachon idrok etib boʻlgandi.
Ha, u koʻmishi lozim boʻlgan narsa chaqaloqligi tayin. Boʻyi aytib turibdi. Ammo… Nega uni oʻldirishdi? Kimga, qaysi marazga kerak boʻldi uning oʻlimi? Nahotki, qariya oʻldirgan boʻlsa uni? Oppoq soqoli bilan odam oʻldirishga qanday qoʻli bordiykin? Aslida bu goʻdak kimning zurriyodi? Endi… Nima qiladi? Qanday koʻmadi? Umrida oʻlik koʻmib koʻrmagan boʻlsa. Oʻzi ham shu chuqurga yiqilib oʻlib qolsa-chi?..
«Ey, xudo, — xayolan zorlana boshladi Mehmonali. — Shunchalik yomon koʻrarmiding meni? Unda nega yaratding? Otamdan ayro qilding, onamni mendan sovitding. Togʻam xoʻrlasa, tahqirlasa, hayhotday hovlidan quvib solsa ham indamay kuzatishdan nariga oʻtmading. Bugun nega yana tegirmon kelisiga solib maydalashni ixtiyor qilding? Shu yurishimni ham koʻp koʻryapsanmi? Unda jonimni, omonatingni olib qoʻya qol-da! Bir gʻarib bandangni xoʻrlab xumordan chiqarmiding?!.»
— Vey, xonasalot, — Soli ota barzangiga zimdan koʻz qisib oldi-da, Mehmonalini doʻqladi. — Tez boʻlmaysanmi? Namuncha shalviraysan?
— O-ota… Bu… Axir… Ch-chaqaloq murdasi…
— Oʻchir chakagingni, — bobillab berdi qariya. — He buqaga oʻxshab mo''ramay oʻl! Nima, don koʻmaman deb oʻylaganmiding? Boʻl tez!..
Mehmonali Soli ota bilan pachakilashib oʻtirishning foydasi yoʻqligini sezib itoatkorona qaytadan murdani qoʻliga oldi. Tavakkal qildi. Garchi yuragi ado boʻlayozganini his etib tursa-da, qoʻrquvdan vujudi yorilay desa-da, oʻzini majburlab, tishni tishga bosib, lablarini qattiqdan-qattiq tishlab boʻlsa-da, goʻdakning jasadini chuqurga avaylab yotqizdi va yana belkurakni qoʻliga olib tuproq torta boshladi…
(davomi bor)
Telegram

Izohlar

0
Fikringizni qoldiring
Izohlar tekshiruvdan soʻng chiqadi.

Hozircha izoh yoʻq — birinchi boʻlib fikr bildiring!